DAVLAT VA HUQUQ NAZARIYASINING IJTIMOIY VA YURIDIK FANLAR TIZIMIDAGI O‘RNI HAMDA AHAMIYATI
To‘xtayev Amirshoh Akram o‘g‘li
Buxoro Davlat Universitetining Pedagogika instituti o‘quvchisi,
1-1 MIG‘ talabasi
amirshohtoxtayev@gmail.com
+998 91 404 54 28
Annotatsiya:Ushbu tezis bugungi kunda ijtimoiy fanlar (tarix, milliy istiqlol g‘oyasi) hamda yuridik fanlar tizimida davlat huquq nazariyasining o‘rni va ahamiyati haqida ma’lumot beradi. Davlat va huquq nazariyasi haqidagi olimlaning qarashlari va uning mazmun va mohiyati, tushunchalari keltirib o‘tiladi.
Kalit sozlar: falsafa hamda davlat va huquq nazariyasi, iqtisodiy fanlar hamda davlat va huquq nazariyasi, sotsiologiya hamda davlat va huquq nazariyasi, siyosatshunoslik hamda davlat va huquq nazariyasi.
Kirish qism
Davlat va huquq nazariyasi fanini har tomonlama va mufassal tavsiflashda uning boshqa fanlar bilan aloqadorligini ochish muhim ahamiyatga ega. Bu fan barcha ijtimoiy va yuridik fanlar bilan chambarchas bog‘liq. Davlat va huquq masalalarini faqat yuridik fanlar o‘rganibgina qolmasdan, balki boshqa ijtimoiy fanlar ham o‘rganadi. Chunki insonlarning serqirra faoliyati turli-tuman bolib, ular huquq vositasida tartibga solinadi, davlat — siyosiy munosabatlarning obyekti sifatida maydonga chiqadi. Davlat va huquq hamisha ijtimoiy hayotning muhim masalasidir. Davlat va huquq nazariyasi davlat va huquq hodisalarini tadqiq va tahlil qilishda boshqa fanlar bilan hamkorlik qiladi, ularning yutuqlaridan, ilmiy xulosa va tavsiyalaridan foydalanadi. Davlat va huquq nazariyasi boshqa ijtimoiy fanlar: falsafa, iqtisod, sotsiologiya, siyosatshunoslik, tarix kabi fanlar bilan mustahkam aloqada. Davlat huquq nazariyasi fani nafaqat ushbu fanlar balki boshqa sohalarda ham keng tadbiq etiladi.
Asosiy qism
Quyida biz davlat huquq nazariyasi fanining boshqa fanlar bilan aloqadaligini o‘rganib, tahlil etamiz.
Falsafa tabiat, jamiyat va tafakkur rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini o‘rganadi. Shu bois, u davlat va huquq masalalarini umumiy tarzda, ijtimoiy hodisa sifatida talqin etadi. Davlat va huquq nazariyasi fani falsafaning qoidalari va xulosalariga tayangan holda davlat va huquq muammolarini aniqlashtiradi hamda ularning nazariy jihatlarini organadi. Bunda falsafa bilan davlat va huquq nazariyasi bir-birini takrorlamaydi, aksincha, o‘zaro to‘ldiradi.
Iqtisodiy fanlar ishlab chiqarish munosabatlari tizimi, xo‘jalik hayotini tashkil etish, tadbirkorlik, mehnat, moliya, kredit kabi masalalarni o‘rganadi. Davlat va huquq nazariyasi esa davlat va huquqni o‘zining asosiy predmeti deb hisoblaydi va ularning iqtisodiy funksiyalarini tahlil etadi. Iqtisodiy fanlar hamda davlat va huquq nazariyasining o‘zaro aloqasi davlat va huquqning iqtisodiyotga qanchalik bog‘liq ekanligini va ta’sirini aniqlashga imkon beradi.
Davlat va huquq nazariyasi sotsiologiya fani bilan ham o‘zaro aloqada. Chunki sotsiologiya fani ham jamiyatni yaxlit, uyushgan tizim sifatida tadqiq etib, jamiyat a‘zolarining, xususan, turli xil jamoalarning, aholi turli qatlamlarining davlatga, huquqqa nisbatan qanday munosabatda bo‘lishini, ularning davlat va huquq to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarini real hayotni tahlil etish asosida o‘rganadi. Shunga ko‘ra, sotsiologiya fani davlat va huquq nazariyasi fani uchun dastlabki amaliy ma’lumotlarni to‘plab berish vazifasini bajaradi. Davlat va huquq nazariyasi esa, o‘z navbatida, sotsiologiya fani bergan ma‘lumotlarni umumlashtirib, ulardan nazariy xulosalar chiqarishda foydalanadi.
Siyosatshunoslik fani siyosat, uning shakllari, siyosiy jarayonlar va siyosiy birlashmalar, jumladan, partiyalar, siyosiy hokimiyatga va davlat hokimiyatiga erishish vositalari, fuqarolik jamiyati, davlat va shaxsning o‘zaro munosabati kabi hodisalarni o‘rganadi. Siyosatshunoslik inson siyosiy madaniyatini ijtimoiy-siyosiy munosabatlar tizimi orqali, yani fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish orqali o‘rganadi.
Xulosa
Davlat va huquq nazariyasi metodologik fan sifatida boshqa huquqiy fanlar uchun xususiy yuridik metodlarni va rahbariy prinsiplarni ishlab chiqadi. Davlat va huquq nazariyasi bilan davlat va huquq tarixi fani bir-biri bilan chambarchas bog‘langandir. Ularning har ikkisi davlat va huquq borasida bahs yuritadi. Davlat va huquq tarixi davlat va huquqning vujudga kelishi va rivojlanishi jarayonini to‘liq, xronologik tarzda o‘rganadi. Tarix va nazariya bir-birisiz bo‘lmaydi, biri ikkinchisini taqozo etadi. Davlat va huquq tarixi fani, o‘z navbatida, ayrim nazariy xulosalarni chiqaradi, nazariy prinsiplar asosida ish ko‘radi. Davlat va huquq nazariyasi fani esa o‘z xulosalarini tarixiy materiallar yordamida asoslaydi, bunda u tarixiy metoddan foydalanadi. Har qanday tarixiy faktni nazariyasiz yoritish mumkin emas. Nazariya tarixiy voqealarga yondashish usulini belgilaydi, tarixni ilmiy organish vositasi bolib xizmat qiladi. Davlat va huquq nazariyasi boshqa huquqiy fanlar bilan ham xuddi shunday ikki yoqlama aloqadadir. Demak, davlat va huquq nazariyasi huquqshunoslik fanlari tizimida markaziy, umumlashtiruvchi ahamiyatga ega bolish bilan birga, barcha yuridik fanlarning yutuqlarini uyg‘unlashtiradi va ularning o‘zaro boyishiga yordam beradi.
Xulosa oxirida shuni ham aytib o‘tish lozimki, davlat huquq nazariyasi fani nafaqat o‘z atrofidagi va yondosh sohalarda balki har bir sohada o‘rganilishi lozim. O‘rganilishi murakkab fan bo‘lsa, uni o‘rganishda boshqacha metodikadan foydalanish kerak. Shunda o‘quvchilar ongiga chuqurroq yetib boradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Karimov I.A. Buyuk kеlajagimizning huquqiy kafolatlari T.O’zbеkiston. 1992.
2.Tojixonov U. Istiqlolimizning huquqiy nеgizi. T. 1994 yil.
3. Saidov A.,TojixonovU. Davlat va huquq nazariyasi: T.2. Huquq nazariyasi.
4.Xolmo’minov H.T. Davlat va huquq nazariyasi. O’quv qo’llanmasi. T. 2000.
Do'stlaringiz bilan baham: |