Reja:
Cho'lpon hayoti va ijodi.
Cho‘lpon — jasorat timsoli.
Cho'lpon asarlari.
Cho’lpon lirikasi.
“Kecha va Kunduz” romani haqida ma’lumot.
Oʻzbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon 1898- yilda Andijonning Qatorterak mahallasida savdogar oilasida dunyoga kelgan.
Cho’lpon taxallusi bilan she’riyatning ajoyib namunalarini ijod qilgan Abdulhamid Sulaymon 1897-yilda Andijonda hunarmand dehqon oilasida dunyoga kelgan. U avval eski maktabda, keyinchalik Andijon va Toshkentdagi madrasalarda o’qiydi. 16-17 yoshlaridayoq yaxshigina ma’lumotga ega bo’lgan Abdulhamid ijod qila boshlaydi.
Otasi Sulaymonqul mulla Muhammad Yunus o’g’li Andijonning obro’li kishilaridan bo’lib, savdogarchilik bilan shug’ullanar edi. U o’z zamonasining o’qimishli kishilaridan hisoblanar, o’zi ham she’rlar yozib turardi. O’sha davrda bo’lajak shoirning otasi o’zi yozgan hajviy she’rlaridan devon tuzganligi haqida ma’lumot bor.
Cho’lponning onasi Oysha aya garchi savodli bo’lmasa-da, o’g’lining ijodiga katta ta’sir ko’rsatgan. Chunki u xalq qo’shiqlari va ertaklarining bitmas xazinasidan yaxshigina bahramand bo’lgan.
Ota o’g’lini rus-tuzem maktabida ham o’qitdi. Bo’lajak shoir o’zbek, turk, fors, arab, rus tillarini puxta biladigan o’qimishli kishi bo’lib yetishdi. Kuchli iste’dod, o’qish – o’rganish tufayli Abdulhamidning she’rlari 16-17 yoshlarida “Turkiston o’lkasi” gazetasida chop etildi.
Taniqli jurnalist va yozuvchi Moʻminjon Muhammadjonov “Turmush urinishlari” kitobida qayd etishicha, Choʻlponning otasi Sulaymonqul Mulla Muhammad Yunus oʻgʻli (1874–1929) oʻz davrining yetuk ziyolisi, maʼrifatparvar kishisi boʻlgan. U “Rasvo” taxallusi bilan sheʼrlar ham yozgan, devon yaratgan.
Choʻlpon avval eski maktabda, soʻngra madrasalar va rus-tuzem maktabida tahsil olib, arab, fors va rus tillarini mukammal oʻzlashtiradi. Mutolaa yoʻli bilan turk, nemis va ingliz tillarini oʻrganadi. Sharq va Gʻarb ijtimoiy-siyosiy qarashlaridan oziqlanadi. Firdavsiy, Saʼdiy, Hofiz, Umar Xayyom, Alisher Navoiy kabi buyuk soʻz sanʼatkorlari ijodini mehr bilan oʻrganadi. Choʻlpon dunyoqarashi va ijodining shakllanishiga XX asr boshlaridagi jadidchilik harakati katta taʼsir koʻrsatgan.
Choʻlponning ijodi 1913–1914 yillardan boshlangan, u avval “Qalandar”, “Mirzaqalandar”, “Andijonlik” va, nihoyat, “Choʻlpon” taxallusi bilan ijod qildi.
Shoirga “Choʻlpon” taxallusini buyuk maʼrifatparvar istiqlolchi Munavvar qori Abdurashidxonov bergan. Choʻlpon ham shoir, ham nosir, ham dramaturg sifatida oʻz xalqi adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qoʻshdi. Uning dastlabki asarlari “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Fargʻona” kabi mahalliy gazetalarda, shuningdek, Orenburgda chiqadigan “Shoʻro” jurnalida nashr etiladi. Choʻlponning “Ishtirokiyun”, “Turkiston”, “Buxoro axbori” kabi gazetalardagi faoliyati ham uning ijodiy shakllanishida mahorat maktabi boʻlib xizmat qiladi.
Choʻlpon ocherknavis va publitsist sifatida ham barakali ijod qildi. Bu borada uning, ayniqsa, “Adabiyot nadir?”, “Muhtaram yozuvchilarimizgʻa” kabi maqolalari adabiyotning maqsad va vazifalarini anglashda muhim rol oʻynadi.
U 1914–1917 yillarda yaratgan “Qurboni jaholat”, “Doʻxtir Mahammadiyor” singari hikoyalari, “Vatanimiz Turkistonda temir yoʻllar” singari maqolalarida madaniyat va maʼrifat targʻibotchisi sifatida maydonga chiqdi.
U oktabr toʻntarishidan keyingi yillarda hayotda sodir boʻlayotgan xush va noxush oʻzgarishlarni qalamga oldi. “Yoʻlda bir kecha”, “Sharq poyezdi keldi”, “Sharq uygʻongan”, “Quturgan mustamlakachilar”, “Yoʻl esdaligi” singari oʻnlab ocherk va publitsistik maqolalarida chor mustamlakachilari va mahalliy hokim sinf vakillari yetkazgan jabru jafolarni, fuqarolar urushi davrida roʻy bergan fojialarni tasvirladi.
Choʻlpon 1922–1935 yillarda oʻzining “Uygʻonish” (1922), “Buloqlar” (1923), “Tong sirlari” (1926), “Soz” (1935) kabi toʻrtta sheʼriy toʻplamini nashr ettirdi. 30-yillarga kelib “Joʻr” kabi sheʼriy toʻplamini tayyorladi. Ammo “Soz”i chop etiladi-yu, “Joʻr” toʻplami qatagʻonlik tuzogʻiga ilinib, qolib ketadi. Shoirning toʻplamlari orasida “Buloqlar” (1923) alohida ajralib turadi.
Toʻplam besh boʻlimdan iborat boʻlib, ular “Sharq uchun”, “Sezgilar”, “Sevgi”, “Qora yoʻllar” va “Qor qoʻynida” deb nomlanadi. Shoirning oʻzi qayd etishicha, mazkur sheʼriy guldasta “jahon fotihlari changalida ezilib yotqon Sharq oʻlkalariga” bagʻishlangan. Jumladan, “Amalning oʻlimi” sheʼrida shunday misralarni oʻqiymiz:
Koʻnglimda yigʻlagan malaklar kimlar,
Sharqning onalari, juvonlarimi?
Qarshimda ingragan bu jonlar kimlar,
Qullar oʻlkasining insonlarimi?
Choʻlpon 1925- yilga kelib, “Muhit kuchli ekan, egdim boʻynimni” deya ijtimoiy qarashlarini oʻzgartirishga majbur boʻlganligini eʼtirof etadi. Ammo shunga qaramay, shoir yaratgan ikki yuzdan ortiq sheʼriy asarlar el-yurt baxti, kelajagi, mustaqilligi, ozodligi uchun kurashning yorqin solnomasi desa boʻladi. Garchi vaqti-vaqti bilan uning tuygʻu va tafakkurida tebranishlar kechgan boʻlsa-da, aslida, milliy istiqlol uchun kurashdan zarracha qaytmaydi. Jumladan, “Tilak yoʻlida” sheʼrida:
Ketgan yoʻlim toʻgʻri yoʻldir, ketamen,
Qanday toʻsiq mone boʻlsa, oʻtamen,
Men ketamen, tilak, deya ketamen,
Hech tilaksiz quruq jonni netamen?
Bir jon ekan, mayli qurbon etamen!.. –
deya el-yurt, ona Vatan yoʻlida qurbon boʻlishdan ham qaytmadi.
Choʻlpon yetuk lirik shoirgina emas, balki “Novvoy qiz”, “Oydin kechalarda”, “Qor qoʻynida lola” kabi oʻnlab hikoyalar, “Kecha va kunduz” (1936) kabi ajoyib roman ham yaratgan isteʼdodli adibdir. U dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning “Xalil farang”, “Choʻrining isyoni” kabi kichik pyesalari, “Oʻrtoq Qarshiboyev”, “Mushtumzoʻr” kabi dramalari hamda koʻp vaqt sahnadan tushmagan “Yorqinoy” pyesalari mashhur boʻlgan. Shuningdek, rus yozuvchisi V. Yan bilan hamkorlikda “Hujum” dramasini yaratgan.
Choʻlpon mohir tarjimon sifatida V. Shekspirning “Hamlet” fojiasini, A. S. Pushkinning “Dubrovskiy” qissasi va “Boris Godunov” pyesasini, M. Gorkiyning “Ona” romanini va boshqa koʻplab asarlarini oʻzbek tiliga oʻgiradi.
Choʻlpon ham Fitrat va Abdulla Qodiriy kabi qatagʻon davrining qurboni boʻlgan. U 1937-yilning 14-iyulida qamoqqa olinib, 1938-yilning 4-oktabrida otib tashlangan. Choʻlponning asarlari uzoq vaqt davom etgan tanaffusdan keyin 1991-yili “Yana oldim sozimni” nomi bilan nashr etildi.
1991- yil 25- sentabrda Choʻlponga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi. 1997- yili adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan uning koʻplab asarlari yangidan nashr etildi va u haqda ilmiy tadqiqotlar yaratildi. Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon milliy ozodlik uchun kurash yoʻlida koʻrsatgan matonati va buyuk xizmatlari, oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 1999- yilda “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlandi.
Cho‘lpon — jasorat timsoli
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon! U hali o‘smirlik chog‘laridayoq Vatani Turkiston taqdiriga befarq bo‘lmagan. Otasi Sulaymonqul bazzozning g‘amxo‘rligi, moliyaviy ko‘magi tufayli Turkistondan tashqarida chiqadigan turkiycha, ruscha gazetalarni olib o‘qishga erishgan. Ularda hatto o‘zining ijtimoiy-siyosiy xabarlari, maqolalari bilan qatnashib turgan. Turkiy dunyoning ulug‘ ma’rifatparvarlari Ismoil G‘aspirali, Zaki Validiy To‘g‘on, Munavvar qori Abdurashidxonov, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev va boshqalarning nazariga tushgan, ba’zilari bilan o‘zaro yozishmalar qilgan.
Bu o‘ta murakkab, Turkistonning ko‘p millatli xalqi qashshoqlik, chorasizlik, ma’rifatsizlikka mahkum bo‘lgan, aytish mumkinki, jaholatga botgan yillar edi. O‘sha yillari, ya’ni 1917 yili Rusiyada inqilob ro‘y berib, podshoh taxtdan ag‘darildi. Hokimiyat tepasiga Lenin boshliq bolsheviklar keldi. Turgan gapki, bunday evrilish Turkistonda ham ro‘y berdi. Mahalliy boshqaruv idoralari xodimlari orasida musulmonlar qariyb yo‘q edi. Ayniqsa, viloyatlar, qishloq va shaharlarda hokimiyatni savodsiz matrosu askarlar, uzoq muddat surgunda hamda qamoqlarda o‘tirgan alamzada kishilar, dashnoqlar ustiga-ustak, ichkilikka berilgan qalang‘i-qasang‘ilar boshqara boshladilar. Cho‘lpon istiqlol orzusida isyonga yo‘g‘rilgan ilk she’rlarini o‘sha yillarda yozgan.
Mamlakatdagi xo‘jasizlik, boshboshdoqlikdan foydalanishni ko‘zlagan ma’rifatparvar jasur bobolarimiz Toshkentda Turkiston muxtoriyatini e’lon qilmoqchi bo‘ladilar. Lekin bu ezgu niyatga bolsheviklar izn berishmaydi, ularni shahardan siqib chiqarishadi. Natijada Vatan fidoyilari ezgu niyatlarini Qo‘qonda amalga oshirib, Qo‘qon muxtor jumhuriyati tuzilganini e’lon qilishadi. Bu Rusiya tarkibidagi asosan madaniy-ma’rifiy, ta’lim sohasida mustaqillik istagan respublika edi. Ammo g‘anim ularni ayovsizlarcha bostiradi, odamlarni qirg‘inbarot etib, shaharning kulini ko‘kka sovuradi. Qo‘qon uch kun yonadi. Mazkur erksevarlar safida o‘sha paytdagi nomdor shoir va yozuvchilar qariyb bo‘lmagan. Faqat Cho‘lpongina ishtirok etgan, isyonga chorlovchi she’rlar o‘qigan. U Orenburgda tuzilgan Tatar-Boshqird respublikasi davlat raisining kotibi bo‘lib ham ishlagan. Cho‘lpon o‘ris inqilobidan keyin maxsus xizmatlarning “nazari”ga tushgan edi, ya’ni taqib ostiga olingandi. 20-yillarda bir muddat qamalgan ham. U 30-yillargacha yashirin faoliyat olib borgan, ozodlik uchun kurashgan “Milliy Ittihod”, “Sho‘roi Islomiya” tashkilotlarining a’zosi bo‘lgan.
Cho‘lponning hatto ishq-muhabbat mavzusidagi she’rlarida ham isyon, Vatan ozodligini sog‘inuvchi dard bor. Yaqqol fosh etuvchi realizmga ega. Ilk hikoyalaridayoq jaxolat, qashshoqlik, savodsizlik girdobiga tushgan Turkiston voqeligini mohirona chizib beradi. “Do‘xtir Muhammadyor”, “Novvoy qiz”, “Jaholat qurboni” “Oydin kechalarda”, “Qor qo‘ynida lola” kabi hikoyalar shular jumlasidandir. “Kecha va kunduz” romani esa milliy nasrimizning har tomonlama eng yuqori cho‘qqisida turadi. Undagi til go‘zalligidan, millatning asl qiyofasini, fojiasini, uning sabablarini, xalqning dardu iztiroblarini tiniq tasvirlaganligidan hayratga tushmay iloj yo‘q.
O‘tgan asrning 30-yillarida qatag‘on qilingan shoiru yozuvchilar va davlat arboblarining taqdirlari Cho‘lponnikidan keskin farq qiladi. Ularning ko‘pchiligi qurbon bo‘lgan esa-da, oradan ma’lum muddat o‘tib oqlanishgan. Sho‘ro davlatining “siylovlariga” musharraf bo‘lishgan. Ba’zilarining hayoti va ijodlarini maktab hamda oliy o‘quv yurtlarida o‘qib-o‘rganganmiz. Qariyb barchalarining asarlari bosilib chiqqan ko‘pchiliklari haqida ilmiy risolalar, kitoblar yozilgan. Biroq Cho‘lpon to‘g‘risida gapirish, yozish mutlaqo mumkin emasdi. Asarlari chop etilishini qo‘ying, hatto boshqalar bilan tushgan sur’atlari ham siyohda bo‘yab tashlangan.
Kommunistlar Cho‘lpon va uning xalqqa ta’sir kuchidan nihoyatda qo‘rqishgan ko‘rinishadi. Chunki u 20-30-yillarda elning chinakam “yulduz” shoiri edi. Qalb tug‘yonlari ham millat dardu iztiroblariga juda-juda yaqin, hamohang bo‘lgan.
Sho‘roning keyingi yillarida Cho‘lponning yozuv mashinkasida yozilgan she’rlarini hur fikrli kishilar qo‘lma-qo‘l o‘qishgan. Hatto romani ham shu yo‘sinda kitob qilingan. U arab, fors, rus qisman ingliz, nemis va turkiy xalqlar tillarini bilgan, tarjimalar qilgan. Agar milliy mustaqillikka erishmaganimizda Cho‘lponning nomi va asarlari hali hamon taqiq ostida bo‘lardi. U chin ma’noda istiqlol shoiridir, jasorat timsolidir. Uning qatli ham boshqalarnikiga o‘xshamaydi, ya’ni cho‘lponchasiga mardlarcha jon bergan.
Mamlakatimiz tarixida yangi davr boshlandi. Hur fikr, adolat tantanasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu niyatlarimizni oshkora bayon etmoqqa imkon yaratdi.
Hademay Cho‘lpon tavalludiga 120 yil to‘ladi. Bu sana, butun mamlakat bo‘ylab keng nishonlansa, to‘la asarlar to‘plami nashr etilsa, shoirning hayotini o‘rganuvchi maxsus komissiya va yurgan yo‘llarini aniqlovchi ekspeditsiya tuzilsa yaxshi bo‘lar edi. Shoir haqida ilmiy va badiiy asarlar yaratish, o‘quv darsliklariga kengroq kiritish, uning to‘g‘risida badiiy hamda hujjatli film ishlash ham maqsadga muvofiqdir. Poytaxtdagi adiblar hiyobonida Cho‘lponning haykali ham bo‘lishi kerak.
Cho‘lpon – jasorat timsoli. U mustabid tuzum davrida, joni muqarrar xavf ostidaligida ham Vatan ozodligini, millat erkini baralla kuylay olgan ijodkordir. Uning hayoti va ijodi, kurashlari yoshlar, ayniqsa, yigitlar tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi. Chunki u yigitlarimizni mardlikka, Vatan uchun fidoyi bo‘lishga undaydi.
Abdulhamid Cho'lpon asarlari.
Xayol
Xayol va haqiqat... Ular har doim ham bir-biriga uyg'un bo'lavermaydi. Ko'pincha xayolimizdagi narsalar haqiqatda buning aksi bo'lib chiqadi. Chindan ham, xayol shirin,
xayol sururbaxsh, xayol go'zaldir. Haqiqat esa achchiq, qo'pol va qo'rqinchli. Shu boisdan har bir inson o'zining xayolot dunyosida qurgan go'zal olamida yashaydi va bu olamning yolg'onligini bilsa-da, undan voz kechgisi kelmaydi...
Suygan choqlarda
Ishq va Oshiqlik... Bu so'zlarni ta'riflamoqqa, uning mazmunini sharh etmoqqa zabonlar zabun-u qalamlar ojiz. Oshiqning ishq makon etgan ko'nglidan qanday hislar kechishini hech kim mukammal tasvirlab berolmaydi. Uni faqat chinakam oshiqlargina his etishi mumkin. Mazkur she'rni oshiq yurakning ko'ngil rozlari sifatida qabul etish mumkin.
Buzilgan o'lkaga
Cho‘lponning mazkur she’ri bolsheviklar qirg‘ini, sho‘ro mustamlakachilari tomonidan o‘lkamizning vayronaga, o‘likxonaga aylantirilgani haqida bo'lib, unda yurtimiz boshiga tushgan musibatlar o'ta haqqoniy va ayni paytda ta'sirchan qilib tasvirlangan.
Binafsha
Ushbu she'rda Cho'lponning buyuk va xassos qalbini ko'rgandek bo'lasiz. She'r hamdardlik hislariga to'la bo'lib, uni o'qigach, shoir "Binafsha" so'zi ostiga qanday mazmunni berkitganini bilib olishingiz mumkin.
Xalq
Agar siz Cho'lponning xalqqa bergan ta'rifini bilmoqchi bo'lsangiz, albatta, ushbu she'r bilan tanishing. Shuningdek, unda shoirning yurt ozodligi haqidagi yorug' o'ylari ham o'z ifodasini topgan.
Kuz yomg'iri
She’rning yozilish tarixini shunday tasavvur etamiz: Cho‘lpon Moskvadagi bekatlarning birida, ehtimol, tramvayning kelishini kutib turganida kuz yomg‘iri asta yog‘a boshlaydi. Shoir yomg‘ir tomchilarining daraxt yaproqlarini yuvib, so‘ng yerga to‘kilayotgani va chuqurcha hosil qilayotganini ko‘radi. Chuqurchaga tushayotgan yangi tomchilar uni ko‘pirtirib yuboradi. Chuqurcha shoir tasavvurida jajji bir ko'lchaga aylanadi. Xayolning bu erkin o‘yinidan zavqlangan shoir bunday falsafiy xulosaga keladi...
Bahorni sog'indim...
Kuz qo'ynida turgan shoir "Bahorni sog'indim" der ekan, bahor shunchaki yil fasligina emas, balki majoziy ma'no ham kasb etadi. Shoir uchun mustamlakachilik davri go'yo kuz izg'irini kabi bo'lsa, bahor istiqlol va porloq istiqbol haqidagi "ezgu tilaklar"ni anglatardi...
Men shoirmi?
Cho‘lponning «Men shoirmi?» deb nomlangan she’ri 20-yillarda Toshkentdagi O‘lka o‘zbek bilim yurti o‘qituvchilarining iltimosi bilan shoirning lirik tarjimayi holi sifatida yozilgan. Cho‘lpon bu «lirik tarjimayi holi»da, o‘qituvchilar xohlaganidek, o‘z hayot yo‘lini emas, balki o'ziga xos shoirona o'ylari va kechinmalarini tasvirlagan.
Xazon
Mazkur she'rda o‘zbek kuzining go‘zal manzarasi chizilgan bo'lib, unda Cho‘lpon takrir san’atidan mohirona foydalanadiki, har bir so‘zning ma’no va tovush sig‘imlari favqulodda kengayib ketgandek bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i ikki obraz-"gezargan tuproq" bilan "qizorgan yaproq" obrazlari kuzning o‘zbek diyoriga o‘ziga xos xislatlari bilan kirib kelayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Bu satrlardan oqib turgan musiqadan kuzning sokin va mungli kuylari eshitilgandek bo‘ladi.
Vijdon erki
Zulm-keng ma’noli tushuncha. Mustamlakachilik davrida el-yurt boshiga tushgan barcha savdolarni faqat bir so‘z bilan-"zulm" so‘zi bilan ifodalash mumkin. Zulmning turlari va pog‘onalari ko‘p. Agar zolim insofsiz va odamlik siyohidan mahrum bo‘lgan bo‘lsa, uning zulmiga bo‘yin egmaslikning iloji yo‘q. Ammo har qanday zulm jismga egalik qilsa-da, qalb va vijdonga egalik qilolmaydi.
Yong'in
Biz bu she’rni o‘qir ekanmiz, 20-yillarda mustamlakachi bolsheviklar tufayli o‘zbek yurti va o‘zbek xalqining boshiga tushgan falokatlarni ko‘rgandek bo‘lamiz. Shoir bu balo-ofatlarni keltirgan, o‘lkamizni vayron etib, daryo-daryo qonlarni oqizgan yovuzlarni la’natlamaydi, ularga g‘azab va nafrat toshlarini otmaydi, balki mudhish tarixning shohidi sifatida yuragidan oqib turgan ko‘z yoshlari bilan tarix sahifalariga qayd etadi.
Bir tutam sochlaring...
Ushbu she'r avtobiografik mazmunga ega. Shoir ushbu she’rda muhabbat va vafo mavzuyini ruhiy kurashlar, ziddiyatli tuyg‘u va kechinmalar to‘lqinida yoritgan. Qisqa qilib aytganda, bu she’rda muhabbat dramasi haqqoniy hayotiy hodisa tasviri orqali ochiladi. Cho‘lpon bu she’ri bilan har qanday muhabbat ham chin muhabbat emas, modomiki, hayotda tabiiy gullar bilan birga, qog‘oz gullar ham mavjud ekan, chin muhabbat bilan birga, soxta muhabbat ham bo‘lishi mumkin, degan fikrni ilgari suradi.
Ko'ngil
Ushbu she'rda Cho'lponning otashin ruhi aks etgan. U ko'ngilga qarata murojaat qilib, o'zini qiynayotgan barcha og'riqli savollarni beradi, dil dardlarini bayon etadi hamda uni hamisha ozod va hur bo'lib qolishga chorlaydi.
Qalandar ishqi
Mazkur g'azal ishqiy lirika mahsuli bo'lib, unda lirik qahramonning qalb tug'yonlari Cho'lponga xos samimiyat va san'atkorlik bilan aks ettirilgan. Shoirning mahorati shundaki, u tasvirda ko'ngilning eng nozik kechinmalarigacha ifodalay olgan.
Choʻlponning adabiy merosi sheʼriyat, nasr, dramaturgiya, publitsistik va adabiy tanqidiy maqolalar hamda tarjimadan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |