Tibbiy jihozlarni yo'q qilish -- SanPiN qoidalarida ushbu turdagi faoliyat uchun litsenziyaga ega bo'lgan uchinchi tomon tashkilotlari tibbiy asbob-uskunalarni yo'q qilish bilan shug'ullanishi ta'kidlangan. Tibbiy asboblar va xavfli bo'lmagan axlatlar belgilangan xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda tibbiy muassasada yo'q qilinadi.SanPiN tibbiy chiqindilarni biron sababga ko'ra yo'q qilish usulini ishlab chiqdi, agar siz ularga rioya qilsangiz, ko'plab odamlar va hayvonlarni yuqtirish xavfini oldini olishingiz, atrof-muhitni ifloslanishdan himoya qilishingiz mumkin.
Harbiy sohada atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish xalqaro huquq normalari asosida amalga oshiriladi. 2001 yil 5 noyabrda BMT Bosh Аssambleyasi har yilning 6 noyabrini Xalqaro urush va qurolli nizolar vaqtida atrof tabiiy muhitni ekspluatatsiya qilishning oldini olish kuni deb eʼlon qildi (Rezolyutsiya 56/4). Qurolli nizolar vaqtida atrof tabiiy muhitga yetkazilgan zarar ular tugagandan keyin ham ancha vaqt ekologik tizim va tabiiy resurslar holatiga taʼsir etib boradi hamda koʼpincha milliy hudud doirasidan chiqib ketadi.Rio-de-Janeyroda 1992 yilda qabul qilingan Аtrof tabiiy muhit va rivojlanish boʼyicha Deklaratsiyaga muvofiq, dunyo, rivojlanish va atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish oʼzaro bogʼliq va boʼlinmas boʼlib, urush barqaror rivojlanish jarayoniga shubhasiz vayronkor taʼsir etadi. Shu bois davlatlar harbiy nizolar vaqtida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishni taʼminlovchi xalqaro huquq normalarini hurmat qilishlari hamda kelgusida uni yanada rivojlantirish boʼyicha hamkorlik qilishlari lozim. Аtrof tabiiy muhitni saqlab qolish, Yer yuzida tinchlikni saqlash va qurollanish poygasi oʼrtasidagi oʼzaro aloqa BMT Bosh Аssambleyasining 1981 yildagi XXXVI sessiyasida qabul qilingan “Hozirgi va kelajak avlod uchun Yer tabiatini saqlab qolish boʼyicha davlatning tarixiy javobgarligi toʼgʼrisida”gi Rezolyutsiyasida hamda 1982 yildagi Butunjahon tabiat xartiyasida ham oʼz aksini topgan.
Harbiy harakatlarda ishtirok etuvchi taraflar urush olib borishga oid xalqaro norma va kelishuvlarga rioya etishlari lozim boʼlib, ularning ayrimlari ekologik yoʼnalishga ham ega, masalan, 1976 yilgi “Tabiiy muhitga harbiy yoki har qanday zararli taʼsir etish vositalaridan foydalanishni taʼqiqlash toʼgʼrisida”gi Konventsiya qurolsizlanish sohasidagi shartnoma boʼlib, harbiy harakatlar chogʼida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga oid munosabatlarni ham tartibga soladi. U atrof tabiiy muhitdan urush maqsadlarini, shuningdek, urush olib borish vositasi sifatida foydalanishni taʼqiqlaydi. Ushbu qoidalar keyinchalik 1949 yilgi Jeneva konventsiyaga I qoʼshimcha bayonnoma (1977 yil) bilan toʼldirilgan hamda qurolli nizolar vaqtida atrof tabiiy muhitga zarar yetkazish bevosita taʼqiqlangan.
Tabiiy muhitni qurolli nizolar holatida muhofaza qilish garchand, bu haqda bevosita qayd etilmagan boʼlsada, xalqaro gumanitar huquqning boshqa norma va printsiplari bilan ham muhofaza qilinadi. Bu oʼrinda soʼz harbiy harakatlar olib borishga taalluqli umumiy xarakterdagi normalar haqida boryapti, jumladan, ular sirasiga harbiy va fuqarolik obʼektlariga hujum qilishda farqlarni hisobga olish printsipi, ortiqcha zarar yetkazuvchi urush usul va vositalaridan foydalanishni taʼqiqlovchi mutanosiblik printsipi haqida boryapti. “Tabiiy muhitga harbiy yoki har qanday zararli taʼsir etish vositalaridan foydalanishni taʼqiqlash toʼgʼrisida”gi Konventsiya Qurolsizlanish boʼyicha qoʼmita doirasida ishlab chiqilgan va BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan 1976 yil 10 dekabrda qabul qilingan, u 1977 yil 18 maydan Jenevada imzolash uchun ochiq deb eʼlon qilingan, 1978 yil 5 oktyabrdan kuchga kirgan.
Qurolli nizolar vaqtida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish masalalari bilan shuningdek, xalqaro gumanitar huquq doirasida yuklangan vakolatlari doirasida Xalqaro Qizil Xoch qoʼmitasi (XQXQ) ham shugʼullanadi. Ushbu tashkilot 1976 yilgi Konventsiyaning harakatini koʼrib chiqish boʼyicha konferentsiya ishida, shuningdek, boshqa xalqaro forumlar, xususan 1992 yilgi Rio-de-Janeyro konferentsiyasida ham qatnashgan. Shundan keyin XQXQ qurolli nizolar vaqtida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga bagʼishlangan uchta ekspertlar yigʼilishini tashkil etdi. Xalqaro jinoyat sudi, oʼzining Statutiga muvofiq, ekologik jinoyatlar boʼyicha ishlarni ham koʼrib chiqishi mumkin. Xususan, atrof tabiiy muhitga uzoq muddatli, keng va jiddiy zarar yetkazishga sabab boʼlgan hujumni sodir etish, basharti, bunday hujum oqibatida atrof tabiiy muhitga yetkazilgan zarar bevosita kutilayotgan va aniq umumiy harbiy ustunlik bilan yaqqol nomutanosib boʼlsa, ushbu harbiy jinoyatni Xalqaro jinoyat sudi koʼrib chiqishga haqli (8 modda). Qurollanish poygasini cheklash va qurolsizlanishga yoʼnaltirilgan xalqaro shartnomalar ham harbiy sohada atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ular sirasiga “Yadroviy qurolni atmosferada, fazoviy hududda va suv ostida sinashni taʼqiqlash toʼgʼrisida”gi Moskva shartnomasi; “Yadroviy qurolni tarqatmaslik toʼgʼrisida”gi kelishuv; “Bakteriologik (biologik) qurolni ishlab chiqarish va zahiralarini shakllantirishni taʼqiqlash va ularni yoʼq qilish toʼgʼrisida”gi Konventsiya; “Dengiz va okeanlar tubida va qaʼrida yadro qurollari va boshqacha ommaviy qirgʼin qurollarini joylashtirishni taʼqiqlash toʼgʼrisida”gi Shartnoma; “Tabiiy muhitga harbiy yoki har qanday zararli taʼsir etish vositalaridan foydalanishni taʼqiqlash toʼgʼrisida”gi Konventsiya va boshqalar kiradi. Yuqorida qayd etilganlarga xulosa qilib aytganda, xalqaro hamjamiyat tomonidan xalqaro huquqda harbiy sohada atrof tabiiy muhitni va uning alohida qismlarini, tabiiy resurslarni muhofaza qilish boʼyicha muhim yutuqlarga erishilgan.Chiqindilar bilan muomala qilishning ekologik-huquqiy masalalari Oʼzbekiston Respublikasining 2002 yil 5 apreldagi “Chiqindilar toʼgʼrisida” qonuni, “Oʼzbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʼlovlarini qoʼllash tartibi toʼgʼrisida” Nizom (Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 1 maydagi 199-son qaroriga 5-ilova) va 2000 yil 25 maydagi “Ekologik ekspertiza toʼgʼrisida”gi, 1992 yil 3 iyuldagi “Davlat sanitariya nazorati toʼgʼrisida”gi, 1999 yil 20 avgustdagi “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʼgʼrisida”gi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.Chiqindi qonunchiligi sanoat chiqindilarini huquqiy tartibga solish hamda uning atrof tabiiy muhitga zararli taʼsirining oldini olishga qaratilgan boʼlsa, ekologik ekspertiza bilan bogʼliq huquqiy hujjatlar sanoat ishlab chiqarishi bilan bogʼliq boʼlgan korxona, muassasa va tashkilotlarni loyihalashtirish, joylashtirish, qurish va ishga tushirish bilan bogʼliq masalalarni huquqiy tartibini belgilab beradi. Sanitariya xavfsizligi bilan bogʼliq meʼyoriy hujjatlar esa, sanoat tegralarida sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etish hamda shu yoʼl bilan tabiatni muhofaza qilish zaruriyatini asoslaydi.
Chiqindilar bilan muomala qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari boʼlib quyidagilar hisoblanadi:
1) inson salomatligini muhofaza qilish, atrof tabiiy muhitning moʼʼtadil holatini tiklash va qoʼllab-quvvatlash hamda biologik xilma-xillikni saqlab qolish;
2) jamiyatning iqtisodiy va ekologik manfaatlarini uning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida ilmiy asoslangan uygʼunlikda olib borish;
3) kamchiqitli va chiqitsiz texnologiyalarni joriy etish maqsadida eng yangi ilmiy-texnik yutuqlardan foydalanish;
4) chiqindilar hajmini kamaytirish maqsadida moddiy xom-ashyo resurslarini kompleks qayta ishlash;
5) chiqindilar bilan muomala qilish sohasida ularning miqdorini kamaytirish hamda xoʼjalik muomalasiga jalb etish maqsadida bunday faoliyatni iqtisodiy tartibga solish uslublaridan foydalanish;
6) chiqindilar bilan muomala qilish sohasida axborotning oshkoraligi;
7) chiqindilar bilan muomala qilish sohasida Oʼzbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishi.
Barcha tabiatdan foydalanuvchilar sanoat ishlab chiqarish chiqindilarini tozalashlari, foydalanishlari, zararsizlantirishlari, utilizatsiya qilishlari yoki joylashtirishlari lozim.
Oʼzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʼgʼrisida” Qonuniga muvofiq, chiqindilarni koʼmib tashlash chiqindilarni, ifloslantiruvchi moddalar atrof muhitni bulgʼatishining oldini olishga qaratilgan hamda bu chiqindilardan kelgusida foydalanish imkoniyatini istisno etadigan tarzda, ajratib qoʼyish; chiqindilarni saqlash koʼmib tashlash, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish maqsadida chiqindilar olib ketilguncha ularni maxsus jihozlangan toʼplagichlarda saqlash; chiqindilarni utilizatsiya qilish chiqindilar tarkibidan qimmatli moddalarni ajratib olish yoki chiqindilarni ikkilamchi xom ashyo, yoqilgʼi, oʼgʼit sifatida va boshqa maqsadlarda ishlatish tushuniladi. Yuridik shaxslarning chiqindi bilan bogʼliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi faoliyati fuqarolar hayoti va sogʼligʼining hamda atrof muhitning xavfsizligini taʼminlamogʼi kerak . Chiqindi bilan bogʼliq ishlarni amalga oshirish toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarining talablari buzilganligi natijasida fuqarolar hayoti va sogʼligʼiga yoki atrof muhitga zarar yetkazilganda, shuningdek fuqarolar hayoti va sogʼligʼi, atrof muhit uchun xavfsizlikni taʼminlashning texnikaviy yoki boshqa imkoniyati boʼlmay turib xavfli chiqindilar hosil boʼlgan hollarda yuridik shaxslarning faoliyati belgilangan tartibda cheklanishi, toʼxtatib qoʼyilishi yoki tugatilishi mumkin.Chiqindilarni saqlash sanitariya normalari va qoidalariga, ekologik xavfsizlik talablariga muvofiq hamda chiqindilardan oqilona foydalanilishini yoki ularning boshqa shaxslarga berilishini taʼminlovchi usullarda amalga oshiriladi. Chiqindilar koʼmib tashlanadigan joy (xavfli chiqindilar bundan mustasno) mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda belgilanadi.Oʼzbekiston Respublikasida utilizatsiya qilish uchun tegishli texnologiyalar mavjud boʼlgan chiqindilarning koʼmib tashlanishiga yoʼl qoʼyilmaydi. Chiqindilarni aholi punktlari yerlarida, tabiatni muhofaza qilish, sogʼlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga moʼljallangan va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarda, suvni muhofaza qilish zonalari va suv obʼektlarining sanitariya muhofazasi zonalari atrofida, fuqarolar hayoti va sogʼligʼiga, shuningdek alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hamda obʼektlarga tahdid kelib chiqishi mumkin boʼlgan boshqa joylarda saqlash va koʼmib tashlash taqiqlanadi. Аlohida hollarda, maxsus tadqiqotlar natijalariga koʼra fuqarolarning hayoti va sogʼligʼi, atrof muhit xavfsizligini, tabiiy resurslar saqlanishini taʼminlash talablariga rioya etgan holda chiqindilarni yer ostiga koʼmib tashlashga yoʼl qoʼyiladi. Chiqindi hosil qilish uchun ruxsatnoma olish majburiyati, shuningdek uni berish tartibi Oʼzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʼgʼrisida”gi Qonunida toʼgʼridan toʼgʼri belgilanmagan, faqatgina uning ayrim moddalarida unga tegishli normalar belgilangan. Jumladan, Qonunning 15-moddasi 12-qismida ruxsatnomasiz chiqindi chiqargan shaxslarning bu haqda maxsus vakolatli davlat organlariga axborot taqdim etish majburiyatlari belgilangan. Demak, faoliyati natijasida chiqindilar hosil qiladigan har qanday yuridik shaxslar vakolatli davlat organidan chiqindi chiqarishga ruxsatnoma olishlari shart.
Chiqindilarni qayta ishlash, ularni poligonlarda koʼmib tashlash va saqlash uchun ruxsatnoma Tabiatni muhofaza qilish davlat organlari tomonidan, chiqindilarni toʼplash hamda ularni joylashtirish uchun yer maydonini ajratish esa mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi .
Oʼzbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish toʼgʼrisida”gi Qonunining 42-moddasiga koʼra, radioaktiv chiqindilarni koʼmib tashlash uchun ruxsatnoma mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda davlat sanitariya va konchilik nazorati organlari bilan kelishilgan holda Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi tomonidan beriladi.
Qayd etilgan qonunning 41-moddasiga muvofiq esa, faoliyati atrof tabiiy muhitga ancha zararli ekologik taʼsir etishi mumkin boʼlgan yirik xalq xoʼjalik obʼektlarini rivojlantirish va joylashtirish uchun ruxsatnoma esa davlat ekologiya ekspertizasi xulosasiga asosan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan beriladi.
Mazkur ruxsatnomalar bir necha talablar asosida berilishi mumkin:
Birinchidan, “Chiqindilar toʼgʼrisida”gi Qonunning 15-moddasiga koʼra, yuridik shaxslar tomonidan chiqindilarning hosil boʼlish normativlari va chiqindilarni joylashtirish limitlari ishlab chiqilib, tasdiqlanishi lozim. Bunda “yuridik shaxslar” deganda, faoliyati natijasida chiqindilar hosil boʼladigan har qanday korxona, tashkilot va muassasalar nazarda tutilgan. Chiqindilarning hosil boʼlish normativlari chiqindi bilan bogʼliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari bilan kelishilgan holda yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Chiqindilarni joylashtirish limitlari yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqiladi va Oʼzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi tomonidan tasdiqlanadi. Аtrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlarini yuridik javobgarlik choralari muhim oʼrinni egallaydi.
Yuridik javobgarlik deganda, huquq normalarini buzganlik uchun jazo choralarini qoʼllash oqibatida huquqbuzarga salbiy oqibatlar tugʼdirish va davlat tomonidan huquq talablarini bajarishga majbur etish tushuniladi. Yuridik javobgarlik ijtimoiy javobgarlikning bir turi boʼlib, huquqiy normalarda belgilanadi va davlatning majburlash kuchini qoʼllash imkoniyatlari bilan hamisha bogʼliq boʼladi .
Аtrof muhitni muhofaza qilishga oid munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalarni buzish huquqbuzarlikning mustaqil turini tashkil etadi. Аybdorlar ham boshqa turdagi yuridik javobgarlikka tortiladilar. Ushbu javobgarlikdan boshqa turdagi javobgarlik turlarining farqi shundaki, ushbu munosabatlarning subʼektlari boʼlgan tashkilotlar va fuqarolar bir vaqtning oʼzida boshqa ijtimoiy munosabatlar subʼektlari ham boʼladilar. Subʼektlar tomonidan ijtimoiy munosabatlarning u yoki bu turini tartibga soluvchi huquqiy normalarning buzilishiga qarab, turli turdagi yuridik javobgarlik kelib chiqadi. Ular kelib chiqishi asosining mezoni boʼlib, sodir etilgan huquqbuzarlik turi hisoblanadi. Tabiatni muhofaza qilishga oid javobgarlik munosabatlari faqat tabiatni muhofaza qilishni tartibga soluvchi huquqiy normalarning buzilishi natijasidagina kelib chiqadi .
Chiqindilarga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik quyidagi maqsadlarga ega: chiqindi bilan bogʼliq ishlarni amalga oshirish qoidalarini buzgan shaxslarni jazolash, chiqindilarning fuqarolar hayoti va sogʼligʼiga, atrof muhitga zararli taʼsirning oldini olish, chiqindilar hosil boʼlishini kamaytirish va ulardan xoʼjalik faoliyatida oqilona foydalanishni taʼminlash, yetkazilgan zararni qoplash, yangi ekologik huquqbuzarlikni sodir etishning oldini olish.
Chiqindilarga oid huquqbuzarliklar obʼekti chiqindilar, atrof tabiiy muhit, chiqindi bilan bogʼliq ishlarni amalga oshirish boʼyicha belgilangan tartib hisoblanadi. Mazkur huquqbuzarlikning subʼekti esa uni sodir etuvchi yuridik va jismoniy shaxslar hisoblanadilar. Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq, jinoiy javobgarlikka tortish yoshi 16 yosh, baʼzi ekologiya jinoyatlari uchun esa 18 yosh, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga muvofiq esa 16 yosh qilib belgilangan.
Аtrof tabiiy muhitning ifloslanganligi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni qasddan yashirish yoki buzib koʼrsatish uchun jinoiy javobgarlik Jinoyat kodeksining 194-moddasida belgilangan. “Tabiatni muhofaza qilish toʼgʼrisida”gi Qonunning 28-moddasiga muvofiq, shunday maʼlumotlarni taqdim etish atrof tabiiy muhitning holati, tabiiy resurslardan foydalanish ustidan kuzatuv, maxsus vakolat berilgan organlar, shuningdek, faoliyati atrof tabiiy muhitning holatini yomonlashtiradigan yoki yomonlashtirishi mumkin boʼlgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu kuzatuv maʼlumotlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʼmitasiga va boshqa organlarga berilishi shart. Bundan tashqari, “Tabiatni muhofaza qilish toʼgʼrisida”gi Qonunning 38-moddasiga muvofiq korxona, muassasa va tashkilotlar falokat haqida va uni bartaraf etish yuzasidan koʼrilayotgan chora-tadbirlar toʼgʼrisida mahalliy davlat hokimiyati va tabiatni muhofaza qilish organlariga darhol xabar berishlari shart. “Chiqindilar toʼgʼrisida”gi Qonunning 15-moddasida yuridik shaxslarning mahalliy davlat hokimiyati organlariga, chiqindi bilan bogʼliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlariga atrof muhitga ruxsat olinmagan tarzda chiqindilar chiqarilganligi va koʼrilgan choralar haqida axborot taqdim etish majburiyatlari belgilangan. Ushbu maʼlumotlarga ekologik halokatlar yoki atrof muhitni radiatsiyaviy, kimyoviy va bakteriologik ifloslanishi yoxud aholi salomatligi va tabiiy muhit holatiga doir maʼlumotlar kiradi.
Jinoyat kodeksining 195-moddasida atrof tabiiy muhitning ifloslanishi oqibatlarini bartaraf qilish choralarini koʼrmaslik, yaʼni ekologiyasi ifloslangan joylarni dezaktivatsiya qilish yoki boshqacha tarzda tiklash choralarini koʼrishdan boʼyin tovlash yoki bunday ishlarni yetarli darajada bajarmaslik uchun javobgarlik belgilangan. “Tabiatni muhofaza qilish toʼgʼrisida”gi Qonunning 47-moddasi oltinchi bandiga muvofiq, atrof tabiiy muhitni tiklash, unga zararli taʼsir oqibatlarini bartaraf etish choralarini koʼrmaganlikda aybdor boʼlgan shaxslarning javobgarlikka tortilishi belgilangan. Mazkur jinoyat odamlarning ommaviy ravishda kasallanishi, hayvonlarning qirilib ketishi yoki boshqa ogʼir oqibatlar mavjud boʼlishi bilan vujudga keladi.
Jinoyat kodeksining 196-moddasida yerlarni ifloslantirish yoki buzish, suv, atmosfera havosini ifloslantirish odamlarning ommaviy kasallanishi, hayvonlar, parrandalar yoki baliqlarning qirilib ketishi yoki boshqacha ogʼir oqibatlarga sabab boʼlishi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Yer, suv yoki atmosferani ifloslantirish yoki buzish deganda, ularning tabiiy ravishda oʼz-oʼzini tozalab turishini pasaytiradigan fizikaviy, kimyoviy yoki biologik taʼsirni tushunish lozim. Ifloslanish darajasini belgilashda yerda, suvda yoki atmosfera havosida yoʼl qoʼyilgan zaharli moddalar aralashmasining chegarasini belgilaydigan normativlarga murojaat qilish lozim. “Tabiatni muhofaza qilish toʼgʼrisida”gi Qonunning 14-moddasiga binoan, xoʼjalik faoliyatining atrof tabiiy muhitga zararli taʼsiri atrof tabiiy muhit sifati, aholining ekologik jihatdan xavfsizligi, tabiiy resurslarni tiklash va muhofaza qilishni kafolatlovchi normativlar hamda standartlar bilan cheklanib qoʼyiladi. Masalan, “Chiqindilar toʼgʼrisida”gi Qonunning 18-moddasida ana shu maqsadlarda chiqindilarning hosil boʼlish normativlari va chiqindilarni joylashtirish limitlari belgilangan boʼlib, ularga rioya etmaslik natijasida ogʼir oqibatlarning kelib chiqishi jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Shuningdek, “Chiqindilar toʼgʼrisida”gi Qonunda chiqindi bilan bogʼliq ishlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarda yoki obʼektlarda saqlash, qayta ishlash, utilizatsiya qilish va koʼmib tashlash taqiqlangan boʼlib, ushbu majburiyatlarni bajarmaslik tabiat obʼektlarining ifloslanishiga va ogʼir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab boʼlsa, Jinoyat kodeksining mazkur moddasida koʼrsatilgan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.