Doni Zokirov1
(1914-1985)
O‘zbekiston xalq artisti, sozanda, dirijyor, murabbiy, jamoat arbobi, bastakor Doni Zokirov ajoyib qo‘shiq, romans, musiqali drama, simfonik, xalq cholg‘ulari orkestri uchun bastalangan musiqiy asarlari bilan o‘zbek musiqa madaniyatini boyitdi.
D.Zokirov 1914 yil 28 dekabrda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 1926 yil o‘rta ta’lim maktabiga o‘qishga boradi va maktabdagi musiqa to‘garagiga qatnashadi. Nay, dutor, g‘ijjak chalishga qiziqadi. Mashhur san’atkor Muhiddin Mavlonovdan o‘zbek va tojik xalq musiqa merosi va ijrochilik sirlarini o‘rgandi.
1929 yil Samarqanddagi N.N.Mironov rahbarligidagi musiqa va xoreografiya ilmiy tadqiqot institutiga o‘qishga kirdi.
1929-1935 yillari Respublika musiqali drama teatrida sozanda bo‘lib ishladi. Mazkur teatrni tashkil qilgan ulug‘ san’atkor M.Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Usta Olim Komilovlardan saboq oldi va birga ishladi.
1936 yilda Toshkentda O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi ochildi va shu ansamblda konsertmeyster lavozimida ishga taklif qilindi, keyinchalik musiqa rahbari bo‘lib tayinlandi.
1940-1942 yillari Toshkent Davlat konservatoriyasining tayyorlov kursida o‘qidi, lekin urush tufayli o‘qishni 1953 yili bitirdi.
1957 yili O‘zbekiston radioeshittirish qo‘mitasi qoshida O‘zbek xalq cholg‘ulari orkestriga bosh dirijyor va badiiy rahbar lavozimiga tayinlandi.
1934 yilda birinchi yirik ijodi Z.Fatxullinning “G‘unchalar” pesasi uchun bastalangan musiqasidir. U ilk ijodiy yutuqlardan so‘ng qo‘shiq va ashulalar yaratdi. Jumladan: “Ona orzusi”, “Zafar topib”, ”Ol qasos”, ”Jangda bardam bo‘l” kabi vatanparvarlik mavzusidagi qo‘shiqlar yozdi. A.Navoiyning “Orazi” va “O‘rtanur” g‘azallariga fortepiano jo‘rligida qo‘shiqlar, sahna uchun “So‘nmas chiroqlar”, ”Dalada bayram”, ”Vatan qirg‘oqlari”, ”Yoshlikda bergan ko‘ngil”, ”Hayot mash’ali”, ”Mening jannatim”, ”Shahzoda va yetim qiz” musiqali dramalarini yaratdi.
“Amirlikning yemirilishi”, ”Qutlug‘ qon”, “Yor-yor” kinofilmlariga musiqalar, O‘zbek mumtoz musiqa namunalarini qayta ishlab, O‘zbek xalq cholg‘ulari orkestri, yakka cholg‘ular va orkestrga moslashtirilgan “Yovvoy Chorgoh”, “Fig‘on”, “Qaytarma”, “Cho‘li iroq”, “Farg‘onacha”, “Savti Navo”, “Mirzadavlat”, “Nasrulloyi”, “Tasnifi dugoh”, “Ufori Navo”, “Rajabiy” kabi asarlar yaratildi.
D.Zokirov mumtoz shoirlar g‘azallariga ko‘plab qo‘shiqlar yozib o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojiga katta hissa qo‘shdi. U A.Navoiy g‘azallari bilan aytiladigan “Ey sabo”, “Bo‘lmasa”, “Ayb etmangiz” va “Ko‘rmadim” radifli g‘azallariga yozilgan qo‘shiq va romanslari hozirgi kunda xalqimizning o‘lmas durdona asarlariga aylanib ulgurdi. “Ko‘rmadim” g‘azaliga bastalangan asarning ilk ijrochisi O‘zbekiston xalq artisti, an’anaviy va akademik vokal xonandalik uslubi ijrochisi Nazira Axmedova bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |