Unitar davlat
Unitar (yagona, lot. «unus» - «bir» so‘zidan olingan) davlat oddiy tuzilishga ega yaxlit davlat bo‘lib, to‘la siyosiy birligi bilan boshqalardan farq qiladi. Unitar davlatlarning aksariyati muayyan ma’muriy-hududiy bo‘linish (tumanlar, viloyatlar, kantonlar)ga ega. Biroq mazkur mustaqil qismlar davlat suvereniteti alomatlariga ega emas. Bunday davlatda oliy organlarning yagona tizimi hamda yagona qonunchilik mavjud bo‘ladi. Unitar davlatning yaxshi tomoni shundaki, uning tuzilishi sodda bo‘lib, oliy hokimiyat to‘laligacha uning tasarrufida bo‘ladi.
Unitar davlat belgilari:
butun mamlakat miqyosda bir xil bo‘lgan vakillik, ijroiya va sud organlari mavjud;
bitta konstitutsiya;
yagona qonunchilik tizimi;
yagona fuqarolik;
yagona pul birligi;
barcha ma’muriy hududiy birliklar uchun umumiy bo‘lgan soliq va kredit siyosati;
unitar davlatlar tarkibiy qismlari severenitetga ega emas (ya’ni tom ma’nodagi davlatlar emas);
yagona armiya;1
Barcha unitar davlatlarga xos bo‘lgan markazlashtirish turli shakllarda va turli darajada namoyon bo‘lishi mumkin. Ba’zi mamlakatlarda mahalliy organlar umuman bo‘lmaydi va ma’muriy-hududiy bo‘linmalar markaziy hokimiyat vakillari tomonidan boshqariladi.
Boshqa davlatlarda mahalliy organlar tashkil etiladi-yu, lekin ular (bevosita yoki bilvosita) markaziy hokimiyat nazorati ostida bo‘ladi. Markaziy hokimiyat mahalliy organlar ustidan nazoratning qanday turini amalga oshirishiga qarab, unitar davlatlar markazlashgan va markazlashmaganga bo‘linadi.
Bundan tashqari, ba’zi unitar davlatlarda bir yoki bir necha hududiy bo‘linmalarga boshqalardan imtiyozliroq huquqiy maqom berilishi mumkin. Bunday unitar davlat nisbiy ma’muriy mustaqil muxtoriyat (avtonomiya)ga ega bo‘ladi.
Avtonomiya - yunoncha “o‘zim qonun” ma’nosini anglatadi. Bu davlatning shunday bir bo‘lagiki, o‘z ichki masalalarini o‘zi hal qilish huquqiga ega, u bir davlat tarkibida yashovchi xalqlarning soni va iqtisodiy rivojlanishdagi notekislik oqibatida yuzaga keladi.
Biroq avtonom tuzilmalarda o‘zini – o‘zi boshqarish huquqi boshqa aholiga nisbatan kengroq bo‘lsada, ularning mustaqilligi mrkaziy hokimiyat belgilagan doiradagina mavjud bo‘ladi.
Unitar davlatdagi avtonomiya bilan federatsiya tarkibidagi avtonomiyani farqi bor. Unitar davlatdagi avtonomiyada vakolat markazdan quyiga berilsa, federatsiyada aksincha, subyektlardan federatsiyaga beriladi.
Davlat tuzilishining yuqoridagi shakli hududiy bo‘linmalarning maxsus manfaatlarini hisobga olish zarur bo‘lgan joylarda qo‘llaniladi. Biroq, muxtoriyatlar mustaqilligiga markaziy hokimiyat belgalagan doiradagina yo‘l qo‘yiladi.
Yana bir jihatni hisobga olish kerak. Unitarizm yer egaliklari, knyazlik va boshqalarga bo‘linib ketgan feodal tarqoqligiga nisbatan o‘z davri uchun ilg‘or hodisa bo‘lgan. Zero, u yagona bozorning vujudga kelishi, burjua iqtisodiy munosabatlarining rivojiga yo‘l ochib bergan. Lekin kapitalizmning rivojlanib borishi, fan-texnika taraqqiyoti bilan, yangi iqtisodiy muammolarning paydo bo‘lishi va boshqa omillar tufayli integratsiya jarayonlari boshlanib ketadi. Bular esa, murakkab davlatlar va ularning tuzilmalari - federatsiya, konfederatsiya, hamdo‘stlik va hokazolarni yuzaga keltiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |