1.4. Bir so‘mlik tovar mahsuloti uchun qilingan xarajatlar tahlili Rejali iqtisod davrida har bir korxonaga mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha yuqori tashkilotlar tomonidan topshiriq berilar edi.
Korxonaning ishlab chiqarish xususiyatidan kelib chiqqan holda quyidagi ko‘rsatkichlardan biri bo‘yicha tannarxni pasaytirish rejasi belgilangan.
1. Taqqoslanadigan mahsulot tannarxi.
2. Bir so‘mlik mahsulot uchun qilingan xarajat.
3. Mahsulot birligini tannarxi.
Mahsulot tannarxini ifodalovchi ko‘rsatkichlardan eng muhimi bir so‘mlik tovar mahsuloti uchun qilingan xarajatdir. Bu ko‘rsatkich tiyin hisobida quyidagicha aniqlanadi:
Bir so‘mlik tovar mahsuloti
uchun qilingan xarajat (tiyin) = Ishlab chiqarish tannarxi
Tovar mahsulotini
ulgurji bahosi Bu ko‘rsatkich orqali qilingan xarajatlarning samaradorligini aniqlash mumkin.
Tahlil etishda bir so‘mlik tovar mahsuloti uchun qilingan xarajatlar dinamikasi, biznes-rejaga nisbatan o‘zgarishi aniqlanadi.
Tahlil davomida 1 so‘mlik mahsulot uchun qilingan xarajatlarni rejaga, o‘tgan yildagiga nisbatan o‘zgarish sababalari va unga quyidagi omillarni ta’sirini aniqlash lozim.
1. Mahsulot strukturasi va assortimenti o‘zgarishi.
2. Xomashyo yoqilg‘i energiya bahosini o‘zgarishi.
3. Mahsulot bahosini o‘zgarishi.
1.5. Ishlab chiqarish xarajatlarining iqtisodiy elementi va kalkulatsion moddalari bo‘yicha tahlili Ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olish va tahlil etishning uslubiy va me’yoriy shakli O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1999-yil 5-fevralda tasdiqlangan 54-sonli «Mahsulot (bajarilgan ish, ko‘rsatilgan xizmat)lar ishlab chiqarish tannarxi, mahsulot (ish bajarish va xizmat ko‘rsatish) ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi va moliyaviy natijalarning shakllanish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom (o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan holda) bilan belgilanadi.
Sanoat korxonalari ishlab chiqarish xarajatlarini rivojlantirish maqsadida buxgalteriya hisobi va hisobotida uning yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarga ajratish maqsadga muvofiqdir:
1. Xarajatlarning iqtisodiy elementlari bo‘yicha;
2. Xarajatlarning kalkulatsion moddalari bo‘yicha.
Xarajatlarni elementi bo‘yicha guruhlarga ajratishdan maqsad ularni strukturasi, dinamikasini nazorat qilishdan iborat.
Ko‘rsatkichlarni taqqoslash orqali jonli mehnat bilan boshqa xarajat turlarini nisbati, ishlab chiqarish zaxiralarini normalashtirish va tahlil etish, oborot mablag‘larini tezligini aniqlash va milliy daromadni hisoblash imkoniyati tug‘iladi.
Xarajatlarni elementlari bo‘yicha tahlil natijalariga muvofiq material sig‘imi, mehnat sig‘imi va fond sig‘imi darajalari bo‘yicha tannarxni pasaytirish imkoniyatlarini aniqlash mumkin.
Tahlil etishda jami xarajatdagi har bir xarajat elementning tutgan salmog‘i aniqlanib, o‘tgan yildagisi hamda smetadagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslanadi va bu ko‘rsatkichlarni o‘zgarish sabablari aniqlanadi.
Mahsulotlarning ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlari tarkibini iqtisodiy elementlari va moddalari bo‘yicha quyidagi tarkibda berish mumkin.
Ishlab chiqarish xarajatlarini iqtisodiy elementlari va kalkulatsion moddalari bo‘yicha o‘rganish quyidagicha farqlanadi, ya’ni bo‘limlar va korxona bo‘yicha jami xarajatlar faqat iqtisodiy elementlari bo‘yicha o‘rganiladi, mahsulotlar turi va turkumi bo‘yicha esa ishlab chiqarish xarajatlari kalkulatsiya moddalari asosida ko‘rib chiqiladi. Tahlil etishda ishlab chiqarish xarajatlarining jami o‘zgarishi va uning tarkibi bo‘yicha o‘zgarishlari mutlaq va nisbiy jihatdan o‘rganiladi. Nisbiy jihatdan o‘rganishda har bir turkum xarajat moddasi yoki elementining jami ishlab chiqarish xarajatlari tarkibidagi salmog‘iga baho beriladi.