Davlatga xos belgilar.
Davlat o’zining tashkil etilishi, maqsad va vazifalari bo’yicha ibtidoiy jamiyatdagi oqsoqollar, urug’ va qabila boshliqlari hamda diniy hokimiyat sohiblariga tegishli bo’lgan ijtimoiy hokimiyatdan ajralib turadigan belgilariga ega. Bular:
Davlat paydo bo’lgan jamiyatda fuqarolar davlat chegaralari doirasida ma’lum hududga birlashadilar. Davlat ilk jamiyatdan hududiy tashkil topishi bilan farq qiladi. Hududiy tuzilishning birinchi bosqichi shahar edi. SHahar odamlarini qarindoshlik asosida emas, balki ma’lum hududga ko’ra birlashtirgan. Davlat jamiyatini boshqarish uchun jilovni o’z qo’liga olish bilan xarakterlanadi. Davlat jamiyatda urug’lar, xalqlar millatlar, sinflar o’rtasida mavjud bo’lgan ijtimoiy tengsizlikni murosaga keltirish, jamiyatni yagona tuzum sifatida saqlab, idora qilish uchun xizmat qilish sifatida vujudga kelgan;
O’ziga xos ommaviy hokimiyat - davlat hokimiyatining paydo bo’lishi, ya’ni maxsus bilim va mahoratga ega bo’lgan boshqaruvchilar qatlami yuzaga keladi. Davlat apparati dastlabki bosqichlardayoq keng tarmoqli murakkab tizimga ega edi. U o’zini saqlash va faoliyat ko’rsatish uchun ma’lum manbaalarga muhtojlik sezgan. Bunday manbaalar soliqlar, yig’imlar va boshqa tushumlar edi. Davlat asosida tug’ilgan har qanday jamiyat samarali boshqarishga muhtoj bo’lib, uning keyingi rivojlanishi shunday boshqarishni izlash bilan bog’liqdir;
Davlat o’z vazifalarini bajarish uchun odamlarning alohida qatlami-davlat apparatiga ega bo’lgan. Bu muayyan hokimiyatga ega bo’lgan, ya’ni zaruriyat tug’ilganda majburlash, zo’ravonlik yordamida aholining boshqa tabaqalarini o’z erkiga bo’ysundirish, u yoki bu manfaatlarni ta’minlovchi kishilar guruhi bo’lgan. Buning uchun o’ziga xos davlat institutlari-sudlar, turmalar, politsiya, armiya paydo bo’lgan. Ular majburlashga moslashtirilgan organlar edi.
Soliqlarning mavjudligi. Soliq - davlatning aholidan davlat apparatini saqlash hamda aholining kam ta’minlangan qismiga yordam berish uchun zarur bo’lgan moddiy mablag’larning undirib olinishidir;
Huquq ijodkorligi, ya’ni davlat hududida yashovchi barcha kishilar tomonidan ijro etilishi umumiy majburiy bo’lgan qonunlar, huquqiy qoidalari ishlab chiqila boshlandi;
Davlatning eng muhim belgilaridan biri - siyosiy hokimiyatning mavjudligi.
Ma’lumki ibtidoiy jamiyatda ijtimoiy hokimiyat jamiyat a’zolari o’rtasidagi obro’-e’tiborga, ularning izzat-hurmatiga tayanar edi. Siyosiy hokimiyat esa, boshqaruv, majburlash apparatiga, kuchga tayanadi. Siyosiy hokimiyat - hokimiyatning eng muhim va murakkab ko’rinishlaridan biridir. U orqali muayyan xalq, sinf, guruh, shaxs o’zining xohish-istaklarini amalga oshiradi. Siyosiy hokimiyat davlat hokimiyati va boshqa siyosiy tashkilotlardan tashkil topadi.
Har bir davlatning o’z aholisiga ega bo’lishi;
Davlatning belgilaridan yana biri - umuminsoniy funksiya (vazifa)larni bajarish, ya’ni davlatni rivojlantirish, hududni qo’riqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, umumiy farovonlik maqsadlarini amalga oshirish;
Do'stlaringiz bilan baham: |