1.2. Ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini pasaytirishning ahamiyati, tahlil vazifalari va axborot manbalari Mahsulot tannarxi korxona moliya xo‘jalik faoliyatini hamma tomonlarini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlardir. Shu tufayli ishlab chiqarish xarajatlarini to‘g‘ri hisobga olish va mahsulot tannarxini kalkulatsiya qilish, tahlil qilish boshqaruv hisobi hamda moliyaviy va boshqaruv tahlili fanlarining muhim vazifalaridan biridir. Bugungi kunda korxona faoliyatining muhim ko‘rsatkichlaridan va unga baho beradigan mezon ko‘rsatkichlaridan biri, foyda va rentabellikdir. Foydaga ta’sir etuvchi omil bu tannarxdir. Har bir xo‘jalik subyektini moliyaviy va boshqaruv tahlili orqali ishlab chiqarish, bajarilgan ish, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun xarajatlarni maqsadga muvofiq sarflanishi va ular samaradorligi baholanadi. Xarajatlar jami ishlab chiqarish (tovarlar, xizmatlar), uchun sarflangan pul mablag‘laridir. Mahsulot ishlab chiqarish tannarxi yoki qayta ishlash jarayonida ishlatilgan tabiiy resurslar, xomashyo, materiallar, yoqilg‘i, energiya, asosiy vositalar (amortizatsiya), mehnat resurslari va boshqa ishlab chiqarish bilan bog‘liq xarajatlarining qiymat ko‘rinishini ifoda etadi.
Tannarx iqtisodiy kategoriyadir.
- xarajatlarni hisobga olish va nazorat qilishga xizmat qiladi;
- mahsulot bahosini shakllanishi va korxonaning foyda va rentabelligini aniqlash asosini tashkil etadi;
- korxonaning boshqaruv va investitsiya faoliyatlari bo‘yicha qarorlarni qabul qilishning zaruriy elementidir;
- resurslardan foydalanish, yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni boshqarish va tashkil etish tizimini takomillashtirishdan ko‘rilgan samaradorlikni ifodalaydi.
O‘zbekiston Respublikasining «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi Qonuni, «Mahsulot (ish, xizmat)lar ishlab chiqarish xarajatlarining tarkibi va moliyaviy natijalarni shakllanish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablari asosida mahsulot tannarxi bugungi kunda aniqlanmoqda.
Mahsulot tannarxi – shu mahsulotni ishlab chiqarish uchun ketgan barcha bevosita va bilvosita xarajatlarning qiymat ifodasidir.
Bugungi kunda amalda bo‘lgan Nizomga muvofiq mahsulot (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish xarajatlari tarkibiga kiradigan moddalar sirasiga o‘zgarishlar kiritilgan. Mahsulot tannarxiga kiritiladigan xarajatlar tarkibini aniqlashdan maqsad:
1. Buxgalteriya hisobi schotida jami xarajatlar to‘g‘rida to‘liq va aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish, korxona faoliyatini rentabelligi va bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobatbardoshliligini aniqlash.
2. Mahsulot (ish, xizmat)lar tannarxini aniq hisob-kitobini qilish; 259
3. Mahsulot tannarxiga kiritilmaydigan xarajatlarni alohida tarkiblash va ularni moliyaviy natijaviylikka bog‘lash.
4. Ishlab chiqarish xarajatlarini yuzaga chiqishi va javobgarlik markazlari bo‘yicha hisobga olish va nazorat qilish.
5. Soliq to‘lanadigan bazani aniq hisob-kitobini yurtish va bu orqali ishlab chiqarish xarajatlari hamda korxona sarflarini boshqarishni tashkil etishdan iboratdir.
Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ishlab chiqarayotgan mahsulotlari tannarxini tahlil qilishda boshqaruv tahlilining eng asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
• ishlab chiqarish xarajatlarini o‘rganish va ularning holatiga baho berish;
• mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha belgilangan rejani bajarilishi va dinamikasini nazorat qilish;
• ishlab chiqarish xarajatlarini iqtisodiy elementi va kalkulatsion moddalari bo‘yicha o‘rganish va ularga baho berish;
• mehnat unumdorligi bilan ish haqi xarajatlari o‘rtasidagi nisbatni o‘rganish;
• tannarxning o‘zgarish sabablarini aniqlash va unga ta’sir etuvchi omillarni miqdor jihatidan hisoblash;
• ayrim turdagi mahsulot tannarxini xarajat moddalari bo‘yicha tahlil etish;
• tannarxni pasaytirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni aniqlash va hokazo.
«Mahsulot (ish, xizmat)lar tannarxiga kiritiladigan, mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha xarajatlar tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish haqida»gi Nizomga muvofiq ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olishning umumiyligi ta’minlangan. Buning yakunida mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarini rejalashtrish, tahlil etish va nazorat qilishga imkoniyat tug‘iladi.
Mazkur Nizom buxgalteriya hisobi maqsadlarida va soliqqa tortish maqsadlarida xarajatlarni hisoblash tartiblaridagi farqlanishlarni hisobga olib ishlab chiqilgan. Boshqaruv hisobi va boshqaruv tahlilining asosiy maqsadi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozor iqtisodiyoti sharoitlarida raqobatga bardoshligini aniqlashdir.
Nizomda buxgalteriya hisobi bo‘yicha foyda bilan soliqqa tortiladigan foyda o‘rtasidagi tafovutlarga izoh berilgan. Soliqqa tortiladigan foyda buxgalteriya hisobidagi foydadan farq qilishining sababi shundaki, davlat soliq siyosatiga muvofiq amaldagi soliq qonunchiligi bo‘yicha korxona xarajatlarining bir qismi soliqqa tortiladigan bazaga kirmaydi. Nizomda moliyaviy natijalarni shakllantirishning asosiy qoidalari va xarajatlarni guruhlash berilgan. Birinchi ilovada korxona hisobot davridagi balans foydasini hisoblashda chegiriladigan, lekin xo‘jalik subyektining soliqqa tortiladigan bazasiga qo‘shiladigan xarajat moddalari berilgan. Ikkinchi ilovada xarajatlar amalga oshirilishi paytida soliqqa tortiladigan bazadan chegirilmaydigan, lekin keyingi davrlarda chegiriladigan xarajatlar ro‘yxati berilgan (vaqt bo‘yicha farqlanishlar).
Uchinchi ilovada foydasi emas, daromadi soliqqa tortilayotgan korxonalar uchun qo‘shimcha chegirilmaydigan xarajatlar ro‘yxati berilgan.
Bugungi kunda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mahsulotlari
tannarxini tahlil qilishda boshqaruv tahlilining asosiy axborot
manbalari quyidagilar hisoblanadi:
• Xo‘jalik subyektlarining biznes-reja ma’lumotlari.
• 5-S «Korxona sarf-xarajatlari to‘g‘risida»gi hisoboti ma’lumotlari.
• 1-T «Mehnat hisoboti» ma’lumotlari.
• Buxgalteriya hisobining ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olib boruvchi schot ma’lumotlari va boshqa turdagi qo‘shimcha ma’lumotlar.