Shiyponning o‘ng tomoni katta gulzor. Atrofiga jambil, rayhon o‘rtasiga anvoyi xil rangdagi atirgullar ekilgan. Choyxonaga kelgan kishi bir nafas gulzor yonida turib, rayhonlarni silkitishdan, to‘yib-to‘yib hidlashdan o‘zini tiyib turolmaydi. Shu zaylda rayhonlar ertayu kech tinim bilmay silkinadi. Rayhon hidini butun tolzor bo‘ylab taratib, dimog’larni chog‘ qiladi. Gul shaydosi Orif otaning-ku, ertayu kech chakkasida rayhon. Tong pallasida bir dastasini do‘ppi tagidan qistirib olganicha, yostiqqa bosh qo‘yadi-yu, rayhonni yoniga tashlaydi. Hidi kelib turmasa ishidan yanglisharmish, uyqusi qocharmish. Orif ota gullar ta’rifini hikoya qilguday bo‘lsa, hamsuhbatining og‘zini ochirib qo‘yadi. Bitta rayhonning necha turini sanab, biridan birining farqini aytib beradi. Uning nazarida, gullar ichida, nainki gullar, jamiki nabodot olamida rayhondek xushbo‘yi yo‘qmish. Huda-behudaga so‘lib, qurimaydi. Dimog‘ingni chog‘ qilsa, oshingni xushta’m qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |