1.3. Mazmun va shakl.
Olamdagi predmetlar va tizimlarning tartiblanganligini narsalarning tuzilishi va xossalari o‘rtasidagi aloqadorlikni aks ettiruvchi falsafiy tushunchalar qatoriga mazmun va shakl kategoriyalarni alohida o‘rinni egallaydilar.
Fan va falsafa taraqqiyotining ilk bosqichida shakl predmetlarning ichki va tashqi xususiyatlarini birlashtiruvchi, betartib holatda mavjud bo‘lgan elementlarga tarbit bag‘ishlaydigan xislat, qoida deb izohlangan. Mazmun deganda shaklning «materiali» bo‘lmish materiya ko‘zda tutilgan. Aristotelni fikricha, narsaning mohiyatini belgilovchi harakat, faollik xos bo‘lgan xislatdir. Materiya passiv xarakterga ega. Faol shakl materiyani o‘ziga bo‘ysundirib, predmetning tuzilishini, holatini va maqsadga qarab intilishini belgilaydi.
Yangi davrda F.Bekon va boshqa materialistlar materiyani shakldan ustun turuvchi atribut deb tushunishgan. Ayni paytda ular materiya bilan shaklning o‘zaro bog‘likligini ta’kidlab o‘taishgan.
SHakl va materiyaning o‘zaro munosabatini aniqroq belgilash uchun Gegel «mazmun» tushunchasini kategoriya darajasiga ko‘tarib, uni chuqur tahlilini berdi. Uning fikricha, mazmun va shakl narsalardagi bir – biri bilan tafovut, lekin o‘zaro uzviy aloqada bo‘lgan, biri ikkinchisiga aylanib turadigan qarama – qarshi tomonlarni bildiradi.
Mazmun va shakl kategoriyalarini tahlil qilish olamdagi predmetlarning mohiyatli tomonlarini, ularning barqaror va o‘zgaruvchan xususiyatlarining o‘zaro nisbatini chuquroq anglash imkoniyatini beradi.
Mazmun– bu ob’ektning xususiyatini belgilab beruvchi elementlar, xossalar, ichki jarayonlar, ular o‘rtasidagi aloqalar majmuidir. YAna ham qisqacha qilib aytganda, mazmun ob’ektning tarkibiga kiruvchi barcha qismlar va jarayonlarning yig‘indisidir. Masalan, o‘qitish faoliyatining mazmuniga o‘qituvchi – o‘qitish vositalari – o‘qituvchi tizimi, unda sodir bo‘ladigan ta’lim berish va o‘rganish jarayonlari kiradi.
Shakl–mazmunning elementlarini bog‘lash usulidir. YUqorida keltirilgan misoldan foydalansak, unda shakl o‘qituvchi, o‘qish va o‘qitish vositalari, o‘qituvchi kabi qismlarning bog‘lanishi, ta’lim berish jarayonining muayyan tartibini bildiradi. SHunga ko‘ra, o‘qitish va o‘qish faoliyatining shakli – ma’ruza o‘qish, seminar davra suhbati, yozma ish, test sinovidan o‘tish, laboratoriya mashg‘uloti ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Shakl predmetning mazmuni tashkillashtiradi, tartiblashtiradi. Demak, shakl bu shunchaki tashqi qiyofa, ko‘rinish emas ekan. SHu bilan birga, mazmun faqat shakl orqali o‘zini namoyon qiladi. Gegel aytganidek, shakl mazmunlangan, mazmun shakllangan bo‘ladi. Bu mazmun va shakl o‘rtasidagi birlikni, uzviy bog‘lanishni bildiradi.Lekin mazmun va shakl o‘rtasida tafovut ham mavjuddir. Mazmun nisbatan o‘zgaruvchan va etakchi tomondir. Mazmunni yuzaga keltirgan predmetlar, jarayonlar va munosabatlar ichki va tashqi ta’sir natijasida o‘zgaradilar. Oqibatda mazmun o‘zining oldin mos kelgan shakliga muvofiq kelmay qoladi. Bunday nomuvofiqlikning sababi shaklning mazmunga nisbatan turg‘unlik, konservativ xarakterga ega bo‘lishidir. Predmet shakllangan keyin uning tuzilishida, boshqa predmetga bo‘lgan munosabatida barqarorlik vujudga keladi, mustahkmlanadi. To‘g‘ri, bu paytda mazmun va shakl o‘rtasida mutanosiblik, muvofiqlik bo‘lishi mumkin, ya’ni predmet o‘z tabiatini muayanligini saqlaydi, rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Keyinchalik esa, barqarorlashgan predmet turg‘unlik holatini saqlab, turli xil hodisalarga bir xil «javob» berish daqiqasidan boshlab uning shakli mazmunidan orqada qoladi. Narsa va hodisalarning mazmunining o‘zgarishi, rivojlanishi bilan ham yangilanishi kerak. Respublikamizda ijtimoiy hayotning yangi mazmunini tashkil qilgan chinakam mustaqil demokratik davlat qurish jarayoni – adolatli jamiyatni bunyod etish, ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini qurish, milliy va an’anaviy udumlarni rivojlantirishga qaratilgan yangi qurilmalar va shakllarni barpo qilishga yo‘naltirilgan.
SHaklning muhim xususiyati uning nisbiy mustaqillika ega bo‘lishidir. Bu shaklning mazmunga muvofiq kelishi, undan orqada qolishida, hamda bir xil mazmunning turli shakllarda yuzaga kelishida ko‘rinadi. San’atda kubizm, asbstraksionizmga mansub oqimlar (obrazni tasvirlashda mazmunga qaganda shaklni birinchi o‘ringa qo‘yadigan yo‘nalish), fanda – geomorfologiya, kristallografiya, strukturali tilshinoslik, formallashtirish usuli shular jumlasiga kiradi.
Mazmun va shaklning o‘zaro aloqadorligini va ularning nisbiy mustaqilligini hisobga olmaslik natijasida mazmunga nisbatan shaklning rolini haddan tashqari bo‘rttirib yuborish yoki o‘zgargan maщmunga mos keladigan yangi shaklning zaruriyatligini anglamaslik kabi metafizik tafakkurga xos kamchilik, bir tomonlama fikrlash tizimi yuzaga keladi.
Shakl – narsaning tuzilishi, strukturasini, mazmun elementlarining uyushish, bir-biri va tashqi omillar bilan o’zaro aloqa qilish usulini tavsiflovchi ichki aloqa. Shakl,-deydi Ibn Sino,-jismlarning mavjudligi qanday bo’lsa, shunday saqlanishi yoki boshlang’ich materiyaning konkret jismga aylanishidir. Shakl- tabiiy kuch sifatida anorganik jismlarni harakatga keltiradi: o’simlik, hayvon, odam, kosmik ruhni harakatga keltiradigan tabiiy jismlar shaklidir. Shakl-jismdan konkret narsa va predmet hosil bo’lishidir. Shakl-jismlarning alohida xususiyati bo’lib, konkret yashash tarzini belgilaydi. Shakl umumiy nom bo’lib, narsa turini, narsaning mavjudligini, ikkinchi marta takomillashishini, mavjudligi va o’rinli aktuallanishi bildiradi. Shaklni aniqlashda narsalar mavjudligi muhim o’rin egallaydi. Masalan, olov olov shakli asosida aktuallashadi va boshqa shaklga o’tadi. Shakl tufayli jism jism bo’la oladi.
Mazmun va shakl tushunchalariga berilgan ta’riflarning o’zidayoq biz ularning o’xshashligini payqaymiz, chunki struktura, ichki izchillik – mazmunning ham, shaklning ham zaruriy komponenti. Shu sababli mazmunni shakldan faqat abstrakt nuqtai nazardangina ajratish mumkin. Ikki o’xshash mazmunni taqqoslashgina shakl omillarini farqlash imkonini beradi. Nafaqat mazmun «shakldor», balki shakl ham mazmunlidir. Shu sababli ayni bir jihat, element bir vaqtning o’zida bir predmetning shakli ham, boshqa predmetning mazmuni ham bo’lishi mumkin.
Shakl va mazmunning o’zaro aloqasi shunda ifodalanadiki, narsaning bu ikki qarama-qarshi tomonlari bir-biriga o’zaro ta’sir ko’rsatadi. Qadimda mazmun va shakl dialektikasida shakl ustun qo’yilgan, uning yordamida narsa o’z g’oyasi yoki vazifasiga muvofiq bo’lgan muayyan borliq sifatida mavjud bo’ladi, deb hisoblangan. Keyinchalik fanning rivojlanishi va uning falsafaga ta’siri kuchayishi bilan mazmun va shaklning aloqasi haqidagi tasavvurga ham aniqlik kiritilgan. Oddiy sog’lom fikr bizga shakl nimaningdir, ya’ni muayyan mazmunning shakli bo’lishi mumkinligini, mazmunsiz shakl hyech qanday ahamiyat kasb etmasligini ko’rsatadi. Shu sababli formalizm tanqidi mutlaqo o’rinlidir. Masalan, san’atda «sof shakllar» bilan o’yin qilishga urinish shuning uchun ham muvaffaqiyatsizlikka uchraydiki, o’zini formalist deb hisoblovchi iste’dodli san’atkor asarida mazmun baribir mavjud bo’ladi. Davlatni boshqarishda formalizm turlaridan biri sanalgan byurokratizm bilan ham shunday hol yuz beradi. O’z faoliyatini sof formal qoidalarga bo’ysundiruvchi, sog’lom fikrga son-sanoqsiz to’siqlar o’rnatuvchi byurokrat amalda hokimiyat vakolatlari birdan-bir maqsad sanalgan muayyan davlat tizimining vakili hisoblanadi. Formalizmning yana bir ko’rinishi huquqning pozitivistik talqini bo’lib, unga binoan huquq iqtisodiy, siyosiy, axloqiy yoki o’zgacha asoslashga muhtoj bo’lmagan oliy asosdir. Huquqning mazkur formal-dogmatik talqini qonunchining o’zboshimchaligiga keng yo’l ochadi. Natijada davlatda nohuquqiy qonunlar ustuvorligi qaror topadi.
Narsa shaklsiz ham mavjud bo’lmaydi. Shuningdek, shakl mazmunga faol ta’sir ko’rsatadi, narsaga unda mavjud bo’lmagan xossalarni baxsh etadi. Masalan, ko’mir, grafit va olmosni olaylik. Ularning farqi – faqat molekula strukturasida, ya’ni shaklda. Ammo hyech kim bu moddalarni bir-biriga o’xshatmaydi. Xullas, shakl mazmunga faol ta’sir ko’rsatib, yo uni takomillashtiradi, yo o’zini to’la namoyon etishiga monelik qiladi. Shakl mazmundan nisbatan mustaqildir. Bu hol ayni bir mazmunning ko’plab shakllari mavjudligida, shuningdek shakl mazmundan o’zishi yoki undan orqada qolishida namoyon bo’ladi. Shu sababli shakl va mazmunning uzluksizligi ularning birligi to’g’risida so’z yuritish imkonini beradi. Bunda har bir muayyan holda yo shakl, yo mazmun ustunlik qilishi mumkin. Shakl va mazmunning nomuvofiqligi yoki qarama-qarshiligi yuzaga kelishiga sabab bo’ladigan mazkur kategoriyalar dialektikasi borliqning har qanday hodisasi o’zgarishi va rivojlanishining ichki manbai hisoblanadi.
Mazmun va shakl o’rtasidagi dialektik o’zaro aloqa quyidagi omillar bilan belgilanadi.
1. Mazmun va shakl bir-biri bilan uzviy bog’liq. Amalda shaklsiz mazmun va mazmunsiz shakl hyech qachon va hyech qayerda mavjud emas. Shaklni mazmundan ajratishga, shakl mustaqil ahamiyatga ega ekanligini isbotlashga urinishlar formalizmga olib keladi.
2. Mazmun va shaklning birligida mazmun yetakchilik qiladi. Mazmunning o’zgarishi doim shaklning o’zgarishiga sabab bo’ladi. Qandaydir tashqi kuch emas, balki aynan mazmun o’zini shakllantiradi. Masalan, fanni rivojlantirish, yangi qonunlarni kashf etish, obyekiv haqiqatlarning tagiga yetish mazkur yangi qonunlar mazmunini rasmiylashtiruvchi tegishli yangicha tasavvurlar, formulalar, nazariyalarni talab qiladi.
3. Mazmun va shaklning birligi mazmunga nisbatan shaklning nisbatan mustaqilligi, faolligini nazarda tutadi. Shaklning nisbatan mustaqilligi quyidagilarda namoyon bo’ladi:
a) Rivojlanishda shaklning mazmundan oqsashida. Mazmun hech qachon bir darajada turmaydi, u o’zgaradi, shakl ham o’zgarishsiz qolmaydi. Ammo mazmun bilan taqqoslaganda shakl barqarorroq, turg’unroqdir. Bu hol shu bilan izohlanadiki, mazmun o’z harakatiga ega bo’ladi, shakl esa mazmun bilan belgilanadi. Mazmundan farqli o’laroq, shakl hodisaning turg’unroq tomoni sifatida amal qiladi. U muqarrar tarzda o’z mazmunidan ortda qoladi;
b) Shaklning mazmunga aks ta’sirida. Bu ta’sir ikki yoqlama: shakl yo mazmunning o’zgarishiga ko’maklashadi, yo unga monelik qiladi. Albatta, agar shakl mazmunning o’zgarishiga muvofiq bo’lsa, u mazmun jadal sur’atlarda rivojlanishiga zamin yaratadi. Agar ularning o’rtasida ziddiyat tug’ilsa, mazmun lozim darajada rivojlana olmaydi, chunki unga eski shakl xalaqit beradi. Shu sababli ertami-kechmi ziddiyatni yechish vaqti keladi. Yangi mazmunga muvofiq yangi shakl yaratiladi. Shunday qilib, mazmun va shakl o’rtasidagi ziddiyat narsalar va hodisalarning o’zgarish, ularning boshqa narsalar va hodisalarga aylanish sabablaridan biri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |