15.1-rasm. Ta’lim tizimini moliyalashtirish usullari1
o‘tgan davr ko‘rsatkichlari asosida moliyalashtirish, bunda muassasa budjeti u moliyalashtiriladigan tegishli budjet imkoniyatlaridan chiqib ketmagan holda o‘tgan moliyaviy yil xarajatlari darajasida (inflyatsiyani hisobga oluvchi ayrim tuzatishlar bilan) aniqlanadi va uning hajmi doirasida mablag‘ ajratiladi;
alohida shartnomalar asosida moliyalashtirish (kelishuv bo‘yicha) – bunda har bir maktab davlatga o‘zining muayyan miqdordagi ajratmalarga ehtiyojini asoslab berishi lozim, agar maktabning mablag‘ ajratish bo‘yicha so‘rovi muayyan talablarga mos kelsa, davlatdan o‘ziga kerakli mablag‘larni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
xarajatlarga asoslangan moliyalashtirish, bunda mablag‘lar maktablarga ular faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan xarajatlar, ya’ni bino va inshootlarni saqlash, joriy remont, xodimlar mehnatiga haq to‘lash kabilarga sarflangan resurslar hajmi doirasida ajratiladi (“xarajatli” deb ataluvchi bu usul bugungi kunga qadar mamlakatdagi davlatga qarashli ijtimoiy soha muassasalarini budjetdan moliyalashtirish amaliyotida ustuvor darajada qo‘llanib kelinmoqda);
formula asosida moliyalashtirish, bunda moliyaviy resurslar har bir maktab uchun belgilangan va to‘g‘ri qo‘llaniladigan mezonlar tizimiga muvofiq ajratiladi. Moliyalashtirish formulasi:
har bir maktabga ajratiladigan resurslar miqdorini;
maktabga ajratiladigan resurslar miqdorini aniqlashda hisobga olinishi lozim bo‘lgan omillarni aniqlash imkonini beradi.
Ushbu paragrafning mazmunini bayon qilish uchun avvalo ta’lim tizimida o‘quvchi soniga (jon boshiga) qarab moliyalashtirish nima? degan savolga aniq va ravshan javob berish maqsadga muvofiq.
K
Ta’lim muassasalarini jon boshiga (o‘quvchi soniga ko‘ra) moliyalashtirish
bir o‘quvchiga nisbatan o‘rnatilgan xarajat me’yori, o‘quvchilar soni hamda ta’lim muassasalarining xususiyatlarini aks ettiruvchi maxsus koeffitsientlarga asoslangan ta’lim muassasalari xarajatlarini aniqlash va shunga ko‘ra mablag‘ ajratish tizimidir.
o‘plab mamlakatlarda, ayniqsa MDH mamlakatlarida (Armaniston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston) ta’lim muassasalariga moliyaviy mablag‘lar bir o‘quvchiga nisbatan (jon boshiga qarab) beriladi. Odatda, moliyalashtirish formulasining asosini o‘zgaruvchilar tashkil qiladi, ular asosida quyidagilar uchun moliyaviy mablag‘larning miqdori aniqlanadi va hisob-kitob qilinadi1:
(1) o‘quvchilarning bazaviy ta’lim olishiga, bunda moliyalashtirish formulasi maktabning turli sinflari va turlarida o‘qitishning turli qiymatlarini aks ettiruvchi mos koeffitsientlarni o‘z ichiga olishi mumkin;
(2) alohida o‘quvchilar tomonidan yoki alohida maktablarda fanlarni chuqurroq o‘rganishga xarajatlarni qoplash uchun;
(3) ta’limda past ijtimoiy-iqtisodiy maqom, tilni yaxshi bilmaslik, nogironlik, rivojlanishda ortda qolish bilan bog‘liq o‘quvchilarning qo‘shimcha ehtiyojlarini qoplash uchun;
(4) maktab joylashgan yeri va hajmining turli jihatlari - maktab va u xizmat ko‘rsatadigan aholi punktining bir-biridan uzoqda joylashganligi, maktab xonalari va maktabga qarashli yer uchastkasi maydonining holati va boshqa fizik jihatlari bilan bog‘liq ehtiyojlarini qoplash uchun va boshq.
Moliyalashtirish formulasiga yuqorida sanab o‘tilgan o‘zgaruvchilarni kiritish resurslarni barcha o‘quvchilar o‘rtasida teng taqsimlashga imkon beradi, ya’ni tenglik talablariga javob beradi. Biroq resurslarni o‘quvchilar soniga qarab taqsimlashning samaradorligini ta’minlash uchun muayyan ta’lim bosqichini (masalan, maktabgacha tarbiya, umumta’lim maktablari) tanlash, uning uchun zarur resurslar hajmi va bu resurslar qiymatini tahlil qilish natijalaridan kelib chiqish lozim, aks holda sarflanadigan resurslar miqdori va ta’lim sifatiga qo‘yiladigan talablar o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qoladi.
Maktab ta’limida budjet mablag‘larini taqsimlashning “pul o‘quvchining ortidan boradi”gan tamoyilga asoslangan jon boshiga qarab moliyalashtirishdan iborat muqobil mexanizmini tanlash quyidagi natijalarga erishishga qaratilgan:
ta’limga ajratilgan budjetni taqsimlash jarayonining shaffofligi, ob’ektivligi va aniqligini oshirish, muassasa budjetini tuzish va tasdiqlash jarayonlarida turli xil kelishuvlar, muvofiqlashtirishlarga ketadigan vaqtni kamaytirish;
xarajatlar asosida moliyalashtirish tamoyilidan voz kechish;
mahalliy darajada (masalan, tuman, shahar miqyosida) bu tizimning joriy etilishi maktab yoshidagi aholi sonining sekin-asta kamayib borishi natijasida maktablar tarmog‘ini qayta tarkiblash (restrukturizatsiya qilish) dasturi doirasida moliyaviy mablag‘larni maktablar o‘rtasida taqsimlash tizimini yaxshilashi mumkin;
maktab darajasida resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga (ta’lim sifati va samaradorligini oshirish maqsadida), ota-onalar hamda Vasiylik kengashlari oldidagi hisob berish tizimini yaxshilashga xizmat qiladi.
Eng oddiy shaklda o‘quvchi soniga ko‘ra moliyalashtirish usulida budjet mablag‘larining har bir muassasaga taqsimlanadigan aniq summasi faqatgina shu muassasadagi mavjud o‘quvchilar soniga bog‘liq: har bir maktab har bir o‘quvchisi uchun bir xil summadagi mablag‘ni oladi. Amaliyotda bu formula, odatda, maktabning joylashgan o‘rni, maktabning tipi kabi bir nechta omillarni hisobga oluvchi koeffitsientlar asosida korrektirovka qilinadi. Ta’lim tizimlarida moliyalashtirish formulasi qo‘llanilayotgan mamlakatlarda formulani ishlatishda qaysi koeffitsientlarni qo‘llash lozimligi va turli omillarni hisobga olish uchun ular soni nechta bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida yagona yondoshuv mavjud emas. Masalan, Rossiyada moliyalashtirish formulasini qo‘llash amaliyotida quyidagi omillarni hisobga oluvchi koeffitsientlar ishlatiladi1:
maktablarning joylashgan o‘rnidagi farqlar (shahar va qishloq maktablari);
maktablarning hajmlaridagi farqlar;
ta’lim turidagi farqlar (kasb-hunar, umumta’lim, boshlang‘ich va sh.k.);
aqliy rivolanishda ortda qolgan bolalarni o‘qitish maxsus dasturlarini amalga oshirish;
salomatligi tufayli imkoniyati cheklangan bolalarni uyda o‘qitish;
alohida fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish dasturlarini amalga oshirish.
Garchi tuzatuvchi koeffitsientlarni qo‘llash natijasida alohida olingan maktab oladigan mablag‘lar summasi o‘quvchilar sonidan tashqari, boshqa bir qator omillarga bog‘liq bo‘lsada, har xolda, maktablar, hajmlari ob’ektivlik va shaffoflik tamoyillari asosida aniqlangan pul mablag‘lariga ega bo‘ladilar. Lekin, formulani ishlab chiqishda shunga alohida e’tibor berish kerakki, formulada tuzatuvchi koeffitsientlar soni qancha ko‘p bo‘lsa, formula tushunish va qo‘llash uchun shuncha murakkablashadi, bu esa jon boshiga moliyalashtirish tamoyillariga ziddir.
Do'stlaringiz bilan baham: |