14-modda. Bojxona organlarining xodimlari Bojxona organlarida xizmat qilayotgan, maxsus unvon berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bojxona organining xodimidir.
Bojxona organlari xodimlarining formali kiyim-bosh namunalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Bojxona organi xodimiga xizmat guvohnomasi va shaxsiy raqamli jeton beriladi.
Bojxona organining xodimi xizmatni o‘tash davrida siyosiy partiyalar a’zosi bo‘la olmaydi.
15-modda. Bojxona organi xodimining qasamyodi Bojxona organlaridagi xizmatga qabul qilingan fuqaro quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
Oldingi tahrirga qarang. “Men, (familiyasi, ismi, otasining ismi), bojxona organi xodimi vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligiga so‘zsiz rioya etishga, uning iqtisodiy xavfsizligini himoya qilishga, o‘z xizmat majburiyatlarimni vijdonan bajarishga qasamyod qilaman”.
16-modda. Bojxona organlari xodimlariga maxsus unvonlar berish, bu unvonlarni pasaytirish va ulardan mahrum qilish Bojxona organlari xodimlariga quyidagi maxsus unvonlar beriladi:
serjantlar tarkibi — bojxona xizmati kichik serjanti, bojxona xizmati serjanti, bojxona xizmati katta serjanti;
ofitsyerlar tarkibi:
kichik ofitsyerlar tarkibi — bojxona xizmati leytenanti, bojxona xizmati katta leytenanti, bojxona xizmati kapitani;
katta ofitsyerlar tarkibi — bojxona xizmati mayori, bojxona xizmati podpolkovnigi, bojxona xizmati polkovnigi;
generallar tarkibi — bojxona xizmati general-mayori, bojxona xizmati general-leytenanti, bojxona xizmati general-polkovnigi.
Bojxona organlarining serjantlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga ularni lavozimga tayinlash bilan bir vaqtda “kichik serjant” maxsus unvoni beriladi.
Bojxona organlarining ofitsyerlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga ularni lavozimga tayinlash bilan bir vaqtda “katta serjant” maxsus unvoni berilib, ular bu unvonda dastlabki sinov muddati tugab, birinchi ofitserlik unvoni berilguniga qadar xizmat qiladi.
Bojxona organi xodimining dastlabki sinov muddati uch oyni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasidagi ofitsyerlar bo‘lgan va bojxona organlarining ofitsyerlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga mavjud harbiy unvoniga teng maxsus unvon beriladi.
Bojxona organlarining katta ofitsyerlar tarkibigacha bo‘lgan maxsus unvonlar, shu jumladan katta ofitserlik unvonlari ham O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i bilan beriladi.
Ayrim hollarda, ilmiy darajasi yoki faoliyatning tor ixtisoslik turlari bo‘yicha ko‘p yillik stajga va ish (xizmat) tajribasiga ega bo‘lgan fuqarolarni bojxona organlarining ofitsyerlar tarkibi lavozimlariga tayinlash chog‘ida ularga birinchi unvon sifatida “mayor” maxsus unvonigacha bo‘lgan unvon, shu jumladan “mayor” maxsus unvoni ham berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, qarori, farmoyishi asosida yoki uning roziligi bilan generallar tarkibi lavozimlariga bojxona organlaridagi xizmatga yuborilgan, maxsus, harbiy va boshqa unvoni bo‘lmagan shaxslarga “polkovnik” maxsus unvonigacha bo‘lgan unvon, shu jumladan “polkovnik” unvoni ham berilishi mumkin.
“Leytenant” maxsus unvoni quyidagilarga beriladi:
bojxona organlarining ofitsyerlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan, sinov muddatini muvaffaqiyatli o‘tagan shaxslarga;
bojxona organlarining serjantlar tarkibidan ofitsyerlar tarkibi lavozimlariga tayinlangan shaxslarga;
Oldingi tahrirga qarang. Bojxona instituti bitiruvchilariga.
Bojxona organlari generallar tarkibining maxsus unvonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi.
Maxsus unvonda xizmatni o‘tash uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:
“kichik serjant” — ikki yil;
“serjant” — ikki yil;
“katta serjant” — muddatsiz;
“leytenant” — ikki yil;
“katta leytenant” — ikki yil;
“kapitan” — uch yil;
“mayor” — to‘rt yil;
“podpolkovnik” — besh yil.
“Polkovnik” va undan yuqori maxsus unvonlarda xizmatni o‘tash muddatlari belgilanmaydi.
Navbatdagi maxsus unvonlar ushbu moddaning o‘n birinchi qismi bilan belgilangan xizmat muddatini o‘tagan bojxona organlari xodimlariga, ular egallab turgan lavozim bo‘yicha nazarda tutilgan unvonga muvofiq beriladi.
Tegishli maxsus unvonda bo‘lishning belgilangan muddati o‘tgan bojxona organi xodimi ilgari egallab turgan lavozimidan yuqori maxsus unvonni nazarda tutadigan lavozimga o‘tkazilayotganda navbatdagi maxsus unvonni berish uchun taqdim etiladi.
Bojxona organi xodimining maxsus unvoni pasaytirilgan taqdirda, uning avvalgi unvoni qayta tiklanguniga qadar o‘tagan xizmat muddati navbatdagi unvonni berish muddatiga qo‘shilmaydi.
Xizmat majburiyatlarini namunali bajarayotgan, xizmat burchini bajarishda fidoyilik va qahramonlik ko‘rsatgan bojxona organlari xodimlariga bojxona organlari ofitsyerlar tarkibining maxsus unvonini muddatidan ilgari berish tarzida yoki egallab turgan lavozimi bilan nazarda tutilganidan bir pog‘ona yuqori navbatdagi maxsus unvon berish tarzida rag‘batlantirish chorasi ularning bojxona organlaridagi butun xizmati davrida faqat bir marotaba qo‘llanilishi mumkin.
Bir vaqtning o‘zida muddatidan ilgari maxsus unvon hamda egallab turgan lavozimi bilan nazarda tutilganidan bir pog‘ona yuqori navbatdagi maxsus unvon berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Pensiya olish huquqini, shuningdek navbatdagi maxsus unvonni berish imkonini beradigan xizmat yillariga ega bo‘lgan, egallab turgan lavozimi bo‘yicha eng yuqori maxsus unvoni “kapitan” etib belgilangan, ishda ijobiy tavsiflanadigan bojxona organlarining ofitsyerlar tarkibidagi xodimlariga xizmatdan bo‘shatish bilan bir vaqtda “mayor” maxsus unvoni berilishi mumkin.
Bojxona organlari xodimlariga navbatdagi maxsus unvonlarni berish quyidagi hollarda kechiktiriladi:
xodim O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi ixtiyorida bo‘lganda;
xodimda amaldagi intizomiy jazo chorasi mavjud bo‘lganda;
xodim navbatdagi attestatsiyadan shartli ravishda o‘tganida;
xodimga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganda;
xodim egallab turgan lavozimidan intizomiy jazo chorasi sifatida ozod etilganda va boshqa lavozimga o‘tkazilganda — lavozimidan ozod etilgan kundan e’tiboran bir yil davomida.
Bojxona organlarining ofitsyerlar tarkibidagi xodimlariga maxsus unvonini bir pog‘ona pasaytirish tarzidagi intizomiy jazo berilishi mumkin. Bunda pasaytirish “leytenant” maxsus unvonigacha amalga oshirilishi mumkin. Maxsus unvonni pasaytirish tarzidagi intizomiy jazo berish faqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Bojxona organi xodimining avvalgi unvoni tiklanguniga va unga navbatdagi unvon berilguniga qadar maxsus unvonni takroran pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Maxsus unvoni pasaytirilgan bojxona organi xodimining avvalgi unvoni, egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, unvoni pasaytirilgan kundan e’tiboran bir yil o‘tgach O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi tomonidan tiklanishi mumkin.
Bojxona organlarining generallar tarkibidagi xodimlarining maxsus unvonlarini pasaytirish va tiklash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
Maxsus unvoni pasaytirilgan va so‘ngra tiklangan bojxona organi xodimining maxsus unvondagi xizmat muddati, unvoni pasaytirilguniga qadar o‘tgan xizmat muddati bilan qo‘shib hisoblanadi.
Yuqori yoki teng lavozimga vazifani bajaruvchi etib tayinlangan bojxona organlari xodimlariga ular vazifani bajaruvchi etib tayinlanguniga qadar egallab turgan lavozimiga muvofiq maxsus unvonlar beriladi.
Bojxona organlari xodimlari ilgari egallab turgan lavozimlarning shtat jadvalidagi o‘zgarishlar (shtatlar qisqarishi, unvonlar ko‘tarilishi yoki pasaytirilishi) ular vazifani bajaruvchi etib tayinlanganidan yoki o‘qishga kirganidan so‘ng inobatga olinmaydi.
Boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yoki maxsus unvonlar va darajalar mavjud bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zga organlardan bojxona organlaridagi xizmatga o‘tkazilgan shaxslarga maxsus unvonlar, egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi tomonidan beriladi.
Bojxona organi xodimiga navbatdagi maxsus unvonni berishda avvalgi ish joyidagi unvonda xizmatni o‘tagan davri inobatga olinadi.
Bojxona organlarining maxsus unvonlar berilgan xodimlariga xizmat qilgan yillari uchun foizli ustamani belgilashda avvalgi ish joyidagi (foizli ustamani to‘lash uchun belgilangan) xizmat yoki mehnat staji inobatga olinadi va mazkur davr bojxona organlaridan bo‘shatilgan taqdirda pensiya tayinlash chog‘ida umumiy xizmat stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Sudning hukmi asosida maxsus unvonlardan mahrum qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Maxsus unvonni qayta tiklash to‘g‘risida sudning qarori qabul qilingan bo‘lsa, maxsus unvon O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i bilan tiklanadi.