Klinikasi. Yashirin davr 7 kundan 30 kungacha (ko‘pincha 14— 18 kun) davom etadi. Kasallik klinikasi turli belgilar bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Kasallikning xarakterli klinik belgilari rivoj- lanishidan oldin prodromal davr (boshlanish davri) kuzatiladi. Bu davrda umumiy holsizlik, ishtahaning pasayishi, uyquning buzilishi, bosh og‘rig‘i, ta’sirlanuvchanlik kuzatiladi. So‘ngra bemorning tana harorati 3—7 kun ichida 38—39°C gacha ko‘tariladi. Kasallik odatda asta-sekin, ammo 15—20% hollarda o‘tkir boshlanadi. Brusellyozda harorat egri chizig‘i har xil bo‘lishi mumkin. 1) to‘lqinsimon (Brucella melitensis qo‘zg‘atadigan brusellyozga xos); 2) remittirlovchi; 3) intermittirlovchi; 4) doimiy (bunda ertalabki va kechki harorat oralig‘idagi farq o‘rtacha 1°Cni tashkil qiladi). Oxirgisi juda kam uchraydi.
Kasallikning birinchi 7—10 kunida yuqori harorat bilan bemor ahvolining mos kelmasligi kuzatiladi, ya’ni tana harorati yuqori bo‘lgan bir paytda bemor o‘zini ancha yaxshi his qiladi va bunda mehnat faoliyati saqlangan bo‘ladi. Brusellyozning bu davri uchun bel va bo‘yindagi og‘riq xarakterlidir. Qayta-qayta va ko‘p terlash bemorni holdan toydiradi. Chunki bu belgilar tana harorati normada bo‘lgan taqdirda ham kuzatiladi. Kasallikning birinchi kunlari yuz terisi odatda qizargan bo‘lib, keyinchalik oqaradi.
Terida toshmalar kasallik boshlanishida kam uchraydi. Ba’zan rozeola va petexiyalar shaklida oyoqlarda paydo bo‘lishi mumkin.
Kasallikning 2-haftasi oxirida brusellyozning barcha belgilari kuchli rivojlangan bo‘ladi. Bu davrda tana harorati yuqori ko‘tarilib, bemorlar juda ta’sirchan bo‘lib qoladilar. Ular ko‘p terlaydilar va og‘riqlar endi nafaqat belda, balki ayrim yirik bo‘g‘imlarda ham kuzatiladi. Ko‘p bemorlarda qo‘ltiq osti, chov va boshqa periferik limfatik tugunlar kattalashadi. Ular paypaslaganda ozroq og‘riydi va o‘zaro yoki teri bilan birikmagan bo‘ladi. Jigar va taloq kattalashadi.
Bo‘g‘imlardan ko‘proq tizza, so‘ngra boldir-panja, chanoq-son, yelka, ba’zan tirsak bo‘g‘imlari zararlanadi. Zararlangan bo‘g‘imlar uzoq vaqt og‘rib turadi va harakatlanganda og‘riq kuchayadi. Zararlangan bo‘g‘im konfiguratsiyasi o‘zgaradi, ya’ni uning yumshoq to‘qimalarida shish va yallig‘lanish jarayoni paydo bo‘lishi tufayli ular silliqlashgan (yassilashgan) ko‘rinishga ega bo‘ladi (periartrit). Bo‘g‘imlar ustidagi teri issiq bo‘lib, och qizg‘ish rangga kiradi.
Paypaslab ko‘rilganda bel-dumg‘aza sohasida, bo‘g‘imlar atro- fida, sonda, qovurg‘alarda, o‘mrov usti va ostida ko‘pincha mayda qattiq tugunlar va qo‘shiluvchi to‘qimaning qattiqlashgani (fib- rozitlar va sellyulitlar)ni aniqlash mumkin.
Brusellyozning o‘tkir davri 2—3 haftadan 3 oygacha davom etadi.
Agar bemor erta va samarali davolansa kasallik o‘tkir davrida sog‘ayish bilan tugashi mumkin. Davolash o‘tkazilmagan taqdirda kasallik o‘tkir davrdan surunkali davrga o‘tishi mumkin. Kasallikning bu davrida tayanch-harakat sistemasidan tashqari nerv sistemasida ham patologik belgilar qayd etiladi; bemor ta’sirchan bo‘lib qoladi, ko‘p yig‘laydi, injiqlanadi. Bundan tashqari, jinsiy a’zolar zararlanishi mumkin, ya’ni erkaklarda — orxitlar va epididimitlar, ayollarda — ooforitlar (tuxumdon yallig‘lanishi), endometritlar, hayz ko‘rish davrining buzilishi va homilador ayollarda esa bola tashlashlar aniqlanadi. Jigar va taloq uzoq vaqtgacha kattalashgan holda qoladi. Kasallikning bu davri 2—3 oygacha davom etadi.
Surunkali brusellyoz residivlar shaklida yoki tayanch-harakat sistemasining turg‘un buzilishlari shaklida kechishi mumkin. Jigar va taloq kattalashgan va qattiqlashgan holda aniqlanadi. Brusellyoz bilan surunkali kasallanish 3—5 yil va undan ortiq davom etishi mumkin. Bo‘g‘imlar va umurtqa pog‘onasining og‘ir zararlanishi nogironlikka olib kelishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |