P.J.Prudon g’oyalari. P Pyer Jozef Prudon (1809-1865).
rudonizm Per Jozef Prudon (1809-1865) - fransuz publisti, mayda ishlab chiqarish nazariyotchisi, kambag’al kosib oilasida tug’ilgan. Moddiy jihatdan nochorligi sababli kolejdagi o’qishni tugatmagan, sherik hamkorining mablag’i hisobiga kichik bir bosmaxonani ishlatib, zo’r berib o’z ma’lumotini oshirish bilan shug’ullangan. Ilmu-fanni o’rganishni avvalo muhtojlikdan qutulish usuli deb bilgan. 1838 yilda P.Prudon Bezanson akademiyasi tomonidan kam ta’minlangan yosh olimlarga ajratilgan uch yillik stipendiyani olib Parijga ko’chib o’tdi. Parijda u J.B.Sey, S.Sismondi, T.Maltus, K.Sen-Simon, Sh.Fure va boshqa iqtisodchi olimlar asarlari bilan yaqindan tanishdi. 1840 yilda P.Prudonning «Mulkchilik nima?» nomli mashhur asari e’lon qilindi. Ushbu asarda kapitalizmni tanqid bosh mavzu bo’lsada, hali olimning amaliy dasturi bayon qilinmagan edi. 1846 yilda P.Prudonning «Iqtisodiy ziddiyatlar tizimi yoki qoshshoqlik falsafasi» nomli yana bir asari e’lon qilindi. Asarda olim kapitalizmni isloh qilishning amaliy dasturini ishlab chiqishga, siyosiy kurashning behudaligini asoslashga urindi. 1848 yilda nashrdan chiqqan «Ijtimoiy masalalarning Xal etilini» nomli yangi asarida olim har qanday inqilobiy chiqishlarni keskin qoralaydi.
P. J. Prudon Xalq banklari konsepsiyasini e’lon qilib xalqni ijtimoiy islohotlarga chorlaydi. P.Prudon siyosiy iqtisodni «aql-zakovatning abadiy qonunlari» to’g’risidagi fan deb biladi. P.Prudon va S.Sismondi nazariy qarashlarida biz juda yaqinlik va o’xshashlik hollarini uchratishimiz mumkin. Ayniqsa ularning uslubiyotlarida bu holat quyidagicha aks etadi:
Birinchidan, iqtisodiyotda cheksiz erkin raqobatni inkor etib, boshqarish mumkin bo’lgan raqobatni topib tashkil etish.
Ikkinchidan, xo’jalik hayotini tahlil qilish jaranida iqtisodiy ko’rsatkich va manbalarni asosiy deb hisoblamasdan, balki mehribonlik, ahloq, ijtimoiy adolat, etika va boshqa kategoriyalarni, shuningdek inson hayotining eng oliy ne’mati tenglik va tinchlikni asosiy deb hisoblash.
Uchinchidan, ko’p yillar davomida yaratilgan ilmiy asarlarda iqtisodiy hodisalarga nemis faylasufi Gegel dialektikasi asosiy uslub qilib olinib, unga alohida e’tibor berildi.
P.Prudon o’zining mayda ishlab chiqarish manfaatlaridan kelib chiqqan islohotchilik konsepsiyasini maydonga tashlar ekan, juda ko’p masalalar xususidagi fikrlarni bayon etadi. mehnat taqsimoti, tovarning xususiyati, ish haqi, mulkchilik, daromad va takror ishlab chiqarish kabilarni ilmiy izohlashga harakat qiladi. P.Prudon o’zining eng muhim asarlaridan biri - «Iqtisodiy ziddiyatlar tizimi....» da avvalgi mehnat taqsimotini tahlil qiladi. Mehnat taqsimoti bir tomondan boylikning ko’payishiga imkon bersa, ikkinchi tomondan qashshoqlikka, kambag’allikka olib boradi. P.Prudonning mulohazalariga qaraganda, mehnat taqsimotining naf keltiradigan xususiyatlarini saqlab qolish va zararli xususiyatlarini tugatish kerak. Metodologiya jihatidan bu o’rinda ijtimoiy jarayonlar dialektikasining ilmiy tahlilida tarixdan tashqari yondashuv sezilib turadi. Prudon tovarning xususiyatini ham mana shunday pozisiyalardan turib «tadqiq» qiladi. Uning fikricha, qiymatning abadiy g’oyasi mavjud, bu g’oya iste’mol qiymati talab va kamchilik bilan, ayirboshlash qiymati esa taklif va mo’l-ko’lchilik bilan belgilanadi. Talab bilan taklif o’rtasidagi kurashda tovarning qiymati yoki narxi belgilanadi. Nazariy jihatdan olganda bu haddan tashqari vulgar konstruksiyadir: qiymat ayirboshlashda vujudga keladi, u ob’ektiv asosdan mahrum.
U ish haqining harakati qonuniyatlarini ham oddiy va g’ayriilmiy pozisiyalardan turib bayon etadi. Prudon ishchilarning ish haqini oshirish uchun kurashiga qarshi chiqadi, chunki bu narsa narx-navoning yoppasiga ko’tarilishiga yoki muhtojlikning kuchayishiga olib borar emish.
P.Prudon yollanma ishchini ekspluatasiya qilish mexanizmini tushuna olmaydi. U kapital bilan mahsulotni aynan bir narsa deb talqin etib, butun kapitalning harakatini uning prosent keltiradigan qismi harakatidan iborat deb talqin etadi. Ssuda kapitalning harakatini Prudon qarz beruvchi bilan qarz oluvchi o’rtasidagi bitim deb hisobladi. U mahsulotning bir qismini kapitalist o’zlashtirib olishini ishlab chiqarish chiqimlari eniga kapitaldan foydalanganlik uchun prosent qo’shish zarurligi bilan izohlaydi. Prudonning nazariy sistemasida prosent mehnatni ekspluatasiya qilishning asosiy shakli tarzida namoyon bo’ladi. Shu bilan birga u prosent bilan yollanma ishchini ekspluatasiya qilish mexanizmi o’rtasidagi o’zaro aloqani tushunmaydi.
P.Prudon «belgilangan qiymat» nazariyasini o’zining butun iqtisodiy negizi deb hisobladi. Bunda klassik maktabdan o’zib ketish pinhona istagigina emas, shu bilan birga ijtimoiy o’zgartirishlarning yo’llarini belgilash istagi ham namoyon bo’ldi. Tovar ishlab chiqarishini Prudon insoniy ozodlikning va har bir kishi shaxsiy mustaqilligining cho’qqisi deb biladi, mayda burjua nazariyotchisi bo’lgan Prudon bozor mexanizmining ba’zi bir salbiy jihatlarini: mollarning qalashib ketishini, nomunosiblikni, xonavayron bo’lish va shu kabilarni tan oladi. Prudon asosiy iqtisodiy ziddiyatlarni «qiymat»ning ichki ziddiyatlaridan: iste’mol va ayirboshlash qiymati g’oyalaridan iborat deb biladi. «Belgilangan yoki sun’iy» qiymat murosaga keltiruvchi timsol bo’lib ko’rinadi. Bunday qiymat ayirboshlashda vujudga keladi. U tovarning ijtimoiy boylik tarkibiga bemalol kirib borishini bildiradi.
Binobarin tovar ishlab chiqarishining hamma qiyinchiliklarini bartaraf qilish uchun har bir tovarga yo belgilangan qiymat qo’yib qo’yish, yoki uning bozorda sotilishiga kafolat berish, tovar bilan pul o’rtasidagi ziddiyatni tugatish zarur. Prudon tilla bilan kumushni «belgilangan» qiymatga ega bo’lgan dastlabki tovarlar deb ataydi.
P.Prudon daromad to’g’risidagi nazariyani siyosiy iqtisodda daromadning asosiy manbai deb qabul qilingan mehnat, kapital va erning mazmunini ko’rib chiqishdan boshlaydi. Uning fikricha, ishlab chiqarish jarayonining o’zi har uchchaloa elementning ishga tushurilishi natijasida yuz beradi. Lekin er yoki kapital egasi o’zi hech narsa ishlab chiqarmasdan o’z daromadini olishini va ayni vaqtda ishchi o’z mehnati natijasida hosil bo’lgan daromadining faqat kichkina bir qismini ish haqi sifatida olishni adolatsizlik deb baholaydi. P.Prudonning takror ishlab chiqarish nazariyasi uning daromadlar to’g’risidagi fikrlari asosida rivojlantiriladi.
Takror ishlab chiqarish jarayoni olimning fikricha, xamjamiyatdagi ishlab chiqarish va iste’molning muvozanati asosida bo’ladi. Lekin amaliyotda mulkchilarning ishlamay qo’yganligi bu prinsipning buzilishiga va natijada J.B.Sey ko’rsatib o’tgan «iqtisodiy qonunni» ham buzilishi olib kelmoqda.
P. Prudon ijtimoiy masalalarni hal qilishi zarur bo’lgan kapitalizmni isloh qilish loyihalarini o’zining ko’pgina asarlarida e’lon qiladi. Ushbu asarlarda ijtimoiy adolat konsepsiyasini asoslash bilan birga inqilobiy chiqishlar haqidagi har qanday fikrni inkor etadi. Olimning islohotchilik g’oyalarning ayrimlari S.Sismondi qarashlariga o’xshash bo’lib ular quyidagilarda o’z aksini topdi:
• «uchinchi shaxslar» ya’ni dehqonlar, xunarmandlar va mayda kustar ishlab chiqaruvchilarning jamiyatdagi o’rniga rahimdillik bilan hayrihohlik bildirish;
• «mayda mulkchilik va mayda ishlab chiqarishni» iqtisodiyotdagi etakchilik o’rnini e’tirof etish bilan ularning shart-sharoitlari, ta’limotlarida to’liq tenglikka erishish;
• ijtimoiy adolat tamoyillariga mos ravishda jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib ishlab chiqarish ishtirokchilariga teng daromad berish;
• kapital va daromadlar bir kishi qo’li ostida konsentrasiya qilinishiga va ayniqsa mehnatni ekspluatasiya qilishga yo’l qo’ymaslik. Bundan tashqari faqat P.Prudon islohotchiligiga xos qo’yidagi g’oyalarni alohida ajratib ko’rsatishimiz mumkin:
• pulni muomalada haraktini bekor qilib, uning o’rniga ishchi pullari banklarni muomalaga kiritish;
• foizni yo’q qilish hisobiga foizsiz kreditlarni tashkil qilish;
• xalq banklarini tashkil etish;
• islohotlar amalga oshirish jarayonining xotimasi sifatida xukumatni bekor qilish.
Islohotchilik konsepsiyalarida P.Prudon.Xalq bankiga katta umid bog’laydi. Uning banki sosialist-rikardochilar taklif qilgan banklardan 3 xil o’ziga xoslik bilan farq qilar edi:
Birinchidan, undagi metall pullar dastlabki bonlar chiqarilishi sababli, pulga va tijorat voqealariga almashtirish yo’li bilan sekin-asta muomaladan chiqarilar edi.
Ikkinchidan, foizni birdaniga yo’q qilmasdan, balki yuqori qayd qilingan bosqichni amalga oshirishni 2%dan eng kam daraja-0,25% tushirish haqda sotilmagan tovarlarga oldindan ssuda berilishi.
Uchinchidan Xalq banki kapitalni o’ziga jalb qilmay yuzaga kelmasdan, balki aksincha kapital bilan yuzaga keladi.
P.Prudonning hukumatni bekor qilish g’oyasi islohotlarni amalga oshirish davrida sinflarning umumlashuvi va yagona mehnatkashlar, o’z mehnatini haqiqiy haqini oladigan sinfini yuzaga kelishi o’z navbatida hukumat faoliyatini keraksiz qilib qo’yadi (anarxizm g’oyasi).
Prudon kapitalizmni isloh qilish loyihasida mayda tovar ishlab chiqaruvchining o’z moli sotilishiga kafolat olish, mayda do’kondorning foizsiz kreditning olish to’g’risidagi asriy orzusini, burjua ziyolisining kapitalizm sharoitida mutlaq mehnat erkinligi, qiymat qonuni asosida tenglik imkoniyati to’g’risidagi xomxayollarini ifodalagan edi. Prudonning «sosializm»i tovar bilan pul o’rtasidagi aloqani soxtalashtirishga asoslangan. Shu loyihaning muallifi xususiy ishlab chiqarishni tovarni saqlab qolishga, ammo pulni, ayirboshlashni, ayirboshlash qiymatini yo’q qilib tashlashga intilgan edi.
Prudon va prudonizm o’z davrida ishchilar xarakatiga jiddiy hatar solganligi sababli proletar ta’limotining asoschilari Prudonning mayda ishlab chiqarish reformizmiga (islohotchiligiga) qarshi murosasiz kurashdilar. Uni proletariatga dushman va revolyusion harakatga halaqit beruvchi bir oqim deb fosh qildilar.Bu kurashni K.Marks XIX asrning 40-yillari o’rtalaridayoq «Falsafa qashshoqligi» asarini tayyorlashdan boshladi va marksizm rivojining keyingi davrlarida ham shu kurash davom etdi.
Prudon falsafada Gegeldan, siyosiy iqtisodda esa A.Smit bilan D.Rikardodan yuqori ko’tarila olmadi. Uning ijtimoiy dasturlarida mafkuraviy yo’nalishni fosh qilishda alohida vazifalar kelib chiqdi. Prudonizm mayda ishlab chiqarish muhitiga va uning puch xayollariga tayanib, uzluksiz ravishda o’zgarib boruvchi sharoitlarga moslashaverdi.