Muloqot qilish falsafasi
Bola bilan kichkinalarga mo‘ljallangan oddiy dastur bo‘yicha shug‘ullanganda, tabiiyki uning ahvolini ham inobatga olish kerak. Defektologlar quyidagi tamoyilga asoslanishadi: bolaning funksiyalari uyg‘unlikda, ammo aniq muddatga bog‘lanmagan holda rivojlanishi kerak. Shuning uchun yutuqlar ortidan quvmang, bolaga keragidan ortiq aqliy va jismoniy mehnatni yuklasangiz, qadam-baqadam uni oldinga harakat qildirish o‘rniga, uning noroziligini keltirib chiqarishingiz mumkin. Buning natijasida biroz vaqtdan so‘ng shunchaki yaqinlashishga harakat ham unda affektiv javobni uyg‘otadigan bo‘ladi. Aksar hollarda bunday vaziyat shaharlik bolalarda yuz beradi, chunki katta shaharning tezkor maromida yashovchi ota-onalar sabrsiz bo‘lib, o‘z istak-xohishlari bilan bolaning imkoniyatlarini taqqoslashmaydi. Ko‘p hollarda esa, oddiy qishloq ayolining farzandi nazariy tomondan bilimdonroq bo‘lgan shaharlik ayolning bolasiga qaraganda yaxshiroq rivojlanadi. Bamaylixotir hayot tarzi, bola bilan sabr-toqatli muomala qilish, ma’naviy oqillik kitoblardan olingan sxolastik bilimlarga qaraganda ko‘proq foyda keltiradi shekilli. Agar yaxshi natijaga erishishni istasangiz, o‘z farzandingizga nisbatan juda e’tiborli bo‘lishingiz, u siz bilan muloqotga kirishishga tayyor bo‘lgan paytni, sizdan yordam kutayotgan vaqtni anglab yeta olishingiz kerak. Farzandingiz bilan doim birga, ammo biroz oldinroqda borish zarur. Uning qurbi yetadigan darajada va biroz ko‘proq harakat qilishga undashingiz lozim. Ammo ko‘proq ikki pog‘onaga emas, balki yarim pog‘onagacha ko‘tariling.
Harakat dasturi
Zarur adabiyotlar va sizga yordami tegadigan mutaxassislar doirasini belgilab olganingizdan keyin mashg‘ulotlarni boshlab yuboring. Buning uchun har kuni muayyan bir vaqtni tanlang. Bu soatlarda telefonni o‘chirib qo‘yish, eshiklarni yopib qo‘yish zarur. Har bir daqiqani xoh u uqalash bo‘lsin, xoh gimnastika yoki rivojlantiruvchi mashqlar bo‘lsin farzandingizga to‘liq bag‘ishlash juda muhim. Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi kichkina insonga atrof-muhitga asta-sekinlik bilan moslashishiga yordam berishdan iborat. Buning uchun sensor qabul qilish (ko‘rish va eshitish qobiliyatlari), motor ko‘nikmalari (harakat) va nutqni (bunga emotsiyalar va muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish kiradi) rivojlantirish zarur.
Shu tarzda siz asta-sekinlik bilan bolani passiv holatdan olib chiqib, o‘yinchoqlarni kuzatishga, diqqat-e’tiborni atrofdagi predmetlarga qaratishga undaysiz. Boshini ushlab turishi qiyin bo‘lsa ham, har kuni uni qorniga yotqizib qo‘yib, uqalash ishlarini va mashqlarni bajaring, ammo bunda u charchab qolmasligi kerak. Ta’kidlash joizki, bunday bolalarga istalgan yoshda suvda suzish juda foydali. Asta-sekinlik bilan siz bolaning faolligi oshayotganini sezasiz. Endi u o‘yinchoqlarni shunchaki kuzatib qolmasdan, ularga qo‘llarini cho‘zadi, ushlab ko‘radi.
Do'stlaringiz bilan baham: |