DO’STLIK VA BAG’RIKENGLIK
Xalqimiz azaldan bagʻrikeng va mehmondoʻst. Chunki bagʻrikenglik oʻzbek xalqi maʼnaviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Doʻstga sadoqat, birdamlik kabi ezgu tuygʻular xalqimiz orasida qadriyat darajasiga koʻtarilgan boʻlib, bugun ham ushbu anʼanalarimiz davom etib kelmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni taʼminlash borasida olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida Oʻzbekistonda barcha diniy konfessiyalar oʻz anʼanalari va udumlari, marosimlarini ado etib kelmoqda. Jamiyatimizdagi oʻzaro bagʻrikenglik, mehr-muruvvat, ezgulik muhiti tinchlik va osudalik, farovonlikni mustahkamlashga xizmat qilayotir.
Xususan, “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”da ham xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Harakatlar strategiyasini hayotga joriy etish doirasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar natijasi oʻlaroq mamlakatimizda millatlararo va konfessiyalararo muloqotni yana-da rivojlantirish mexanizmlari takomillashtirildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning16 ta diniy konfessiya vakillari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan teng huquq va imkoniyatlardan foydalangan holda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilib kelmoqda.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millatlar qadriyatlarini asrab-avaylash, urf-odat va anʼanalari davomiyligini taʼminlash barobarida, yoshlarimizni oʻzga elatlar madaniyatini hurmat qilish ruhida tarbiyalash hozir yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan 141 ta milliy madaniy markazning asosiy maqsadidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida koʻrib chiqilgan “Xalqlar doʻstligi kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining qabul qilinishi ham xalqimiz azaldan ardoqlagan doʻstlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi muqarrar.
Negaki, ushbu qonun loyihasining maqsadi – xalqlar doʻstligi kunini bayram qilishdan asosiy maqsad insonlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari oʻrtasida hamjihatlik, bagʻrikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va doʻstlik aloqalarini yana-da rivojlantirishdan iborat.
Mazkur hujjat bilan millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlarning samaradorligini yana-da oshirish, sadoqat bilan bajarilgan mehnatni ragʻbatlantirish maqsadida “Xalqaro doʻstlik kuni” – 30-iyulni Xalqlar doʻstligi kuni etib belgilash taklif qilinmoqda.
Bu borada xorijiy tajribaga nazar solsak, Rossiya, Belorus, Germaniya, Ozarbayjon, Tojikiston, Ukraina, Qozogʻiston va boshqalar qator davlatlarda turli sanalarda “Doʻstlik kuni”, “Birdamlik kuni”, “Milliy birdamlik kuni” kabi nomlar bilan atalgan boʻlib, ushbu bayramlarni nishonlash doirasida erishilgan ijobiy natijalar qayd etilib, alohida oʻrnak koʻrsatgan soha xodimlari ragʻbatlantirilmoqda.
Masalan, Belorus, Ukraina, Qozogʻiston va Rossiyada “Xalqaro doʻstlik kuni” 30-iyulda nishonlansa-da, dam olish kuni etib eʼlon qilinmagan. Qozogʻistonda esa 1-may – “Qozogʻiston xalqining birdamlik bayrami”, Rossiyada 4-noyabr – “Xalq birdamligi kuni”, Tojikistonda 27-iyun – “Milliy birdamlik kuni”, Germaniyada 3-oktyabr – “Germaniya birdamlik kuni” milliy bayram sifatida dam olish kuni deb eʼlon qilingan.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi kunda Oʻzbekiston diniy bagʻrikenglik va dinlararo muloqot borasida butun dunyoga namuna boʻlmoqda. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa Oʻzbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni taʼminlash, tinchlik-osoyishtalikni saqlashga xizmat qilishi aniq. Zero, bagʻrikenglik tinchlikning bosh mezoni boʻlsa, tinchlik yuksak taraqqiyot garovidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |