Epidemiologik xususiyati. Yuqumli kasalliklarning asosiy xusu- siyatlaridan biri uning yuqumliligidir, ya’ni uning kasallangan odamdan sog‘lom odamga o‘tishidir. Kasallangan odam infeksiya manbai hisoblanadi va atrofdagi kishilar uchun katta xavf tug‘diradi. Infeksiya turli yo‘llar bilan yuqishi mumkin (havo,suv va b.).
Klinik xususiyati. Yuqumli kasalliklarga davriylik xos, ya’ni kasallik ma’lum davrlar almashinishi bilan kechadi. Kasallikning yashirin (inkubatsion), prodromal (dastlabki belgilarning paydo bo‘lishi), avj olish va rekonvalessensiya (sog‘ayish) davrlari uchraydi.
Yashirin davr. Bu davr mikrobning organizmga tushgan paytidan boshlab kasallikning dastlabki belgilari paydo bo‘lgunga qadar o‘tgan vaqtni o‘z ichiga oladi. Bu vaqtda mikroblar organizmda ko‘payadi va tarqaladi. Organizm esa bunga javoban o‘z reaktivligini oshiradi. Lekin bu o‘zgarishlar klinik jihatdan namoyon bo‘lmaydi. Yashirin davr turlicha davom etadi. Bu davr bir necha soatdan (gripp, botulizm, ovqat toksikoinfeksiyasi) bir necha hafta, oy va hatto yillargacha (qoqshol, quturish, OITS) davom etishi mumkin. Yashirin davr davomiyligi karantin muddatini aniqlashda, shifo- xona ichi infeksiyalari profilaktikasida va kasallikdan keyin bemor- larga jamoa orasida bo‘lishga ruxsat berishda hisobga olinadi.
Prodromal davr. Bu davrda kasallikning dastlabki belgilari kuzatiladi. Bular holsizlik, haroratning ko‘tarilishi, uyquning buzilishi va ishtahaning pasayishi kabilar bo‘lib, ular ko‘pgina yuqumli kasalliklar uchun umumiydir. Shuning uchun bu davrda kasallikka aniq tashxis qo‘yish ancha qiyin bo‘lishi mumkin.
Lekin ayrim yuqumli kasalliklarda prodromal davrdayoq kasal- likka xos bo‘lgan asosiy belgilarni ko‘rish mumkin. Masalan, qizamiqning prodromal davrida uchraydigan kataral belgilar, chinchechakda terida o‘ziga xos joylashgan toshmalar, virusli gepatitda — kataral, dispeptik, artralgik, astenovegetativ yoki ularning birga uchrashi kasallikka tashxis qo‘yishda hal qiluvchi belgilar bo‘lib hisoblanishi mumkin.
Kasallikning avj olish davri. Bu davrda kasallikka xos bo‘lgan barcha belgilar ko‘zga yaqqol tashlanadi. Klinik belgilarni to‘g‘ri baholash uchun ularni kardinal fakultativ va umumiy belgilarga ajratish zarur. Kardinal belgilar kasallik uchun xos bo‘lgan asosiy belgilardir. Masalan, qoqsholda trizm (chaynash mushaklarining tarangligi va tortishib qisqarishi), botulizmda diplopiya (ko‘zga buyumlarning ikkita bo‘lib ko‘rinishi) va ptoz (yuqori qovoqning osilishi) kardinal belgilar hisoblanadi. Fakultativ belgilar ham kasallik uchun xos belgilar hisoblansa-da, ular boshqa ayrim kasalliklarda ham uchrashi mumkin. Masalan, dizenteriyada kuza- tiladigan shilimshiq va qon aralash ich ketishi salmonellozda ham kuzatilishi mumkin. Umumiy belgilar ko‘pgina kasalliklarda kuzatiladi (bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, uyquning buzilishi va hokazolar). Kasallikning avj olish davrida ichki a’zolarda o‘zga- rishlar paydo bo‘ladi, ya’ni patologik jarayon ularni ham qamrab oladi. Bu davrda laboratoriya tahlillari va instrumental ko‘rsat- kichlarda o‘ziga xos o‘zgarishlar namoyon bo‘ladi.
Ko‘pgina yuqumli kasalliklarga xos bo‘lgan belgilardan biri haroratning ko‘tarilishidir. Bemorda tana harorati asosan qo‘ltiq osti sohasida o‘lchanadi. Haroratni o‘lchashdan oldin qo‘ltiq osti sohasi quruq artiladi. Termometr dezinfeksiya qilingan, quruq va simob ustunchasi shkaladan pastga tushirilgan bo‘lishi zarur. Tana harorati sutkada kamida 2 marta (zarur bo‘lganda undan ortiq) o‘lchanadi va olingan natijalar haroratni belgilovchi varaqqa belgilab boriladi (egri chiziq hosil bo‘ladi). Termometr ishlatilgandan keyin tubiga paxta solingan stakandagi dezinfeksiyalovchi eritmada saqlanadi. Tana harorati ko‘tarilishi (isitma reaksiyalari)ning davomiyligi, balandligi va isitma egri chiziqlarining tiplari bo‘yicha bir necha turlarga bo‘linadi. Davomiyligi bo‘yicha isitma o‘tkir (2 haftagacha davom etadi), o‘rtacha o‘tkir (6 haftagacha davom etadi) va surunkali (6 haftadan ziyod) bo‘ladi. Haroratning balandligi bo‘yicha quyidagi turlari farq qilinadi: subfebril (37—38°C), febril (38 — 39°C), yuqori, ya’ni piretik (39—40°C) va o‘tkir yuqori, ya’ni giperpiretik (41°C va undan yuqori). Isitma egri chiziqlarining quyidagi turlari mavjud: doimiy, remittirlovchi (bo‘shashtiruvchi), almashib turadigan, qaytalama, to‘lqinsimon, gektik (holdan toydiruvchi), aynigan, atipik va hokazolar (1-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |