Tashxisi. Kasallikni aniqlash epidemiologik ma’lumotlar va klinik belgilarga asoslangan. Rektoromanoskopiya yordamchi usul hisoblanadi. Mikroskop ostida eritrositlarni fagositoz qilgan amyobaning katta vegetativ (to‘qima) shakllarining topilishi tashxisning laboratoriya tasdig‘i hisoblanadi. Najas defekatsiyadan keyin 20 minutdan kechiktirilmasdan tekshirilishi zarur (amyobalarning to‘qima shakllari tez parchalanadi). Tekshirish uchun najas avtoklav yo‘li bilan zararsizlantirilgan shisha idishlarga olinadi, chunki dezin- feksiyalovchi moddalarning arzimagan miqdordagi qoldiqlari ham amyobalar o‘limiga sabab bo‘ladi. Serologik tashxis qo‘yishda bilvosita immunofluoressensiya reaksiyasi (BIFR) qo‘yiladi, mazkur reaksiya bemor zardobida spetsifik antitelolarni aniqlashga asos- langan (tashxis titri 1:80). Bemorlarda bu reaksiya 90—100% gacha ijobiy natija beradi, bu reaksiya amyobalarning bo‘shliq shakllarini tashuvchilarda ijobiy natija bermaydi. Jigar abssessida bu reaksiya barcha bemorlarda katta titrlarda ijobiy bo‘ladi. BGAR uncha katta ahamiyatga ega emas, chunki u dizenteriya amyobasi bilan ilgari zararlangan bo‘lsa ham ijobiy natijani ko‘rsatadi.
Davolash. Uzoq vaqtlargacha amyobiazni davolashda emetin gidroxlorid asosiy preparat hisoblangan. Preparat mushak orasiga 2%
eritma holida 1,5—2 ml dan kuniga 2 mahal 5—7 kun davomida yuboriladi, bir haftadan keyin sikl takrorlanadi. Emetin tayin- langanda ular orasidagi vaqtda xingamin (delagil, xloroxin) 0,25 g dan kuniga 3 mahal, xiniofon (yatren) 0,5 g dan kuniga 3 mahal buyuriladi, tetrasiklinni 0,5 g dan kuniga 4 mahal 5—7 kun davomida qo‘llash mumkin. Emetinni qo‘llaganda ko‘pincha nojo‘ya reaksiyalar kuzatilgani uchun keyingi yillarda uning o‘rniga degidro- emetin (kamroq toksik ta’sirga ega) ishlatilmoqda. Degidroemetin mushak orasiga 1 kg tana vazniga 1—2% li eritmadan 1—1,5 mg (maksimal 90 mg/sut) hisobida 5 kun davomida tayinlanadi. Hozirgi vaqtda amyobiazning ichak va ichakdan tashqari shakllarini davolashda ancha samarali va toksik ta’sirga ega bo‘lmagan preparat metronidazol (trixopol, flagil) qo‘llaniladi. Uni 0,5—0,75 g dan 5— 7 kun davomida kuniga 3 mahal qabul qilinadi. Jigarning amyobali abssesslarida preparat abssess so‘rilgunga qadar beriladi. Abssessning so‘rilganligi jigarni skanirlash orqali aniqlanadi. Jigardagi katta abssesslarda yiring jarrohlik usullari yordamida chiqarib tashlanadi. Bu vaqtda metronidazol, antibiotiklar va xingamin (delagil) bilan birga qo‘llanilishi mumkin. Anemiya rivojlansa, temir preparatlari va qon o‘rnini bosuvchi suyuqliklar tayinlanadi. Teri amyobiazi vaqtida yatrenli malhamdan foydalaniladi.
Bemor to‘liq klinik sog‘ayganda va 1—2 kunlik oraliq bilan najas olti marta laboratoriyada tekshirilganda parazit aniqlanmasagina shifoxonadan chiqarilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |