Diniy tashkilotlar xizmatchilarining mehnatini huquqiy tartibga solishda Rossiya Federatsiyasi tajribasi.
Umurzoqov Muhammad Alisher o’g’li
Muhammadfotih9898@gmail.com
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi magistranti
Xatamov Jahongir Ungarovich
O’zbekiston musulmonlar idorasi yuridik bo’lim boshlig’i v.v.b
Bugungi kunda qonunchiligimizda diniy tashkilotlar xodimlarining mehnatini tartibga solish masalasida bir qator muammolar mavjuddir. Ushbu masalalarni huquqiy jihatdan tartibga solish masalasida bir qator davlatlarning mehnat qonunchiligi o’rganib chiqildi. Rosssiya, Qozog’iston, Ukraina, Belorussiya, Qirg’iziston davlatlarining Mehnat kodekslari hamda diniy tashkilotlar to’g’risidagi qonunlari o’rganib chiqildi. Ushbu davlatlar orasidan faqat Rossiya Federatsiyasidagina diniy tashkilotlar xizmatchilarining mehnati hququiy jihatdan atroflicha tartibga solinganligi aniqlandi. Shuning uchun diniy tashkilotlar xodimlarining mehnatini huquqiy tartibga solish masalasida aynan Rossiya Federatsiyasining qonunchiligi qiyosiy o’rganildi.
Diniy tashkilotlar xizmatchilarining mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishda Rossiya Federatsiyasida bir qator normativ huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksida ham ushbu masala alohida belgilab berilgan. Masalan, Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 342-moddasiga muvofiq, xodim bilan mehnat shartnomasi ro'yxatdan o'tgan diniy tashkilot tomonidan tuziladi. Diniy tashkilotlarni ro’yxatga olish 1997-yil 26-sentyabrda qabul qilingan "Vijdon erkinligi va diniy birlashmalar to'g'risida"gi 125-sonli Federal qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Mehnat munosabatlarida diniy tashkilotlar boshqa yuridik shaxslarga qaraganda ancha avtonomiyaga ega. Bu Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 54-bobida o'zining ifodasini topgan. Kodeksda diniy tashkilotlarning bir qator masalalarini hal qilishi ularning ichki qoidalari sifatida belgilangan. Masalan, Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 346-moddasi diniy tashkilotlarga moliyaviy javobgar shaxslar ro'yxatini mustaqil ravishda ishlab chiqish huquqini beradi. Shuningdek, diniy tashkilotlarga agar bunday asoslar mehnat shartnomasiga kiritilgan bo'lsa, Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 347-moddasida nazarda tutilmagan asoslar bo'yicha xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish imkoniyatini beradi.
Shu o’rinda diniy tashkilot qanday talablarga javob berishi kerak degan savol tug’iladi. Diniy tashkilot - bu Rossiya Federatsiyasi fuqarolari, Rossiya hududida doimiy va qonuniy yashovchi boshqa shaxslarning birgalikda e'tiqod qilish va e'tiqodni tarqatish maqsadida tuzilgan ixtiyoriy birlashmasi.
Diniy tashkilot ish beruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatishi, ya’ni xodim bilan mehnat munosabatlarida bo‘lishi uchun u yuridik shaxs bo‘lishi kerak.
Diniy tashkilotlar o‘z faoliyatining hududiy ko‘lamiga ko‘ra mahalliy va markazlashgan tashkilotlarga bo‘linadi. Mahalliy diniy tashkilot - 18 yoshga toʻlgan va ayni shu aholi punktida yoki bir xil shahar yoki qishloq aholi punktida doimiy yashovchi kamida 10 nafar aʼzodan iborat diniy tashkilot.
Markazlashtirilgan diniy tashkilot o‘z ustaviga muvofiq kamida 3 ta mahalliy diniy tashkilotdan iborat bo‘lgan diniy tashkilotdir.
Markazlashtirilgan diniy tashkilot ro'yxatga olish organiga davlat ro'yxatidan o'tkazish to'g'risidagi ariza bilan murojaat qilgan paytga qadar, tashkilot tarkibiy tuzilmalari Rossiya Federatsiyasi hududida kamida 50 yil davomida qonuniy asosda faoliyat yuritayotgan bo’lishi kerak.
Diniy tashkilotning nomi uning dini to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olishi kerak. Mehnat shartnomalarida u o'zining to'liq ismini ko'rsatishi shart. Ya’ni diniy tashkilotga nom qo’yilayotganda ushbu diniy tashkilot qaysi dinga oid ekanligi aniq ko’rsatilishi shart. Masalan : “Rus provaslav cherkovi” kabi.
Markazlashtirilgan tashkilot va uning tarkibiga kiruvchi mahalliy diniy tashkilotlar o‘rtasidagi munosabatlar ushbu tashkilotning ustavi bilan tartibga solinadi.
Diniy tashkilot har yili yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritilgan ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda, o‘zini ro‘yxatdan o‘tkazgan organga o‘z faoliyatini davom ettirayotganligi to‘g‘risida xabar berishi shart. Rossiya Federatsiyasi Federal ro'yxatga olish xizmatining 2007-yil 10-maydagi 77-son buyrug'i bilan Federal ro'yxatga olish xizmati va uning hududiy idoralariga taqdim etilgan diniy tashkilotning faoliyati to'g'risidagi hisobot, boshqaruv organlarining rahbari va tarkibi to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan hujjatlar shakllarini to'ldirish bo'yicha uslubiy tavsiyalar tasdiqlangan. Diniy tashkilotning faoliyati, shuningdek, diniy tashkilotning pul mablag'larini sarflashi va boshqa mol-mulkdan foydalanishi, shu jumladan xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslardan olingan mol-mulkdan foydalanish haqida 3 yil mobaynida ma’lumot taqdim etilmaganligi ro‘yxatga oluvchi organning diniy tashkilotni o‘z faoliyatini to‘xtatgan deb e’tirof etish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishiga asos bo‘ladi.
Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 342-moddasiga muvofiq, diniy tashkilotning xodimi 18 yoshga to'lgan shaxs bo'lishi mumkin. Diniy tashkilot 18 yoshga to'lmagan shaxs bilan mehnat shartnomasi tuza olmaydi. Bu voyaga yetgan shaxsning vijdon erkinligi, diniy e'tiqod erkinligi, shu jumladan yakka tartibda yoki boshqalar bilan birgalikda har qanday dinga e'tiqod qilish yoki hech qanday dinga e'tiqod qilmaslik, diniy va boshqa e'tiqodlarni erkin tanlash, unga amala qilish va tarqatish huquqini amalga oshirish bilan bog'liq. (RF Konstitutsiyasining 28-moddasi).
Yuqorida belgilangan yoshdan tashqari, qonunda diniy tashkilotda ishlash uchun cheklovlar belgilanmagan. Biroq, bunday cheklovlar diniy tashkilotning ichki qoidalari bilan belgilanishi mumkin. Bularga ma'lum bir dinga e’tiqod qilish yoki cherkov a'zosi bo'lish uchun belgilangan yoshga to’lish kabi talablar kiradi. Bularni Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 3-moddasi 2-qismini buzish, ya'ni dinga bo’lgan munosabati tufayli mehnat huquqlarini cheklash deb hisoblash mumkin emas.
Shunday qilib, amaldagi mehnat qonunchiligi diniy tashkilotdagi mehnat munosabatlari sub'ektlari doirasini belgilaydi. Ish beruvchi federal qonun bilan belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tgan va xodim bilan yozma ravishda mehnat shartnomasi tuzgan diniy tashkilotdir. O‘n sakkiz yoshga to‘lgan, diniy tashkilot bilan mehnat shartnomasi tuzgan, muayyan ishlarni shaxsan o‘zi bajaruvchi va diniy tashkilotning ichki tartib-qoidalariga amal qiladigan shaxs xodim hisoblanadi.
Diniy tashkilotlar faoliyatining o'ziga xosligi ish beruvchilar hamda xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasining mazmunida namoyon bo'ladi. Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 344-moddasiga muvofiq diniy tashkilot hamda xodim o’rtasida mehnat shartnomasini tuzish va o'zgartirish xususiyatlari quyidagilardan iborat:
diniy tashkilot bilan mehnat shartnomasi muayyan muddatga tuzilishi mumkin;
xodim mehnat shartnomasida belgilangan qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday ishni bajarish majburiyatini oladi;
mehnat shartnomasining mazmuni uning tomonlari uchun muhim bo'lgan shartlarni o'z ichiga oladi.
Diniy tashkilot mehnat shartnomasi shartlarini bir taraflama o’zgartirmoqchi bo’lsa xodimni o'zgartirishlar to'g'risida kamida 7 kalendar kun oldin yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Diniy tashkilot bilan mehnat shartnomasi tuzgan xodim qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday ishni bajarish majburiyatini oladi. Bunday xodimning mehnat funktsiyasi ishchilar ishlari va kasblarining tarif-malaka ma'lumotnomasi va rahbarlar, mutaxassislar va boshqa xodimlar lavozimlarining malaka ma'lumotnomasi talablari hisobga olinmagan holda, mehnat shartnomasining o'zida belgilanadi.
Mehnat shartnomasida belgilangan ish qonun bilan taqiqlanmasligi kerak. Xususan, mehnatni muhofaza qilish bo'yicha davlat me'yoriy talablariga javob bermaydigan ish, ayollar mehnatidan foydalanishni cheklovchi yoki taqiqlovchi ish bo'lishi mumkin emas. Mehnat shartnomasida xodimning mehnat majburiyatlari doirasi (masalan, ibodatxona va hovlini tozalash, duradgorlik va boshqalar) ro'yxati yoki tavsifi yoki ichki tartib qoidalariga muvofiq lavozim ko'rsatilgan bo'lishi kerak.
Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 344-moddasi 2-qismida sanab o'tilgan majburiy shartlar bilan bir qatorda mehnat shartnomasiga xodim va diniy tashkilot uchun zarur bo'lgan qo’shimcha shartlar ham kiritilishi mumkin. Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 57-moddasiga binoan tomonlar mehnat shartnomasiga kiritish zarur deb hisoblagan boshqa shartlarni ham kiritishi mumkin. Bunday shartlar orasida quyidagilar bo'lishi mumkin:
ibodat vaqti bilan bog'liq maxsus ish tartibi;
ish joyini aniqlashning maxsus tartibi (bu nafaqat diniy bino yoki inshoot, balki boshqa joy ham bo'lishi mumkin);
xizmat vazifalarini bajarishda olingan ma'lumotlarning maxfiyligi to'g'risidagi shartlar;
kasblarni birlashtirish sharti va hokazo.
Ko'pincha diniy tashkilotlarda shartnoma bo'yicha ishlaydigan shaxslar tomonidan ayrim marosimlar haqidagi ma'lumotlar oshkor etilmasligi haqidagi band mehnat shartnomasida belgilangan holatlari mavjud. Shuning uchun bunday xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida maxfiy ma'lumotlarni oshkor qilmaslik shartlari haqidagi band bo'lishi mumkin.
Ba'zi hollarda mehnat shartnomasiga ishdan bo’shatish haqidagi ma'lum shartlarni kiritish qonun bilan belgilanadi. Masalan, mehnat shartnomasida mehnat shartnomasini bekor qilishning qo'shimcha asoslar belgilanishi va xodimni ushbu asoslar bo'yicha ishdan bo'shatish to'g'risida ogohlantirish shartlari belgilanishi mumkin (Mehnat kodeksining 347-moddasi). Diniy birlashmalarning ichki tartib qoidalari va ustavlarida xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilishi mumkin bo’lgan boshqa shartlar ham bo‘lishi mumkin.
Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksi mehnat shartnomasini o'zgartirishning maxsus tartibini belgilaydi. Birinchidan, diniy tashkilot har qanday sababga ko'ra bir tomonlama ravishda mehnat shartnomasi shartlarini o'zgartirish huquqiga ega. Ikkinchidan, ish beruvchining mehnat shartnomasi shartlarini o'zgartirish to'g'risida xodimni kamida 2 oy oldin yozma ravishda xabardor qilish majburiyati to'g'risidagi umumiy qoidadan istisno sifatida Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 344-moddasiga muvofiq majburiy ogohlantirish muddati 7 kalendar kunga qisqartiriladi.
Diniy tashkilotlarda xodimlarining ish vaqti, ibodat marosimlarini o'tkazish, diniy marosimlarni bajarish va diniy tashkilotlarning boshqa faoliyatini amalga oshirishning muayyan rejimi belgilangan. Ko'pgina diniy tashkilotlarda vazifalar asosan ertalab va kechqurun bajariladi. Ular orasida uzoq tanaffus mavjud, shuning uchun ish kunini qismlarga bo'lish amaliyoti joriy etilgan. Diniy tashkilotlardagi ko'plab ishchilar uchun odatdagi ish vaqtidan tashqari kundalik ishlarga jalb qilinishi mumkin.
Mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo'shimcha asoslar unga faqat xodimning roziligi bilan kiritilishi mumkin. Aks holda, mehnat shartnomasi tuzilmaydi yoki unga qo'shimcha shartlar kiritilmaydi.
Qoida tariqasida, mehnat shartnomasida belgilangan mehnat shartnomasini bekor qilishdagi asoslarni qo'llash ish beruvchining tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Bunday shartlar xodimning mehnat funktsiyalaring o'ziga xos xususiyatlari va ish beruvchining talablari bilan belgilanadi. Ko'pincha bunday qo'shimcha asoslar diniy tashkilotlar xodimlari tomonidan ichki tartib qoidalarini buzish bilan bog'liq bo’ladi.
Diniy tashkilotning ichki qoidalaridan kelib chiqadigan ushbu shartlar mehnat shartnomasida belgilanadi.
Ishi ibodat qilish bilan bog'liq bo'lgan diniy tashkilotlarning xodimlari uchun yakshanba kunida dam olish kuni ta'minlanmaydi. Bunday hollarda diniy tashkilotlar xodimlari ish vaqtining o'ziga xos xususiyatlari ibodat va marosimlar rejimi bilan belgilanadi.
Diniy tashkilotlar xodimlari, shuningdek, ishlamaydigan bayram kunlarida ishni to'xtatib turolmaydilar. Diniy tashkilotlar xodimlarini ushbu kunlarda ishlashga jalb qilish Mehnat kodeksining 113- va 153-qoidalariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Xotin-qizlar va oilaviy majburiyatlari bo‘lgan shaxslar dam olish va ishlamaydigan bayram kunlarida, tungi vaqtda, ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilinganda, shuningdek xizmat safariga jo‘natilganda belgilangan cheklovlar diniy tashkilotlar xodimlariga ham taalluqlidir.
Qonun ish beruvchiga - diniy tashkilotga mehnat shartnomalariga uni bekor qilish uchun qo'shimcha asoslarni kiritish huquqini beradi (Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 347-moddasi). Bunday asoslarning belgilanishi ish beruvchi sifatida diniy tashkilotning o'ziga xos xususiyatlari, xodimning mehnat funktsiyasini bajarishining o'ziga xos xususiyatlari bilan izohlanadi
Agar xodimni mehnat shartnomasida nazarda tutilgan qo'shimcha asoslar bo'yicha ishdan bo'shatish xodim tomonidan intizomiy huquqbuzarlik sodir etishi bilan bog'liq bo'lsa, ishdan bo'shatish tartibi Mehnat kodeksi talablariga muvofiq bo'lishi kerak. Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 192- va 193-moddalariga muvofiq aybli harakat (harakatsizlik) sodir etganlik uchun ishdan bo'shatish xodimning noqonuniy xatti-harakatlarini, uning aybini ko'rsatuvchi aniq faktlarni ko'rsatmasdan, mehnat nizosi yuzaga kelgan taqdirda qonunda belgilangan javobgarlik chorasini qo'llash tartibiga rioya qilmasdan amalga oshirilishi mumkin emas. Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan qabul qilingan 2005-yil 15-martdagi 3-P sonli qarorida ta'kidlanganidek, ushbu harakatlar agar nizo yuzaga keladigan bo’lsa sud tomonidan tekshirilishi shart. Aksi taqdirda Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 1-, 19- va 55-moddalarining umumiy tamoyillari bilan ziddiyat kelib chiqishi mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Rossiay Federatsiyasida diniy tashkilotlar xizmatchilarining mehnatini tartibga solish amaliyoti muvaffaqiyatli tatbiq etilgan. Rossiya Federatsiyasi Konsrtitutsiaysi, Mehnat kodeksi, Konstitutsiyaviy Sud qarorlari bilan diniy tashkilotlar va ularning xizmatchilari o’rtasidagi mehnat munosabatlari tartibga solingan. Aynan diniy tashkilotlar xizmatchilarining mehnatini tartibga solish masalasi Rossiya Federatsiyasida boshqa MDH davlatlariga nisbatan ancha mukammmalroq tashkil qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |