Tursunaliyev abduraxmon Barchamizga ma'lumki, Islom – haqiqat, tenglik va adolat dinidir. Shunday ekan, bu dinda hech kimga zulm qilinishi mumkin emas. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Arabning ajamdan afzalligi faqatgina taqvo bilan”, deganlar. Shuning uchun ham Islom terrorizmni qoralaydi. Islom dini ko‘rinishi qanaqa bo‘lishidan qat'iy nazar, terrorizm bilan murosa qilishi mumkin emas. Chunki terrorizm Islom dini ta'limotlariga ziddir. Zero, terrorizmda odamlarga zulm qilish bor, begunoh insonlarni nohaq o‘ldirish bor. Odamlar or-nomuslarining toptalishi, himoyaga muhtoj zaifa ayollar, bolalar va keksa yoshdagi insonlarning o‘ldirilishi bor. Terrorizmning ana shu jirkanch taraflarini hisobga olib, Islom dini uni qattiq qoralaydi va rad etadi. Turli ommaviy axborot vositalarida ko‘rib-eshitayotganimiz – terrorizmning Islom dini bilan aloqadorligi, Islom dini terrorchi guruhlar va tashkilotlarni tayyorlab chiqarishi, amalga oshirilayotgan terroristik amaliyotlarning ko‘pchiligi aynan musulmonlar tarafidan sodir etilayotgani haqidagi xabarlar va qarashlarning barchasi xato bo‘lib, ularning hech qanday to‘g‘ri joyi yo‘qdir. Biz ana shu terroristik amaliyotlarni ijro qilayotgan va o‘zlarini Islom diniga mansub deb hisoblayotgan kimsalarni o‘z jonlariga zulm qiluvchilar bo‘lib, ularning maqsadlari Islomning suratini buzib ko‘rsatish, uning obro‘sini tushirishdir, deymiz. Ular aslida Islom dinidan uzoqdadirlar. Ekstremizm va terrorizm: Islomning ularga munosabati - Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, terrorizm va ekstremizmning Islom diniga hech qanday aloqasi yo‘qdir. Qolaversa, ba'zi tomonlar da'vo qilayotganidek, terrorizm faqat musulmonlar bilan bog‘liq narsa emas. O‘zini musulmon deb da'vo qilayotgan, ammo faoliyatlari Islom dinining pok va insoniylik tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydigan kishilardan Islom ham, terrorzim va ekstremizmni qabul qilmaydigan har bir mo‘min-musulmon ham bezordir.
Terrorizm – o‘zining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun qo‘rqitish va zo‘ravonlik uslubidan foydalanishga nisbatan aytiladigan vasfdir. Ekstremizm esa mo‘tadillikning ziddi bo‘lib, nuqsonga yo‘l qo‘yish yoxud me'yoridan oshirib yuborish bilan chegaradan chiqib ketishdir. Nuqsonga yo‘l qo‘yish deganda Allohning chegaralarini zoye qilish, unga tajovuz qilish bo‘lib, bu narsa haromligiga ittifoq qilingan munkar ishlarga qo‘l urish bilan bo‘ladi. Me'yoridan oshirib yuborish – Allohning Kitobida yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida kelganidan oshirib yuborish yoki chuqur ketishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |