O’sha oshxonada ikki «aqlli» kelinchakka ayta olmaganim quyidagilar:
O’zi, siz o’zingizga quyidagi savollarni berib ko’rganmisiz? Men kimman, o’zi? Shu oila meni katta umidlar bilan kelin qilib oldi, o’yin uchun emas. Men mana shu oilaning orzu-istaklarini ro’yobga chiqaryapmanmi? Men bilan yashayotgan oila-a’zolarim men bilan yonma-yon yashayotganliklaridan baxtlimi, men ularning mehrini qozona olganmanmi? Meni kelin sifatida olgan oilaga qanday nafim tegyapti yoki o’z xudbinliklarim bilan boshqa ovusinlarimning ham «ko’zini ochyotganim» mening oilam uchun eng katta nafimmikan? Men kelin bo’lib tushgan oiladagi hamma narsa mening tor doiradagi manfaatlarimga bo’ysunishi kerakmi yoki men mentalitetimizga sodiq qolib, oila-a’zolarga moslashishim, ularga nisbatan bag’rikengroq bo’lishim kerakmikan? Men kelin bo’lib tushganimdan beri necha marta qayinotamni, necha marta qayinonamni, necha marta erimni va necha marta qayinog’a, qayinopa, qayinsingil, qayinukalarimni jahlini chiqardim, ular mening qaysi harakatlarim uchun jahli chiqqan edi va men ularni to’g’riladimmi? O’zi, ular mendan qo’rqishadimi yoki tili qisiq joyi bormi? Agar qo’rqishmasa, meni yomon ko’rishsa, nega shu paytgacha ketimga bir tepib haydab yuborishmayapti? Yoki ular men manfurning o’zgarishimga ishonishmoqdami? Men o’zgara olamanmi?
Sizni ham inson tug’ib katta qilganmi? Agar shunday bo’lsa, o’z zolimkorligingiz sizning akangiz yoki ukangizning xotini tomonidan ota-onangizga qilinsa, qay ahvolga tushishingizni hech o’ylab ko’rganmisiz. Ota-ona bir farzandni dunyoga keltirib voyaga yetkuzginicha qancha azob chekadi. Farzandi ulg’aygach, tom ma’noda aytganda niholi meva bergach, uning rohatini ko’rishni istaydi. Hech bir ota-ona farzandini endi rohatini ko’raman deganda, siz kabi takabbur, xudbin va ichi qora iblislarga qo’shqo’llab berib qo’yishni istashmaydi. Agar siz ham bu niholning mevasidan rohat bilan totib yurishni isatasangiz, o’zingiz kelin bo’lib tushgan oilaga shunday singib ketingki, sirtdan qaraganlar sizning u yerga kelin ekanligingizga ham shubha bilan qarashsin. Aslo suv betidagi sovun ko’pikka o’xshab yakkamohovdek yakkalanib qolmang.
Siz kimsizki, akani ukadan, farzandni onadan ayro qilib yashash masalasini hal etsangiz? Qanchalik og’ir va qo’pol bo’lsa ham aytaman: Bu dunyoda ota va ona yagona bo’ladi. Ular foniy dunyoga ketgach, boshqa ota-ona topa olmaysiz. Aka-uka ham shunday. Lekin qayta va qayta uylanish mumkin. Demakki, «bitta junbosh hamisha topiladi» kekkaymang. Ajratishga harakat ham qilmang. Agar sizning jigarlarni ajratish borasidagi harakatlaringiz g’alaba bilan yakunlansa, eringiz ham ham siz kabi xudbin ona qo’lida tarbiya topgan bo’lishi aniq.
Besh kunlik dunyo deyishadi. Siz o’zbek jamiyatida yashayapsiz. Kim nima desa, desin-u, men esli-hushli kishi sifatida mentalitetimizni tenggi yo’q deb hisoblayman. Bizning ota-bobolarimizdan meros bo’lib kelayotgan va siz ichi qora badollar qo’lida nobud bo’layotgan kattaga hurmat – kichikka izzat, kelinni qiz – kuyovni o’g’il sifatida qabul qilish, qayinota va qayinonani mehribon tumush o’rtoqni kamol topdirib bergani evaziga boshiga ko’tarish, qayinog’a va qayinopalarni o’z akasi yoki opasiga qanday hurmat ko’rsatsa, shunday ardoqlash tuyg’ulari kim tomonidan davom ettiriladi? Xalqimizda turli naql va naqlomuz gaplar bor: qovun qovundan rang oladi, qozonni oldiga borsang qorasi yuqadi. Mana yuqorida ko’rib o’tdik, hali to’la shayton yo’liga kirmagan oqsariq qiz, ichi qora va baddol dugonasining «donishamdona» ko’rsatmalaridan ilhomlanmoqda. O’sha ko’rnamak bir kunda nechta shu kabi laqmalarga xudbinlik urug’ini sochmaydi deysiz.
Siz janob kelinlarni qayinonangiz hamma majburiyatni bo’yniga olib o’qishga jo’natgan. Kelinim bilimli bo’lsin, hech kimdan kam bo’lmasin, erta bir kun baxtli yashasin deya diplomli kelin qilmoqchi. Sizchi, siz nima qilyapsiz? Takabburlikni o’rganib, ko’rnamaklik qilyapsizmi? Shu jihatga oid donishmand xalqimizda bir qancha naql bor: Tulki o’z ininga qarab uvlasa, qo’tir bo’ladi, Baqilning bog’i ko’karmaydi, Yovuzning ko’ziga atirgul gurzidek ko’rinadi.
Davlatimiz ayollarni bilimli qilish, gender tenglikka erishish, mamlakat rivojida ikki jins vakillarning baravar ishtirokini ta’minlash uchun katta qadamlar tashlagan. Ammo hammasi ham emas, yuqoridagi kabi badollar o’z oilasiga foydasi tegmayapti, jamiyatga va davlatga foydasi tegarmikan? Ular kelinchak payti ham o’qiyaptimi, demak, ancha vaqtdan beri bilim olish bilan band. Lekin ajablanarlisi, nahot ular shuncha paytdan beri o’z tafakkurini yaxshilik bilan to’ldira olmadi, ruhiyati va e’tiqodini butun qilolmadi? Yoki bunga beparvolik sababmikan. Aql aqldan kuch oladi deganlar, ularning yomon xulqli «aqli»dan ilhomlanganlar o’sha ruhiyat bilan maktab va boshqa oliygohlarda dars beradi. Xo’p, biz ko’pchilik insonlar mamlakatimizni rivojlantiryapmiz, ertaga ularni xudbinlik ruhi bilan tarbiyalangan «yangi aqllilar»ga qay tarzda topshiramiz? Shu uchun hammamiz jamiyatdagi bu kabi salbiy holatlarga toqatsizlik, ezguliklarga esa mehribon va bag’rikenglik hissi ila yashaylik. Jamiyatda bu kabi xudbinliklarning hammasi ham kelinlar tomonidan bo’lmayapti. Faqat bugun ular mening nigohimga tushib qoldi va men bu jihatni hamma shu singari kelinlar uchun barobar qilib yozdim.
Do'stlaringiz bilan baham: |