Xo`jalik jamiyatlari yuridik shaxs sifatida.
Xo`jalik jamiyatlari – bu bir yoki
bir necha shaxslar tomonidan jamiyat nomidan tadbirkorlik faoliyatini birga amalga
oshirish uchun o`z mulklari(asosan mablag`lari)ni qo`shish yo`li bilan tuzgan
tashkilotidir. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, xo`jalik jamiyatlarining mas'uliyati
cheklangan jamiyat, qo`shimcha mas'uliyatli jamiyat va aksiyadorlik jamiyatlari kabi
turlari mavjud.
Mas'uliyati cheklangan hamda qo`shimcha mas'uliyatli jamiyatlar FK va
“Mas'uliyati cheklangan hamda qo`shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to`g`risida”gi
qonun va boshqa qonun hujjatlari huquqiy tartibga soladi.
55
Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta'sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali)
ta'sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo`lingan xo`jalik jamiyati
mas'uliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi. Mas'uliyati cheklangan jamiyatning
ishtirokchilari uning majburiyatlari bo`yicha javobgar bo`lmaydilar va jamiyat
faoliyati bilan bog`liq zararlar uchun o`zlari qo`shgan hissalar qiymati doirasida
javobgar bo`ladilar. Mas'uliyati cheklangan jamiyatning o`z hissasini to`la
qo`shmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo`yicha har bir ishtirokchi
hissasining to`lanmagan qismining qiymati doirasida solidar javobgar bo`ladilar. Bir
yoki bir necha shaxs tomonidan ta'sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta'sis
hujjatlari bilan belgilangan miqdorlardagi ulushlarga bo`lingan xo`jalik jamiyati
qo`shimcha mas'uliyatli jamiyat deb hisoblanadi. Bunday jamiyatning ishtirokchilari
jamiyat majburiyatlari bo`yicha o`ziga tegishli mol-mulklari bilan hamma uchun bir
xil bo`lgan va qo`shgan hissalari qiymatiga nisbatan jamiyatning ta'sis hujjatlarida
belgilanadigan karrali miqdorda solidar tarzda subsidiar javobgar bo`ladilar.
Qo`shimcha mas'uliyatli jamiyat ishtirokchilari javobgarligining eng yuqori miqdori
qo`shimcha mas'uliyatli jamiyatning ustavida nazarda tutiladi. Ishtirokchilardan biri
bankrot bo`lib qolganida uning qo`shimcha mas'uliyatli jamiyat majburiyatlari
bo`yicha
javobgarligi,
agar
jamiyatning
ta'sis
hujjatlarida
javobgarlikni
taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo`lmasa, boshqa ishtirokchilar
o`rtasida ularning qo`shgan hissalariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Mas'uliyati cheklangan hamda qo`shimcha mas'uliyatli jamiyatlar qonun
hujjatlarida ta'qiqlanmagan har qanday faoliyat turlarini amalga oshirishi mumkin.
Jamiyat o`z majburiyatlari yuzasidan o`ziga qarashli barcha mol-mulk bilan javobgar
bo`ladi. Jamiyat o`z ishtirokchilarining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi.
Jamiyatning bankrotligi ishtirokchi sifatidagi shaxsning aybi tufayli vujudga kelgan
bo`lsa, jamiyatning mol-mulki yetarli bo`lmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga
uning majburiyatlari bo`yicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin. Davlat va
uning organlari jamiyatning majburiyatlari yuzasidan javobgar bo`lmaydi, xuddi
shuningdek jamiyat ham davlat va uning organlari majburiyatlari yuzasidan javobgar
bo`lmaydi.
Yuridik va jismoniy shaxslar jamiyatning ishtirokchilari bo`ladilar. Qonunda
ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning jamiyatda ishtirok etishi ta'qiqlanishi yoki
cheklanishi mumkin. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, agar qonun
hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan bo`lmasa, jamiyatning ishtirokchilari
bo`lishga haqli emaslar. Jamiyat bir shaxs tomonidan ta'sis etilishi mumkin bo`lib, u
jamiyatning yagona ishtirokchisiga aylanadi. Jamiyat keyinchalik bir ishtirokchisi
bo`lgan jamiyatga aylanishi mumkin. Jamiyat yagona ishtirokchi sifatida bir
shaxsdan iborat boshqa xo`jalik jamiyatiga ega bo`lishi mumkin emas. Jamiyat
ishtirokchilarining
soni
ellik
kishidan
oshmasligi
lozim.
Agar
jamiyat
56
ishtirokchilarining soni ushbu belgilangan me'yordan oshib ketsa, jamiyat bir yil
ichida ochiq aksiyadorlik jamiyati yoki ishlab chiqarish kooperativi etib qayta
tuzilishi kerak. Agar ko`rsatilgan muddat davomida jamiyat qayta tuzilmasa va
jamiyat ishtirokchilarining soni belgilangan me'yorga qadar kamaymasa, u yuridik
shaxslarni davlat ro`yxatidan o`tkazuvchi organning talabiga binoan sud tartibida
tugatilishi kerak.
Jamiyatning ta'sis shartnomasi va ustavi jamiyat ta'sis hujjatlari deb hisoblanadi.
Agar jamiyat bir shaxs tomonidan ta'sis etilsa, shu shaxs tasdiqlagan ustav
jamiyatning ta'sis hujjati hisoblanadi. Jamiyat ishtirokchilarining soni ikki va undan
ortiq kishiga ko`paysa, ular o`rtasida ta'sis shartnomasi tuzilishi kerak. Jamiyat ustav
fondi (ustav kapitali) uning ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatlaridan tarkib
topadi. Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori jamiyatni davlat
ro`yxatidan o`tkazish uchun hujjatlarni taqdim etish sanasidagi holatga ko`ra qonun
hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan kam bo`lmasligi
lozim. Jamiyat davlat ro`yxatidan o`tkaziladigan paytga qadar uning har bir
ishtirokchisi ta'sis hujjatlarida ko`rsatilgan jamiyatning ustav fondidagi (ustav
kapitalidagi) o`z hissasining kamida o`ttiz foizini kiritishi shart. Jamiyatning har bir
ishtirokchisi ta'sis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat ro`yxatidan o`tkazilgan
paytdan boshlab bir yildan oshmaydigan muddat mobaynida jamiyatning ustav
fondiga (ustav kapitaliga) o`z hissasini to`liq kiritishi kerak. Jamiyatning ishtirokchisi
tomonidan hissaning to`liq kiritilganligi jamiyat ishtirokchisiga beriladigan
guvohnoma bilan tasdiqlanadi. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig`ilishi jamiyat
boshqaruvining oliy organi hisoblanadi.
Jamiyatning ustavida jamiyatning kuzatuv kengashini tuzish nazarda tutilishi
mumkin. Jamiyatning joriy faoliyatiga rahbarlik qilish jamiyatning yakkaboshchilik
asosidagi ijro etuvchi organi tomonidan yoki jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi
tomonidan
amalga
oshiriladi.
Jamiyatning
ijro
etuvchi
organi
jamiyat
ishtirokchilarining umumiy yig`ilishiga va, agar tuzilishi jamiyatning ustavida
nazarda tutilgan bo`lsa, jamiyatning kuzatuv kengashiga hisobdordir.
Xo`jalik jamiyatlari turlaridan yana biri aksiyadorlik jamiyatidir. Ustav fondi
muayyan miqdordagi aksiyalarga bo`lingan jamiyat aksiyadorlik jamiyat hisoblanadi.
Ishtirokchilar (aksiyadorlar) jamiyat majburiyatlari bo`yicha javob bermaydilar,
jamiyat faoliyati bilan bog`liq zararlar uchun o`zlariga qarashli aksiyalar qiymati
doirasida javobgar bo`ladilar (FKning 64-moddasi). J.I.Yuldashev xo`jalik
jamiyatlari va shirkatlari ichida aksiyadorlik jamiyatlari yirik va o`rta biznesga,
qolgan xo`jalik shirkatlari va jamiyatlari mayda va o`rta biznesga xos xo`jalik
yurituvchi subyektlar deb hisoblaydi48. Aksiyadorlik jamiyatlarining huquqiy
maqomi FK, 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Aksiyadorlik jamiyatlari va
aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun va boshqa qonun
57
hujjatlari bilan tartibga solinadi. AJ o`z majburiyatlari yuzasidan o`ziga tegishli
barcha mol-mulki bilan javobgar bo`ladi. Aksiyadorlar jamiyatning majburiyatlari
yuzasidan javobgar bo`lmaydilar va uning faoliyati bilan bogliq ziyonlarni o`zlariga
tegishli aksiyalar qiymati doirasida to`laydilar. Aksiyalar haqining hammasini
to`lamagan aksiyadorlar jamiyat majburiyatlari yuzasidan o`zlariga tegishli aksiyalar
qiymatining to`lanmagan qismi doirasida solidar javobgar bo`ladilar. Jamiyat o`z
aksiyadorlarining majburiyatlari yuzasidan javobgar bo`lmaydi. Agar jamiyatning
nochorligi (bankrotligi) jamiyat uchun majburiy ko`rsatmalarni berish huquqiga ega
bo`lgan aksiyador sifatidagi shaxsning gayriqonuniy xatti-harakatlari tufayli vujudga
keltirilgan bo`lsa, mazkur aksiyador zimmasiga jamiyatning mol-mulki yetarli
bo`lmagan taqdirda uning majburiyatlari bo`yicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi
mumkin. Aksiyadorlik jamiyatining ustavida tegishli huquq nazarda tutilgan
taqdirdagina, aksiyador majburiy ko`rsatma berish huquqiga ega bo`ladi. Jamiyat
uchun majburiy ko`rsatmalar berish huquqiga ega bo`lgan aksiyador jamiyatning
muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida nochor (bankrot) bo`lib qolishini
oldindan bilib, o`z huquqidan uning ana shunday harakatni amalga oshirishini ko`zlab
foydalangan holdagina jamiyatning nochorligi (bankrotligi) aksiyadorning harakatlari
tufayli vujudga keltirilgan deb hisoblanadi.
Aksiyadorlik jamiyati ochiq yoki yopiq bo`lishi mumkin. Ochiq aksiyadorlik
jamiyatining muassislari tarkibiga kiruvchilarning eng kam soni cheklanmaydi.
Yopiq aksiyadorlik jamiyatlarining muassislari esa kamida uch shaxsdan iborat qilib
belgilanadi. Aynan muassislarining belgilangan miqdori turli davlatlarda turlicha
belgilangan. Masalan, Italiyada – 2, Shveysariyada – 3, Germaniyada – 5, Angliya,
Fransiya, Yaponiyada – 7, Estoniya, Rossiya, Niderlandiya, Shveysiya, Finlandiya va
AQShning ko`pgina shtatlarida – 1 kishi v.x.k49. Qatnashchilari o`zlariga tegishli
aksiyalarini o`zga aksiyadorlarning roziligisiz boshqa shaxslarga berishi mumkin
bo`lgan aksiyadorlik jamiyati ochiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. OAJ o`zi
chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o`tkazishga va qonun hujjatlarining talablarini
hisobga olgan holda ularni erkin sotishga haqlidir. OAJ aksiyadorlarining soni
chegaralanmaydi. Ochiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondining eng kam miqdori
jamiyat davlat ro`yxatidan o`tkazilgan sanada O`zbekiston Respublikasi Markaziy
bankining kursi bo`yicha ellik ming AQSH dollariga teng bo`lgan summadan kam
bo`lmasligi kerak.
Aksiyalari faqat o`z muassislari yoki oldindan belgilangan doiradagi shaxslar
orasida taqsimlanadigan aksiyadorlik jamiyati yopiq aksiyadorlik jamiyati deb
hisoblanadi. Bunday jamiyat o`zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o`tkazishga
yoxud ularni cheklanmagan doiradagi shaxslarga sotib olish uchun boshqacha tarzda
taklif etishga haqli emas. YOAJ aksiyadorlarining soni ellik nafardan ziyod bo`lishi
mumkin emas. Belgilangan chegaradan ortib ketgan taqdirda, u yopiq aksiyadorlik
58
jamiyatlari uchun miqdori aksiyadorlarning chegaralangan limitidan ortib ketgan
shaxslar aksiyadorlar reyestrida ro`yxatga olingan kundan e'tiboran olti oy ichida
ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilishi, ushbu muddat tugagach, sud tartibida
tugatilishi lozim.
Yopiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondining eng kam miqdori esa, jamiyat
davlat ro`yxatidan o`tkazilgan sanada qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik
ish haqining ikki yuz baravari miqdoridan kam bo`lmasligi kerak. Jamiyat filiallar
tashkil etishi hamda vakolatxonalar ochishi mumkin. Ular o`zlarini tashkil etgan
jamiyat tomonidan mol-mulk bilan ta'minlanadi va shu jamiyat tasdiqlagan nizomlar
asosida ish ko`radi. Filial yoki vakolatxonaning rahbari jamiyat tomonidan
tayinlanadi va jamiyat bergan ishonchnoma asosida ish ko`radi. Filial hamda
vakolatxona faoliyati uchun javobgarlik ularni tuzgan jamiyat zimmasida bo`ladi.
Ta'sis yig`ilishi (muassis) tasdiqlagan ustav jamiyatning ta'sis hujjati
hisoblanadi.
Davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotganda davlat mulkini
tasarruf etishga vakolatli organ tasdiqlaydigan emissiya ma'lumotnomasi ham ta'sis
hujjati hisoblanadi.
Jamiyatning ustav fondi aksiyadorlar sotib olgan jamiyat aksiyalarining nominal
qiymatidan tashkil topadi. Jamiyat chiqaradigan barcha aksiyalarning nominal
qiymati bir xil bo`lishi lozim.
Jamiyatning ustav fondi uning mol-mulkining o`z kreditorlari manfaatlarini
kafolatlaydigan darajadagi eng kam miqdorini belgilaydi. Jamiyat davlat mulki
negizida tuzilganda korxonaning (mol-mulkning) qonun hujjatlarida belgilangan
tartibda aniqlangan bozor bahosi jamiyat ustav fondining summasini tashkil etadi.
Aksiyadorlik jamiyatini aksiyadorlarning umumiy yig`ilishi, kuzatuv kengashi va
ijroiya organi boshqaradi.
Aksiyadorlarning umumiy yig`ilishi jamiyatni boshqarishning oliy organidir.
Jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyat faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ushbu
Qonun bilan aksiyadorlar umumiy yigilishining mutlaq vakolatlariga kiritilgan
masalalarni hal etish bundan mustasno. Ovoz beruvchi aksiyalarning egasi bo`lgan
aksiyadorlar soni o`ttiz kishidan kam bo`lgan jamiyatda kuzatuv kengashi vazifasi
jamiyat ustavi bilan aksiyadorlarning umumiy yigilishi zimmasiga yuklanishi
mumkin. Bunday hollarda aksiyadorlar umumiy yigilishini o`tkazish masalasini hal
etishga vakolati bo`lgan muayyan shaxs yoki jamiyat organi jamiyat ustavida o`z
aksini topishi kerak.
Jamiyatning kundalik faoliyatiga rahbarlik yakkaboshchilik asosidagi ijroiya
organi (direktor) yoki kollegial ijroiya organ (boshqaruv, direksiya) tomonidan
amalga oshirilishi mumkin. Bir paytning o`zida ham yakkaboshchilik asosidagi, ham
kollegial ijroiya organlari bo`lishi nazarda tutilgan jamiyat ustavida ulardan har
59
birining vakolatlari belgilab qo`yilishi kerak. Bunday hollarda jamiyatning
yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor) vazifasini bajaruvchi shaxs
kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) raisi vazifasini ham amalga oshiradi.
Aksiyadorlar umumiy yig`ilishining qaroriga binoan jamiyat ijroiya organining
vakolatlari shartnoma bo`yicha tijorat tashkilotiga (boshqaruvchi tashkilotga) yoki
yakka tartibdagi tadbirkorga (boshqaruvchiga) berilishi mumkin. Tuziladigan
shartnomaning shartlari, basharti ustavda o`zgacha qoida nazarda tutilmagan bo`lsa,
jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Jamiyat ijroiya organining
vakolatlariga jamiyatning kundalik faoliyatiga rahbarlik qilishga doir barcha
masalalar kiradi, aksiyadorlar umumiy yig`ilishining mutlaq vakolatlariga yoki
kuzatuv kengashining vakolatlariga kiritilgan masalalar bundan mustasno.
Xo`jalik shirkati va jamiyatlari yuridik shaxs huquqini olgan shu'ba va tobe
xo`jalik jamiyatlarga ega bo`lishi mumkin.
FKning 67-moddasiga muvofiq, bir (asosiy) xo`jalik jamiyati yoki shirkati
ikkinchi xo`jalik jamiyatining ustav fondida undan ustunlik mavqeiga ega bo`lgan
holda ishtirok etishi tufayli yoxud ular o`rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yo
bo`lmasa boshqacha tarzda ikkinchi xo`jalik jamiyati tomonidan qabul qilinadigan
qarorlarni belgilab berish imkoniga ega bo`lsa, ushbu ikkinchi xo`jalik jamiyati
sho`ba xo`jalik jamiyati hisoblanadi.
Sho`ba xo`jalik jamiyati o`zining asosiy jamiyati (shirkati)ning qarzlari bo`yicha
javob bermaydi.
Shu'ba xo`jalik jamiyatiga bajarilishi shart bo`lgan ko`rsatmalarni berishga
huquqli asosiy jamiyat ana shunday ko`rsatmalarni bajarish uchun shu'ba jamiyat
tomonidan tuzilgan bitimlar yuzasidan shu'ba jamiyat bilan solidar javobgar bo`ladi.
Asosiy jamiyatning shu'ba xo`jalik jamiyatga bajarilishi shart bo`lgan ko`rsatmalarni
berish huquqi shu'ba xo`jalik jamiyat bilan tuzilgan shartnomada yoki shu'ba xo`jalik
jamiyatning ustavida ko`zda tutilgan taqdirdagina asosiy jamiyat bunday huquqqa ega
deb hisoblanadi.
Shu'ba xo`jalik jamiyati asosiy jamiyatning aybi bilan nochor (bankrot) bo`lib
qolgan hollarda asosiy jamiyat shu'ba xo`jalik jamiyatning qarzlari yuzasidan
subsidiar javobgar bo`ladi. Asosiy jamiyat shu'ba xo`jalik jamiyatning muayyan
harakatlarni amalga oshirish oqibatida nochor (bankrot) bo`lib qolishini oldindan
bilib, yuqorida aytilgan o`z huquqlari va (yoki) imkoniyatidan shu'ba xo`jalik
jamiyatning shunday harakatlarni amalga oshirishini ko`zlab foydalangan
hollardagina shu'ba xo`jalik jamiyatning nochorligi (bankrotligi) asosiy jamiyatning
aybi bilan yuz bergan deb hisoblanadi.
Shu'ba xo`jalik jamiyat aksiyadorlari asosiy jamiyatdan uning aybi bilan shu'ba
xo`jalik jamiyatga keltirilgan ziyonni to`lashni talab qilishga haqlidir. Asosiy jamiyat
shu'ba xo`jalik jamiyatning muayyan harakatlarni amalga oshirish oqibatida ziyon
60
ko`rishini oldindan bilib, o`z huquqlari va (yoki) imkoniyatidan shu'ba xo`jalik
jamiyatning shunday harakatlarni amalga oshirishini ko`zlab foydalangan holdagina
ziyon asosiy jamiyatning aybi bilan keltirilgan deb hisoblanadi.
Xo`jalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat xo`jalik jamiyatiga qarashli
ovoz beradigan aksiyalarning yigirma foizidan ko`prog`iga ega bo`lsa, bunday
xo`jalik jamiyati qaram jamiyat deb hisoblanadi. Qaram xo`jalik jamiyati yuridik
shaxs hisoblanadi. Xo`jalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat qaram jamiyat
ustav fondining tegishli qismini qo`lga kiritib olganligi haqidagi ma'lumotlarni
qonunda nazarda tutilgan tartibda darhol e'lon qilishi shart.
Xo`jalik jamiyatlari bir-birlarining ustav fondlarida o`zaro qatnashishining
chegarasi va bunday jamiyatlardan biri boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki
aksiyadorlarining umumiy yig`ilishida foydalanishi mumkin bo`lgan ovozlar soni
qonunda belgilab qo`yiladi. Ishtirok etuvchi va tobe xo`jalik jamiyatlari o`rtasidagi
o`zaro munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |