CHET TILLARINI O'QITISHNING KOMUNIKATIV USULI ILG`OR YO`NALISH SIFATIDA.
SamDChTI Ingliz tili-II fakulteti
107 guruh talabasi Ilashova D.
Ilmiy rahbar: Rustamova Sh.Sh.
Hozirgi har tomonlama rivojlanib borayotgan davrda jahon sivilizatsiyasi bilan hamnafas bo'lish, xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan ijobiy munosabatlar olib borish uchun chet tillarini bilish, xususan, ayni vaqtda dunyo tili hisoblangan ingliz tilini o'qib o'rganish bizning oldimizdagi muhim masaladir.
Guvohi bo'lyapmizki, yurtimizda so'nggi yillarda ingliz tilini o'qitish borasida keng ko'lamli islohotlar, yangidan yangi qarorlar qabul qilinmoqda va ta'lim tizimidagi ijrosi ta'minlanmoqda. Jumladan, maktab o'quvchilariga birinchi sinfdan boshlab ingliz tili darslarining joriy etilganligi (O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil dekabrdagi PQ-1875 sonli qarori 1-bandi), bundan tashqari, maktabgacha ta'lim muassasalarida ham ingliz tilini o'qitishning samarali usullari mavjudligi yuqoridagi fikrimizning yaqqol dalilidir.
Bugungi ko'rilayotgan masalamiz chet tillari o'qitish usullari va yo'llaridan biri bo`lgan ingliz tilini o'qitishning kommunikativ usuli haqida va uni qo`llash orqali erishiladigan samarali natijalar bilan bog`liq bo`ladi. Bu usul hozirda jahonning rivojlangan davlatlarida ham chet tillarini o'qitishning samarali va ko'zga ko'ringan usulini tashkil etadi va bu xildagi o'qitish o`rt ava oliy talim tizimi miqyosida keng qo'llaniladi. Qolaversa, turli yoshdagi o`rganuvchilar uchun mo'ljallanganligi bilan boshqa metodlardan farq qiladi.
O'rganishning eng qulay va oson usuli hisoblanib kelayotgan kommunikativ usul o'tgan asrning 60-70-yillarida Britaniyada paydo bo'lgan va jahonning ko'plab mamlakatlarida o'zining foydalilik darajasi yuqori bo'lganligi tufayli tan olingan usuldir. Kommunikativ texnika Buyuk Britaniyada eski lingvistik va boshqa usullar o'rniga tilni o'qitishning yangi usullarini yaratish bo'yicha faol ishlar olib borilayotgan yillarda, aniqrog'i, 1960-yillarning oxirida paydo bo'ldi. O'sha yillarda til va uni o'rganish bo'yicha ko'plab yangi qarashlar mavjud edi . Masalan, 1972-yilda ingliz tilshunosi Uilkins tilning yangicha, oldingilaridan tubdan farq qiluvchi tavsifini taklif qildi: grammatika va lug'at emas, balki tizimlar va ma'nolar. U ikki ma'noni ajratib ko'rsatdi: birinchisi - mazmunli kategoriyalar (vaqt, ketma-ketlik, miqdor, joy, chastota kabi tushunchalar) va ikkinchisi - funksional kommunikativ toifalar (so'rov, rad etish, taklif va shikoyat). Funksional til tushunchasi shu tarzda paydo bo'ldi va uni na lug'at, na grammatikaga ajratib bo'lmasdi, ammo bu tushuncha muvaffaqiyatli muloqot uchun zarur tushuncha edi.
Kommunikativ usul muloqotga asoslangan bo'lib, dars davomida o'rganuvchiga turli o'yinlar , munozaralar, o'quvchiga tanish mavzularda ilk darslardanoq suhbatlar orqali o'zining fikrini ravon ifoda etishi uchun zamin yaratib bera oladigan usuldir. Jamoa bo'lib ishlash va o'qituvchi bilan o'quvchi orasidagi individual savol-javoblar bu usulning asosiy jihati bo'lib, har ikki holatda ham o'rganish uchun qulay vaziyat mavjuddir. O'rtaga tashlangan biror mavzu yuzasidan bo'lgan munozarada, guruhdoshlar bilan bo'lgan tortishuvlarda o'z qarashlarini to'liq yetkazib berishi o'quvchining jamiyatda, odamlar o'rtasidagi chet tilidagi muloqotlarning yaxshi kechishini ta'minlasa, o'qituvchi bilan kechadigan o'zaro savol-javoblar fikrlash doirasing kengayishiga sabab bo'ladi . Boshqa usullardan farqli o'laroq , bu metodda o'qituvhi qat'iy nazoratchi rolini o'ynaydi. Har bir suhbat va muhokamadan( garchi u oddiy mavzu yuzasidan bo'lsa ham) o'rganuvchi uchun notanish bo'lgan iboralar va so'zlarni o'zlashtish imkoniyati mavjud. O'zlashtirishning samaradorligini yanada oshirish uchun darslarga o'rganuvchining qiziqishini orttirishga sabab bo'luvchi qiziqarli o'yinlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir .
Do'stlaringiz bilan baham: |