Dasturchi sifatida ishga kirish borasida ba'zi maslahatlar
Boburmirzo HamraqulovNovember 21, 2021
Men hozirda Epam Systems kompaniyasida Python Web yo'nalishida Senior dasturchiman. IT sohasida yaxshiroq kompaniyalarga ishga kirishda o'z tajribamdan o'tgan hamda o'zim foydali deb hisoblagan ba'zi maslahatlarni keltirib o'tmoqchiman. Albatta bularning ko'pidan allaqachon xabardor bo'lishingiz ham mumkin, unday bo'lsa bu ma'lumotlar undan bexabarlar uchun.
Maxsus tayyorlarlik ko'ring
Avvaldan ishga topshirish kuningizni belgilang, bir oydan kam bo'lmagan muddat bo'lsin. Chunki dasturchi zoti uchun eng kuchli motivatsiya bu deadline (so'nggi muddat) qo'yilishi. Bundan tashqari ishga topshirish oldidan tayyorlanish uchun huddi imtihonga tayyorlanganday alohida vaqt ajrating, chunki dasturchilikni o'rganish boshqa, dasturchi bo'lib ishga kirishga tayyorlanish boshqa.
Tayyorlanish uchun nimalar qilish kerak? O'z sohangiz bo'yicha nazariy bilimlaringizni mustahkamlang, darajangiz bo'yicha mavzularni ko'rib chiqing, umumiy ma'lumotlar tuzilmalari va algoritmlarni o'rganing, har kuni dasturlashga oid masalalar ishlang. Yana biror tanishingiz bilan ishga kirish suhbatini mashq qilsangiz ham bo'ladi.
Bittadan ko'p joyga teng topshiring
Qachon ishga topshirishni aniq qilib olganingizdan so'ng o'zingiz ishlashni xohlagan kompaniyalardan bir nechtasini tanlab oling, shunda ishga kirish ehtimolingiz ortadi. O'zingizga qanchalik ishonmang, suhbatda nima so'ralishi, qanchalik bilimingizni ko'rsata olishingiz va suhbat natijasi qanday bo'lishini hech kim oldindan aytib berolmaydi. Shunda siz ishga topshirayotgan kompaniyalar soni bittadan ko'p bo'lsa, biri o'xshamasa boshqasi o'xshab qolishi mumkin.
Buning yana bir plus tarafi, agar bittadan ortiq joydan ish taklifi tushsa, maosh masalasini kelishishda bundan foydalanishingiz mumkin. O'zimda shunday bo'ldi. Bu haqida quyiroqda o'qishingiz mumkin.
Vakansiyalarni ko'rib chiqing
Siz tanlagan kompaniyalarning soha va darajangizga mos vakansiyalari bilan tanishib chiqing. Odatda ularni kompaniya saytidan yoki ish bo'yicha e'lonlar orasidan topishingiz mumkin. U yerdagi ma'lumotlar sizga qaysi sohalar bo'yicha tayyorlanishingiz kerakligi, ishga kirgach nimalar qilishingizni aniqlashda yordam beradi. Kutilayotgan maosh miqdori haqida ham ma'lumot berilgan bo'lishi mumkin.
Bundan tashqari rezyumeingizni ish bo'yicha keltirilgan talablarga moslab tayyorlash ham qattiq tavsiya etiladi, sababi sizning rezyumeingizni birinchi bo'lib ko'rib chiqadigan rekruiterlar asosan sizni vakansiyaga qay darajada mosligingizni tekshirib chiqadi va shunga qarab sizni suhbatga chaqirishlari yoki chaqirmasliklari mumkin.
Insayderlar toping
Tanlagan kompaniyalaringizda sizning yo'nalishingizda ishlaydiganlarni izlab toping. Tanishlaringiz orasida bo'lmasa unda Linkedin, Telegramdagi dasturchilar guruhlaridan topisangiz ham bo'ladi. Keyin ulardan ishga kirish jarayoni haqida batafsil so'rab oling. Agar omadingiz kelsa, ular sizga suhbatda ulardan nimalar so'ralgani, nimalarga tayyorlanish kerakligi haqida aytib berishlari mumkin.
Masalan men o'zim topshirgan kompaniyalarda ishlaydigan tanishlarimdan suhbat jarayonida qanday savollar tushgani yoki tushishi mumkinligi haqida so'rab olganman va buning juda katta foydasi tegdi, chunki bo'ladigan suhbatni oldindan tasavvur qilib, shunga mos tayyorlandim.
Sizni tavsiya qilishlarini so'rang
O'sha kompaniyalarda ishlaydigan tanishlaringizdan sizni "refer" (tavsiya) qilishlarini so'rang. Buning ijobiy taraflari ko'p:
Birinchidan, sizning rezyumeingiz to'g'ridan-to'g'ri kompaniyaning ichki tizimiga tushadi va rekruiterlar qisqa vaqt ichida siz bilan bog'lanishi ehtimoli yuqori bo'ladi. Sababi, o'sha tanishingiz tavsiyasi tufayli rekruiterlarda sizning bilimingizga bo'lgan ishonch kuchliroq bo'ladi.
Ikkinchidan, odatda katta kompaniyalar o'z xodimlari tomonidan tavsiya qilinganlardan birortasi ishga olinib, sinov muddatidan yaxshi o'tsa, tavsiya qilgan xodimga qo'shimcha bonus beriladi. Bu degani tanishingiz uchun ham manfaatli bo'ladi.
Suhbatlarda eng ko'p so'raladigan savollarni ko'rib chiqing
Topshirayotgan darajangiz va sohangizga oid, intervyularda eng ko'p so'raladigan savollarni topib tayyorlaning. Odatda to'g'ridan-to'g'ri o'sha savollar so'ralmasada, suhbatdan oldin repititsiya qilib olishga yordam beradi, kuchsiz tomoningizni aniqlab olish uchun ham bu juda foydali.
Til biling
Bunisi aslida eng muhimi, agar siz xalqaro kompaniyalarga topshirayotgan bo'lsangiz. Ingliz tili darajangiz kamida intermediate (IELTSda 5.5-6 yoki CEFRda B1-B2) yoki undan yuqori bo'lishi kerak. O'zimizdagi kompaniyalarning ko'pida esa rus tilini bilish muhim, ingliz tili esa texnik xujjatlarni tushunish darajasida bo'lishi kerak. Shu tufayli dasturlash sohasiga endi kirayotganlar "qaysi dasturlash tilini birinchi o'rganay?" deb savol so'rashsa ingliz tilini deb javob bergan bo'lardim.
Menda ishga kirish jarayoni qanday bo'ldi?
Yuqorida keltirilgan maslahatlar quruq bo'lib qolmasligi uchun ishga kirish borasidagi o'z tajribam haqida aytib bermoqchiman. Dasturlashga oid atamalar ma'nosi tushunarsiz bo'lib qolmasligi uchun tarjima qilinmadi.
Tayyorgarlik
Ishga topshirishdan oldin tayyorlanishni avgust oyidan boshladim. U paytlarda frilanser dasturchi edim, ya'ni bir nechta loyihalar olib soatbay asosida ishlardim. Ishga topshirishga sentyabr oyi oxirlarini mo'ljalladim, sentyabr boshidan esa hamma ishimni yig'ishtirib intensiv tayyorlana boshladim.
Asosan Python bo'yicha Dan Baderning "Python tricks" kitobini o'qidim, realpython.com saytidan esa qiyin (advanced) mavzular haqida maqolalarni ko'rib chiqdim, leetcode.com saytida masalalar ishladim. Yana "Elements of Programming Interviews in Python" va "Cracking the coding interview" kitoblarini boshlaridan biroz o'qidim.
Ishga topshirish
Sentyabr o'rtalariga kelib tanishlarim orqali Epam va Exadelga topshirdim. Bir hafta ichida rekruiterlar aloqaga chiqishdi va birinchi bosqich hisoblangan HR suhbat (HR interview) kunini belgiladik. 2la kompaniyada suhbat jarayonlari o'xshash bo'lgani uchun bitta qilib yozib ketaman.
1-suhbat: HR interview
HR intervuda HR (kadrlar bo'limi) xodimi bilan 30-60 minutlik suhbat bo'ldi, suhbat to'liq ingliz tilida (chunki og'zaki rus tilim chatoq edi), asosan ish tajribam, men ishlagan proektlar, qanday texnologiyalarni ishlatganim, bilishim haqida bo'ldi. Bu suhbatdan maqsad nomzod rezyumesi qay darajada rostligi, nomzodning vakansiya va kompaniyaga qanchalik mos kelishini tekshirish, ishonch hosil qilish, nomzodning kompaniyadan nima va taxminan qanday maosh kutayotganini aniqlash.
2-suhbat: Technical interview
HR suhbatdan bir haftalar o'tgach texnik suhbat uchun taklif oldim. Tanishlarim meni senior dasturchilikka nomzodimni ko'rsatishgani uchun bu suhbatda qiyin (advanced) mavzularda savollar so'rashdi, maslan GIL, multithreading, multiprocessing, asynchronious programming, race conditions, multiple inheritance, decorators, testing, Scrum, CI/CD kabilar. Oldindan bu mavzularga tayyorlanganligim uchun uncha qiyin bo'lmadi. Agar siz senior dasturchi sifatida suhbat qilinayotgan bo'lsangiz sizdan system designdan keys hamda SDLC (Software development lifecycle) bo'yicha jamoada qanday uslub (masalan Agile, Scrum, Kanban)da ishlaganingiz haqida ham savollarga tayyor turing.
Kod yozishdan masala qismida "Cracking the coding interview" kitobining boshlanishida o'qiganlarim qo'l keldi, ya'ni masalani yechishda avval yechish yo'lini tushuntirish, keyin kallaga eng tez keladigan yechim (brutefore) dan boshlab sekin asta optimallashtirib borish va buni sizdan suhbat olayotgan odamga aytib turish.
Exadelda texnik suhbatda Pythondan tashqari Postgresql, REST API, design patterns, Unit test and test coverage, architectural patterns kabi mavzularda savollar bo'ldi. Masala ishlash qismida rekursiv funksiya bilan ishlash kerak bo'lgan masala tushdi, qanday ishlash mumkinligini tushuntirdim, kodni yozish qismida esa suhbat vaqti tugab qolgani uchun elektron pochta orqali javobini yuborishimni aytishdi. Masalani ishlashga yarim soatdan ko'proq vaqt sarflab qo'ydim, shu tomoni katta minus bo'ldi deb o'ylayman.
3-suhbat: Offer interview (Manager interview)
Epamda texnik suhbatdan 5 kun o'tib Epamdagi rekruiter mendan suhbat olgan odamda ijobiy taassurot qoldirganimni, meni Senior dasturchi sifatida baholaganini aytdi va menedjer bilan suhbatga taklif etdi. Bu suhbat ishga taklif uchun suhbat va unda maosh masalasi kelishiladi. Menedjer kompaniya haqida, undagi ish jarayoni va qo'shimcha imkoniyatlar haqida gapirib berdi va suhbat oxirrog'ida qancha ish haqi kutayotganimni so'radi. Oldindan aytishni rejalashtirib turgan summamga biroz qo'shib aytdim, menedjer esa boshqalar bilan maslahatlashib ko'rishini va o'zlari taklif bilan chiqishlarini aytdi.
Ishga taklif
Ertasiga Epamdan Senior dasturchi lavozimiga men ularga aytgan summaga taklif oldim. Exadelda esa oddiy (middle) dasturchilikni va (x deylik) maosh taklif qilishdi, menimcha bunga masala ishlashda ko'proq vaqt sarflab qo'yganim yoki Python bo'yicha umumiy ish tajribam kamligi bo'lsa kerak deb o'yladim. Chunki rezyumeimda 1 yildan ortiq Python dasturchi bo'lib ishlaganimni yozganman, qolgan qismida PHP dasturchi bo'lganim haqida yozilgan edi.
Keyin Exadel HR menedjeriga "boshqa kompaniya sizlarga qaraganda yaxshiroq lavozim va 1.5x maosh taklif qilyapti" dedim. Ertasiga HR menedjer yana aloqaga chiqdi va avvalgi lavozim (middle)ga 1.4x(!) maosh taklif qildi. Ochig'i kutmagandim, chunki yangi taklif qilinayotgan maosh Epamda seniorlikka taklif etilayotgani bilan deyarli teng edi. Ya'ni bir xil maoshga nisbatan ma'suliyati kamroq ish. Balki Epam menedjeriga kamroq summa aytgandirman, ammo o'sha summa ham ishga topshirishimdan oldin frilanser dasturchi sifatida topayotganimdan 4-5 barobar ko'p edi.
Taklif etilayotgan ish haqlari teng bo'lishiga qaramay, balandroq lavozimning keyingi ishlarimga ko'proq foydasi tegadi deb birinchi kompaniyani, Epamni tanladim.
Rad etilganim
O'sha kunlarda yana bir qiziq voqea bo'ldi, tepadagi kompaniyalarga ishga topshirayotgan paytimda Booking.com kompaniyasiga ham junior dasturchilikka topshirib ko'rgan edim. Resume screening (rezyumeni avtomatik tahlil qilish) va onlayn masala ishlash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o'tganimdan so'ng HR bilan suhbatga taklif oldim. Boshqa kompaniyalar bilan suhbat jarayonlari ijobiy ketayotgani uchun bu suhbatga jiddiy tayyorlanmay qatnashdim. Natijada mening nomzodim hali texnik suhbatga ham yetib bormay rad etildi. Ular meni juniorlikka ham loyiq ko'rishmadi))
@bzimoruz
Do'stlaringiz bilan baham: |