4. Davlat qarzi. Ichki va tashqi qarzlar
Davlat tomonidan qarziy faoliyatning amalga oshirilishi natijasida davlat
qarzi vujudga keladi. Jismoniy va yuridik shaxslar, xorijiy davlatlar, xalqaro
tashkilotlar va xalqaro huquqning boshqa subyektlari oldida vujudga kelgan
390
hukumatning qarziy majburiyatlariga davlat qarzi deyiladi. O‘zbekiston
Respublikasining “Byudjet tizimi to’g’risida”gi qonunida davlat qarziga “davlat
qarzi – davlat tomonidan ichki mablag’ni va xorijdan mablag’ jalb qilish
natijasida vujudga kelgan O‘zbekiston Respublikasi majburiyatlarining
yig’indisi”dir deb, ta’rif berilgan.
Joylashtirilish joyiga qarab davlatning qarzlari ikkiga bo’linadi:
davlat ichki qarzlari;
davlatning tashqi qarzlari.
Davlat tomonidan ichki mablag’larni jalb qilish natijasida vujudga kelgan
O‘zbekiston Respublikasi majburiyatlarining yig’indisiga davlat ichki qarzlari
deyiladi. Davlat tashqi qarzlari deyilganda esa davlat tomonidan xorijdan mablag’
jalb qilish natijasida vujudga kelgan O‘zbekiston Respublikasi majburiyatlarining
yig’indisi tushuniladi. Bu qarzlar qarziy instrumentlari, joylashtirilish shartlari,
kreditorlarining tarkibi va qarzning valyutasiga nisbatan bir-biridan farq qiladi.
Davlatning ichki qarzlari davlat tomonidan ichki mablag’larni jalb qilish
jarayonida vujudga keladi. Davlat tomonidan ichki mablag’larni jalb qilish
aktivlarni ichki manbalardan (rezident-yuridik va jismoniy shaxslardan) jalb etish
hamda buning natijasida O‘zbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi
yoki qarz oluvchi rezidentlarning o’z kreditlarini (qarzlarini) to’lashiga kafil
sifatidagi majburiyatlari vujudga kelishini anglatadi. Odatda, davlat o’z rezidentlari
oldidagi moliyaviy majburiyatlarini o’z vaqtida bajara olmagan davrda ham ichki
qarz vujudga keladi. Masalan, biror bir korxona ijtimoiy obyektni o’zining yoki jalb
qilingan mablag’lari hisobiga quradi. Ammo, davlat u korxonani o’z vaqtida
moliyalashtirib bera olmaydi. Shuningdek, byudjet muassaslarida faoliyat
ko’rsatayotgan ishchi-xodimlarga ish haqi bir, ikki oylab berilishi kechikadi. Mana
shunday vaziyat qaror topgan sharoitda ham davlatning vaqtinchalik ichki qarzi
payda bo’ladi. Bunda noxush holatlar O‘zbekistonda 1994-2000 yillarda qisman
qaror topgan edi.
Shunga o’xshash, davlatning tashqi qarzlari ham davlat tomonidan xorijdan
mablag’ jalb qilish jarayonida vujudga keladi. Davlat tomonidan xorijdan mablag’
jalb qilish aktivlarni xorij manbalaridan (xorijiy davlatlardan, norezident yuridik
shaxslardan va xalqaro moliya tashkilotlaridan) jalb etish hamda buning natijasida
O‘zbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi
rezidentlarning o’z kreditlarini (qarzlarini) to’lashiga kafil sifatidagi
majburiyatlarining vujudga kelishini bildiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi kelgusi moliya yili uchun
mamlakatning Davlat byudjetini qabul qilayotgan paytda davlat ichki va tashqi
qarzlarining eng yuqori miqdorlarini tasdiqlaydi.
391
Davlat tomonidan ichki va xorijdan mablag’ jalb qilishga hamda davlat
qarzining ko’payishiga olib keladigan boshqa harakatlar O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ (odatda, Moliya
vazirligi yoki Markaziy bank) tomonidan amalga oshiriladi.
Amaldagi tartibga muvofiq davlat tomonidan ichki va tashqi mablag’larni
(qarzlarni) jalb qilish quyidagi maqsadlar uchun amalga oshirilishi mumkin:
iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo’nalish-larini, shu jumladan, davlat
investitsiya dasturlarini moliyalashtirish;
davlat byudjetining daromadlari bilan xarajatlari o’rtasidagi tushumlar
vaqtga ko’ra muvofiq emasligi tufayli kelib chiqqan yillik ichki tafovutni (farqni)
to’g’rilash;
mavjud qarzlarni qayta moliyalashtirish;
byudjet defitsitini moliyalashtirish;
tabiiy ofat va boshqa favqulodda vaziyatlar tufayli mablag’larga bo’lgan
ehtiyojlarni qoplash.
Davlat tomonidan ichki va tashqi qarz mablag’larini jalb qilishda qarz
majburiyatlarining bir necha turlaridan foydalanish mumkin. Ularning asosiylari va
muhimlari tarkibiga quyidagilar kiradi:
qisqa muddatli (bir yilgacha bo’lgan davrga chiqariladigan), o’rta muddatli
(bir yildan besh yilgacha bo’lgan davrga chiqariladigan) va uzoq muddatli (besh
yildan ortiq davrga chiqariladigan) davlat g’aznachilik qog’ozlari;
kreditlar (qisqa, o’rta va uzoq muddatli);
O‘zbekiston Respublikasining kafolatlari;
byudjet daromadlari va xarajatlari o’rtasidagi vaqtinchalik farqni qoplash
uchun qisqa muddatli ssudalar;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa turlar.
Xorijiy investorlar tomonidan bir qismi sotib olinishi mumkin bo’lishiga
qaramasdan shu davlatning rezidentlari hisoblangan yuridik va jismoniy shaxslar
davlat ichki qarzlari bo’yicha asosiy kreditorlar hisoblanadi. Bu qarzlar, odatda,
milliy valyutada muomalaga chiqariladi. Ichki qarz mablag’larini jalb qilish
uchun milliy fond bozorida talabga ega bo’lgan qimmatli qog’ozlar emissiya
qilinadi. Investorlarni qo’shimcha rag’batlantirish uchun esa turli soliq
imtiyozlaridan foydalaniladi.
Davlatning tashqi qarzlari boshqa mamlakatlarning valyutasida xorijiy fond
bozorlarida joylashtiriladi. Bunday qarzlarni joylashtirishda joylashtirilishi lozim
bo’lgan mamlakat investorlarining o’ziga xos bo’lgan manfaatlari hisobga
olinadi.
392
Amaliyotda qarziy mablag’larni jalb qilish, asosan, ikki yo’l bilan amalga
oshiriladi:
qarziy qimmatli qog’ozlarni joylashtirish;
ixtisoslashtirilgan moliya-kredit institutlaridan kreditlar olish.
Qarziy qimmatli qog’ozlarni muomalaga chiqarish va ularni joylashtirish
tartibi har bir mamlakatning tegishli qonuni orqali tartibga solib turiladi. Ana shu
qonunga muvofiq, faqat mamlakat hukumatining nomidan chiqarilgan qimmatli
qog’ozlar davlat qimmatli qog’ozlari deb e’tirof etiladi.
Davlat qimmatli qog’ozlari bilan operatsiyalar fond bozorining tarkibiga
kiruvchi davlat qimmatli qog’ozlar bozorida amalga oshiriladi. Bu bozor quyidagi
vazifalarni bajarishga imkon beradi:
byudjet defitsitini moliyalashtirish maqsadida yuridik va jismoniy
shaxslarning vaqtincha bo’sh turgan mablag’larini qarzga olish;
Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosati o’tkazishni ta’minlash;
tijorat banklari va moliyaviy institutlarning likvidligini tartibga solishni
amalga oshirish.
Qimmatli qog’ozlar emissiyasi natijasida vujudga kelgan va mamlakatning
ichki qarzini tashkil etuvchi hukumatning majburiyatlari shu mamlakatning milliy
valyutasida ifodalanishi va shu valyutada to’lanishi kerak. Shunga o’xshash,
qimmatli qog’ozlar emissiyasi natijasida vujudga kelgan va mamlakatning tashqi
qarzini tashkil etuvchi hukumatning majburiyatlari xorijiy valyutada ifodalanishi va
shu valyutada to’lanmog’i lozim.
Har bir mamlakatda davlat tomonidan qarziy mablag’larni jalb qilishning
yagona hisobga olish va qayd etish tizimi mavjud. Buning uchun Moliya vazirligi
hukumatning davlat ichki va tashqi qarzlari kitobini yurgizadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |