Quyidagilar ta’qiqlanadi
Irqiy, milliy, diniy, ijtimoiy adovat va nafratni targ‘ib etuvchi, zo‘rlikka va konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlashga chaqiruvchi siyosiy partiyalar
Quyidagilar konstitutsiyaga zid deb hisoblanadi
Davlat organlari, muassasalari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning siyosiy partiyalarning faoliyatini cheklashga, bir partiyani siyosiy tuzum yaratishga qaratilgan hujjatlar va harakatlar
7-чизма. Konstitutsion boshqaruvga zid xatti-harakatlar
Erkin fuqarolik jamiyati asoslarining shakllanishida jamoat birlashmalarining ham alohida ahamiyati bor.
O`zbekistonda turli jamoat tashkilotlari ham faoliyat yuritmoqda. Jumladan, O`zbekiston Kasaba uyushmalari turli kasb egalari bo`lgan xodimlarni jinsi, diniy e`tiqodlari, irqiy va milliy munosabatlaridan qat`iy nazar ixtiyoriy birlashtiruvchi mustaqil ommaviy jamoat tashkiloti sifatida faoliyat yuritmoqda.
Mustaqillik sharoitida ayollarni, ko`p bolali onalarni har tomonlama muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, mehnatkash va ijodkor ayollarning bozor iqtisodiyoti bilan bog`liq muammolarini hal etish, ilm-fan sohasidagi ayollarning imkoniyatlarini yanada kengaytirish va ularni qo`llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 1 martdagi O`zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo`mitasi to`g`risidagi farmoyishi bilan Xotin-qizlar qo`mitasi tuzildi. O`zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo`mitasining asosiy maqsadi jamiyatda xotin-qizlarning rolini oshirish, ularning ma`naviy va madaniy talablarini qondirish, ayollarga ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va ruhan yordam berish, oilani, onalik va bolalikni himoya qilish, tinchlik va ijtimoiy taraqqiyot uchun ayollarning ishtirok etishlarini ta`minlashdan iborat.
O`zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo`mitasi tarkibida Qoraqalpog`iston Respublikasi, 12 ta viloyat xotin-qizlar qo`mitalari, Toshkent shahar xotin-qizlar qo`mitasi, 38 shahar, 170 tuman, 14 mingdan ortiq mehnat jamoalari va turar joylarda tashkil etilgan Xotin-qizlar qo`mitalari faoliyat yuritmoqdalar. Qo`mita qoshida xotin-qizlar toifalariga qarab tuzilgan turli-tuman professional, ijodiy va boshqa uyushmalar ish olib bormoqda.
1996 yil dekabr oyida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan Faxriylar kengashi — “Nuroniy” jamg`armasiga aylantirildi.
Mustaqillik yillarida O`zbekistonda aholining keng qatlamlarini birlashtiruvchi 300 dan ortiq jamoat birlashmalari va nodavlat tashkilotlari shakllandi va faoliyat ko`rsatmoqda. Bular jumlasiga “Sog`lom avlod uchun” va “Ekosan” xalqaro jamg`armalari, “Mahalla” va “Navro`z” xayriya jamg`armalari, iste`dodli yoshlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida “Ulug`bek”, “Iste`dod”, “Mehr-shafqat va salomatlik”, “Bolalar”, “Amir Temur”, “Alisher Navoiy”, “Abdulla Qodiriy” jamg`armalari va boshqalar kiradi.
Nodavlat tashkilotlarning faoliyati haqida so`z yuritganda “Kamolot” jamg`armasi haqida aytib o`tish o`rinlidir.
O`zbekiston Prezidentining 1996 yil 17 apreldagi Farmoniga muvofiq, respublika yoshlarining “Kamolot” jamg`armasi nodavlat xayriya-jamoat birlashmasi sifatida tashkil topgan edi. “Kamolot” jamg`armasining vazifasi yoshlarning manfaat va ehtiyojlarini o`rganish, ularni qondirish yuzasidan dasturlar tuzish va davlat ko`magida hayotga tatbiq etishdan iborat edi. Ammo “Kamolot” yoshlar jamg`armasi bunday vazifalarni bajara olmadi, yoshlarning haqiqiy ma`nodagi yetakchisiga aylana olmadi.
Prezident I.A. Karimov 2001 yil 24 yanvar kuni Toshkentda yoshlar masalasiga bag`ishlangan yig`ilishda yoshlarning chinakam suyanchi bo`ladigan yangi tashkilot g`oyasini ilgari surdi. 2005 yilning 25 aprelida “Kamolot” YOIHT tuzilib, uning dasturi va Nizomi tasdiqlandi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining asosiy maqsadi yoshlarni birlashtirish, sog`lom turmush talablari asosida tarbiyalash, jamiyatda munosib o`rinni egallashida ko`maklashish, ularning manfaatlarini himoya qilish, yosh yigit-qizlarning o`z aql-zakovati, kuch-g`ayratini to`la namoyon etishi uchun zarur shart-sharoit yaratib berish, yosh avlodning tayanchi va suyanchi bo`lishdan iboratdir. Harakatning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar bo`limlari, ta`lim muassasalari, harbiy qismlar, huquq-tartibot organlarida boshlang`ich tashkilotlari tuzildi. Ular 14 yoshdan 28 yoshgacha bo`lgan O`zbekiston fuqarolarini o`z saflarida ixtiyoriy ravishda birlashtirgan holda faoliyat ko`rsatmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mustaqillik yillarida O`zbekiston fuqarolik jamiyati asoslari shakllantirildi. Bugungi kunda fuqarolik jamiyatining negizini tashkil etuvchi nodavlat va jamoat tashkilotlarining o`rni va ahamiyatini kuchaytirish ustuvor vazifa bo`lib turibdi.
Mustaqillik yillarida o`tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti asoslarining yaratilishi bilan uzviy bog`liqdir.
Iqtisodiy taraqqiyotning “O`zbek modeli” O`zbekiston istiqlolidan keyingi milliy taraqqiyot zaruratidan tug`ilgan rivojlanish dasturidir. Uning ma`no-mohiyatini belgilovchi asosiy omil — xalqning farovon va erkin hayot sari intilishi, tinch va osuda taraqqiyot yo`lidagi xohish irodasidir. Aynan mana shu omil milliy taraqqiyot borasida o`ziga xos yo`l tutishni belgilab berdi. Shu bois “o`zbek modeli”, o`zining shakl va mazmun-mohiyatiga ko`ra, boshqa biror taraqqiyot modeliga o`xshamaydi. Ma`lumki, mazkur model o`zbek xalqining an`anaviy turmush tarzi, hayot aqidasi, harakat falsafasi, ruhiyatiga asoslangan holda yaratildi. Buning uchun dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlarining bozor iqtisodiyotiga o`tish borasidagi yo`li chuqur o`rganildi va ularning qaysi jihatlarini qay tarzda joriy etish tamoyillari ishlab chiqildi. Eng muhimi, islohotlar jarayonida qay jihatlarini milliy an`analar negizida joriy etish kerak, degan hal etuvchi masalalarga oydinlik kiritib olish maqsadga muvofiqdir. Bunda mustabid totalitar tuzum so`nggidagi iqtisodiy tanazzul ahvolidan, yangi isloh qilingan huquqiy demokratik jamiyatga olib chiqishning birdan-bir yo`li sifatida mazkur modelning tanlanishini o`rinli ekanini alohida e`tirof etish joizdir. Tanlab olingan taraqqiyot yo`li Konstitutsiyaga asoslangan bo`lib, O`zbekistonni milliy davlatchilik, ijtimoiy-iqtisodiy va ma`naviy jihatdan kamolotga muqarrar olib boradigan yo`l bo`lib, beshta asosiy bosqichdan iborat. Beshta asosiy qoida O`zbekiston davlatchilik qurilishi va iqtisodiyotini isloh qilishdagi dasturining o`zagi hisoblanib, quyidagi bosqichlarni o`z ichiga oladi:
Iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi. Buning mohiyati shundaki, iqtisodiy islohotlar hech qachon siyosat ortida qolmasligi kerak, u biror mafkuraga bo`ysundirilishi mumkin emas, ya`ni, iqtisodiyot har qanday siyosatdan ustun bo`lmog`i lozim. Ham ichki, ham tashqi munosabatlarni mafkuradan holi qilish zarur.
Davlat bosh islohotchi. Davlat islohotlarning ustuvor yo`nalishlarini belgilab berishi, o`zgartirishlar siyosatini ishlab chiqishi va uni izchillik bilan o`tkazishi, jaholatparast (retrograd) va konservatorlar qarshiligini bartaraf etishi shart.
III. Қонун устуворлиги. Bunda qonun, qonunlarga rioya etish ustuvor bo`lishi lozim. Buning ma`nosi shuki, demokratik yo`l bilan qabul qilingan yangi Konstitutsiya va hech istisnosiz hamma hurmat qilishi va ularga og`ishmay rioya etish zarurdir.
IV. Kuchli ijtimoiy siyosat. Aholining demografik tarkibini hisobga olgan holda kuchli ijtimoiy siyosat o`tkazishga ehtiyoj sezilishi tabiiydir. Bozor munosabatlarini joriy etish bilan bir vaqtda aholini ijtimoiy himoyalash yuzasidan oldindan ta`sirchan choralar ko`rilishi lozim. Bu bozor iqtisodiyoti yo`lidagi eng dolzarb vazifa bo`lib kelmoqda.
V. Bozor iqtisodiyotiga o`tishning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi. Bozor iqtisodiyotiga o`tish obyektiv qonunlarning talablarini hisobga olgan holda o`tmishdagi “inqilobiy sakrashlar”siz, ya`ni, evolyutsion yo`l bilan, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak.
Bu qoidalar O`zbekistonning o`z istiqlol va taraqqiyot yo`liga asos qilib olingan bo`lib, o`tish davri dasturining negizini tashkil etadi. Bu qoidalarning amalga oshirilishi respublikadagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni, eng muhimi, bozor munosabatlarini joriy etish yo`lidan izchil harakat qilishni ta`minlaydi.
Bugunga kelib, amalda o`zini to`la oqlagan mazkur besh tamoyil ijtimoiy yo`naltirilgan bozor munosabatlarini shakllantirishda muhim omil bo`ladi va ochiq tashqi siyosatga ega bo`lgan kuchli demokratik huquqiy davlatni, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishga zamin yaratdi. Ishlab chiqilgan tamoyillar amaliy hayot jarayonida to`g`riligi, ta`sirchanligi bilan o`z isbotini topdi. Iqtisodiyot, uni yanada rivojlantirish muammolari bugungi siyosatning asosiy mazmuniga aylandi. Shu bilan birga davlat butun xalqning manfaatlarini ko`zlab, islohotlar jarayonining tashabbuskori sifatida namoyon bo`la oldi: iqtisodiy taraqqiyotning yetakchi yo`nalishlarini belgilab, iqtisodiy-ijtimoiy sohada va hayotda tub o`zgarishlarni amalga oshirish siyosatini ishlab chiqishi bilan alohida rol o`ynaydi.
Mazkur besh tamoyil talablariga ko`ra butun yangilanish va taraqqiyot jarayoni qonunlarga asoslanib amalga oshirildi. Birinchi navbatda iqtisodiy bazisni barpo etish va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish yangi barpo etilayotgan jamiyat uchun muhim hisoblanadi. Bunda iqtisodiy o`zgarishlar strategiyasi mafkuradan butunlay xoli qilinishi, ya`ni siyosiy maqsadlarga erishish vositasi bo`lib xizmat qilmasligi kerak. Gar iqtisodiy islohotlar siyosiy manfaatlarga bo`ysundirilsa, bunday mamlakatlarda iqtisodiyot barbod bo`ladi: ishlab chiqarish hajmi keskin kamayadi, aholining turmush tarzi moddiy jihatdan yomonlashadi va buning natijasida ijtimoiy ziddiyatlar kelib chiqadi. Agarda iqtisodiy islohotlar izchillik bilan amalga oshirilib, siyosiy maqsadlarga bo`ysundirilmasa, bunday mamlakatlarda iqtisodiy islohotlar demokratik va siyosiy islohotlar uchun mustahkam moddiy negiz yaratadi. Chunonchi, siyosiy demokratik islohotlarni eng muhim ko`rinishlaridan biri so`z erkinligi, vijdon erkinligi hamda iqtisodiy faoliyat bilan shug`ullanish erkinligi huquqini beradigan kuchli qonunlarga ega bo`lgan, bevosita iqtisodiy negizning qanchalik mustahkam bo`lishini taqozo etadi. Shuning uchun birinchi tamoyil ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlarning pirovard maqsadini aniq belgilash yo`lida islohotning zamonaviy strategiyasida boshlang`ich nuqta hisoblanadi. Ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti to`la-to`kis tarzda ijtimoiy islohot hamdir. Bu o`zining harakat uslubiga ko`ra, iqtisodiy rivojlanish samaradorligini ijtimoiy kafolat va ijtimoiy adolat bilan bog`lash maqsadini ko`zda tutadi. Iqtisodiyotning siyosatdan ustunligini ta`minlovchi omillar quyidagilarda namoyon bo`lishi mumkin:
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish siyosatini o`tkazish. Bunda mulkchilikning nodavlat shakllariga: xususiy, hissadorlik, jamoa, kooperativ va boshqa turlariga asoslaniladi, yangi tashkil etilayotgan xo`jalik subyektlarining rivojlanishini qo`llab-quvvatlash yo`li bilan ko`p ukladli iqtisodiyot shakllantiriladi.
Bozor munosabatlarida bahoni bosqichma-bosqich erkin belgilash. Bunda monopoliyachilikka yo`l qo`yilmaydi. Davlat korxonalari faoliyatini tijorat zaminida tashkil etish, xo`jalik subyektlarining javobgarligi, to`liq iqtisodiy mustaqillik uchun sog`lom raqobat muhitini yaratish eng muhim vazifa hisoblanadi.
Bozor infratuzilmasini tashkil etish. Bunda bozor sharoitida ishlashga qodir bo`lgan kadrlarni tayyorlash, gorizontal xo`jalik aloqalarini butun choralar bilan rivojlanish, shuningdek, bozorlarni tovar, moliya, sarmoya, ish kuchi, texnologiyalar bilan ta`minlash nazarda tutiladi.
Aholining ijtimoiy himoyasini amalga oshirish mexanizmini joriy etish.
Bozor iqtisodiyotida davlat iqtisodiy o`zgarishlarning tashabbuskori va bosh islohotchisi sifatida namoyon bo`ladi. Chunki, ijtimoiy jihatdan yo`naltirilgan hozirgi bozor — davlat tomonidan tartibga solib turiladigan bozor hisoblanadi. O`tish davrida davlat xalq xo`jaligining, ayniqsa, uning asosini, tizimini belgilaydigan tarmoqlar faoliyatini qo`llab-quvvatlash, narx-navolarni tartibga solish turini, soliq va kredit munosabatlarida muayyan imtiyozlar yaratilishi, shuningdek, bevosita yordam ko`rsatish yo`li bilan ana shu tarmoqlarga yordam berishi lozimdir. Bozor munosabatlariga o`tishning qiyin davrida aholi manfaatlarini faqat kuchli taqsimlash vositasiga ega bo`lgan davlatgina himoya qilishga qodirdir. Davlat iqtisodiy faoliyatning xususiy asoslarini vujudga keltiradi va tasdiqlaydi hamda iqtisodiy erkinliklarning kafolati bo`ladi. Bundan tashqari, tartibga solinadigan bozor sharoitida asosiy maqsad yo`nalishlarni ishlab chiqish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning strategik yo`lini belgilash va bu yo`lni bosib o`tish yuzasidan taktik qarorlar qabul qilishni davlat zimmasiga yuklatiladi. Qolaversa, ijtimoiy muammolarni hal etish aholi ijtimoiy himoyasining samarali tizimini vujudga keltirishda ham davlat katta rol o`ynaydi. Bozor institutlarini yaratish uchun qulay sharoit tug`diradi.
Umuman, bozor sharoitida iqtisodiyotni davlat yo`li bilan tartibga solish, odatda, iqtisodiyotning davlat sektorini rivojlantrishni boshqarish hamda ijtimoiy muammolarni hal etish yo`li bilan bevosita, shuningdek, huquqiy va iqtisodiy vositalar yordamida bilvosita amalga oshiriladi. Bozor iqtisodiyotiga o`tishning qonun ustuvorligiga asoslangan uchinchi tamoyili ijtimoiy yo`naltirilgan madaniy-ma`rifiy bozor xo`jaligini tegishli ravishda huquqiy jihatdan ta`minlashga qat`iy zamin bo`la oladi. Busiz xo`jalikni shakllantirishni tasavvur qilib bo`lmaydi. Bunda yangi huquqiy tizimni ishlab chiqarishga to`g`ri keladi. Uning o`zagini asosiy qonunlar –O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil etadi. Qonunchilik faqat bozor munosabatlari qatnashchilarini aniqlabgina qolmay, balki ularni qarorlar qabul qilishga va natijalar uchun belgilangan qoidalarga rioya etilishi uchun huquqiy javobgarlikni ham talab etadi. Qonun ustuvorligi – huquqiy davlatning asosiy prinsipi ekan, u hayotning barcha sohalarida qonunning qat`iy hukmronligini nazarda tutadi. Chunki, biror davlat organlari, yuridik shaxslar yoxud xo`jalik subyektlari, mansabdor shaxs qonunga bo`ysunish shart, ya`ni qonun barcha uchun barobardir. Qonun ustuvorligi shuni anglatadiki, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar faqat qonun bilan tartibga solinadi. Uning barcha qatnashchilari, shubhasiz, huquqiy me`yorlarni buzganligi uchun qonun oldida javobgar bo`lishi zarur. Demak, bozor iqtisodiyotiga o`tishda qonun ustuvorligi jamiyat huquqiy madaniyatining shakllanishi uchun muhim asos bo`la oladi. Binobarin, huquqiy madaniyatning yuqori darajada bo`lishi huquqiy davlatning o`ziga xos xususiyatidir.
Bozor munosabatlariga o`tishning asosiy tamoyillaridan biri – kuchli ijtimoiy siyosat hisoblanadi. Bu, o`z navbatida, iqtisodiy o`zgarishlarning ishonchli kafolatini ta`minlaydi. Zero, barcha islohotlar – iqtisodiy hamda siyosiy o`zgarishlardan ko`zlangan pirovard maqsad jamiyat a`zolarining mehnat, ijodiy va ma`naviy imkoniyatlarini ro`yobga chiqarishni ta`minlaydigan munosib turmush sharoitini yaratishdan iboratdir. Shu sababli, jamiyat bozor iqtisodiyoti sharoitida yangi holatga o`tar ekan, hech istisnosiz, islohot davrida kishilarning moddiy ahvolida keskin yomonlashish, axloqiy qadriyatlar, ma`naviy tayanchlar barbod bo`lmasligi uchun ijtimoiy himoyaga qat`iy ehtiyoj seziladi.
Davlatning faol islohotchilik mavqeida butun diqqat-e`tiborni iqtisodiyotni sog`lomlashtirish muammolarini birinchi navbatda hal etishga, eski iqtisodiy munosabatlarni bozor munosabatlariga aylantirishga qaratish ijtimoiy barqarorlik uchun mustahkam negizni vujudga keltiradi. Eng avvalo, aholining eng kambag`al, muhtoj tabaqalariga vaqtida madad berish, fuqarolar osoyishtaligini ta`minlash islohotlar muvaffaqiyatining kafolatidir. Bozor iqtisodiyoti munosabatlarini joriy etishdan avval kishilarni oldindan kuchli darajada ijtimoiy himoyalash choralari ko`rilishi kerak. Bu esa quyidagilarga namoyon bo`ladi:
O`zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o`tish jarayoni o`ta noqulay ijtimoiy sharoitda boshlandi. Chunonchi, tub islohotlar aholining turmush darajasi juda past bo`lgan sharoitda o`tkazishga majbur bo`lindi. Aholining demografik tarkibida boqimandalarning soni ko`p bo`lishi bilan oldindan belgilangani bois ular davlat madadiga muhtoj edi. Bunday sharoitda kuchli ijtimoiy faoliyatni vujudga keltirmay turib, islohot o`tkazishi mumkin emas.
Totalitar tuzumdan meros bo`lib qolgan jamiyat ijtimoiy taqsimotidagi bir tekislik psixologiyasiga barham berilishi zarur. Chunki bir tekislik psixologiyasi insonning yaratuvchanlik faoliyatini rag`batlantirmaydi, unda boqimandalik kayfiyatini keltirib chiqaradi. Kuchli ijtimoiy siyosat jamiyatning ishlovchi, ijodkor toifasi mehnatining munosib baholanishiga imkon yaratdi.
Ijtimoiy yo`nalishdagi bozor iqtisodiyoti yo`lini vujudga keltirish ijtimoiy himoyaning yaxlit tizimini taqozo etadi. Bu tizim fuqarolar erkinliklari va huquqlarini ta`minlashning iqtisodiy-ijtimoiy kafolatlarini o`z ichiga olishi lozim. Bozor tomon harakat qilingani sari, ijtimoiy siyosatning ustuvor jihatlari — ijtimoiy himoya qilish shakli, chora-tadbirlari o`zgarib boradi. Masalan, bozor iqtisodiyotining dastlabki bosqichida ulgurish va chakana narxlarda barqarorlik bo`lmaydi. Inflyatsiya kuchayib, iqtisodiyotda bir tekislik yo`qoladi. Aholi moddiy ahvolining keskin yomonlashuvi, ommaviy qashshoqlik va umumiy ishsizlikka yo`l qo`ymaslik uchun ijtimoiy siyosat o`ta muhimdir. Aholining kam daromadli tabaqalar — nogironlar, nafaqadorlar, ko`p bolali va kambag`al oilalar, o`quvchi va talabalarga amaliy moddiy yordam ko`rsatish ijtimoiy himoyalash tizimining asosiy yo`nalishidir.
Bozor munosabatlariga o`tishda ijtimoiy siyosatning yo`nalishlari quyidagicha belgilandi:
Fuqarolarning iqtisodiy faoliyat erkinligi, kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqlarini ta`minlash.
Ijtimoiy himoya jarayonida aholining turli qatlamlariga alohida yondashish.
Aholining eng muhtoj tabaqalarini qo`llab-quvvatlash.
Iqtisodiy taqsimot masalasida iqtisodiy jihatdan faol aholi mehnatiga qarab taqdirlashni joriy etish. Mehnatkashlar o`z malakasi va ishining sifatiga yarasha maosh olishi zarur.
Aholini ijtimoiy himoyalash chora-tadbirlari tizimida real mehnat bozorini shakllantirish.
Bozor munosabatlariga o`tish davrida ijtimoiy soha — sog`liqni saqlash, ta`lim, san`at va madaniyat, ilm-fan mushkul ahvolga tushib qolishi tabiiy. Mazkur tarmoqlarni ishonchli tarzda qo`llab-quvvatlash qat`iy taqozo etiladi.
Ayni ana shu jihatlar oqibat natijada davlatning qudrati va boyligi, uning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini ta`minlashi mumkin.
Beshinchi tamoyildan ko`zlangan bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o`tish mavjud xo`jalik yuritish usulining batamom yangicha usulini ishlab chiqishdir. Bozor munosabatlariga xos bo`lgan ruhiyat, dunyoqarash shakllanib, kishilar shunga muvofiq ravishda ish tuta boshlagan taqdirdagina bozor iqtisodiyoti voqelikka aylanadi. Iqtisodiyotning barcha sohalari va tarmoqlarida erkinlashtirish jarayonini izchillik bilan o`tkazish va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish ana shu voqelikning asosiy omillaridan biridir. Bu xo`jalik yurituvchi subyektlarning erkinligi va iqtisodiy mustaqilligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo`lidagi mavjud to`siqlarni bartaraf etishni anglatadi.
Asosiy e`tiborni xususiy biznesga qaratish borasida qayta-qayta e`tirof etilganidek, rivojlangan bozor infratuzilmasini yaratishga, raqobat muhitini shakllantirish talab etiladi. Bundan tashqari, xususiylashtirish jarayonini jadallashtirgan holda mulkdorlar sinfini shakllantirib, bu jarayonga tarmoqni tashkil etuvchi yirik korxonalarni jalb etish, mamlakat iqtisodiyotiga xorij sarmoyalarini kiritish, kichik va o`rta biznesning iqtisodiy taraqqiyotimizda ustuvor o`rinni egallashiga erishish, mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish, respublika iqtisodiyotining jahon iqtisodiyoti tizimiga keng ko`lamda integratsiyalashuvini ta`minlash kabi omillar ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotiga o`tishning asosi ekanini doimo yodda tutish zarur. Shu sabab, eng asosiy vazifa — ijtimoiy larzalarsiz, kishilarning qashshoqlashuviga yo`l qo`ymagan holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga o`ta borishdan iboratdir.
Ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti bevosita jahon iqtisodiy ko`lami bilan chambarchas bog`liqdir. Xususan, bugungi kundagi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida O`zbekistonda amalga oshirilishi zarur bo`lgan chora-tadbirlar bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotga o`z ta`sirini o`tkazishi tabiiy holdir.
Shu o`rinda jahon moliyaviy inqirozining mamlakatimiz iqtisodiga qanday ta`siri bo`ladi, degan savol barcha yurtdoshlarimizni qiziqtirishi tabiiydir. Bu borada Prezidentimizning “...tobora chuqurlashib borayotgan jahon moliyaviy inqirozi mamlakatimizga ta`sir ko`rsatmaydi, bizni chetlab o`tadi, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Masalani bunday tushunish o`ta soddalik, aytish mumkinki, kechirib bo`lmas xato bo`lur edi. Barchamiz bir haqiqatni anglab yetishimiz lozim – O`zbekiston bugun xalqaro hamjamiyatning va global moliyaviy-iqtisodiy bozorning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi”, – degan so`zlarini yana bir bora esga olish muhimdir. O`z navbatida O`zbekistonning globallashuv jarayonlaridagi ishtiroki ham ushbu inqiroz oqibatlarining ma`lum darajada iqtisodiyotimizga o`z ta`sirini ko`rsatishi mumkinligidan darak beradi.
Darhaqiqat, O`zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda boshqa MDH mamlakatlari singari, davlat va jamiyat qurishning qanday tamoyillari va usullariga asoslanish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotini belgilashda qaysi yo`ldan borish masalasi ko`ndalang turar edi. Prezidentimiz I.A. Karimov ta`kidlab o`tganlaridek, “O`zbekistonda qabul qilingan o`ziga xos islohot va modernizatsiya modeli orqali biz o`z oldimizga uzoq va davomli milliy manfaatlarimizni amalga oshirish vazifasini qo`yar ekanmiz, “shok terapiyasi” deb atalgan usullarni bizga chetdan turib joriy etishga qaratilgan urinishlardan bozor iqtisodiyoti o`zini o`zi tartibga soladi, degan o`ta jo`n va aldamchi tasavvurlardan voz kechdik”.
Biroq, o`z o`rnida ta`kidlash lozimki, moliyaviy inqirozning respublikamiz iqtisodiyotiga ta`siri boshqa rivojlangan va ayrim qo`shni davlatlardagiga qaraganda mazmunan farq qiladi. Agar boshqa mamlakatlarda bu jarayonlar bevosita moliyaviy tizimining izdan chiqishi va ishlab chiqarish hajmlarining keskin qisqarib ketishi, ko`plab yirik korxonalarning yopilishi orqali namoyon bo`lsa, bizda jahon xomashyo bozorlarida talabning susayishi tufayli narxlarning keskin pasayishi hamda buning oqibatida eksport daromadlarining sezilarli kamayishi, asosiy savdo hamkorlarimizning xarid qobiliyatining pasayishi natijasida tashqi savdo aylanmasining qisqarishi orqali namoyon bo`ladi.
Shu bilan birga, bugungi kunda ko`plab olim va yetakchi mutaxassislarimiz tomonidan iqtisodiyotimizda moliyaviy inqirozning salbiy oqibatlari ta`sirini pasaytiradigan omillar mavjudligi ta`kidlanmoqda. Iqtisodchi olimlar va mutaxassislarning fikrlariga ko`ra, mamlakatimiz iqtisodiyotining jahon iqtisodiyotiga inqiroz oqibatlari ahamiyatli ta`sir ko`rsatadigan darajada integratsiyalashmaganligi, mamlakatimizda katta hajmdagi xorijiy kapitalni ushlab turuvchi kompaniya va moliyaviy institutlarning yo`qligi, xususiylashtirish mexanizmi va shart-sharoitlari natijasida deyarli barcha ustav fondlari korxonlarning real xususiy aktivlari bilan ta`minlanganligi kabi holatlar asosida inqirozning salbiy ta`siri u qadar katta bo`lmasligi mumkin. Aksincha, hozirgi inqiroz ehtimol tutilayotgan salbiy ta`sirlardan tashqari biz uchun ijobiy ta`sirlarga ham ega bo`lishi, yangi imkoniyatlarni vujudga keltirishi mumkin. AQSH va Yevropadagi investorlar aksiyalardan bosh tortib, o`z aktivlarini bo`shatmoqdalar. Mohiyatiga ko`ra, qaytadan qandaydir ishga jalb etilishi zarur bo`lgan resurslarni bo`shatish jarayoni bormoqda. Demak, yangi bozorlarni, yangi imkoniyatlarni izlash boshlanadi. Investorlar kapital kiritishning muqobil yo`llarini qidiradilar. G`arb bozorlari turg`unlikka yuz tutgan chog`da rivojlanayotgan mamlakatlar bozorlari o`sishning ijobiy dinamikasini ko`rsatadi. Shunday mulohazalardan kelib chiqqan holda, ko`plab investorlar O`zbekiston bozoriga e`tibor qaratishlari ehtimoldan holi emas.
Shuningdek, jahon moliyaviy inqirozining O`zbekistonga ta`siri jiddiy bo`lmaganligini quyidagi omillar bilan asoslash mumkin:
ma`muriy buyruqbozlik tizimidan bozor iqtisodiyotiga o`tishning bosqichma-bosqich amalga oshirish yo`li tanlanganligi;
davlat bosh islohotchi sifatida mas`uliyatni o`z zimmasiga olishi zarurligini aniq belgilab olinganligi;
O`zbekistonda moliyaviy-iqtisodiy, budjet, bank-kredit tizimi, shuningdek, iqtisodiyotning real sektori korxonalari va tarmoqlarining barqaror hamda uzluksiz ishlashini ta`minlash uchun yetarli darajada mustahkam zaxiralar yaratilganligi va zarur resurslar bazasining mavjudligi;
oqilona tashqi qarz siyosati olib borilganligi;
aholining ish haqi va daromadlarini izchil va oldindan oshirib borish hamda iste`mol bozorida narxlar indeksining asossiz tarzda o`sishining oldini olishga doir chora-tadbirlarning izchillik bilan amalga oshirilganligi;
davlatning moliyaviy-iqtisodiy va bank tizimlarining nechog`lik barqaror va ishonchli ekani, ularning himoya mexanizmlari qanchalik kuchliligi bilan izohlanadi.
Hozir O`zbekistonning umumiy tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 13,3 % ni tashkil qilmoqda, eksport hajmiga nisbatan esa 31% dan oshmaydi. Bu o`z navbatida mamlakatimizning xalqaro darajadagi to`lov qobiliyatiga egaligini ifodalaydi.
Respublikamizda doimo qisqa muddatli spekulyativ kreditlardan voz kechib, chet el investitsiyalarini uzoq muddatlarga, imtiyozli foiz stavkalari bo`yicha jalb etildi. Natijada milliy iqtisodiyotimizning xalqaro kreditlar bozoridagi konyunkturaga keskin bog`liqligini va moliyaviy inqirozning salbiy oqibatlari oldi olindi.
2007-2008 yillarda o`zlashtirilgan chet el investitsiyalari hajmi 2,5 martadan ko`proq oshdi. Bu holat milliy iqtisodiyotimizning yuqori investitsion salohiyatga ega bo`layotganligi va hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan qulay investitsion muhit bilan bevosita bog`liqdir.
Natijada 2008 yilda 1,5 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o`zlashtirildi, ularning 70 % to`g`ridan-to`g`ri jalb qilinadigan investitsiyalar ulushiga to`g`ri keladi. Jalb qilingan to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalar O`zbekiston milliy iqtisodiyotining rivojlanishi uchun strategik ahamiyatga ega bo`lgan real sektorlarini modernizatsiya qilishga yo`naltirilgan.
Investitsiya dasturi doirasida 2009 yilda 1,8 milliard AQSH dollaridan ortiq xorijiy investitsiyalarni o`zlashtirish mo`ljallanganligi istiqboldagi barqaror iqtisodiy o`sish jarayonlari kuzatilishi kutilayotganligidan dalolat beradi. Mazkur xorijiy investitsiyalarning 75 % to`g`ridan-to`g`ri investitsiyalar ulushiga to`g`ri keladi.
Darhaqiqat, hozirgi kunda tashqi dunyo bilan ikki tomonlama o`zaro manfaatli aloqalarimiz rivojlanib bormoqda. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo`yicha dasturlarni amalga oshirishimizda xorijiy mamlakatlarning ilg`or texnologiyalariga asoslangan investitsiyalariga ehtiyoj mavjud. Qolaversa, jahon bozoridagi talabning pasayib borishi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarimizning eksport ko`lamiga jiddiy ta`sir ko`rsatadi.
Shunga asoslangan holda, hukumatimiz tomonidan inqirozga choralar dasturi ishlab chiqilgan bo`lib, mazkur dasturda talabni rag`batlantirishga yo`naltirilgan bir qator moliyaviy imtiyozlar va barqaror iqtisodiy o`sish sur`atlarini ta`minlovchi chora-tadbirlar majmui o`z aksini topdi.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq milliy-ma`naviy qadriyatlarning tiklanishiga asosiy e`tibor qaratildi. Zero, jamiyat ma`naviyati mamlakat barqarorligi va taraqqiyotining muhim sharti va kafolati hisoblanadi.
Har bir mamlakatning gullab-yashnashi uchun iqtisodiy barqarorlikning o`zigina yetarli emas. Mamlakat ravnaqi uchun jamiyat a`zolarining ma`naviy saviyasi ham o`ta muhimdir. Chunki, muayyan bir jamiyat o`z ma`naviy imkoniyatlari, kishilar ongiga ma`naviy-axloqiy qadriyatlarning rivojlantirmay, xalqning milliy ruhini uyg`otmay turib yuksak taraqqiyot darajasiga ko`tarila olmaydi. Shu sababli, jamiyatning ma`naviy yuksalishi O`zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo`nalishlaridan biri deb hisoblanadi.
Tarixiy taraqqiyot shuni ko`rsatadiki, ajdodlarimiz uzoq yillar ajnabiy bosqinchilarning ham iqtisodiy, ham ma`naviy tahdidiga ko`plab uchragani bois xalqimizning boy ma`naviy merosi, urf-odatlari ma`lum vaqt qadrsizlikka yuz tutgan. Ayniqsa, ikki yuz yildan ortiq davrni o`z ichiga olgan chorizm mustamlakachiligi va sovetlar tuzumi davrida milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz oyoq osti qilindi. Ona tilimiz, boy ma`naviy merosimiz qadrsizlantirildi, ko`plab masjidu madrasalar, milliy maktablar, tarixiy yodgorliklar buzildi, qarovsiz qoldi.
O`zbekiston mustaqillikni qo`lga kiritgan kundan boshlaboq, mamlakatimizda boy ma`naviy merosimizni tiklash va rivojlantirish, jamiyat ma`naviyatini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. Jamiyat ma`naviyatining yuksaltirishni ta`minlovchi ma`naviy-ma`rifiy islohotlarning yo`nalishlari belgilab olindi.
Xususan, bu borada ma`naviy-ma`rifiy islohotlarning zarurati va mohiyati haqida Prezidentimiz I.A. Karimov shunday fikrlarni bayon etadi “Moddiy islohotlar, iqtisodiy islohotlar o`z yo`liga. Ularni hal qilish mumkin. Xalqning ta`minotini ham amallab turish mumkin. Ammo, ma`naviy islohotlar – qullik va mutelik iskanjasidan ozod bo`lish, qadni baland tutish, ota-bobolarimiz udumlarini tiklab, ularga munosib voris bo`lish – bundan og`irroq va bundan sharafliroq vazifa yo`q bu dunyoda”.
Mustaqillik yillarida boy ma`naviy merosimizni tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Milliy madaniyatimizga, jahon sivilizatsiyasiga buyuk hissa qo`shgan bobolarimiz — Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Bahouddin Naqshband, Hoja Ahmad Yassaviy, al-Xorazmiy, al-Farg`oniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug`bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va boshqa ko`plab ajdodlarimizning milliy va ma`naviy merosi xalqimizga qaytarildi, ularning tavallud topgan kunlari butun mamlakatimiz bo`ylab nishonlandi, ruhlari xotirga olindi, asarlari nashr etildi. Ularning ma`naviy merosi bugungi kunda xalqimizga yangi jamiyat qurishda ma`naviy kuch-qudrat bag`ishlamoqda, jamiyatimizni ma`naviy yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ma`lumki, o`zbek davlatchilik tarixi nafaqat tarixiy voqealar xaqida xabar beradi, balki ajdodlarimizning ibratli hayot yo`li bilan birga, ularning xatolaridan ham yetarlicha saboq olishga o`rgatadi. Jamiyat ma`naviyatini yuksaltirishda tarixiy xotira, ajdodlar tarixini bilish, milliy-axloqiy qadriyatlar hamda an`analar va muqaddas Islom dinining ahamiyati juda katta. Hech bir xalq o`z tarixini bilmay turib, asrlar osha to`plangan ma`naviy-axloqiy merosga tayanmay turib, o`z kelajagini tasavvur ham qilish mumkin emas.
Shu bois, mustabid tuzum davrida soxtalashtirilgan xalqimiz tarixini xolisona, haqqoniy yoritish, barcha o`quv maskanlarida Vatan tarixini o`qitish borasida muhim tadbirlar amalga oshirildi.
O`zbek xalqi va o`zbek davlatchiligi tarixini, tariximizning boshqa sahifalarini xolisona ilmiy asosda yoritish vazifalari Prezidentimiz I.A. Karimovning bir guruh tarixchilar bilan 1998 yil iyun oyida bo`lgan suhbatida, Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 27 iyulda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to`g`risida”gi qaroriga berildi.
Mustaqillik yillarida Vatanimiz tarixini yoritish va o`rganish masalalari partiyaviy, sinfiy yondashuvlardan, hukmron kommunistik mafkura ta`siridan xalos etildi. Bir necha 10 yillar davomida buzib ko`rsatilgan yoki so`z yuritmay kelingan tarixiy voqealarni xolislik, tarixiylik, haqqoniylik tamoyillari asosida yoritgan qator ilmiy asarlar, darsliklar va o`quv adabiyotlari yaratildi. Prezident Farmoni bilan 1996 yil Amir Temur yili deb e`lon qilindi. Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlashga bag`ishlangan tadbirlar O`zbekistonda, dunyoning 50dan ortiq mamlakatlarida o`tkazildi. UNESCO qarori bilan Sohibqiron yubileyi jahon miqyosida nishonlandi. Parijda Amir Temurga bag`ishlangan madaniyat haftaligi, “Temuriylar davrida fan, madaniyat va maorifning gullab yashnashi” mavzusida xalqaro konferensiya va ko`rgazmalar bo`lib o`tdi. Toshkent shahrida Amir Temurga haykal o`rnatildi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etildi, uning nomi bilan bog`liq tarixiy yodgorliklar ta`mirlandi.
1999 yilda vatanparvar siymo, xalq qahramoni Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi, xalq dahosi yaratgan Alpomish dostonining 1000 yilligini nishonlanishi, Urganch va Termizda ular xotirasiga barpo etilgan yodgorlik majmuasi jamiyat ma`naviyatini yuksaltirishga, milliy ong va milliy g`ururni ko`tarishga xizmat qilmoqda.
Vatanimiz ozodligi yo`lida shahid ketgan Abdulla Qodiriy, Cho`lpon, Fitrat, Usmon Nosir va boshqa xalq farzandlarining nomlari abadiylashtirilib, ularning o`lmas asarlari chop etildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentda mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, “Qatag`on qurbonlari xotirasi” muzeyi, fashizmga qarshi janglarda jon fido etgan xalqimizning farzandlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Xotira maydoni” majmuasi barpo etildi. Bu tadbirlar xalqimizda milliy ongni yuksaltirishga, tarixiy xotirani tiklanishiga, yoshlarni milliy istiqlol g`oyalari ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq, diniy qadriyatlar, shuningdek, jamiyat a`zolarining diniy e`tiqodi qayta tiklandi. Qadimiy xalq bayramlari, diniy bayramlarimiz Prezident I.A. Karimov Farmoni bilan dam olish va bayram kunlari deb e`lon qilindi. Vatandoshlarimiz O`zbekiston tarixida birinchi marta hukumat homiyligida har yili Haj va Umra safarlariga chiqib, muqaddas amallarni ado etishga muvaffaq bo`ldilar.
Respublikamizda tashkil etilgan “Ma`naviyat va ma`rifat” jamoatchilik markazi hamda “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg`armasi jamiyatning ma`naviy ravnaqi yo`lida faoliyat olib bormoqda.
Respublikada 17 diniy konfessiya ro`yxatga olingan va rasman faoliyat ko`rsatmoqda. 170 dan ortiq diniy tashkilotlar ishlab turibdi va ularda O`zbekistonda yashovchi 130 millat va elat vakillari o`zlarining diniy ehtiyojlarini qondirmoqdalar. 1,7 mingdan ortiq masjidlar, nasroniy ibodatxonalari, sinagoglar va boshqa diniy markazlar ta`mirlandi va yangidan qurildi. 10 ta diniy ta`lim muassasasi faoliyat ko`rsatmoqda. 1999 yilda Toshkentda Islom universiteti ochildi.
O`zbekiston hududida xalqimizning ulug`vor va shonli tarixiga oid 2000 dan ortiq yodgorliklar ta`mirlandi.
O`zbek xalqining ming yillar davomida shakllangan, mustamlakachilik davrida oyoqosti qilingan insonparvar urf-odatlari va an`analari, madaniy qadriyatlari ehtiyotlab tiklandi va yangi ma`no-mazmun bilan boyitildi. Maqomchilar, to`y-marosim qo`shiqlari, shoir-baxshilar va folklor-etnografik dastalarning o`nlab ko`rik-tanlovlari o`tkazildi. Pianinochi va skripkachilarning simfonik va kamer musiqalari zamonaviy estrada guruhlarining festival va tanlovlari bo`lib o`tmoqda.
Mamlakatimizda o`zbek tilining xalq va davlat turmushidagi o`rni va ahamiyati qayta tiklandi. Davlat tili haqidagi qonunda o`zbek tili o`zbek xalqining ma`naviy mulki ekanligi, uning ravnaqi, qo`llanilishi va muhofazasi davlat tomonidan ta`minlanishi belgilab qo`yildi. Oliy davlat hokimiyati, ma`naviy hokimiyat va boshqaruv organlarida korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ish yuritish, asosan, o`zbek tilida olib borilmoqda. Respublikamizning ma`muriy-hududiy birliklari, ko`chalari, geografik o`rinlarning nomlariga yagona milliy shakl berildi va mustahkamlandi. Shuningdek, O`zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning tillari, qadr-qimmati ham o`z o`rniga qo`yilgan.
Prezidentimiz I.A.Karimov mamlakatning ma`naviy sohadagi islohotlari borasida shunday deya e`tirof etadi:
“Biz milliy ma`naviyatni har tomonlama yuksaltirish masalasini o`z oldimizga asosiy vazifa qilib qo`yar ekanmiz, bugungi kunda ma`naviyatimizni shakllantiradigan va unga ta`sir o`tkazadigan barcha omil va mezonlarni chuqur tahlil qilib, ularning bu borada qanday o`rin tutishini yaxshi anglab olishimiz maqsadga muvofiq bo`ladi”.
Albatta, har qaysi xalq yoki millatning ma`naviyatini, uning tarixi, o`ziga xos urf-odat va an`analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo`lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma`naviy meros, madaniy boyliklar, ko`hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri bo`lib xizmat qiladi.
Jamiyat hayotida shunday davrlar bo`ladiki, o`z umrini yashab bo`lgan eski tuzum qonun-qoidalarini yangicha asosda o`zgartirish, barcha sohalarda keng ko`lamli islohotlarni amalga oshirish zarurati eng muhim ehtiyoj, kerak bo`lsa, hayot-mamot masalasi sifatida kun tartibiga chiqadi.
Biz o`z mustaqilligimizni qo`lga kiritib, yangi taraqqiyot yo`liga qadam qo`yganimizdan so`ng xalqimizning xohish-irodasi, asriy orzu-intilishlariga tayangan holda sho`ro davridan og`ir meros bo`lib qolgan ma`muriy-buyruqbozlik tizimini tubdan isloh qilish, uning o`rnida mohiyat e`tibori bilan butunlay yangi — erkin bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etishga azm-u qaror qildik. Tabiiyki, bu maqsadga erishish uchun qanday strategik yo`l, islohotlarning qanday shakl va usuli ma`qul ekani haqida olimlar va mutaxassislar, keng jamoatchilik, el-yurtimiz vakillari bilan birgalikda ko`p o`yladik, atroflicha maslahatlashdik. Bu borada taraqqiy topgan davlatlar misolida o`zini oqlagan ilg`or tajribalarni chuqur o`rgandik.
Eng muhimi, xalqimizning hayot tarzi, milliy an`ana va qadriyatlarimiz, aholining ruhi va kayfiyatini ham har tomonlama hisobga oldik. Chunki har qanday islohotning pirovard natijasi avvalo uning zaruratini aholining keng qatlamlari qay darajada tushunishi va qo`llab-quvvatlashi, bu o`zgarishlarning inson hayotiga, uning farovonligini oshirishga ko`rsatadigan amaliy ta`siri bilan o`lchanadi. Ana shu haqiqat kelib chiqqan holda, odamlarga islohotlarning ma`no-mohiyatini aniq-ravshan tushuntirib berish, shu asosda jamiyat a`zolarida ishonch uyg`otish, ularni bunyodkorlik sari safarbar etish muhim ahamiyatga ega.
Ana shunday keng miqyosdagi o`rganish va har tomonlama izlanishlar natijasida biz bugungi kunda butun dunyoda o`zbek modeli sifatida tan olingan taraqqiyot modelini ishlab chiqdik. Bu modelning asosiy tamoyillari — ya`ni, iqtisodning siyosatdan xoli ekani, davlatning bosh islohotchi bo`lishi, qonun ustuvorligi, kuchli ijtimoiy siyosat, islohotlarni tadrijiy asosda bosqichma-bosqich amalga oshirish prinsiplari barchamizga yaxshi ayon.
Ta`kidlash joizki, bugun hayotda o`zini to`liq oqlagan bu modelning negizida avvalambor hayotga real qarash, pragmatik yondashuv mujassam, desak, ayni haqiqat bo`ladi.
Umuman olganda, ma`naviy islohotlar davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. Jamiyat madaniy-ma`naviy hayotining yuksalib borishi, ayniqsa, 2007 yilda Toshkent shahrining “Islom madaniyati poytaxti” deb e`tirof etilishida namoyon bo`ladi. 2008 yilda Toshkent shahrida Hazrati Imom majmuasining qayta tiklanishi borasidagi sa`y-harakatlar ham ma`naviy hayotimizning yuksalishidagi quvonarli natijasi deb e`tirof etish mumkin.
2008 yil o`z mohiyat-e`tiboriga ko`ra, ma`naviy-madaniy hayotda keskin burilish yili sifatida, Prezident Farmoniga asosan, Samarqand shahrining 2750 yilligi, Marg`ilon shahrining 2000 yilligi keng nishonlanib, tarixiy-ma`naviy merosimizning ko`plab jihatlari qayta kashf etildi.
2009 yilda Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlashga tayyorgarlik borayotir.
Ma`naviy-ma`rifiy sohadagi yutuqlarimiz va ta`lim tizimidagi tub o`zgarishlarda yaqqol namoyon bo`lmoqda. Xalq ta`limini isloh qilish, kadrlar tayyorlash tizimini mustahkamlash sohasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yangi oliy o`quv yurtlari tashkil etilib, bilimlarning yangi tarmoqlari bo`yicha kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yildi. Oliy ta`lim tizimidagi 16 universitetning 12 tasi mustaqillik yillarida tashkil etildi. Mustaqillik yillarida eng zarur zamonaviy mutaxassisliklar bo`yicha o`nlab yangi oliy o`quv yurtlari — Mudofaa vazirligi qoshida Harbiy akademiya, Ichki ishlar akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent aviatsiya instituti, Navoiy tog`-konchilik instituti, Toshkent Moliya instituti va boshqalar tashkil etildi.
Xulosa qilib aytganda, jamiyat ma`naviy hayoti, bevosita ma`rifiy islohotlar bilan mushtarak holda amalga oshirildi.
Avval aytib o`tilganidek, mustaqillikning dastlabki yillaridan ta`limni tubdan isloh qilish va kadrlar masalasi jamiyat taraqqiyoti yo`lidagi ustuvor vazifalardan biri bo`lib qoldi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta`limni tubdan isloh qilish yo`llari ishlab chiqildi. 1997 yil 29 avgustda Oliy Majlisning 9-sessiyasida O`zbekiston Respublikasining “Ta`lim to`g`risida”gi Qonuni va “Kadrlar tayyorlar milliy dasturi” qabul qilindi. Milliy dasturning maqsadi ta`lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o`tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to`la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma`naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratishdan iboratdir.
Milliy dastur ro`yobga chiqmoqda. Yoshlar umumiy o`rta ta`limni 9 yillik maktablarda oladilar, yana uch yil davomida yangidan tashkil etilgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida o`rta maxsus bilim va kasb-hunar o`rganadilar.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi belgilangan vazifalarni bajarish umumxalq, umummillat ishiga aylandi. 2001 yilda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirishning birinchi bosqichi yakunlandi. 2001 yilda respublikamizda 6742ta maktabgacha ta`lim muassasalarida 608500 nafar o`g`il-qizlar tarbiyalandi. Ularda 65862 nafar pedagog, tarbiyachi va boshqa xodimlar xizmat qildi. 9727 ta umumta`lim maktablarida 440762 nafar o`qituvchi 6,3 mln. o`quvchiga ta`lim bermoqda. Umumiy o`rta ta`lim bo`yicha barcha o`quv fanlaridan Davlat ta`lim standartlari ishlab chiqildi va ular 346 ta maktabda tajribadan o`tkazilib, ta`lim jarayoniga joriy etildi. Davlat ta`lim standartlariga mos o`quv dasturlari va darsliklari yaratildi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining muhim, O`zbekistonga xos xususiyati yangi turdagi 3 yillik o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi tizimini yaratishdir. 1998-2004 yillar davomida zamonaviy o`quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan 54 ta akademik litsey va 533 ta kasb-hunar kolleji barpo etildi. Bu maqsadlar uchun 135 mlrd. so`m mablag` sarflandi.
O`rta maxsus o`quv yurtlarida zarur bo`lgan jihozlar sotib olish uchun jalb qilingan chet el investitsiyalari miqdori 150 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Davlat ta`lim standartlari, o`quv dasturlari ishlab chiqildi, amaliyotga kiritildi va darsliklar yaratildi. 2003-2004 o`quv yilida akademik litseylarda 26,2 ming, kasb-hunar kollejlarida 531,6 ming o`quvchi ta`lim oldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |