Uglevodorodlarni aromatizatsiyalash, ya`ni parafinlar va sikloparafinlarni aromatik uglevodorodlarga aylantirish muhim katalitik jarayon hisoblanadi. Neft mahsulotlarining og`ir fraksiyalari katalizator ishtirokida (Pt yoki Mo) qizdirilganda molekulasida 6–8 ta uglerod atomlari bo`ladigan uglevodorodlar aromatik uglvevodorodlarga aylanadi. Bu jarayonlar riformingda (benzinlarni boyitishda) sodir bo`ladi.
Keyingi yillarda yoqilg`i va moylar ishlab chiqarish ko`payishi bilan bir qatorda neft uglevodorodlaridan kimyoviy xomashyo manbai sifatida ham ko`p foydalanilmoqda. Ulardan turli usullar bilan plastmassalar, sintetik tola, sintetik kauchuk, spirtlar, kislotalar, sintetik yuvish vositalari, portlovchi moddalar, zahar–ximikatlar, sintetik yog`lar ishlab chiqarish uchun zaruriy moddalar olinmoqda.
Mamlakatimizda tabiiy gaz sanoati yildan yilga rivojlanib bormoqda. Ustyurt platosi, Buxoro–Xiva, Janubiy–G`arbiy Hisor, Surxondaryo va Farg`ona mintaqalarida ko`plab gaz konlari qidirib topilgan. Bu gaz konlaridagi gazning hajmi 2 trillion kubometrga yetadi. Respublikamizda ikkita tabiiy gazni qayta ishlash zavodi (Sho`rtan va Muborak) ishlab turibdi.
O`zbekistonda gaz sanoatining rivojlanishi ko`plab shahar va qishloqlarni gaz bilan ta`minlash, o`nlab sanoat korxonalarini gaz bilan ishlashga o`tkazish, bir necha issiqlik elektr stansiyalari qurish imkonini berdi. O`zbekiston gazi gaz quvurlari orqali qo`shni mamlakatlarga ham yetkazib berilmoqda.
Tabiiy gaz tarkibida molekulyar massasi kichik bo`lgan uglevodorodlar bo`ladi. Uning hajmiy jihatdan taxminiy tarkibi 80–98 % metan, 2–20 % uning eng yaqin gomologlari etan, propan, butan va ozroq miqdorda aralashmalar–H2S, N2, nodir gazlar, CO2 va suv bug`laridan iborat bo`ladi.
Odatda neftda erigan holda bo`ladigan va uni qazib olishda ajralib chiqadigan yo`ldosh gazlar ham tabiiy gazlar jumlasiga kiradi. Yo`ldosh gazlar tarkibida metan kamroq, lekin etan, propan, butan va yuqori uglevodorodlar bo`ladi. Bundan tashqari, ular tarkibida neft konlariga aloqador bo`lmagan boshqa tabiiy gazlardagi kabi qo`shimchalar, chunonchi: H2S, N2, nodir gazlar, suv bug`lari, CO2 bo`ladi.
Tabiiy gazdan issiqlik berish xususiyati yuqori bo`lgan (1m3 gaz yoqilganda 54400 kJ gacha issiqlik chiqadi) arzon yoqilg`i sifatida ishlatiladi. Bundan tashqari, tabiiy gazlar kimyo sanoati uchun qimmatli xomashyo hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |