Dunyo yangi qurollanish poygasi 20 oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar o‘rta va qisqa masofalarga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishini ma'lum qildi. Bu Rossiya va Yevropada keskin fikrlar uyg‘otdi. Mazkur shartnomada nimalar ko‘zda tutilgan va uning Rossiya-AQSh munosabatlarida tutgan o‘rni qanday?
Qurollanish poygasi 1970-yillar o‘rtalarida dastlab AQShda, so‘ngra SSSRda raketalarni nishonga yo‘naltirishning lazerli, infraqizil va televizion boshqaruvli tizimlari yaratildi. Bu raketalarning nishonga aniq tegishi imkonini berdi (30 metrgacha aniqlikda). Ekspertlar yadroviy zarbaning yangi turi – raqib tomon javob zarbasi berguniga qadar uni yo‘q qilib tashlaydigan qurol haqida gapira boshlashdi.
1973 yil 17 avgustda AQSh mudofaa vaziri Jyeyms Shlezinger yo‘q qiluvchi zarba konsepsiyasini AQSh yadroviy siyosatining asosi deb e'lon qildi. Bunda o‘rta va yaqin masofa vositalariga ustuvorlik berildi.
AQSh doktrinasini amalga oshirish maqsadida G‘arbiy Yevropada joylashtirilgan old baza tizimlarini modifikatsiya qilishga kirishildi. Ushbu loyiha doirasida suvosti qayiqlari va o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalarni modifikatsiya qilish bo‘yicha Amerika-Britaniya hamkorligi kuchaydi. 1974 yilda Buyuk Britaniya va Fransiya umumiy mudofaa tizimi, jumladan yadroviy sohani rivojlantirishga qaratilgan Ottava deklaratsiyasini imzoladi.
Bu harakatlar SSSRni tashvishga soldi. 1976 yilda AQShga nisbatan keskin javob qaytarishga moyil D. Ustinov SSSR mudofaa vaziri etib tayinlandi. 1977 yili SSSR eskirgan RSD-4 va RSD-5 majmualarini modifikatsiya qilish bahonasida g‘arbiy chegaralarda o‘rta masofaga mo‘ljallangan RSD-10 «Pioner» raketalarini joylashtirishga kirishdi. Har biri uchtadan jangovar blokka ega bo‘lgan jami 300ga yaqin raketa joylashtirildi. Bu SSSRga NATOning G‘arbiy Yevropadagi infratuzilmasini – boshqaruv markazlari, qo‘mondonlik punktlari va portlarini sanoqli daqiqalarda yo‘q qilib tashlash imkonini berardi.
Bunga javoban NATO kengashi 1979 yil 12 dekabrda 1983 yilgacha Yevropada 572ta Pershing-2 raketasini joylashtirish haqida qaror qabul qildi. Pershing-2 raketalarining parvoz vaqti kamligi (6-8 daqiqa) AQShga sovetlarga qarshi birinchi bo‘lib zarba berish imkoniyatini yaratardi. Shu bilan birga, NATO davlatlari 1983 yilgacha sovet raketalari muammosini hal qilish uchun muzokaralar boshlashga kelishib olishdi.