4-bob. Fuqarolar yig‘ini kengashi
20. Fuqarolar yig‘inining qarorlarini bajarish va fuqarolar yig‘ini majlislari oralig‘idagi davrda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining joriy faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolar yig‘ini majlisi (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) tomonidan fuqarolar yig‘inining kengashi shakllantiriladi.
Fuqarolar yig‘ini kengashi kollegial organ bo‘lib, uning tarkibiga fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli), uning o‘rinbosarlari (fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, xotin qizlar faoli , xokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi va maslahatchilari (fuqarolar yig‘ini raisining yoshlar masalalari bo‘yicha hamda keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilari), ko‘chaboshi, uyboshi, shuningdek, hududdagi maktabgacha ta’lim va ta’lim muassasalari, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning rahbarlari kiradi.
21. Fuqarolar yig‘ini kengashi:
fuqarolar yig‘ini majlisini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishini) chaqiradi;
fuqarolar yig‘ini fuqarolar yig‘ini raisini huquq-tartibot masalalari bo‘yichao‘rinbosari, xotin qizlar faoli , xokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bilan kelishgan holda kiritadigan taqdimnomasiga asosan lavozimga tasdiqlaydi va lavozimdan ozod etadi, shuningdek, rag‘batlantiradi yoki ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llaydi;
har oyda fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarning hisobotlarini eshitadi hamda ularning ishini muvofiqlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlariga ularning saylovchilar bilan uchrashuvlarini uyushtirishda, fuqarolarni qabul qilishda, ularga o‘z saylov okruglarida boshqa vakolatlarini amalga oshirishda ko‘maklashadi;
ommaviy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, sport tadbirlari va boshqa tadbirlar o‘tkazilishiga ko‘maklashadi;
xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning jamiyat hayotidagi, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishdagi, yosh avlodni tarbiyalashdagi rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘radi;
ro‘yxatdan o‘tmagan diniy tashkilotlar faoliyat ko‘rsatishining oldini olish, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligi huquqiga rioya etilishini ta’minlash, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini ko‘radi, mazkur masalada huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qiladi;
diniy tashkilotlar noqonuniy faoliyatining oldini olish bo‘yicha tegishli davlat organlari bilan hamkorlik qiladi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoki afv etilgan shaxslarni jamiyatga ijtimoiy moslashtirishda tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda manzilli va profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yosh avlodni tarbiyalash masalalari yuzasidan ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi;
tegishli hududda yashovchi fuqarolar bandligini ta’minlashga, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni tashkil etishga ko‘maklashadi;
tegishli hududdagi aholining obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, moddiy madaniy meros ob’ektlarini yaroqli holda saqlash, qabristonlar barpo etish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va yaroqli holda saqlashga doir ishlarda ixtiyoriylik asosida qatnashishini tashkil etadi, ana shu maqsadlarda tuman (shahar) ijro etuvchi hokimiyat organi ajratadigan moddiy mablag‘lardan va boshqa vositalardan, o‘z mablag‘laridan foydalanadi, jamoatchilik yordamini (hasharlarni) uyushtiradi, ko‘riklar va tanlovlar o‘tkazadi;
tomorqa yer egalarining faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi;
tegishli hududda jamoat tartibini va jamoat xavfsizligini ta’minlashda, shu jumladan, fuqarolarning kelishi va ketishini hisobga olishni tashkil etishda, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik hamda huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir ishlarda va ularning huquqlarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘maklashadi;
aholi kommunal xizmatlar haqini to‘liq to‘lashini ta’minlaganligi uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga shartnoma asosida o‘tkaziladigan mablag‘larni kam ta’minlangan oilalarga kommunal xizmatlar haqini to‘lashda yordam berish, fuqarolar yig‘inlari organlarining xodimlarini rag‘batlantirish uchun, shuningdek, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga oid ishlarni o‘tkazishga sarflaydi;
kam ta’minlangan oilalarga ularning uylari va kvartiralarini ta’mirlashda, shuningdek, kommunal xizmatlar haqini to‘lashda yordam ko‘rsatish uchun ixtiyoriylik asosida jismoniy shaxslardan mablag‘ yig‘ish, yuridik shaxslarning mablag‘laridan shartnoma asosida foydalanish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
egasiz mol-mulkni, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga meros tariqasida o‘tgan mol-mulkni, shuningdek, davolash muassasalarida turganligi munosabati bilan vaqtincha bo‘lmagan yolg‘iz shaxslarning mol-mulkini, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida yoki vasiylik va homiylikda turgan, oilaga tarbiyaga topshirilgan yetim bolalarning, ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning mol-mulkini saqlash choralarini ko‘radi;
kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan yoshlarga, jumladan, nikoh va boshqa to‘y tadbirlarini, shuningdek, dafn marosimlarini o‘tkazishda homiylarni jalb qilish orqali qo‘shimcha moddiy yordam ko‘rsatadi;
yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun tuman (shahar) komissiyasiga o‘z vakilini yuboradi.
22. Fuqarolar yig‘ini kengashining majlisi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tomonidan, zaruratga ko‘ra, lekin oyida kamida bir marta o‘tkaziladi.
23. Fuqarolar yig‘ini kengashining majlisi, agar uning ishida kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashayotgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
24. Fuqarolar yig‘ini kengashi majlisini fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli), u bo‘lmagan taqdirda esa uning o‘rinbosarlaridan biri olib boradi.
25. Fuqarolar yig‘ini kengashining qarori ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.
Qaror, agar uni fuqarolar yig‘ini kengashining hozir bo‘lgan a’zolarining yarmidan ko‘prog‘i yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan hisoblanadi.
26. Fuqarolar yig‘ini kengashi majlisida bayonnoma Fuqarolar yig‘inlarida ish yuritishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan yuritiladi. Bayonnomada majlis o‘tkazilgan sana, hozir bo‘lgan kengash a’zolari va fuqarolar soni, kun tartibi va qabul qilingan qarorlar haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Majlis bayonnomasi va qarorlar fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli), u yo‘qligida esa majlisda raislik qilgan uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
27. Fuqarolar yig‘ini kengashining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari fuqarolar yig‘ini xodimlari, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalari va boshqa jamoatchilik tuzilmalari tomonidan ijro etilishi shart.
28. Fuqarolar yig‘ini kengashi qarorlarini bajarmaslik yoki zarur darajada bajarmaslik qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
29. Fuqarolar yig‘ini kengashi qarorlari fuqarolar yig‘ini majlisi (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi), kengash tomonidan bekor qilinishi yoki sud qaroriga asosan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |