1.2. Hodisa va mohiyat.
Falsafa va maxsus fanlarda olib borilayotgan tadqiqotlarning birinchi darajali vazifasi o‘rganilayotgan predmetning mohiyatini ochib berishdir. Bu bejiz emas, albatta. Inson faoliyatining samaradorligini belgilaydigan omillardan biri ob’ektlarning, narsa va hodisalarning mohiyatini, qonuniyatlarini, zaruriy aloqadorliklarini chuqur bilib olish, shu bilimdan amaliyotda foydalanishdir.SHunisi e’tiborliki, «yakkalik - umumiylik» va «hodisa - mohiyat» kategoriyalari o‘rtasida ma’lum o‘xshashlik, bog‘lanish bor. Har ikala juft kategoriyalar predmet va jarayonlarning yagonalik va umumiylik, tashqi va ichki, takrorlanish va betakror, barkarorlik va o‘zgaruvchanlik tomonlarini ifoda etadi.
Hodisa u yoki bu predmetga oid bo‘lgan harakat, ta’sir qilish, o‘zgarish xislatidir. Bir predmet boshqa predmetga nisbatan o‘zini hodisa orqali namoyon qiladi. Umumiy, mavhum hodisa bo‘lmaydi. Lekin konkret, yakka hodisani umumiy tomoni, belgisi bo‘lishi mumkin. Har qanday hodisaning asosida mavjud holatning o‘zgarishi yotadi. Mutlaq sunatda bo‘lgan predmetda hech qanday hodisa ro‘y bermaydi.
Inson voqelik Bilan munosabatda bo‘lar ekan, u dastavval xodisalarga duch keladi. Xodisalarni idrok qilish paytida aniqlik darajasi turlicha bo‘lgan tasavvurlarni hosil qiladi.Hodisa to‘g‘risida yuqorida keltirilgan dastlabki izohdan so‘ng, uning kategorial ta’rifini berishga harakat qilish mumkin.
Hodisa – alohida olingan narsaning yakka o‘zgaruvchan holatini, unda ma’lum fazo va vaqt intervalida /oralig‘ida/ sodir bo‘ladigan juz’iy jarayonni bildiradi. YAkka olingan hodisa predmetning bir butun hususiyatini belgilamaydi. Suvning issiqlik darajasini 6 dan 7 gradusga ko‘tarilish hodisasi suyuqliq holatining umumiy xislatini, boshqacha qilib aytganda, gidrodinamika qonuniyatini bildirmaydi. Lekin hodisalar takrorlansa, doimiy o‘zaro ta’sir natijasida barqaror munosabat o‘rnatilsa, unda yakka xodisada mavjud bo‘lmagan xislat – qonuniyat, mohiyat paydo bo‘ladi.
Mohiyat – predmetning ichki, barqaror xususiyatini, bir butunligini, xossa va tomonlarining muayyanligini bildiradi. O‘z tabiati bilan mohiyat predmetning tomonlari, xossalari va elementlari o‘rtasidagi barqaror aloqadorlik va o‘zaro ta’sir orqali namoyon bo‘ladigan xislatdir. Ijtimoiy hayotning mohiyatini ishlab chiqarish, mulkchilik munosabatlari, mehnat taqsimoti, manfaatlar, ma’naviy tamoyillar kabi hodisalar, tomonlar va strukturalarning doimiy, zaruriy aloqadorligi, o‘zaro ta’sir namoyon etadi. Bundan kelib chiqadiki, mohiyat hodisalarning o‘zaro aloqadorligini, ta’sirini barqaror, zaruriy, qonuniy tomonini bildiradi. Hodisa esa mohiyatning o‘zgaruvchan, yuzaga chiqaradigan, xilma – xillikni kirishmaydigan tashqi «qobig‘idir». Mohiyat hodisa orqali harakatga keladi, o‘zini namoyon qiladi va rivojlanadi. Inqiloblar, islohatlar, iqtisodiy yuksalish, Fan – texnika taraqqiyoti kabi ijtimoiy hodisalar tufayli jamiyatning xususiyati, rivojlanish qonuniyatlari, xullas, mohiyati o‘zgaradi. O‘zbekistonni istiqlolga erishishi ham mohiyat, ham hodisa jihatdan yangi ijtimoiy – iqtisodiy va siyosiy jarayonlar va qonuniyatlarni amal qilishi orqali sodir bo‘lmoqda.
Hodisa mohiyatga nisbatan boyroqdir. U nafaqat mohiyatning tomonlarini, balki ichki va tashqi ta’sirlarni, ikkinchi darajali, tasodifiy, o‘tkinchi jarayonlarni ham bildiradi.Hodisa va mohiyatning dialektikasi shundan iboratki, ular ham zid, qarama – qarshi tomonlarga (hodisa – o‘zgaruvchan ko‘p xil, yakka, o‘tkinchi; mohiyat – baraqaror, umumiy, doimiy, bir butunlikka) ega bo‘ladilar, ham uzviy bog‘langandir, biri ikkinchisisiz mavjud bo‘lmaydi.Turli dunyoqarash va nazariy mavqeda turuvchi faylasuflar hodisa va mohiyatni xususiyati va nisbatini muqobil ravishda talqin qiladilar. Materialistlar mohiyat va hodisani moddiy va ma’naviy sohalarda namoyon bo‘ladigan tashqi va ichki, o‘zgaruvchan va barqaror xislatlarni, aloqadorlik va bog‘lanishini bildiradi deb tushuntiradilar. Idealizm namoyondalari mohiyatni qandaydir ijod qilish yaratish qobiliyatiga ega bo‘lgan o‘ziga xo sbir borliq (olamiy ruh, ma’naviy kuch va hokazo), hodisa esa shu borliqning faolligini hissiy ko‘rinishi deb tushuntiradilar.
Metafizik tafakkur hodisa va mohiyat o‘rtasidagi murakkab, ziddiyatli aloqa borligini inobatga olmaydi. Bu nuqtai nazarga ko‘ra mohiyat va hodisa mazmun jihatdan qarama – qarshi xislatga ega bo‘lgani uchun ular o‘zaro bog‘lanmagan, voqealikdagi biron – bir tomon, jarayon yoki mohiyatli, yoki hodisa ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. G‘arb falsafasini ayrim yo‘nalishlarida ham shunga o‘xshash fikr ta’kidlanmoqda. Neopozitivizm va tanqidiy rapionalizm falsafasida mohiyat masalasi ilmiy bilish tili muammosidir («mohiyat» degan xislat bormi, faktni, hodisani mohiyat deb atash mumkinmi yoki yo‘qmi ma’nosida), aslida faqat idrok qilish mumkin bo‘lgan hodisalar mavjud degan g‘oya bildirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |