Buloq – bu butun borliq. Nargis – shu buloqning zarrasi. Buloq – zot, Nargis – tajalli.Ular bir-biri bilan bog`liqlikda. Buloq suvi – Nargis o`z-o`zini ko`rib oshiq bo`lgan suv – mohiyat. Buloq ham, Nargis ham Haqning tajallisi, zarralari. Nargis o`z go`zalligiga maftun bo`lib g`arq bo`ldi, g`arq bo`lish asnosida qirg`oqdan boshqa tajalli, ya’ni kull – gul unib chiqdi. Bu yerda odam-olam-tabiat-jamiyat yaxlitligini ko`rish mumkin. Farididdin Attor o`zining “Javhar uz-zot” asarida butun borliq Yagona Javhardan kelib chiqqanligini ta’kidlaydi va uning jamoli borliqda jilvalanadi. Haq taolo go`yo yashirin xazina edi, Uning tengsiz husn-u jamoli, qudrat-u fazilatlari xuddi ko`zgudagidek aks etsin uchun o`zini ma’lum qilishni istaydi. Tangri Taolo dunyoni – buloq shu maqsadda yaratib, uni jamoli va fazilatlarining ko`zgusi qildi Qildi mazohirda xayoli zuhur, Topqali ul husn kamoli zuhur. Jilvai husn o`lgali zohir anga, Bo`ldi bu mir’ot mazohir anga. (Alisher Navoiy)
Do'stlaringiz bilan baham: |