Sukkulent o‘simliklar.
sathli qattiq barglar (yantoq); mayda bo‘laklarga qirqilgan barglar (shuvoq), tangacha shaklidagi barglar (saksovul, archa); barglarning mum yoki tuklar bilan qoplanishi; barg og‘izchalarining chuqur joylashuvi kabilar paydo bo‘lgan.
Gigrofitlar (yunoncha «hygros» – nam, «phyton» – o‘simlik) – nam tuproq va yuqori namlikka ega joyda o‘sadigan o‘simliklar. Gigrofit o‘simliklarga sholi, shakarqamish va boshqalar misol bo‘ladi. Gigrofitlar tuproqda namlik kamaygan holda tez so‘lib qoladi. Ularning ayrim turlari (botqoq gigrofitlari)ning ildizi va poyalarida aerenximiya (yunoncha «aeg» – havo, «enchyma» – hujayra) – zaxirada havo saqlovchi hujayralar bo‘ladi. Gigrofitlarda ildiz tizimi kuchsiz, ildiz tukchalari rivojlanmagan, transpiratsiya kuchli bo‘ladi. Barg plastinkalari yupqa va undagi og‘izchalar doim ochiq bo‘ladi.
Mezofit (yunoncha «mesos» – o‘rtacha, «phyton» – o‘simlik) – mo‘tadil nam sharoitda o‘sadigan o‘simliklar sanaladi. Ular qisqa muddat namlik yetishmovchiligiga chiday oladi. Ildiz tizimi o‘rtacha rivojlangan bo‘lib, ildiz tukchalariga ega, barglarida barg og‘izchalari mavjud. O‘simlik tanasidagi namlik miqdoriga qarab og‘izchalar ochilishi yoki yopilishi mumkin. Adir, o‘tloq o‘simliklari, shuningdek, mo‘tadil zonadagi deyarli barcha madaniy o‘simliklar mezofit bo‘lib, ular o‘simliklarning boshqa ekologik guruhlariga nisbatan keng tarqalgan.
Hayvonlarning namlikka moslanishiga ko‘ra ekologik guruhlari.
Namlik hayvonlar uchun ham muhim ekologik omil sanaladi. Namlik darajasiga ko‘ra hayvonlarni quyidagi ekologik guruhlarga ajratish mumkin: suv muhitida yashaydigan (korallar, meduzalar, baliqlar, kitlar, delfinlar), suv va quruqlik muhitida yashaydigan (qurbaqalar, timsohlar, pingvinlar), quruqlik muhitida yashaydigan hayvonlar (bo‘g‘imoyoqlilarning vakillari, sudralib yuruvchilar, qushlar va sutemizuvchilar). Quruqlikda yashovchi hayvonlar ham tanasidan ajralib chiqadigan namlik miqdorini qayta to‘ldirish uchun vaqti-vaqti bilan suvga ehtiyoj sezadi. Hayvonlarda suv rejimiga bog‘liq holda moslanish turlari: fiziologik, morfologik va etologik moslanishlar mavjud.
Fiziologik moslanishlar organizmda namlikka bo‘lgan ehtiyojni qondiruvchi hayotiy jarayonlarning o‘ziga xos xususiyatlarini ifodalaydi. Qushlar, sutemizuvchilar suv ichadi, suvda hamda quruqlikda yashovchi hayvonlar esa terisi orqali shimadi. Cho‘l hayvonlari uchun esa iste’mol qiladigan oziq-ovqat tarkibidagi suv yetarli hisoblanadi. Organizm tarkibidagi yog‘ zaxirasining oksidlanishi jarayonida hosil bo‘ladigan metabolitik suv hisobiga yashaydigan hayvonlar ham ko‘p. Nam tanqis bo‘lgan joylarda yashovchi organizmlar uchun xos metabolit, ya’ni moddalar almashinuvining oxirgi mahsuloti siydik kislota hisoblanadi. Siydik kislota suvda yomon eriganligi tufayli uni organizmdan chiqarib yuborish uchun suv deyarli talab etilmaydi.
Morfologik moslanishlar hayvon organizmida suvni saqlashga qaratilgan moslanishlar hisoblanadi. Qushlar tanasi pat bilan, sutemizuvchilar tanasi jun bilan, sudralib yuruvchilar tanasi muguz tangachalar bilan qoplangan. Hasharotlar va o‘rgimchaksimonlar qalin xitindan iborat tana qoplamiga ega, quruqlikda yashovchi molluskalarda chig‘anoq bo‘ladi.
Etologik moslanishlar – hayvonlar tomonidan suvni qidirib topishga yo‘naltirilgan moslanish. Ko‘pgina hayvonlar vaqti-vaqti bilan suv ichgani suv manbalariga boradi. Hayvonlarning suvga bo‘lgan ehtiyoji qurg‘oqchilik davrida ularning suv mo‘l bo‘lgan joylarga migratsiya qilishiga sabab bo‘ladi. Masalan, antilopalar, sayg‘oqlar uzoq joylarga migratsiya qiladi. Ayrim hayvonlar qurg‘oqchilik davrida tungi hayot tarziga o‘tadi yoki yozgi uyquga ketadi .
Do'stlaringiz bilan baham: |