Toshko`mir smolasi tarkibida 400 dan ortiq aromatik va geterosiklik birikmalar mavjud bo`lib, uning tarkibidagi organik birikmalar fraksiyalarga bo`lingan holda ajratib olinadi:
Birinchi fraksiya (yengil moy fraksiyasi 170 0C gacha) undan benzol, toluol, ksilol, tiofen, uglerod sulfid, piridin va boshqa mahsulotlar olinadi.
Ikkinchi fraksiya (fenol fraksiyasi 170–210 0C) undan fenol, krezollar, naftalin, inden, kumaron, tarkibida azot va oltingugurt bo`lgan mahsulotlar olinadi.
Uchinchi fraksiya (naftalin fraksiyasi 210–230 0C) undan naftalin, metilnaftalin, tionaftalin, indol va boshqa mahsulotlar olinadi.
To`rtinchi fraksiya (yutib olish fraksiyasi 230–270 0C) undan naftalinning hosilalari atsenaften, fluoren, indol va boshqa mahsulotlar olinadi.
Beshinchi fraksiya (antratsen fraksiyasi 270–360 0C) undan antratsen, fenantratsen, karbazol, parafin va boshqa mahsulotlar olinadi.
Oltinchi fraksiya (toshko`mir pech fraksiyasi 360 0C dan yuqori) undan parafinlar, piren, xrizen va boshqa mahsulotlar olinadi.
Qoramoy–smola haydalgandan keyin qolgan quyuq qora massadan elektrodlar va tomga yopiladigan tol tayyorlash uchun foydalaniladi.
Qishloq xo`jaligida yetishtiriladigan hamma mahsulotlar organik birikmalarning asosiy manbalaridan hisoblanadi.
O`zbekiston paxta, xom ipak, lub ekinlar, qorako`l teri va guruch yetishtirishda dunyoda yetakchi o`rinlardan biri egallaydi.
Kletchatka (sellyuloza) moddasi paxta tolasining 90–92 % ini, kraxmal donlarining 65–75 % ini, saxaroza qandlavlagining asosini tashkil qiladi. Yetishtirilayotgan poliz ekinlari, bog`dorchilik mevalari tarkibida organik kislotalar, uglevodlar, vitaminlar va boshqa organik birikmalar mavjuddir. Masalan, olmada olma kislotasi, limonda limon kislotasi bilan limonen terpen uglevodorodi, uzumda glyukoza, uzum kislota va boshqa organik moddalar mavjud.
O`rmon xo`jaligi mahsuloti bo`lgan daraxtlarning yog`och qismini maydalab quruq haydash natijasida metil spirt (yog`och spirti), atseton, sirka kislota, fenollar, furfurol va boshqa organik moddalar olinadi. O`rmon atroflarida bitmas–tuganmas boylikka ega bo`lgan shifobaxsh o`simliklar o`sib yotadi. Ularning bargi, guli, mevasi, urug`i, po`stlog`i va ildizlaridan dori–darmon sifatida foydalaniladi. Bundan tashqari, ulardan biologik faol organik birikmalar, efir moylari, yog`lar, oqsillar, uglevodlar, terpenlar, glikozidlar, alkaloidlar, vitaminlar ajratib olinadi.
Yuqorida aytib o`tilgan manbalardan tashqari organik moddalar manbalariga hayvonot olami, suv osti o`simliklari va hayvonlari ham kiradi. Ulardan oqsillar, vitaminlar, azot va galogenli organik moddalar olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |