5-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan O‘RQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda; № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 47-moddaning oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hisobvaraq-fakturaning shakli va uni to‘ldirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
2) 89-moddaning sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Undirilishi boshqa davlat organlari va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan davlat bojining hamda boshqa yig‘imlarning budjet tizimiga tushumlarini hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
3) 90-moddaning oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq to‘lovchining topshiriqnomasi yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasi bajarilmaganligi (qisman bajarilganligi) to‘g‘risidagi bank xabarnomasining shakli va uni elektron shaklda uzatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
4) 112-moddaning beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq to‘lovchining (soliq agentining) hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish va to‘xtatib turishni bekor qilish to‘g‘risidagi soliq organining qarorlarini bankka elektron shaklda yuborish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
5) 113-moddaning to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq to‘lovchining (soliq agentining) hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror bankka elektron shaklda yuborilganda bank ushbu qarorni olgan sana va vaqt O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda belgilanadi”;
6) 114-moddaning o‘n uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq to‘lovchining mol-mulkini xatlash videotasvirga olingan holda, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmaganda esa — xolislar ishtirokida amalga oshiriladi”;
7) 129-modda uchinchi qismining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3) yakka tartibdagi tadbirkor O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish joyida yoki o‘z yashash joyida”;
8) 134-moddaning:
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan axborotni bank tomonidan ma’lum qilish tartibi va shakllari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq organi tomonidan bankka so‘rov yuborish shakli va tartibi hamda banklar tomonidan soliq organlarining so‘rovlariga ko‘ra axborot taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
9) 138-moddaning yigirma to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kameral soliq tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
10) 139-moddaning:
sakkizinchi qismi chiqarib tashlansin;
to‘qqizinchi qismi sakkizinchi qism deb hisoblansin;
sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
11) 140-moddaning o‘n uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq auditi o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
12) 145-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ko‘zdan kechirish videotasvirga olingan holda amalga oshiriladi, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmaganda esa — xolislar ishtirokida amalga oshiriladi”;
13) 153-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“153-modda. Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligini ta’minlash Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligi videotasvirga olish qurilmalaridan foydalanish vositasida amalga oshiriladi, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmaganda esa — xolislar ishtirokida amalga oshiriladi.
Videotasvirni yozib olish to‘xtovsiz va izchil ravishda olib boriladi. Videotasvir materiallarining ko‘chirma nusxasi soliq to‘lovchiga yoki uning vakiliga soliq nazoratiga oid tadbir tugagach taqdim etiladi.
Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarda videotasvirga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
Qonunchilikda videoyozuv taqiqlangan hollarda yoki videoyozuvga olish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda xolislar soliq nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlarga majburiy tartibda jalb etiladi”;
14) 173-moddaning yettinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq organining talabiga ko‘ra telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali elektron shaklda hujjatlar taqdim etish to‘g‘risidagi talabnomani yuborish va hujjatlarni taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
15) 174-moddaning to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq organi asoslantirilgan fikrining shakli va uni tuzishga doir talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
16) 209-moddaning sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Chet el yuridik shaxslarida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnomaning va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomaning shakli, shuningdek ularni to‘ldirish hamda taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
17) quyidagi mazmundagi 2271-modda bilan to‘ldirilsin:
“2271-modda. Fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni, shuningdek tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish Fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish —
realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”;
18) 248-moddaning uchinchi qismidagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
19) 257-modda uchinchi qismining ikkinchi jumlasidagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
20) 261-modda uchinchi qismining ikkinchi jumlasidagi “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
21) 274-moddaning oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq summalarining o‘rnini qoplash tartibi va shartlari, ushbu moddaga muvofiq kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi, shuningdek chet davlatlar fuqarolariga soliq summalarini qaytarish (TAX FREE) tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
22) 426-modda ikkinchi qismining 12-bandi “ko‘p kvartirali uylar” degan so‘zlardan keyin “va yotoqxonalar” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
23) 483-modda quyidagi mazmundagi o‘n ikkinchi — o‘n beshinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:
“Surxondaryo viloyatining Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod tumanlarida, tog‘li hududlarida va yer maydonlari sho‘rlangan hududlarida davlat ro‘yxatidan o‘tib, yangidan tashkil etilgan va ushbu tumanlarda (hududlarda) o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari (bundan klasterlar mustasno) yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, aylanmadan olinadigan soliqni, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summasini to‘lashdan 2024-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda ozod qilinadi.
Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlarida va yer maydonlari sho‘rlangan hududlarida davlat ro‘yxatidan o‘tib, yangidan tashkil etilgan va ushbu hududlarda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari (bundan klasterlar mustasno) 2021-yil 10-sentabrdan 2024-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi.
Ushbu moddaning o‘n ikkinchi va o‘n uchinchi qismlarida ko‘rsatilgan tog‘li hududlarning hamda yer maydonlari sho‘rlangan hududlarning ro‘yxati xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik hamda parrandachilik xo‘jaliklari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan 2020-yil 1-maydan 2022-yil 1-noyabrga qadar ozod qilinadi. Bunda zarar ko‘rgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik ho‘jaliklarining ro‘yxati xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan tasdiqlanadi”.