3.Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organi mansabdor shaxsining hamda soliq to‘lovchining huquq va majburiyatlari Soliq organlarining mansabdor shaxslari quyidagi huquqlarga ega:
soliq to‘lovchining sayyor soliq tekshiruviga taalluqli ma’lumotlari va hujjatlarini o‘rganish hamda ushbu hujjatlardan soliq organi hisobidan nusxa olish;
soliq to‘lovchi tomonidan buxgalteriya, tovarlar (xizmatlar) harakati hisobini yuritishda foydalanilayotgan dasturiy ta’minotlardagi ma’lumotlar bilan tanishish va soliqqa oid huquqbuzarliklar aniqlangan hollarda ulardan soliq organi hisobidan nusxa olish;
soliq to‘lovchining hududini, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarini, shu jumladan, soliq to‘lovchi daromad olish uchun foydalanadigan yoki soliq solish obyektlarini saqlash bilan bog‘liq joylarni ko‘zdan kechirish hamda foto va videotasvirga tushirish;
mol-mulklarni xatlovdan o‘tkazish;
tekshiruvga mutaxassislar, ekspertlar, tarjimon, xolislarni jalb etish hamda ulardan tegishli xulosalar, tarjimalar va ko‘rsatmalar olish;
ishlab chiqarilayotgan hamda realizatsiya qilinayotgan tovarlarning (xizmatlarning) haqiqiy hajmlarini aniqlash;
hisob-kitoblarni amalga oshirishda savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini, shuningdek, nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallarining qo‘llanilishini tekshirish;
soliq to‘lovchi tomonidan soliq organlarining mansabdor shaxslarini sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilayotgan hudud va (yoki) binoga (bundan turar joylar mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilinganda, soliq to‘lovchining banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish choralarini ko‘rish;
soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli hujjatlarga (axborotga) ega bo‘lgan kontragentdan yoki boshqa shaxslardan ushbu hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish.
12. Soliq organlarining mansabdor shaxslari quyidagi majburiyatlarga ega:
soliq tekshiruvi boshlanguniga qadar (nazorat kassa texnikasi va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini tekshirishda — tekshiruv jarayonida) soliq to‘lovchini yoki uning vakilini sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishtirish va buyruq nusxasini uni olganligini tasdiqlovchi imzo qo‘ydirgan holda taqdim etish;
soliq to‘lovchini yoki uning vakilini tekshiruv maqsadi bilan tanishtirish, unga o‘z xizmat guvohnomasi va tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomasini ko‘rsatish;
tadbirkorlik subyektida “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi” mavjud bo‘lgan hollarda, uning elektron yoki qog‘oz shaklini to‘ldirish;
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish vaqtida soliq to‘lovchilarga ularning huquq va majburiyatlarini, shu jumladan, tekshiruv ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi yoki tadbirkorlik subyektlarining boshqa tegishli birlashmalarini jalb qilishga haqli ekanligini tushuntirish;
o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bilan soliq to‘lovchini tanishtirish;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari tekshiruv tamomlangandan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritilishini ta’minlash;
o‘z vakolatlari va tekshiruv buyrug‘ida belgilangan tekshiruv maqsadlari doirasidan chiqmaslik.
Soliq organlarining zimmasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Soliq to‘lovchilar quyidagi huquqlarga ega:
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq nusxasini olish, xodimlarning xizmat guvohnomasi va tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomasi bilan tanishish;
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish jarayonida vakil orqali yoki shaxsan ishtirok etish;
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxsdan “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning elektron yoki qog‘oz shaklini to‘ldirishni talab qilish, to‘ldirishdan bosh tortgan taqdirda esa — o‘zining hududi va binolariga kirishga yo‘l qo‘ymaslik;
sayyor soliq tekshiruvi jarayonini foto va videotasvirga olish;
sayyor soliq tekshiruvi materiallari bilan tanishish va nusxa olish;
sayyor soliq tekshiruvini amalga oshirayotgan soliq organlari mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat qilish;
sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish jarayonida ishtirok etish;
o‘z manfaatlarini shaxsan, soliq maslahatchilari tashkiloti yoki boshqa vakillari orqali himoya qilish.
Soliq to‘lovchilar Soliq kodeksi va soliq to‘g‘risidagi boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan o‘zga huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
14. Soliq to‘lovchilar quyidagi majburiyatlarga ega:
sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan soliq organlarining mansabdor shaxslariga tekshiruv bilan bog‘liq hujjatlar, shuningdek, elektron manbalarda saqlanadigan tegishli axborot bilan tanishish imkoniyatini ta’minlash;
soliq organlarining tekshirish bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarish, ular mansabdor shaxslarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik.
Soliq to‘lovchilarning zimmasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.