2. Agronomiyada (dehqonchilikda) tadqiqotlarning uslublari. Ilmiy tekshirish
ishlarida qo’llaniladigan usullar asosan ikki guruxga – laboratoriya va biologik usullarga
bo’linadi.
Ulardan har qaysisi o’z xarakteri va o’tkazish joyiga ko’ra o’ziga xos xususiyatga ega
bo’lib, mustaqil ravishda yoki o’zaro bog’lab olib borilishi mumkin.
Laboratoriya usuli. Laboratoriya usullari deganda o’simlik, tuproq va o’g’itlarni
tekshirisha foydalaniladigan kimyoviy, biokimyoviy, mikrobiologik va shunga o’xshash taxlil
turlari tushuniladi. Laboratoriya usuli – mustaqil kuzatish usuli bo’lib, turli maqsadlar uchun
qo’llaniladi: agrokimyoda – tuproqning o’g’itlarga nisbatan ehtiyojini aniqlash uchun;
fiziologiyada – uglevodlarni assimilyasiya qilish, o’simliklarning nafas olishi, suvni
bug’lantirishi va uni o’zlashtirishi bo’yicha fiziologik jarayonlarni o’rganish uchun;
biokimyoda – bioximik jarayonlar va tarkibidagi turli moddalar – oqsillar, yog’lar,
uglevodlar, alkoloidlar, vitaminlar va mineral moddalarni aniqlash uchun; seleksiyada –
o’simlik xossalari va sifati, sovuqqa, qurg’okchilikka, kasalliklarga chidamliligini kuzatish,
o’simliklarning texnologik sifatlari – tola chiqishi, tolasining uzunligi va boshqalar.
Ko’pincha laboratoriya usullari dala ishlari va vegetasion tajribalarga qo’shimcha
hisoblanadi. Ular kuzatishlarni chuqurlashtiradi, tajriba oldiga qo’yilgan masalalarni to’la va
chuqurroq o’rganishga imkon beradi. Laboratoriya tajribalari dala ishlari va vegetasion
tajribalar bilan o’zaro bog’liq holda o’tkazilishi mumkin. Masalan, dala tajribasi
o’tkaziladigan uchastka tuprog’ining fizikaviy va agrokimyoviy xossalarini aniqlash
maqsadida taxlil qilish uchun yoki vegetasion tajriba uchun ana shu uchastkadan tuproq
olinadigan bo’lsa laboratoriya usuli qo’llaniladi.
Bundan yarim asr ilgari laboratoriya usuli ilmiy tekshirish ishlarida birinchi o’rinni
egallagan, chunki tez o’tkazilishi va aniq bo’lishi uning ustunligidir (kamchiligi – asosiy
agronomik muhit qatnasha olmaydi). Masalan, agrokimyoda – tuproq tarkibidagi umumiy
azotni aniqlash 36-48 soat, o’simliklar urug’idagi yog’ni Sokslet apparatida aniqlash 24-26
soat, biokimyoda o’simlik va mevalar tarkibidagi oqsilni aniqlash 48-54 soat va hokazo.
D.N.Pryanishnikovning aytishicha, - laboratoriya tadqiqotlari qanchalik aniq
bo’lmasin dala tajribalarining o’rnini bosa olmaydi. Chunki laboratoriya tajribalari haqiqiy
dala tajribasidan chetlanib qoladi. Laboratoriya tadqiqotlari ko’pincha dala tajribalarini
to’ldiruvchi, uni ma’lumotlarini chuqur o’rganishga ko’maklashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |