V bob. Bank sektoridagi asosiy chora-tadbirlar
Amaliy harakatlar rejasining samaradorligi ko‘p jihatdan bank tizimining moliyaviy ko‘magi asosida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tadbirkorlik faoliyatini tiklashi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Amaliy harakatlar rejasi, 2020 — 2025-yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish Strategiyasida tasdiqlangan chora-tadbirlarni hisobga olgan holda quyidagilarni nazarda tutadi:
a) 2020-yil oxirigacha bo‘lgan davr uchun:
iqtisodiy faoliyatni, shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, iqtisodiy chora-tadbirlarni qo‘llagan holda tadbirkorlik subyektlariga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini o‘rtacha darajada pasaytirish choralari ko‘rish;
kechiktirilgan qarz miqdorini hisobga olgan holda, bank tizimining likvidligini baholash uchun stress-testlarni o‘tkazish;
majburiy zaxiralash shartlarining qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan tijorat banklariga 2,2 trillion so‘m miqdorida qo‘shimcha likvidlik berish, shuningdek, Markaziy bankning pul-kredit instrumentlaridan, shu jumladan, maxsus vositadan foydalangan holda 3 — 6 oy muddatga, faqat kichik biznes va tadbirkorlikning iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,6 trillion so‘m taqdim etish;
koronovirus pandemiyasidan zarar ko‘rgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida ularni 2020-yilning ikkinchi yarmida 17 trillion so‘m miqdorida aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda davlat banklari faoliyatini kompleks diagnostika qilish asosida transformatsiya dasturlarini (yo‘l xaritalarini) ishlab chiqish;
nobank kredit tashkilotlarini rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni yaratish, O‘zbekiston Respublikasining “Nobank kredit tashkilotlari to‘g‘risida” gi Qonunini qabul qilish;
banklarda korporativ boshqaruv to‘g‘risidagi nizomning yangi tahririni tasdiqlagan holda korporativ boshqaruv sohasida Bazel qo‘mitasining tamoyillarini joriy etish;
banklarni litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomlarni qayta ko‘rib chiqish orqali xorijiy strategik investorlarni bank sektoriga jalb etish shart-sharoitlarini shakllantirish;
xalqaro standartlar asosida tijorat banklarida tavakkalchilik tamoyili asosida boshqarishni joriy etish.
b) 2021-yilda amalga oshirish uchun taklif etilgan chora-tadbirlar:
bank operatsiyalarini soddalashtirish, jumladan, kredit berish bo‘yicha qarorlar qabul qilish, shuningdek, bank xizmatlarini raqamlashtirish orqali bank tizimi va tadbirkorlik subyektlari xarajatlarini kamaytirish;
mulk yoki pul shaklida garov talab qilmaydigan, shu jumladan, ishonch, loyihani moliyalashtirish kabi kreditlash vositalarini kengaytirish;
mavjud avtomatlashtirilgan bank tizimlarini baholash uchun tijorat banklarining AT-auditini o‘tkazish;
loyiha takliflarini shakllantirish va ularni asoslashga yordam berish, ishga tushirilgandan so‘ng loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, aylanma mablag‘larni o‘z vaqtida to‘ldirish orqali mijozlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |