Ro‘yxat tuzish musobaqasi...
Qatag‘on boshlangan yillarda sud qilinishi yoki otib, o‘ldirilishi mumkin bo‘lgan hur fikrli odamlar ro‘yxati Stalin, Molotov, Kagonovich, Voroshilovlar rahbarligida shakllantirib borilgan.
NKVDning roziligi bilan avtonom respublikalar o‘rtasida kim ko‘p odamni qamoqqa olib, ro‘yxat tuzish musobaqasi boshlanadi.
Barcha respublikada NKVDning siyosiy bo‘limidan tashqari, uchinchi va to‘rtinchi bo‘limlari ham ro‘yxat shakllantirish bilan shug‘ullanadi. Bu holat viloyat, shahar boshqarmalarida ham kuzatilgan. Masalan, Andijon bo‘limi 100 nafar odamning ro‘yxatini bergan bo‘lsa, Toshkent undan ham ko‘proq ro‘yxat shakllantirgan. Musobaqada yutgan bo‘lim rahbarlariga katta pul mukofoti yoki orden, medallar berilgan.
Har bir mahbusga hukm chiqarishdan oldin tergov xulosalarini uchlikka ko‘rsatishgan. Ular prokuror, NKVD rahbari va O‘zbekiston SSR Kompartiyasining kotibi bo‘ladi. Kompartiya kotibining deyarli ovozi chiqmaydi. Agar u kimnidir himoya qiladigan bo‘lsa, sen uning sherigisan, deb o‘sha kuni o‘limga hukm qilinishi mumkin edi. Shu bois u indamay turadi va oxirida imzo qo‘yadi.
Bu uchlikka har bir odam to‘g‘risida besh daqiqadan ma’lumot berilgan. Shundan so‘ng mahbuslar yo o‘n yilga qamalgan yoki otuvga hukm qilingan.
Xosiyatsiz “Qora qarg‘a”
Ziyolilar ko‘pincha yarim kechasi, odamlar uxlagan, mahalla tinch paytda uyidan olib ketilgan. Ularning yaqinlari yig‘lasa, yig‘i ovozi tashqariga chiqmasligini aytib, harbiylar qattiq qo‘rqitishgan. Asosan, ko‘p kitob o‘qiydiganlar va qo‘lida qalami bor ijodkorlarning uyida tintuv o‘tkazilgan. Tintuv vaqtida topilgan har qanday qiymatli narsalar: hujjatlar, kitoblar va boshqalar xatlovga olingan. Ayrim mahbuslar ish joyida qo‘liga kishan solib, olib ketilgan.
Jadidlar NKVDning maxsus mashinasida, ya’ni “Chyorniy voronok” (Qora qarg‘a)da olib ketilardi. Ularning oila a’zolari bu ulovni xosiyatsiz qush, xosiyatsiz mashina, deb atashgan. Bu mashinaning ichida kim borligi va nima qilayotgani hech kimga bilinmasdi, ko‘rinmas edi. Unga chiqqan odam uyiga tirik qaytmas edi, buni hamma bilardi.
Chopib o‘ldirilgan Cho‘lpon
1938-yilning 4—7-oktabr kunlari ro‘y bergan fojialar ham Stalin, Molotov, Kaganovich, Voroshilovlar rahbarligida tuzilgan ro‘yxat asosida amalga oshiriladi. Bu shaxslar shu yilning 28-mart kuni yuzlab ziyolilarni qatag‘on qilishga oid ro‘yxatga imzo qo‘yadi.
1938-yilning 4-oktabrida otilgan bir guruh millat ziyolilari
4-oktabrdan 5-oktabrga o‘tar kechasi, hamma uxlagan vaqtda Fitrat, Abdulla Qodiriy, Otajon Hoshim kabi ziyolilar hozirgi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan NKVD maxsus poligonida otib tashlangan. Ularning barchasi bitta chuqurga kafansiz, janozasiz maxfiy ravishda dafn etilgan. Jasadlar tezroq chirib ketishi uchun ustilaridan yo xlor sepishgan yoki tezak tashlashgan.
Cho‘lponga o‘q yetmay qolganidanmi yoki to‘pponcha otilmaganidanmi, jallodlar uni o‘sha kecha otmaslikka qaror qiladi. Ammo shoir “O‘ldiringlar! Men senlarning davlatingda, zamoningda yashashni istamayman! Senlarni ko‘rgim yo‘q”, deb baqiradi. Shunda Cho‘lponni bolta bilan chopib o‘ldirishgan.
Mirolim Isajonov suhbatlashdi
Do'stlaringiz bilan baham: |