Tormoz pedali bosilganda hosil bo‘lgan boshqaruv bosimi ma’lum bir bosimdan kichik bo‘lsa, suyuqlik porshendagi teshik, klapan va klapan egari orasidagi doiraviy tirqish orqali oqib o‘tadi. Bunda old va orqa g‘ildiraklar tormoz mexanizmlarining yuritmasida bosim bir xil o‘zgaradi. Tormoz pedaliga ta’sir qiluvchi kuch kattalashsa, klapan chap tomonga surila boshlaydi va doiraviy tirqish kichrayadi. Bu orqa g‘ildiraklarning tormoz yuritmasiga uzatilayotgan suyuqlik miqdorini kamaytiradi. Orqa g‘ildiraklar tormoz yuritmasidagi bosimning o‘sish sur’ati, old g‘ildiraklar tormoz mexanizmlarining yuritmasidagi bosimga nisbatan pastroq bo‘ladi. Bu orqa g‘ildiraklarni blokirovkalanish ehtimolini kamaytiradi. Tormoz mexanizmlarining pnevmatik yuritmasi gidroyuritmaga nisbatan tormoz tizimining germetikligiga uncha yuqori talablar qo‘ymaydi, chunki dvigatel ishlab turgan paytda kompressor kamaygan havoning o‘rnini to‘ldirib turadi. O‘rta va og‘ir yuk avtomobillarida pnevmatik yuritmali tormoz boshqarmasi ishlatiladi. Pnevmatik yuritmada ishlatiladigan apparatlar soni gidravlik yuritmaga nisbatan bir necha marta ko‘p, tuzilishi esa murakkab bo‘ladi. Pnevmatik yuritma uzun tirkama va yarimtirkamalarning tormoz mexanizmlarini ishga tushirishga juda qulay bo‘ladi. Pnevmatik yuritmaning chizmasi 1.213-rasmda keltirilgan. Pnevmatik yuritma tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
biriktirish kallagi (tirkamaning tormoz tizimi bilan birga);
ajratish klapani;
tormoz klapani;
oldingi tormoz kameralari.
Dvigatel ishlab turganda kompressor atmosfera havosini filtr orqali ballonlarga haydaydi, ballonlarda havo bosim ostida turadi. Ballonlardagi havo bosimini bosim rostlagichi rostlab turadi, bosim zarur qiymatga yetgach, kompressorni tormoz yuritmasi tizimidan ajratadi. Haydovchi tormoz berish uchun pedalni bosganda tormoz klapani ochiladi va ballonlardan havo g‘ildiraklardagi tormoz mexanizmlarining tormoz kameralariga boradi. Tormoz kameralari kolodkalarning kerish kulachoklarini suradi va ular kerilib,
g‘ildiraklarning tormoz barabanlarini qisadi, shunda tormozlanish yuz beradi. Pedal bo‘shatilganda tormoz klapani ochilib, tormoz kamera- laridagi siqiq havo atmosferaga chiqib ketadi, natijada kerish kulachogi dastlabki holatiga qaytadi, tortish prujinalari kolodkalarni tormoz barabanlaridan ajratadi, shunda tormozsizlanish yuz beradi. Haydovchi kabinasidagi manometr tormozlarning pnevmatik yuritmasi tizimidagi havo bosimi darajasini kuzatib turishga imkon beradi. Modernizatsiya qilingan asbob quyidagi mustaqil konturlardan iborat:
to‘xtatib turish va ehtiyot tormoz tizimlari yuritmasi (faqat orqa g‘ildiraklar uchun);
tirkama g‘ildiraklarining tormoz mexanizmlari yuritmasi, to‘xtatib turish tormoz tizimining avariya tormozsizlashi yuritmasi;
avtomobildagi boshqa pnevmatik asboblar va agregatlarning yuritmasi (masalan, shinalardagi havo bosimini markaziy rostlash tizimi). Barcha konturlarda siqiq havo bosimining tahlikali pasayishini bildiruvchi yorug‘lik signallarining pnevmoelektr datchiklari bo‘ladi. Manometrlar bilan ishchi tormoz tizimidagi bosim nazorat qilib turiladi. Agar pnevmoyuritma tizimida havo bosimining tahlikali pasayishi yuz bersa, prujinali energiya akkumulatori ishga tushadi va orqa g‘ildiraklar tormozlanadi. Orqa g‘ildirakni tormozlash uchun avariya tormozsizlantirishi tugmasini bosish lozim. Agar tizimda siqiq havo bo‘lmasa, faqat energiya akkumulatori prujinalarini mexanik qisish uchun vintli qurilmalarni qo‘lda ishga tushirish avtomobilni tormozsizlantirishi mumkin.