3. Salavkiylar davlati. Iskandarning safdoshlaridan biri Salavk (er.avv. 312-281yillar) er. avv. 321-yilda satraplar o`rtasidagi shartnomaga ko`ra, Bobilni egalladi. Salavk diadoxlar o`rtasidagi kurash natijasida Eron, O`rta Osiyo satrapliklari ustidan o`z nazorat o`rnatdi. Ammo Osiyoning oliy hokimi Antigon tez orada Salavkdan Bobilni tortib oldi (er. avv. 315-yil). Antigon bilan boshqa satraplar o`rtasidagi kuchayib ketgan raqobatdan foydalangan Salavk Misr hukmdori Ptolemeyning yordami bilan er. avv. 312-yilda Bobilda o`z hokimiyatini qayta tikladi. Aynan shu yildan boshlab Salavk sulolasining er. avv. 64-yilgacha davom etgan hukmronligi boshlandi.
Salavk g`arbda diadoxlar o`rtasida davom etayotgan urushdan foydalanib, Sharqqa yurish qildi. Yurish davomida u Eron va O`rta Osiyo satrapliklarini qayta qo`lga kiritdi. Yurish oxirida Salavk Hindistonda Maur’ilar davlatining asoschisi Chandragupta bilan to`qnashdi. Urush Salavkni ilgari Iskandar davlati tarkibiga kirgan barcha hind mulklaridan voz kechishi, buning evaziga Chandragupta tomonidan 300 jangovar fillarning Salavkga sovg`a qilishi bilan tugadi. Salavk er. avv. 305-304-yillar atrofida o`zini podsho deb e’lon qildi. Shundan sal o`tgach, Shimoliy Suriyani, er. avv. 281-yilda Kichik Osiyoning katta qismini bosib oldi. Salavk shu yildayoq u Makedoniyani egallash uchun bo`lgan yurish boshladi, lekin Ptolomey Keravn yuborgan qotil tomonidan o`ldirildi.
Salavkiylar davlati o`zining gullab-yashnagan davrida Iskandarning Osiyodagi sobiq mulklarining katta qismini o`z tarkibiga olgan edi. Bu bepoyon hududda turli iqtisodiy va madaniy taraqqiyot bosqichida turgan, etnik va til jihatidan ola quroq bo`lgan xalqlar joylashgan edi. Salavkiylar davlatida yunon va makedonlar podsho boshchiligida hukmron tabaqaga aylandilar. Ular barcha oliy hokimiyat lavozimlarini egallab olib, qo`shinning asosiy qismini tashkil etdilar. Mahalliy zodagonlar hokimiyat boshqaruvida deyarli ishtirok etmadi. Faqat Bobil shaharlarining fuqaro-ibodatxona jamoalari ma’lum bir imtiyozlardan foydalandi.
Salavkiylar davlati aholisining asosiy qismi jamoachi dehqonlardan iborat edi. Bu jamoalar podsho foydasiga pul va natural majburiyatlarni o`tar edi. Jamoachi dehqonlar shaxsan erkin bo`lgan. Lekin davlat hokimiyati dehqonlarni asta-sekin qaram qila boshladi. Bu ularni yerga biriktirib qo`yishda ko`rinadi. Davlat yerlari ikki qismga bo`lingan. Bir qism yerlar podshoning shaxsan o`ziga tegishli bo`lsa, ikkinchi qismi shaharlar, mahalliy zodagon-hokimlar, qabilalar va jamoalarga tegishli bo`lib, podsho hokimiyati tomonidan nazorat qilingan.
Davlatning butun hududi satrapliklarga bo`linib, undan kichik ma`muriy birliklar-yeparxiya va giparxiyalar edi. Satraplik boshida satrap(Antiox III davrida strateg) turib, u fuqarolik va harbiy hokimiyatni amalga oshirgan. Moliya muassasi esa, mustaqil bo`lgan.
Salavkiylar davlatida O`rta Osiyo va Eron hududlari muhim o`rin tutar edi. Salavk I davrida uning o`g`li va merosxo`ri Antiox I (er. avv. 281-261-yillar) bu hududlarni boshqarar edi. Antiox I Slavkning Spitamenning qizidan bo`lgan o`g`li edi. O`rta Osiyoda sulola hokimiyatini mustahkamlash uchun yangi shaharlar va harbiy manzilgohlar qurildi, eskilari qayta tiklandi (Marv vohasi devor bilan to`liq o`rab olindi).
Antiox I davridan so`ng, er. avv. III asr o`rtalarida Baqtriya, So`g`diyona va Parfiya ajralib chiqdi. Vifiniya, Paflagoniya, Kappadokiya va Galatiya kabi davlatlar paydo bo`ldi. Qora va Kaspiy dengizlari oralig`ida Armaniston davlati, Midiyaning shimoliy qismida satrap Atropat Salavkiylar davlatidan ajralib chiqib, Midiya Atropatenasini tashkil qildi. Natijada Yunon-Baqtriya va Parfiya podsholiklari vujudga keldi (Yunon-Baqtriya er. avv. 130 yillargacha, Parfiya davlati esa, eramizning 227-yiligacha mavjud bo`ldi). Antiox III bu davlatlarni bo`ysundirish uchun er. avv. 212-205-yillarda Sharqqa yurish qildi. Yurish davomida xarajatlarni qoplash uchun Antiox III Ekbatanadagi Anaxita ibodatxonasini taladi. Yurish natijasida Parfiya qayta bo`ysundirildi. Yunon-Baqtriya shaharlarining ikki yil natijasiz qamal qilish bilan rasman Salavkiylar hokimiyatini tan oldi. Antiox qo`shinlari Hindiqush tog`laridan o`tib, Hindiston yerlariga bostirib kirdi va mahalliy hokim bilan shartnoma tuzib, Antiox hind jangovar fillariga ega bo`ldi.
Antioxning bu yurishi Salavkiylar davlatining yemirilishini vaqtincha to`xtatdi. U markaziy hokimiyatni mustahkamladi. Kichik Osiyoning katta qismi bosib olindi va Kelesiriya Misrdan batamom tortib olindi. Kuchayib ketgan Salavkiylar davlati Pergam va Rodosni xavfsizligiga jiddiy xavf sola boshladi. Pergam va Rodos Antiox III dan shikoyat qilib, Rimdan yordam so`radi. Rim ham Antiox III saroyiga mashhur Karfagen qo`mondoni Gannibalni maslahatchi bo`lib turganidan norozi edi. Er. avv. II asr boshlarida Salavkiylar bilan Rim respublikasi o`rtasida Yunoniston uchun raqobat boshlandi. Er. avv. 189-yilda Rim bilan bo`lgan urushda Antiox III qo`shinlari yengildi. Mamlakat hududlarida norozilik, Salavkiylarning zulmiga qarshi qo`zg`olon va isyonlar boshlanib ketdi. Yunon-Baqtriya va Parfiya o`z mustaqilliklarini qayta tikladi va Parfiya g`arbga tomon yurish qilib, Salavkiylar hududlarini bosib ola boshladi. Midiyada satrap Timarxning isyon ko`tarishi bu viloyatni parfiyaliklar tomonidan bosib olinishiga yordam berdi. Bundan tashqari, parfiyaliklar Fors va Elamni egalladilar.
Antiox III ning o`g`illaridan biri Antiox IV (er. avv. 176-164 yillar) shijoatli hukmdor bo`lib, davlat hokimiyatini bir qadar mustahkamlashga erishdi. Uning boshqaruvi davrida mamlakatda podsho san’at va madaniyatga homiylik qildi.
Shuhratparast Antiox IV Salavkiylar davlatining o`tmishdagi kuch-qudratini tiklashga urindi. Mamlakat ichida bir qadar ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni vujudga keltirib, uning hududini kengaytirishga harakat qildi. Antiox IV Misrni bosib olish uchun kuchli qo`shin bilan yurish boshladi. Yo`lda uni Rimning Misrdagi elchisi Gay PopiliyLena to`xtatdi. Aytishlaricha, Salavkiylardan ko`ra, qudratli bo`lgan Rim elchisi Antiox IV o`tirgan joyning atrofini doira chizib, Rimning talabi bajarilmaguncha (Misrga yurishni to`xtatish) Antiox IV ni doira ichidan chiqib ketishini ta`qiqlagan. Natijada rimliklarning tazyiqi ostida Misr yurishi to`xtatilgan.
Antiox VII Sidet (er. avv. 238-129-yillar) davlatning yaxlitligini tiklashga urinishi uning mag`lubiyati va halokati bilan yugadi. Bu Bobil, Pardiya va mahalliy sulolalar hokimiyati ostiga o`tgan Fors v amidiyaning ajralib ketishiga olib keldi. Er. avv. I asr boshlarida Yahudiya va Kommagen o`z mustaqilligini qo`lga kiritdi. Salavkiylar davlatining yemirilish jarayoni tezlashib ketdi. 35 yil ichida taxtda 12 da`vogar almashdi. Ko`p hollarda bir vaqtning o`zida ikki yoki uch podsho taxtga chiqdi. Natijada Salavkiylar davlati hududi Suriya, Finikiya va Klikiyaning bir qismi bilan chegaralanib qoldi. Salavkiylar sulolasining so`ngi vorisi Antiox XIII edi. Uni Rim respublikasi podsho deb tan olgan bo`lsada, Antiox XIII ikki yillik hukmronligidan so`ng Pompey tomonidan taxtdan tushirildi. Er. avv. 64-yilda Salavkiylar davlatining qoldiqlari Rim tomonidan bosib olinib, uning hududida Suriya provinsiyasi tashkil etildi. Sharqiy Pont, Paflagoniya, Galatiya, Kappadokiya, Armaniston va Kommagenrimliklarga vassal bo`lgan mahalliy hokimlar qo`lida qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |