Dramatik tur
Reja:
Teragediya, komediya, drama janrlari
Melodrama, monodrama, intermediya, libretto
Dramatik turda hayot va insonlar o’rtasidagi munosabatlar ifodasi tomoshabin ko’z o’ngida, muayyan sahna vaqti ichida harakatda sodir bo’ladi, shu sabab unda so’z va sahna san’ati birlashadi, birbutunlik kasb etadi.
Faqat harakat jarayonidagi g’oyalar kurashi aniq, yorqin, keskin, tomoshabinni larzaga soladigan tarzda ifodalanadi; bu o’z navbatida hayot qa’ridagi va inson ruhiyatidagi dramatik ziddiyatdan kelib chiqadi. Bu ziddiyatning turli-tuman xarakteri, ya’ni dramatizmga to’liq voqea-hodisalar va xarakterlarning ko’p qirraligi ko’plab dramatik janrlar(ularning hammasini “pyesa”- “birbutun”, “ulush”deb yuritish odati ham hayot)ning tug’ilishiga sabab bo’lgan. Ular quyidagilar: tragediya, komediya, drama, tragikomediya, melodrama, insenirovka, intermediya, monodrama va sh.k.
A. Dramaning asosiy janrlari
Tragediya(yun. Tragos – echki(taka), ado - qo’shiq)da asosan ilohiy kuchlar va mifologik qahramonlar o’rtasidagi murosasiz kurashlar falsafasi, yuqori tabaqa vakillari (podshohlar, shahzodalar, qo’mondonlar, dohiylar, yo’lboshchilar, boshliqlar, yetakchilar)ning fojialari aks etgan.
Tragediya janrining xususiyatlari ham V.Belinskiy tomonidan yetarli asoslangandir. Ular quyidagichadir:
1. “Tragediyaning mohiyati... qalbning tabiiy jarayoni, maylning axloqiy burch yoki daf qilinmas bir to’siqlik bilan to’qnashuvidir... tragediya – qayg’uli tamosha! Agarda qon, o’liklar, xanjar, zahar tragediyaning odatdagi sifatlari bo’lmasa ham, lekin uning oqibati harvaqt qalbning eng qimmatli umidlarining yemirilishi, butun bir hayot saodatining yo’qolivudir. Uning qora ulug’vorligi, uning buyuk azamatligi shundan kelib chiqadi: unda taqdir kuchi hukm suradi, uning mohiyati, asosi taqdir kuchidir”.
2. Tragediya “asosida buyuk haqiqat, yuksak donolik yotadi. Kurashda o’lgan yoki g’alabada halok bo’lgan qahramonga biz chuqur qayg’uramiz. Lekin bu kurashsiz, bu halokatsiz u qahramon bo’lmasligini, o’z shaxsiyati bilan abadiy substansial kuchlarni, jahonni va o’zgarmas borliq qonunlarni amalga oshira olmasligini bilamiz”.
3. “Buyuk axloqiy vazifalarni hal qilish uchun taqdir eng asl ruhlarni, kishilik dunyosi boshida turgan yuksak ruhli shaxslarni, axloqiy dunyoning tiragi bo’lgan substansial kuchlarni o’zida gavdalantirgan qahramonlarni tanlaydi. Faqat oliy tabiatli odam tragediyaning qahramoni yoki qurboni bo’la oladi; voqyelikning o’zida ahvol shunday”.
4. “Har qanday tragediyadan mash’um halokatni yo’qoting, siz bu bilan uni buyuklikdan, butun ma’nodan mahrum qilasiz, buyuk asardan oddiy bir narsa yasaysiz, u birinchi galdayoq o’zining butun nafis kuchini yo’qotadi”.
5. “Tragediya ko’proq sun’iy asardir”. “Mana shuning uchun tarixiy shaxslarni buzib ko’rsatishga oz yo’l qo’yilsa ham; tragediyaning go’yo qat’iy huquqidir, bu uning mohiyatidan kelib chiqadi. Tragediyachi o’z qahramonini ma’lum tarixiy vaziyatda ko’rsatishni istaydi: tarix unga vaziyat beradi, agar bu vaziyatdagi tarixiy qahramon tragediyasining ideyasiga muvofiq kelmasa, uni o’zicha o’zgartirishga u to’la huquqlidir”.
O’zbek adabiyotida yaratilgan “Muqanna” (H.Olimjon), “Mirzo Ulug’bek” (Shayxzoda) tragediyalari ham V.Belinskiy fikrlarini to’liq isbotlaydi...
Komediya(yun. Comos-quvnoq kishilar(olomon) va oide-qo’shiq)da hayot voqea-hodisalari dramatik qahramonlarning kulguli fe’l-atvorlari, xatti-harakatlarida voqye bo’ladi. Bu xususiyati bilan u “tragediyaga tamoman qarshi...dir. Tragediyaning mazmuni buyuk axloqiy hodisalar olamidir, uning qahramonlari ma’naviy inson tabiatining substansial kuchlari bilan to’la bo’lgan shaxslardir, komediyaning mazmuni-aqliy zaruriyatdan mahrum tasodiflar, sharpalar dunyosi yoki bor kabi ko’rinib, haqiqatda mavjud bo’lmagan voqyelik hodisalaridir; komediyaning qahramonlari o’z ma’naviy tabiyatining substansial (tub, mohiyat –H.U) asoslaridan voz kechgan odamlardir. Shuning uchun tragediyaning ko’rsatgan ta’siri ruhni qaltiratuvchi muqaddas dahshatdir; komediya ko’rsatgan ta’sir sho’x kulgudir... tragediya o’z hayotining tor doirasida faqat yuksak momentlarni, qahramon voqeasining shoirona momentlarini to’plasa, komediya har kungi hayotning oddiy ko’rinishlarini, uning mayda-chuydasini, tasodiflarini ko’rsatadi” (B.Belinskiy. Tanlangan asarlar. 204-bet).
Komediyaning mohiyati-komik konfliktga bog’liq bo’lib, unda “hayot o’z-o’zini inkor qiladi” (V.Belinskiy), ya’ni aslida xunuk, zararli, razil va nopok xulqli inson (mazmun) o’zini yaxshi, ilg’or, pok, odamiy qilib ko’rsatsa (shakl) yoki buning aksicha holatda bo’lsa, kulgu keltirib chiqaradi (Berdiali Imomov. Dramaturgik mahorat sirlari, T., G’afur G’ulom nomidagi Nashriyot-matbaa birlashmasi, 1991, 50-bet). Unda shoirning shaxsi faqat tashqi jihatdan ko’rinmaydi, - deb yozadi V.Belinskiy. – Lekin uning subyektiv mushohadasi yashirin fikr sifatida ko’p komediyada bevosita hozir bo’ladi, komediyada ko’rsatilgan hayvonlar va tasqara basharalar orqasidan sizga boshqa yuzlar, go’zal, insoniy yuzlar ko’ringanday bo’ladi, kulgusi sho’x xursandchilikni emas, alam va norozilikni ifoda qiladi... Badiiy komediyaning eng yaxshi namunasi Gogolning “Revizor” nomli asaridir(204-bet). O’zbek adabiyotida Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Maysaraning ishi”, Abdulla Qahhorning “So’ngggi nusxalar”, B.Rahmonovning “Yurak sirlari”, Erkin Vohidovning “Oltin devor”, Said Ahmadning “Kelinlar qo’zg’oloni”, Abduqahhor Ibrohimovning “Zo’ldir” kabi asarlari ham komediya janrini rivojlantirish ishiga qo’shilgan hissalardir.
Drama(yun. drame-harakat) atamasi keng ma’noda – dramatik turni, tor ma’noda – drama janrini bildiradi. Drama, V.Belinskiy asoslaganidek, tragediya bilan komediya o’rtasidagi janrdir, u ma’shum falokatni ham, yumoristik va satirik kulguni ham talab qilmaydi. Balki hayot hodisalarini yuqori darajali tarzda, jiddiy holatda tasvirlaydi. “Dramada muhim narsa – uzundan uzoq hikoyalarning yo’q bo’lishidir, har bir so’z dramada harakat – amal bilan ifodalanishi lozim. Drama tabiatdan oddiy ko’chirmakashlik emas, ayrim sahnalarning, garchi ular go’zal bo’lsalar ham yig’indisi emas, drama ayrim, xos, yopiq bir dunyo bo’lishi kerak, unda har bir shaxs o’z maqsadiga intilib, faqat o’zi uchun harakat qilib, o’zi bilmasdan ham, pyesaning umumiy harakatiga yordam beradi, drama xayol, mulohaza orqali yopishtirilmasdan, balki fikrdan tug’ilgan bo’lsagina shunday xarakterga ega bo’ladi” (V.Belinskiy, 207-bet).
Dramaning qahramoni ko’pincha hayotdagi oddiy kishilar, ularning dramatizmga to’la qismatlaridir. Ularning taqdirlarida ro’y beruvchi jiddiy konfliktlarning oqilona bartaraf qilinishidir.
Agar tragediya qahramoni noilojlikdan halok bo’lsa, uni taqdir boshqarsa, drama qahramoni o’z irodasiga, xarakteriga muvofiq yakun topadi, uni tipik sharoit mantig’i to’liq asoslaydi. Izzat Sulton va Uyg’unning “Alisher Navoiy”, O’lmas Umarbekovning “Qiyomat qarz”, “O’z arizasiga ko’ra”, Izzat Sultonning “Imon” kabi asarlari – dramaning harakat birligiga asoslangan eng yaxshi dramalar sanaladi.
Agar tragediyani fojea, komediyani kulgu, dramani jiddiylik boshqarsa, ba’zi dramatik asarlarda bu vositalarning birlashganini ko’rish mumkin. Tragikomediya (tragediya va komediyaga xos xususiyatlarning birlashuvi) janrida inson fojeasini kulguli voqealar orqali ko’rsatish yetakchilik qiladi. Sharof Boshbekovning “Temir xotin” asarida “lovullab yonayotgan ayolning dod-faryodi, yetim qolgan bolalar yoki dardu alam girdobiga irg’itilgan ota-onalarni ko’rmaysiz. Yuraklarni qon qiluvchi sud jarayoni ham yo’q” (Sh.Boshbekov), unda qishloq ayolining uqubatli, og’ir hayoti kulguli (yumoristik va ba’zan satirik) voqealar (masalan, Alomat nomli temir-robotning taqdiri) orqali tasvirlanadi (ko’rsatiladi).
Dramaturg o’z asarini “Jiddiy komediya” deb ataydi va “umuman inson fojeasi haqida komediya yozish” mumkinligini ham ta’kidlaydi. Bu ta’kidlar bitta xulosani isbot etadi, ya’ni sof adabiy janrlar bo’lmaydi, ularning barchasi hamkorlikda, o’zaro bog’liqlikda yashaydi.
Melodrama(yun.melos-ohang, kuy, drama-harakat), dastavval, musiqali drama asari sifatida yuzaga kelgan va undagi qahramonlar kuy jo’rligida so’zlashganlar (Shu sababli hozir ham Italiyada melodrama opera ma’nosida qo’llaniladi). Unga J.J.Russo “Pigmalion”(1762) asari bilan asos solgan.
Bugungi kunda “kuchli ta’sir kuchiga ega bo’lgan, favqulodda voqealarga, tendensioz ahloq va keskin intrigalarga boy dramatik asarlar” (N.Hotamov, B.Sarimsoqov)ni melodrama deb yuritish rasm bo’lgandir. Ayniqsa, “Otalar so’zi aqlning ko’zi” teleko’rsatuvlarida bu janrlarning ko’plab namunalari ko’rsatilmoqda. Melodrama janrida ko’plab kinofilm (masalan, amerikaning “Arvoh”...)lar yaratilgan, ularda qatnashuvchi xarakterlarning holat va xatti-harakatlariga uyg’un holda musiqa chalinib turadi.
Monodrama(yun.monos-bir, yakka, yolg’iz, drama-xatti-harakat)-bir aktyor tomonidan ijro etiladigan dramatik asardir. “Esxilga qadar bo’lgan tragediyada bir aktyor maska va kiyimlarini o’zgartirib, bir necha rollarni ijro etgan. Bu aktyorning bir roldan ikkinchi rolga o’tguncha vaqt ichida qo’shiq va musiqali tanaffus bo’lgan. XIX-XX asr monodramalarida esa aktyor bir rolni bajarsa ham, biroq uning nutqi yo tomoshabinga, yo noma’lum personajga qaratilgan”.
Insenirovka(lat.inscaena-sahnalashtirish) pyesa shaklida yozilgan badiiy asarni (muallif yoki boshqa ijodkor tomonidan, yoki hamkorlikda yaratilgan) sahnada qo’yishga moslab qayta ishlashdir. Jumladan, XX asr oxirlarida Oybekning “Qutlug’ qon”, “Navoiy”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Abdulla Qodiriyning “O’tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” kabi romanlari teleinsenirovka qilingan bo’lsa, Abdulla Qodiriyning “O’tgan kunlar” romani bir necha bor turli mualliflar tomonidan kinoinsenirovka qilindi. Adabiy asar insenirovka qilinganda uning syujetiga o’zgartirishlar, ayrim qo’shimcha motivlar kiritilishi ham mumkin. Jumladan, “O’tkan kunlar” kinofilmida Otabek, Kumush, Zaynablar qozoqlar ovulida qimizxo’rlik qilishadi. Otda sayr qilishga Zaynab rozi bo’lmaydi. Otabek bilan Kumush ot choptirib ketishar ekan, ovul egasi sevishganlarning bir biriga munosibligini alqar ekan, Zaynabga “Siz Otbekning kimi bo’lasiz?” deydi. Zaynab noiloj qolganidan “singlisi” deb javob beradi va qalbida yovuz rashk uyg’onadi... Bu epizod “O’tgan kunlar” romanida tasvir etilmagan...
Intermediya(lat.intermedius-ikki narsa oralig’ida) pyesa va operalarning pardalari oralig’ida tomoshabinni zeriktirmaslik maqsadida ularni kuldirish uchun hayotdagi ayrim nuqson va kamchiliklarni siqiq tarzda hajv(fars) qilishdir.
Bugungi adabiy jarayonga kelib, intermeiyalar o’z mazmunlarini saqlagan holda, pyesa va operalardan ajralib chiqdilar va “Miniatyura teatri”ni, “Tabassum ustaxonasida” degan radio eshittiruvini tashkil qildilar.
Libretto(ital.libretto-kitobcha) – opera, operetta, musiqali drama, oratoriya, kantatalar uchun yozilgan badiiy asar matnidir. Uning syujeti ba’zan she’r, ba’zan nasr bilan yoziladi. Librettoning matni musiqa bilan uzviy bog’langandagina (so’z san’atkori va kompozitor mehnati uyg’unlashganda) to’liq ta’sir kuchiga ega bo’ladi. Libretto dramaturgiya qonun qoidalariga amal qilib yozilsa-da, uning syujeti ko’proq ariya va ansambllarning ta’sirchanlik xislatlari bilan bog’lanadi. “Bo’ron”, “Maysaraning ishi”, “Zaynab va Omon” kabi operalarning librettolari aytilagn mulohazalarga asosdir.
Biz yuqorida adabiy jarayon taraqqiyoti davomida shakllangan tur va ba’zi janrlarning qonun-qoidalarini o’rgandik. Buning nima zarurati bor? “Naqadar baland chiqsang shu qadar ko’pni ko’rasan”, degan maqolni mag’zidan kelib chiqsak, san’atkor qanchalik janr qonun-qoidalarini, texnikasini egallasa, u shu qadar yuksak asarlar yarata oladi. Chunki badiiy asarlar janrining eng zurur talabi va xususiyatlarigina uzoq davrlar va ijodiy jarayon taraqqiyoti davomida yashab qolgan, billurdek sayqallashganki, ularni mukammal bilmasdan (bor tajribalarini, saboqlarini o’rganmasdan) yuksak mahoratli san’atkor bo’lish mumkin emas. Bu haqiqatni yozuvchilar ham tasdiqlaydilar. Jumladan, o’zbek hikoyasining piri – Abdulla Qahhor “Hayot haqiqatidan badiiy to’qimaga” maqolasida yozadi: “...har bir janr o’ziga xos xususiyatlarga, uzoq yillar davomida jahondagi adabiyotchilar va o’tib ketgan yozuvchilar to’plagan maxsus priyomlar kompleksiga ega bo’ladi, buni e’tiborga olmaslik, bugungi kunda gugurtning mavjudligidan o’zini bexabarlikka solib, ikkita chaqmoq toshni bir-biriga o’rib o’t yoqishga urinishday tentaklikdir”(Ta’kidlar bizniki-H.U.),
Yoki janrlarning xususiyatlarini chuqur o’rganmasdan turib, yuzaki fikrlar yuritish noto’g’ri xulosalarga olib kelaveradi. Natijada, “Povest o’zbek adabiyotshunosligida “Qissa” deb yuritiladi”(Abdulla Ulug’ov, 63-bet), “Sharqda poema “doston” deb yuritiladi”(Erkin Xudoyberdiyev, 196-bet) kabi asossiz fikrlar haqiqatdek aytilaveradi.
Demak, o’qish va o’rganishsiz, to’plangan ijodiy saboq va tajribalarni chuqur o’zlashtirishsiz – o’zida mehnatga nisbatan mehr va hurmatni tarbiyalamasdan adabiyot dargohida yangilik kashf qilish judayam qiyin. Demak, janrlarni o’rganmay turib uni tushunish, o’sha janrda yuksak asarlar yaratish ham mumkin emas.
Adabiyotlar:
T. Boboyev. Adabiyotshunoslik asoslari, T., «O’zbekiston», 2002, 512-519- betlar.
D. Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish, T., A. Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 2004, 191-199-betlar.
H. Umurov. Adabiyotshunoslik nazariyasi, T., A. Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 2004, 239-244-betlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |