18-MAVZU. DAVLAT BYUDJETINING IJTIMOIY TA’MINOT XARAJATLARI
MA’RUZA MASHG’ULOTI REJASI:
18.1. Ijtimoiy ta’minot tizimining mohiyati, vazifalari va ahamiyati
|
18.2. O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy ta’minot tizimining moliyaviy manbalari
|
18.3. Ijtimoiy ta’minot xarajatlarini davlat byudjetidan mablag‘ bilan ta’minlash
|
18.4. Xorijiy mamlakatlarda ijtimoiy ta’minotning iqtisodiy va moliyaviy asoslari
|
Tayanch so’z va iboralar: ijtimoiy yordam; ijtimoiy sug’urta; ijtimoiy siyosat; ijtimoiy ta’minot; keksalar; jamiyatning ko‘magiga ehtiyojmandlar; imtiyozlar; kompensatsiyalar; pensionerlar; nogironlar; voyaga etmagan bolalar; mehnatga layoqatsiz aholi; maqsadli dasturlar
Ijtimoiy ta’minot tizimining mohiyati, vazifalari va ahamiyati
Ijtimoiy ta’minot doimo davlat va jamiyat hayotida markaziy va hal qiluvchi o‘rinni egallab kelgan. Mamlakatda yashaydigan fuqarolarda o‘z hayot faoliyatining ma’lum bosqichlarida va alohida holatlarda ijtimoiy ta’minot tizimi xizmatlariga ehtiyojlari yuzaga keladi. Uning holati mamlakat iqtisodiy rivojlanish darajasiga, mamlakatda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatga, shuningdek, mehnatkashlarning hamda ma’lum sabablarga ko‘ra ishlamaydigan aholi qatlamlarining ijtimoiy ahvoliga bog‘liq.
“Ijtimoiy ta’minot” tushunchasining mazmuni, uning holatini belgilab beruvchi omillar bizning mamlakatimizda ijtimoiy ta’minot tizimining rivojlanishi bilan shakllanib bordi. Iqtisodiy ta’limotlar va fanda “ijtimoiy ta’minot” tushunchasining turlicha talqin etilganligini ko‘rish mumkin. Masalan, tarixan ancha ilgari yaratilgan rus izohli lug‘atida1 ijtimoiy ta’minotga “jamiyat tomonidan u yoki bu shaxsga hayot uchun etarli bo‘lgan moddiy mablag‘larni taqdim etish” deb ta’rif berilgan, ushbu ta’rifda jamiyat a’zolariga jamiyat tomonidan taqdim etiladigan yordamnnig turli shakllari ijtimoiy ta’minot hisoblanadi, degan fikr ilgari surilgan. Lekin bunday yordamning shakllari va turlari turli-tuman bo‘lishi, turli toifadagi aholi qatlamlarini qamrab olishi, turli manbalardan mablag‘ bilan ta’minlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning har bir bosqichida o‘zgarib turishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, fanda ijtimoiy ta’minot tushunchasi mazmunini yoritish bo‘yicha ikkita konsepsiya shakllanganligini ko‘rish mumkin: iqtisodiy va huquqiy.
Iqtisodiy konsepsiya tarafdorlari ijtimoiy ta’minotga jamiyat a’zolari uchun ijtimoiy iste’mol fondlaridan taqdim etiladigan yordamning barcha turlarini (shu jumladan, bepul ta’lim, uy-joy bilan bepul ta’minlash, madaniyat muassasalarini saqlash, pensiya va nafaqalarning barcha turlari, ayrim fuqarolarga ijtimoiy, tibbiy yordam ko‘rsatish va turli imtiyozlar berish) kiritadilar. Bu konsepsiyaning asosini moddiy va moliyaviy ne’matliklarni ijtimoiy iste’mol fondlari orqali taqsimlash usuli tashkil etgan.
Huquqiy konsepsiya vakillari ijtimoiy ta’minot jamiyatning barcha a’zolariga emas, balki uning faqat alohida qatlamlariga – davlat tomonidan muhofaza qilinishi lozim bo‘lgan guruhlariga qaratilishi kerakligini e’tirof etganlar. Aholining bunday guruhlariga jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining turli bosqichlarida turli toifadagi fuqarolar kiritilgan. Xususan, sovet hukumati davrida ijtimoiy ta’minot bilan avval yollanib ishlovchi ishchi-xizmatchilar, keyinroq kolxoz a’zolari, bolalar, ko‘p bolali oilalar, yolg‘iz onalar qamrab olingan.
Ijtimoiy ta’minot tushunchasini o‘rgangan olimlarning izlanishlarini o‘rganish shundan dalolat beradiki, ayrimlar ijtimoiy ta’minot faqat ayrim aholi qatlamlariga qaratilishi kerak, deb da’vo qilsalar, boshqalar ijtimoiy ta’minot barcha aholiga qaratilgan bo‘lishi kerak, deb ta’kidlaydilar va bepul ta’lim hamda bepul tibbiy xizmat va davolash xizmatlarini ham ijtimoiy ta’minot tizimiga kiritadilar. Shuningdek, bir qator olimlar ijtimoiy ta’minot faqat davlat byudjetidan moliyalashtirilishi zarurligini ta’kidlasalar, boshqalari ijtimoiy ta’minotning ko‘pkanalli moliyalash manbalari shakllanganligini va ijtimoiy ta’minot masalalari bilan shug‘ullanadigan bir nechta mahkama mavjudligini e’tirof etadilar.
Bu borada A.Vahobov va T.Malikovlarning “Moliya” nomli darsliklarida berilgan ta’rifga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning fikricha, “iqtisodiy kategoriya sifatida ijtimoiy ta’minotga quyidagicha ta’rif berish mumkin: ... fuqarolarni moddiy ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatish uchun milliy daromadning bir qismi hisobidan pul mablag‘larining ijtimoiy fondlarini shakllantiradigan va ulardan foydalanadigan taqsimlash munosabatlari tizimiga ijtimoiy ta’minot deyiladi. Mana shunday keng ko‘lamda, ijtimoiy ta’minot fondlarini shakllantirish manbalari va ta’minotni tashkil etishga bog‘liq bo‘lmagan holda jamiyatning barcha a’zolarini tegishli tarzda ta’minlanishini o‘z ichiga qamrab oladi”1. Albatta, ushbu ta’rif ijtimoiy ta’minotning iqtisodiy va huquqiy jihatdan mazmunini to‘liq yoritib bermaganligi bilan birga, mantiqan noaniq bayon qilinganligini ta’kidlash kerak. Lekin ushbu mualliflar ijtimoiy ta’minotning mazmuni borasida iqtisodchilar o‘rtasida yagona fikr mavjud emasligini haqli ravishda e’tirof etadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |