Ota – aql, ona – idrok.
Otangni quyosh deb bilsang,
Onangni oy deb bil!
Ona kulsa xona to`lar,
Ota kulsa g`aming
Otasini og`ritgan el ichida xor bo`lur,
Onasini og`ritgan parcha nonga zor bo`lur.
kabi hikmatlarning har birida hayotiy haqiqat, buyuk insoniylik aks etgan deya olamiz. Ota-onalarni behad ulug`lovchi, ularning nuroniy, tiniq va nurafshon siymolarini gavdalantiruvchi ajoyib dostonlar, ertaklar, afsonalar, naql-rivoyatlar ham talaygina. Ulardan biri:
Hikoyat: kunlardan bir kun yurtni yov bosibdi. Elni tig`dan o`tkazibdi, ekinzorlarni yondiribdi, talab vayron qilibdi. Navbat bir mushtipar onaga kelibdi. Onaning bir o`g`li va bir qizi bo’lib, ularni haddan ziyod yaxshi ko`rar, ular uchun hatto jonini berishga ham tayyor ekan. Bosqinchi shoh onani sinab ko`rmoqchi bo`libdi:
— Seni o`ldirmoqchi emasman, katta bo`lganida qasos olishi mumkin bo`lgan o’g’lingni o’ldirmoqchiman. Aytishlariga qaraganda, ona farzandlari uchun jonini berishga ham tayyor emish. Menga joning emas, charosdek chiroyli ko`zlaring kerak. Bordi-yu o`ng ko`zingni o`yib bersang o`g`ling omon qoladi, bo`lmasa qatl qilaman – debdi.
Ona:
— (O`ylab ham o`tirmay) Ko`zim kerak bo’lsa o`yib ol, ammo bolamga tegma, — debdi. Jallodlar onaning o`ng ko`zini o`yib olishibdi, ona oh deb og`iz ochmabdi Qonxo`r shoh:
— Endi chap ko`zingni bersang qizing ham sog` qoladi, — debdi.
Ona hech ikkilanmay rozi bo`libdi. Jallodlar onaning chap ko`zini ham o`yib olishibdi. Onaizor ikki ko`zidan ajralibdi-yu, bolalari omon qolibdi. Bu orada el bahodirlari qo`zg`olib, bosqinchi podshoni yurtdan quvib chiqarishibdi. Ona mehri, jasorati oldida bosh egib, xaloyiq uni yurtga boshliq etib tayinlabdi. Ikki ko`zidan ayrilgan ona o`g`lini o`ng ko`zi, qizini chap ko`zi qilib, uzoq yashabdi, yurtni adolat bilan boshqaribdi.
Ona – endi tili chiqa boshlagan norasida go`dakning ilk bor aytiladigan so`zi. Bu so`z umrbod uning tilidan tushmaydi, dilidan ketmaydi. Boshida shafoatli kunlar
mavjurganda ham yoki og`ir kunlar tushib, nochor ahvolda qolgan chog`larida ham lablarining beixtiyor: “Ona!” – deya shivirlashini, kim bilmaydi deysiz!
Qani ko`raylik-chi, ona so`zi nimani anglatar ekan? Ona so`zi uchta harfdan iborat bo`lib, u o`zida oriyat, nafosat, andisha so`zlarining ma’nolarini to`liq mujassamlashtirgandir. Bular pokizalik, ma’naviyat, go`zallik uyg`unlashib Ona so`zi bunyod bo`ladi. Ona u fozila, oqila, komila. U e’tiqod, mehr-muxabbat va nafosat gulshaninng sohibasi. Bu so`z yashash umidi, hayotga tashnalik, dunyoni anglashning boshlanishi demakdir.
Go`dak qalbini isituvchi ilk nur onaning mehr-muxabbatga to`la ko`zidan tushadi. Onaning jo`shqin va so`nmas mehri hamisha va hamma yerda bolasi bilan, bu mehr samodek cheksiz, musaffo havodek zarur va sahiydir.
Ayolni sevmagan, ardoqlamagan, kuylamagan kim bor dunyoda. Ehe, dunyoda ne-ne ulug` zotlar, sohibqironlar, sarkardalar, sultonlar, donishmandlar, daholar o`tmadi deysiz. Bugungi ayol – uy bekasi, xizmatchi, olima, agronom, lekin, bu bir tomon, ammo u birinchi galda, kelgusi avlodni dunyoga keltiruvchi ona. Bu moborak, ulug` zot haqida qancha so`z yuritsak, shuncha oz.
“Dunyo tor bo`lganda ham, ona bag`ri keng!”.
“Onani derlar – yerning quyoshi, bashariyat aqlu hissining boshi”.
“Onaning bir qo`li beshikni, ikkinchi qo`li dunyoni tebratadi”.
Oilada otaning ta’sir kuchi katta ekanligini faqat yoshlik yillaridagina emas, balki ulg`aygandan keyin ham his qilasan kishi. O`z otasini mehribon, g`amxo`r, talabchan, odil inson deb atay oladigan odamgina baxtlidir.
Ota bola uchun mustahkam tayanch, or-nomus, kelajagi yo`lidagi orzu-umidi, haqiqat va adolat posbosi. Ijtimoiy va mehnat faoliyati bilan, yaxshi axloqi va xulqi bilan o`rnak, har bir yaxshi ishda ustoz, murabbiy, saxovat va muruvvat maktabidir.
Oqil bobo shunday deydi: “Ey o`g`lonlarim, qizaloqlarim, yoshlikdan boshlab ota-onangizni qadriga yeting, ularning hurmati, izzat-ikromini joyiga qo`ying, aytganlaridan chiqmang. Chunki, ota-ona hech qachon yomon bo`l demaydi. Aksincha, o`zini o`tu suvga urib bolam bezavol o`ssin, voyaga yetib, katta hayotga qadam qo`ysin deb, o`zini fido qilgudek bo’ladi. Baxt-saodatingiz, kelajagingiz yo`lida fidoiylik ko`rsatishadi”.
“Otani – quyosh, onani — oy” deb bilgan xalqimiz ularning qadriga yetish, e’zozlash, boshga ko`tarish, padari buzrukvorining tuz haqini, volidayi mehribonining sut haqini oqlash har bir o`g`il-qizning vijdoniy burchi ekanligini alohida uqtiradi.
“Quyoshdan so`rashibdi: Sening haroratingdan zo`rroq harorat bormi?”
“Bor – javob beribdi Quyosh – Ona mehri mening taftimdan ham kuchliroq”.
O`limdan so`rashibdi: “Senga bas keladigan kuch bormi dunyoda?”
“Bor! – deb javob beribdi o`lim” – “Ona mehri meni ham ham chekintiradi”.
Daryoi azimdan so`rashibdi: “Sendan kuchliroq jonzot bormi dunyo?”
“Bor! – debdi Daryoi azim” – “Ona mahri mendan kuchliroq, zo`rroq”…
Ha, Ona mehri toshni eritadi, qahri tog`ni qulatadi, daryoni jilovlay oladi…
Quyosh – haroratini, Oy – nurini, hayot – go`zalligini Onadan olgan, deydi xalq. Tabiat tarovati, gullar isi, hayot nashidasi, inson ko`rkamligi, odamiyligi, inson aql-idroki, fahm-farosati – bari-barisi onaizordan!
Dunyoda pirma’no bir so`z bor, men undan ortiq va yaxshiroq so’zni bilmayman. Bu so`z – “Ota-onangga raxmat”, degan yoqimli so`zdir. Uning aksi ham bor: u eng yomon, eng yoqimsiz – oq padar, ona suti ko`r qilgur, degan so`zlardir. Ey o`g`illar, qizlar birinchi so’z doimiy hamrohingiz bo`lsin, ikkinchisidan saqlaning!
Ota-ona uchun farzanddan aziz, farzanddan shirin narsa yo`q. Ota-ona farzandining sog`lig`i, kamoloti va kelajagi yo`lida hatto o`zini qurbon qilishga rozi bo`ladi. Ota-ona o`g`il-qiziga o`z umri, aql-idroki, shodligini o`z shodligi, baxtini o`z baxti deb anglaydi, shodligu quvonchidan quvonadi, qayg`usiga sherik bo`ladi.
Shunday ekan, bu oily ne’matni, xazinamizni borida qarlaylik, qadriga yetaylik.
Har narsaning ikki tomoni bor deganlaridek, yuqorida siz bilan faqat ko`nglimizga hush yoquvchi, iliq so`zlar bilan suhbatlashdik. Ming afsuslar bilan hatto, achchiq bo`lsa ham aytish kerakki, hayotimizda bunday insonlarning aksi ham uchrab turadi. Ota-onalar, ota-onalik baxtidan o’zlarini mosuvo qilib ham, hayotda bosh ko`tarib yurishibdi. Shunday naql bor, biz buni yuqorida ham zikr qilgan edik, inson hayotidagi eng daxshatli so`z, bir umrlik tamg`a. Bu tamg`a nafaqat o`sha insonning balki butun avlodiga tatigulik meros bo’ladi. Bu “Oq padar” degan lanatdir. Biz bu hunuk iborani faqat ota-onalar farzandlariga nisbatan qo`llashadi degan tushunchaga egamiz. Buni qarangki, aksincha farzandlar ham ota-onasiga nisbatan ishlatiladigan hollar uchrar ekan. Bir hadisda o`qigan edim: Ulamoning oldiga bir ota kelib, o`z farzandidan arz qilibdi. Holimdan habar olmaydi, hatto yo`qlamaydi, men uni oq qilmoqchiman balki uni siz bundan ogohlantirsangiz, sizning gaplaringiz kor qilarmidi – debdi. Ulamo otaning farzandini huzuriga chaqirib unga tanbeh bermoqchi bo’libdi. Undan bunday qilishini sababini so`ragan ekan. O`g`il javoban unga shunday debdi – To`g`ri bu borada men gunohkorman, lekin, Siz meni ismimni ma’nosini bilasizmi, ma’nosi “ko`rshapalak” degani. Ota-onaning bu hayotdagi birinchi vazifasi farzandlariga ma’noli, hosiyatli ism qo’yishi emasmi. Farzand o`z ismidan farxrlanishi, unga munosib bo`lishga harakat qilishi kerak emasmi? –deya javob qaytaribdi. Ulamo otani huzuriga chaqirib: — siz farzandingizni oq qilishga haqli emassiz chunki u, unga ism qo`ygan kuningiz sizni oq qilgan ekan deya, javob beribdi. Bu misol tariqasida aytilgan hikoya dengizdan tomchi, xolos. Bir kuni “Saniya” ismli qizdan ismingizni ma’nosi nima deb so`rasam, u javoban otamni ismi “Sanjar” onamniki “Roziya”, ikkalasining ismlaridan otamnikidan “San” onamnikidan “iya” qo`shimchalarini olib ismimni yasashgan, dedi. Hayron bo`ldim nima uchun, buni ma’nosi nima, ism qo`yish yoki yashash ermak uchunmi? Buni ta’riflashga hatto lol qolasan kishi. Bunday voqealar hayotda uchrab turadi.
Ne azoblarni bo`yniga olib farzandni dunyoga keltiradi-yu, lekin jannatning mevasi deb atalmish jigargo`shasidan yuz o`giradigan, u menga kerak emas, menga ortiqcha yuk, meni oyog’imga ipsiz zanjir bo`ladi, deydigan bag`ri toshlar ham uchrab turadi.
Hayotda qanchadan qancha oilalar shu farzand degan mo`jizaga, tirmoqqa zor, kecha-yu kunduz Ollohdan iltijo qilib kutayotganlar oz emas. Bir kam dunyo, “kimdir farzandga, yana kimdir ota-onaga zor, kimlardir esa ularni qiladi hor”.
Farzand ota-onani tanlashga qodir emas, bu haqida o`ylashning o’zi azmi gunohdir. Ba’zilar ulardan uyalishadi, or qilishadi. Qaytar dunyo, bu hayotda hech bir gunoh jazosiz qolmaydi.
Aziz suhbatdosh, bu mavzuda yana soatlab, hatto yillab suhbat qurish mumkin, lekin “So`zingni ayt uqganga”, deganlaridek bundan o’zingizga yetarlicha xulosa chiqarmasandiz, bundan foyda yo`q. Ota-onangiz hali hayotligida ularga mehr ko`rsating, duosini oling, yonlarida ko`proq bo`lishga harakat qiling, ahir ular ham hayotda g`animat. Keyin holasangiz ham ularni topa olmaysiz. Izlariga hatto, sizga tanbeh berganida yoqmagan so`zlariga ham zor bo`lasiz. Shunday ekan, biz – farzandlar ana shunday saxovatga fidoiylik bilan javob bermog`imiz ham farz, ham qarzdiz.
Mening bobom, buvim –mahallamiz faxri
Reja:
1.Keksalarni e’zozlash-burchimiz.
2.Mahallamiz faxri.
3.Qari bilganni pari bilmas.
4.Bobom ,buvim duosidan kuch olib ulg`ayaman.
Qarisi bor uyning farishtasi bor.
(Maqol)
Yurtboshimizning qaroriga binoan 2015-yil –“Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilinganligi barchamizga ma’lum. Shu boisdan yurtimizda “Keksalarni e’zozlash yili “ Davlat dasturiga muvofiq keng ko’lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur dastur keksalarning hayotini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma’naviy qo’llab quvvatlash yoshi ulug’ insonlar, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi hamda mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy, iqtisodiy, pensiya ta’minoti va tibbiy xizmat ko’rsatishni tizimli asosda tashkillashtirish, oila va jamiyatda, yoshlarni o’zbek xalqining ko’p asrlik qadriyat va an’analari ruhida tarbiyalashda keksalarning o’rnini mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu dasturning amaliy ifodasi hamma joyda o’z natijasini bermoqda. Ayniqsa, ma’naviyat o’chog’I bo’lmish mahallalarda olib borilayotgan ishlar barchani quvontiradi.
Bizning mahallamizda ham ko`zga ko`rinarli islohotlar olib borilmoqda. Bundan mening bobojonim va buvijonim ham juda xursand. Ular mahallamizdagi eng nuroniy keksalardan. Shuning uchun ularni hamma hurmat qiladi, ardoqlaydi , duolarini olishga harakat qilishadi. Men esa bundan juda ham mamnunman. Chunki xonadonimiz farishtasi bo`lgan bobojon-u buvijonimning mehr bulog`idan nafaqat men, balki butun mahalla-ko`y bahramand bo`lyapti. Ko`pni ko`rgan, o’z boshidan qanchadan qancha yaxshi va yomon kunlarni o`tkazgan keksalarimiz duosidan butun mahalla obod. Negaki, ular har gal duoga qo`l ocharkanlar, yurtimiz tinch, oilamiz xotirjam, dastuxonimiz to`kin -sochin bo`lsin deya ezgu niyat qilishadi. Shunday ekan, nuroniy otaxon-u onaxonlarni mahalla faxri, deb atasak yanglishmagan bo`lamiz. Ularning orasida mening bobojonim va buvijonimning borligi esa yuragimni faxr-u iftixor tuyg`ulariga to`ldiradi.
Xalqimizda:”Qari bilganni pari bilmas” degan naql bor. Haqiqatan ham dono keksalarimiz beradigan maslahatlar oltindan ham azizroq. Nuroniylarimizni kitobga qiyos etsak bo’ladi, chunki kitob bilim bersa, keksalar hayotdan saboq beradi. Buvijonim ham biz nabiralarni yonlariga olib, qiz bolaning husni uning odobi, xush xulqida, deya har doimgidek uqtiradilar. Avvalo, kattalarga tavoze bilan salom berish, birov chaqirganda “labbay” deya javob berish, ish buyurishsa “xo’p bo’ladi” deyishni, “rahmat”, “marhamat” so’zlarini ham o’z o’rnida ishlatishni ta’kidlaydilar. “Tozalik, poklik bor joyda baraka bo’ladi”, “Erta turganning nasibasi butun bo’ladi”, degan o’gitlari bilan bizga saboq berishdan charchamaydilar. Bobojonim bo’lsalar inson yoshligidanoq ilm-hunar o’rganishi kerakligini, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda bo’lishlikni, yomon so’zlab, birovning dilini og’ritmaslikni, tabiat bilan hamnafas bo’lib, uni asrash lozimligini bot-bot uqtiradilar. Bobojonim va buvijonimning dono o’gitlari-yu purma’no pand-nasihatlarini tinglash menga juda ham yoqadi. Ularning kelgusi hayotimda asqotishiga ishonaman.
Keksalarni qadrlashimiz, ularga g’amxo’rlik qilishimiz lozim. Bu haqida ulug’ mutafakkir, g’azal mulkining sultoni Alisher Navoiy shunday satrlarni qoldirgan:
Qarilar xotiri nozikdur, ey tifl ,
Shikastidin qilib vahm o’lma gustox.
Unuttungmuki atfol o’ynag’anda ,
Sinar oz mayl ko’rgandin quruq shox.
Ha, dilga nur, qalbga orom beruvchi tinchlik, xotirjamlik hukm surayotgan bugungi dorilomon kunlarda umrguzaronlik qilayotgan, jamiyatimizdagi ahillik, totuvlik va barqarorlik muhitini mustahkamlashga hissa qo’shayotgan, sog’lom va barkamol unib o’sayotgan avlodni tarbiyalashda faol ishtirok etayotgan, duoga qo’l ochib bizlarning baxt-iqbolimizni, saodatimizni tilayotgan buvijon-bobojonlarimizni hurmat qilish, ularga ko’proq e’tibor qaratish barchamizning farzandlik burchimiz !
Oqil, dono keksalarning
Duosini olaylik.
Biz ham elga xizmat qilib
O’shalarday bo’laylik.
“Men diniy ekstremizm va terrorizm tahdidini qanday tushunaman”
Reja:
Diniy ekstremizm va terrorizm insoniyat dushmanidir.
Har qanday jaholatni ma’rifat mag‘lub etadi.
Ne’matlar ichida eng ulug‘i – tinchlikdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |