3.3 Sayyor soliq tekshiruvi 1. Sayyor soliq tekshruvi to'g'risida umumiy tushuncha Sayyor soliq tekshiruvi — soliq to‘lovchilarning soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash sohasidagi ayrim majburiyatlarini, shuningdek, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarilishini tekshirish;
Soliq organlari sayyor soliq tekshiruvi doirasida quyidagilarni amalga oshiradi:
1.soliq solish ob'ektlarini aniqlash;
2.xronometraj kuzatuvlarini o‘tkazish;
3.nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini tekshirish;
4.soliq to‘lovchi xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish;
5.bozorlar, savdo komplekslari, ularga tutash bo‘lgan avtomobil vositalarining to‘xtash joylarida soliq qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish;
6.savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini tekshirish;
7.soliq to‘lovchidan asosiy vositalar, tovar
8-moddiy boyliklar, pul mablag‘lari va hisob-kitoblarni soliq to‘lovchi (soliq agentlari) tomonidan xatlovdan o‘tkazishni talab qilish.
Sayyor soliq tekshiruvida hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy boyliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq to‘lovchilardan sayyor soliq tekshiruvi predmetiga aloqasi bo‘lmagan hujjatlarni (axborotni) talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Sayyor soliq tekshiruvi o‘n ish kunigacha bo‘lgan muddatda o‘tkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha soliq organlari tomonidan soliqlar va yig‘imlarni hisoblash amalga oshirilmaydi. Bunda, sayyor soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha olingan hujjatlar va axborotlar kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda foydalanilishi mumkin.
Sayyor soliq tekshiruvi quyidagi asoslar bo‘lganda o‘tkaziladi:
1.«Tahlika-tahlil» dasturiy mahsuloti natijasiga ko‘ra aniqlangan, yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub bo‘lmagan soliq to‘lovchilar (soliq agentlari)
2.faoliyatidagi soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud bo‘lganda;
3.jismoniy va yuridik shaxslardan, shuningdek, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan soliq to‘lovchilar faoliyatida soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlari to‘g‘risida murojaatlar kelib tushganda, bundan anonim murojaatlar mustasno;
4.ommaviy axborot vositalarida soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar e'lon qilinganda;
5.kameral soliq tekshiruvi jarayonida aniqlangan tafovut va xatolarni soliq organi joylashgan joydan tashqarida o‘rganish zarurati yuzaga kelganda.
Sayyor soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Buyruqda soliq to‘lovchining nomi, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, tekshiruvni o‘tkazish muddati va maqsadi ko‘rsatiladi.
Sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish uchun soliq organining ikki yoki undan ortiq mansabdor shaxslari jalb etilgan taqdirda, buyruqda bir nafar xodim tekshirishda vazifalarni taqsimlash bo‘yicha guruh rahbari etib belgilanadi.
O‘tkaziladigan sayyor soliq tekshiruvlari Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan holda «Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi» to‘ldirilganidan so‘ng o‘tkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasiga «Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi»ning to‘ldirilgan shakli (qog‘oz shakli to‘ldirilganda — elektron shakli to‘ldirilmaganligi sababi) yoki kitob taqdim etilmaganda — uning taqdim etilmaganligi to‘g‘risida tekshiruvchi tomonidan tegishli yozuv kiritiladi.
Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxs «Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi»ni to‘ldirishdan bosh tortgan taqdirda, soliq to‘lovchi o‘zining sayyor soliq tekshiruvidan o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka haqli.
O‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari soliq organlari tomonidan tekshiruv tamomlangandan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.
Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilgan sana ushbu tekshiruvni o‘tkazish muddatining boshlanishi deb hisoblanadi.
Sayyor soliq tekshiruvi jarayonida soliq organi soliq kodeksining 145 va 148-moddalarida belgilangan tartibda soliq to‘lovchining binolari va hududlarni ko‘zdan kechirishga hamda hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yishga haqli. Bunda, ushbu tadbirlar xolislar ishtirokida amalga oshiriladi.