2.2§ O‘zbekistonda Chet el sudlari va xalqaro arbitrajlarning qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmi
Huquqiy asos: O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el sudlarining qarorlarini tan olish va ijro etishni tartiga soluvchi bir qancha normativ huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Anglo-sakson huquq tizimidan farqli ravishda O‘zbekiston qonunchiligi roman german huquq oilasiga mansubdir. Bugungi kunda chet el sudlarining qarorlarini tan olish va ijro etish sohasida
1. “Chet el arbitrajlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida”gi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Konvensiyasi;
2. Kiyev shahrida 1992-yil 20-martda imzolangan “Xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risida”gi Bitim;
3. Minsk shahrida 1993-yil 22-yanvarda imzolangan “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida”gi Konvensiya;
4. Gaaga shahrida 1954-yil 1-martda imzolangan “Fuqarolik protsessi masalalariga doir Konvensiya” konvensiyasi
5. O‘zbekiston Respublikasining huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalari
6. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi;
7. O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi:
8. “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘RQ-674-sonli 16.02.2021 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni;
9. “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni;
10. O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi plenumi va Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi 19.05.2018 yildagi 17-sonli O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining Qarori;
Va boshqa O‘zbekiston Respublikasi hududida Xalqaro arbitraj qarorlanini tan olish va ijro ish bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risida ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalar, ikki tomonlama shartnomalar.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 17-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi. Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkinligi belgilangan. Shunga ko‘ra, 1996-yil 07 fevral sanasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi chet el sudlarining qarorlarini tan olish va ijro etish bo‘yicha “Chet el arbitrajlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida”gi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Konvensiyasini ratifikatsiya qilgan.
Yuqoridagi normativ huquqiy hujjatlardan amaliy foydalangan holda O‘zbekistonda Chet el sudlari va xalqaro arbitrajlarning qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmini tahlil qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 17-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi. Chet el sudlari va xalqaro arbitrajlarning qarorlarini tan olish va ijro etish bo‘yicha masalalar fuqarolik hamda iqtisodiy sudlar tomonidan hal qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik sudlarida chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish hamda ijro etish mexanizmi: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 1-moddasiga ko‘ra, Fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilik buyruq tartibidagi ishlarni, da’vo tartibidagi ishlarni, alohida tartibda yuritiladigan ishlarni, hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq ishlarni va chet davlat sudlarining hamda chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish hamda hal etish tartibini belgilaydi. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksining 5-bobida Sudga taalluqlilik va sudlovga tegishlilik masalalari belgilangan bo‘lib, 26-moddasi 5-bandida Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga chet davlat sudlarining hamda chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlar taalluqliligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksining 42-bobida Chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish hamda ijro etish masalalari yoritilgan.
Chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlari, agar bu O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan bo‘lsa, tan olinadi hamda ijroga qaratiladi. Ushbu masalada bir jihatni e’tiborga olish kerakki, chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarining mazmuni O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati va xavfsizligiga zid bo‘lmasligi kerak. Bu kabi norma bir nechta xorijiy davlatlarda ham o‘rnatilgan xususan, Korea Republikasi, Xitoy Xalq Respublikasi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlari fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan hal etiladi. Ular tomonidan ko‘riladigan holatlarni birma bir keltirib o‘tadigan bo‘lsak, xususan;
a) Chet davlat sudlarining fuqarolik ishlari yuzasidan hal qiluv qarorlari;
b) jinoyat ishlari bo‘yicha chiqarilgan hukmlarining jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashga oid qismi
c) Shuningdek, chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) fuqarolik nizolari bo‘yicha chiqargan hal qiluv qarorlari O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan tan olinishi hamda ijroga qaratilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida chet davlat sudlarining yoki chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorini majburiy ijroga qaratish bo‘yicha umumiy davo muddati belgilangan bo‘lib, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, chet davlat sudlarining yoki chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran uch yil muddat ichida majburiy ijroga qaratilishi mumkin.
Arbitraj qarori foydasiga chiqarilgan nizo tarafi hisoblanmish undiruvchi tomonidan chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizasini qarzdorning yashash joyidagi yoki aybi paytda turgan joyidagi sudga, agar yashash joyi noma’lum bo‘lsa, uning mulki turgan joydagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga beriladi.
Arbitraj qarorini tan olish hamda ijroga qaratish to‘g‘risidagi ariza yozma shaklda bo‘lishi lozim. Ushbu ariza undiruvchi yoki u vakil qilgan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak.
Arbitraj qarorini tan olish hamda ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi zarur:
a) ariza berilayotgan sudning nomi;
b) chet davlat sudining yoki arbitrajining nomi va joylashgan eri;
c) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), agar ariza vakil tomonidan berilayotgan bo‘lsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi;
d) yashash joyi yoki turgan joyi (pochta manzili),
e) undiruvchi e’tirof etilishini va ijro etilishini iltimos qilayotgan chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori haqidagi ma’lumotlar;
f) chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish hamda ijroga qaratish to‘g‘risida undiruvchining iltimosnomasi;
g) undiruvchining yoki vakilining shaxsni tasdiqlovchi hujjat va ma’lumotlar ularning telefon raqamlari, fakslari raqamlari, elektron pochta manzili ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin.
Arbitraj qarorini tan olish hamda ijroga qaratish to‘g‘risidagi ariza undiruvchilarning soniga qarab ko‘chirma nusxalari bilan birga sudga beriladi.
Bundan tashqari arbitraj qarorini tan olish hamda ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi.
Bu hujjatlar qatoriga chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorining tegishli tartibda vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxasi, agar yuqoridagi qaror matnining o‘zidan kelib chiqmasa hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirganligi to‘g‘risidagi rasmiy hujjat, hal qiluv qarori ilgari tegishli chet davlat hududida ijro etilgan bo‘lsa, uning ijro etilganligi to‘g‘risidagi hujjat, hal qiluv qarori o‘z zarariga chiqarilgan va protsessda ishtirok etmagan taraf ishni ko‘rib chiqish vaqti va joyi to‘g‘risida o‘z vaqtida hamda tegishli tarzda xabardor qilinganligiga oid hujjat, vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat. Agarda ishonchnoma beruvchi tomon xo‘jalik boshqaruvi subyekti bo‘lsa ishonchnoma muassasa rahbari tomonidan berilgan bo‘lishi shu muassasaning muhri bosilib muassasa rahbari imzosi bilan tasdiqlanishi lozim. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida davlat bojini va pochta xarajatlarini to‘lashdan ozod qilish nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar ham ilova qilinad.
Shuni ta’kidlash joizki, mazkur hujjatlarning, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat tiliga qilingan, belgilangan tartibda tasdiqlangan tarjimasi.
Chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish tartibiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, undruvchi tomonidan chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oydan oshmaydigan muddatda sud majlisida ko‘rib chiqiladi va mazmunan hal etiladi. Bu muddat turli davlatlarda turlicha xususan Lotin Amerikasi davlatlarda undiruvchi tomonidan sudga ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir yil ichida ushu masala mazmunan hal etiladi. Shundan so‘ng ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va guvohlar keltirilgan ma’lumotlar aosida sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilinadi. Xabardor qilishda sud chaqiruv qog‘ozlari, buyurtma xatlar, telefonogrammalar, telegrammalar va xabardor qilinganlik fakti qayd etilishini ta’minlaydigan boshqa aloqa vositalardan foydalaniladi. Sudning chaqiruv qog‘ozi yoki boshqa xabarnoma sud protsessining ishtirokchilariga sudga o‘z vaqtida kelish va ishga tayyorlanish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lishini mo‘ljallab yetkazib beriladi. Sudya chaqiruv qog‘ozi bilan bir vaqtda javobgarga arizaning ko‘chirma nusxasini va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini yuboriladi. Sud xabarnomalari va chaqiruv qog‘ozlari ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi. Agar javobgarning yozma tushuntirishi sudga kelib tushgan bo‘lsa, sudya sudga murojaat qilgan shaxsga chaqiruv qog‘ozi yuborayotganda ushbu tushuntirish xatining ko‘chirma nusxasini jo‘natadi.
Bir jihatni e’tiorga olish kerakki, sud majlisining vaqti va joyi haqida belgilangan tartibda xabardor qilingan shaxslarning sudga kelmaganligi ishni ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi. Sud arizani ko‘rib chiqishda sudga taqdim etilgan, arz qilingan talablarni va bildirilgan e’tirozlarni asoslovchi dalillarni tekshirish yo‘li bilan holatlarni aniqlaydi. Fuqarolik sudlari tomonidan chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorining umumiy mazmuni qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Agar chet davlat sudi yoki hakamlikning qarori qisman ijro etilgan bo‘lsa, sud bunday holda chet davlat sudi yoki hakamlik qarorining ijro etilmagan qismiga ijro varaqasi beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Protsessual kodeksining 370-moddasida hamda “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘RQ-674-sonli 16.02.2021 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 52-moddasida Fuqarolik sudlari tomonidan arbitraj qarorini tan olishni va ijro etishni quyidagi holatlarda rad etilishi mumkin bo‘lgan holatlar keltirib o‘tilgan. Xususan:
1) Arbitraj tomonidan hal etilgan nizo O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarga yoki qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi sudining mutlaq vakolatiga tegishli bo‘lsa;
2) ushbu hal qiluv qarorni tan olish va ijroga qaratish O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga, xavfsizligiga zarar yetkazsa yoki qonunchilikning asosiy prinsiplariga zid bo‘lsa,
3) Javobgar tomon o‘zi sabab bo‘lmagan sabablarga ko‘ra sudga o‘z tushuntirishlarini taqdim eta olmagan bo‘lsa;
4) hal qiluv qarori qabul qilingan davlatning qonuniga binoan u qonuniy kuchga kirmagan bo‘lsa;
5) O‘zbekiston Respublikasi sudining ish yurituvida ayni bir taraflar o‘rtasida, ayni bir predmet to‘g‘risida va ayni bir asoslar bo‘yicha nizoga doir ish mavjud bo‘lib, u yuzasidan ish yuritish chet davlat sudida ishni yuritish qo‘zg‘atilganidan oldin qo‘zg‘atilgan bo‘lsa rad etiladi. Bu qoida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 124-moddasida o‘z ifodasini topgan.
6) chet davlat sudining yoki arbitraj hal qiluv qarorini majburiy ijroga qaratish bo‘yicha da’vo muddati o‘tgan bo‘lsa,
7) agarda tomonlardan biri yuzaga kelgan nizoni vakolati bo‘lmagan sudi tomonidan hal etilganligini isbotlovchi dalillarni taqdim etgan bo‘lsa;
8) chet davlat sudining yoki arbitraj tomonidan chiqarilgan hal qiluv qaror chet davlatning vakolatli organi tomonidan bekor qilingan bo‘lsa;
9) Tomonlardan biri muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan bo‘lganligini; yoki ushbu kelishuvning taraflar uni qaysi qonunchilikka bo‘ysundirgan bo‘lsa, o‘sha qonunchilik bo‘yicha, bunday qonunchilik mavjud bo‘lmaganda esa hal qiluv qarori qabul qilingan mamlakatning qonunchiligi bo‘yicha haqiqiy emasligi dalilini taqdim etsa,
9) chet davlat sudining yoki arbitraj hal qiluv qarori O‘zbekiston Respublikasining chet davlat sudi yoki chet davlat hakamlik sudi (arbitraji) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish bilan bog‘liq xalqaro shartnomalari ishtirokchisi bo‘lmagan chet davlat sudi tomonidan chiqarilgan bo‘lsa;
10) Javobgar tomon arbitraj tomonidan nizoni ko‘rib chiqish vaqti hamda joyi to‘g‘risida tegishli tartibda o‘z vaqtida xabardor qilinmagan bo‘lsa,
11) Shu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi sudining ayni bir taraflar o‘rtasida, ayni bir predmet to‘g‘risida va ayni bir asoslar bo‘yicha chiqqan nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lsa rad etiladi. Bu qoida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 124-moddasida o‘z ifodasini topgan.
Chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijro etish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra ham rad etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan Kiyev Bitimi yoki Minsk Konvensiyasiga muvofiq quyidagi holatlarda chet davlat sudi qarorini tan olishni va ijroga qaratishni rad etilishi mumkin:
1. O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sudining ayni bir shaxslar o‘rtasida, ayni bir predmet to‘g‘risida va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan qarori mavjud bo‘lsa;
2. MDH a’zosi — uchinchi davlat yoki MDH a’zosi bo‘lmagan davlat vakolatli sudining ayni bir shaxslar o‘rtasida, ayni bir predmet to‘g‘risida va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan tan olingan qarori mavjud bo‘lsa;
3. Nizo vakolatsiz sud tomonidan hal qilingan bo‘lsa;
4. Boshqa taraf sud majlisi to‘g‘risida xabardor qilinmagan bo‘lsa;
5. Qarorni majburiy ijroga taqdim etish uchun uch yillik muddat o‘tgan bo‘lsa.
6. Agar chet davlat sudi qarorining tan olinishi va ijroga qaratilishi O‘zbekiston Respublikasining ikki tomonlama huquqiy yordam ko‘rsatish haqidagi xalqaro shartnomasi asosida so‘ralayotgan bo‘lsa, qarorni tan olish va ijroga qaratish mazkur shartnomada nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha rad etiladi.
7. Arbitraj sudining tarkibi yoki arbitraj tartib-taomili taraflarning kelishuviga muvofiq emasligi dalilini yoki bunday bitim mavjud bo‘lmaganda, arbitraj muhokamasi bo‘lib o‘tgan mamlakatning qonunchiligiga muvofiq emasligi dalilini
Chet el sudlari va chet el hakamlik sudlari (arbitrajlar) qarorlarini tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi arizlar uchun tomonlardan to‘lanadigan davlat boji miqdorini bo‘yicha ma’lumot beradigan bo‘lsak, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1 ilovasida Fuqarolik sudlari tomonidan chet el sudlari va chet el hakamlik sudlari (arbitrajlar) qarorlarini tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi arizlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy sudlarida chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish hamda ijro etish mexanizmi: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi plenumi va Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi 19.05.2018 yildagi 17-sonli O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining Qarorini misol qilishimiz mumkin.
2018-yilda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksning 25-moddasiga iqtisodiy sudga taaluqligi qismining 6-qismida xorijiy arbitraj qarorlarini va tan olish hamda ijro etishga qaratish to’g‘risidagi ishlar kiritilgan.
Umuman olganda iqtisodiy prosessual kodeksning 33-bobi “Chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni yuritish” deb nomlanib bevosita chet davlavlat sudlarining va arbitrajlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan. Ushbu bobda xalqaro arbitrajlarning hal qiluv qarorlari shuningdek, ularning ijroga qaratilishining huquqiy asoslari, ariza berish tartibi, arizaga qo‘yolgan shartlar va ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlarning ro‘yxati, protsessual muddatlar, arizani ko‘rish tartibi, arizani qaytarish asoslari, tan olingan xalqaro arbitraj qarorlari to‘g‘risida ajrim va ijroga qaratish bilan bog‘liq boshqa huquqiy munosabatlarni tartibga soladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 248-moddasida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan tan olinadi va ijroga qaratiladigan ishlar berilgan bo‘lib unga ko‘ra,
Chet davlatlar sudlarining va arbitrajlarining iqtisodiyot sohasida yuzaga kelgan nizolar hamda boshqa ishlar bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan tan olinadi va ijroga qaratiladi” - deya belgilangan.
Iqtisodiy protsessual kodeksida chet el arbitraji tushunchasiga ta’rif berilgan bo‘lib unga ko‘ra, chet el arbitraji chet davlatning taraflar o‘rtasidagi nizoni hal etish uchun doimiy yoki vaqtincha asosda faoliyat ko‘rsatadigan nodavlat tashkiloti tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksida chet el arbitrajining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish bo‘yicha talabga nisbatan da’vo muddati belgilangan. Xususan, chet el sudlari yoki arbitraji tomonidan qabul qilingan qaror qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran uch yil muddat ichida tomonlar majburiy ijro masalasida sudga murojaat qilishlari mumkin. Ushbu uch yillik da’vo muddatini uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborish, sudlar tomonidan tan olish va ijroga qaratish da’vo muddati o‘tganligi vaji bilan iqtisodiy ishni tugatishga asos bo‘ladi.
Da’vogar chet el sudlari va arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratish yuzasidan iqtisodiy sudlarga ariza taqdim etadi. Tomonlarning ushbu arizalari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan tartibda asosida shakllantirilishi va albatta yozma tarzda ifodalangan bo‘lishi lozim.
Chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ariza arizachi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga qarzdorning joylashgan yeri yoki yashash joyi bo‘yicha yoxud, agar qarzdorning joylashgan yeri yoki yashash joyi noma’lum bo‘lsa, qarzdor davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joy bo‘yicha beriladi.
Chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ariza yozma shaklda beriladi va u arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak.
Arizada quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi;
2) chet davlat sudining yoki arbitrajining nomi va joylashgan yeri hamda uning tarkibi;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi;
4) arizachi tan olish va ijroga qaratishni so‘rayotgan chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
5) arizachining chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi iltimosnomasi;
6) ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.
Arizada arizachi yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin.
Chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinadigan hujjatlar quyudagilarni o’z ichiga oladi:
1) chet el arbitrajining hal qiluv qarori yoki uning chet davlat yoki O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxasi;
2) Nyu-York Konvensiyasi 4-moddasiga ko‘ra hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratishni so‘rayotgan taraf iltimosnomani berishda tegishli tartibda tasdiqlangan hakamlik qarori va hakamlik kelishuvining asli yoki tegishli tartibda tasdiqlangan nusxalarini taqdim etadi. Agar hakamlik qarori va kelishuv rasmiy (o‘zbek) tilida bayon etilmagan bo‘lsa, ushbu qarorni tan olish va ijroga qaratishni so‘rayotgan taraf bu hujjatlarning rasmiy tildagi tarjimasini taqdim qiladi. Tarjima rasmiy yoki qasamyod qilgan tarjimon, diplomatik yoxud konsullik muassasasi tomonidan tasdiqlanadi.
3) hal qiluv qarori qisman ijro etilganligi to‘g‘risidagi hujjat, agar u ilgari tegishli chet davlat hududida ijro etilgan bo‘lsa;
4) o‘ziga qarshi hal qiluv qarori qabul qilingan va protsessda ishtirok etmagan taraf ishni ko‘rish vaqti hamda joyi to‘g‘risida o‘z vaqtida va tegishli tartibda xabardor qilinganligini anglatuvchi hujjat;
5) vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat;
6) chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizaning ko‘chirma nusxasi qarzdorga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat;
7) agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji hamda pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar;
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizani ish yuritishga qabul qilish haqidagi masalani hal etishda, u yuqorida ko’rsatilgan talablari buzilgan holda taqdim etilganligini aniqlasa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni qaytaradi. Va buning sabablari bayon etilgan va huquqiy asoslantirilgan sud ajrimi qabul qilinadi. Va ushbu ajrimning nusxasi tomonga yuboriladi. Tomonlar chet el arbitrajining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizani qaytarish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Agarda yuqoridagi ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza iqtisodiy sudga dastlabki murojaat etilgan kunda berilgan deb hisoblanadi.
Ajrim, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar arizachiga yoki uning vakiliga ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran besh kun ichida yuboriladi. Da’vogar ajrimda ko‘rsatilgan arizadagi kamchiliklarni tuzatgandan so‘ng, iqtisodiy sudga to‘plangan ilovalar bilan qayta topshiradi.
Arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ariza Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga qarzdorning joylashgan eri yoki yashash joyi bo‘yicha yoxud, agar qarzdorning joylashgan eri yoki yashash joyi noma’lum bo‘lsa, qarzdor davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joy bo‘yicha beriladi.
Ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatigina tan olinishi va ijroga qaratilishi mumkin.
Chet davlat sudining iltimosi bo‘yicha boshqa protsessual harakatlar (ashyoviy dalillarni tekshirish, taraflarni eshitish va boshqalar) sud topshirig‘ini ijro etish jarayonida amalga oshirilishi mumkin.
Iqtisodiy sud chet davlat sudi yoki arbitraj qarorini ijroga qaratish va tan olish bosqichida qarorni mazmunan qayta ko‘rishga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga haqli emas.
Chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratishni rad qilish asoslari quyidagicha amalga oshadi.
1) arbitraj bitimining taraflari o‘zlariga nisbatan qo‘llaniladigan qonun bo‘yicha qaysidir darajada muomalaga layoqatsiz bo‘lganligini yoki arbitraj bitimini uning taraflari qaysi qonunga bo‘ysundirgan bo‘lsalar, o‘sha qonun bo‘yicha, bunday ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda esa — hal qiluv qarori chiqarilgan mamlakatning qonuni bo‘yicha haqiqiy emasligini;
2) hal qiluv qarori o‘ziga qarshi qaratilgan taraf arbitr tayinlanganligi to‘g‘risida yoki arbitraj muhokamasi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z tushuntirishlarini taqdim eta olmaganligini;
3) arbitraj bitimi yoki arbitraj haqidagi shartnoma shartida nazarda tutilmagan yoki ularning shartiga tegishli bo‘lmagan nizo bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarilganligini yoxud arbitraj bitimi yoki arbitraj haqidagi shartnoma shartidan tashqari chiqadigan masalalar bo‘yicha qaror mavjudligini, bundan arbitraj bitimi yoki arbitraj haqidagi shartnoma sharti doirasidagi masalalar bo‘yicha qarorlar qamrab olinmagan masalalar bo‘yicha qarorlardan ajratib olinishi mumkin bo‘lgan hollar mustasno;
4) arbitraj organining tarkibi yoki arbitraj protsessi taraflarning kelishuviga muvofiq kelmaganligini yoki bunday shart bo‘lmasa, arbitraj bo‘lib o‘tgan mamlakat qonuniga mos kelmaganligini;
5) hal qiluv qarori taraflar uchun yakuniy bo‘lmaganligini yoki u qabul qilingan va qonuni qo‘llanilayotgan davlatning vakolatli organi tomonidan bekor qilinganligini yoxud ijrosi to‘xtatilganligini;
6) nizo vakolatli bo‘lmagan chet davlat arbitraji tomonidan hal etilganligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etsa.
Chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ariza u iqtisodiy sudga kelib tushgan kundan e’tiboran olti oydan oshmagan muddatda sud majlisida ko‘riladi.
Chet el sudlari va chet el hakamlik sudlari (arbitrajlar) qarorlarini tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi arizlar uchun tomonlardan to‘lanadigan davlat boji miqdorini bo‘yicha ma’lumot beradigan bo‘lsak, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1 ilovasida Iqtisodiy sudlari tomonidan chet el sudlari va chet el hakamlik sudlari (arbitrajlar) qarorlarini tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi arizlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilangan.
sIsh muhokamasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarni albatta xabardor qilgan holda sudning ochiq majlisida o‘tadi. Ochiq sud majlislari tomonlarning yozma iltimosnomalari asosida videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilishi mumkin. BU bo‘yicha tegishli sudning ajrimi chiqariladi. Shu jihatni e’tiborga olish kerakki, sudning videokonferensaloqa rejimidagi majlisida bevosita ishtirok etish og‘zaki shaklda o‘tkaziladigan sud majlisida ishtirok etishga tenglashtiriladi.
Sudning tashabbusiga ko‘ra yoki sud protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasi bilan sud majlisining audio- yoki videoyozuvi olib borilishi mumkin.
Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish zarur bo‘lgan taqdirda, shuningdek sud majlisida audio- yoki videoyozuvi vositalaridan foydalanilganda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarni va sud protsessining boshqa ishtirokchilarini bu haqda ogohlantiradi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta’minlash uchun ko‘rsatilgan shaxslarning yashash joyi yoki joylashgan eri va turgan joyi bo‘yicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan foydalaniladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta’minlayotgan sud ushbu shaxslarning kelgan-kelmaganligini tekshiradi va kelgan shaxslarning shaxsini aniqlaydi, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga o‘z huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi to‘g‘risida ulardan tilxat oladi. Mazkur tilxat u olingan kundan keyingi kundan kechiktirmay sud majlisi bayonnomasiga qo‘shib qo‘yish uchun ishni ko‘rayotgan sudga yuboriladi.
Sud protsessi ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar yozma qaydlar qilish huquqiga ega. Sud majlisini fototasvirga tushirish, audio- va videoyozuvini amalga oshirish, shuningdek ommaviy axborot vositalarida translatsiya qilinishiga taraflarning roziligi va sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.
Sudya fuqarolik yoki iqtisodiy ish tayinlangan vaqtda va joyda majlis zaliga kiradi, sud majlisini ochadi. Hamda tomonlarni ish mazmuni bilan qisqacha tanishtiradi. Sudyalar majlis zaliga kirib kelganida va undan chiqib ketayotganida zalda hozir bo‘lganlarning barchasi o‘rnidan turadi.
O‘n olti yoshga to‘lmagan fuqarolar, agar ular ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki guvohlar bo‘lmasa, sud majlisi zaliga qo‘yilmaydi.
Sud jarayonida tomonlar sudyaga murojaat qilayotganda unga nisbatan “Hurmatli sud!” degan so‘zlar bilan murojaat qilishi lozim. Sud qatnashchilari o‘zlarining tushuntirishlarini hamda ko‘rsatuvlarini tik turib beradilar. Yuqoridagi qoidalardan faqat raislik qiluvchining ruxsati bilan chetga chiqishga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Sudya ishni mazmuni bilan tanishtirganidan so‘ng, sud majlisining kotibi Sud kelganlarning shaxsini aniqlaydi, shuningdek mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatini tekshiradi. Hamda fuqarolik yoki iqtisodiy ish bo‘yicha chaqirilganlardan kimlar kelganligini, kelmaganlarga sudning chaqiruv qog‘ozlari yoki boshqa xabarnomalar topshirilgan-topshirilmaganligini va ularning kelmaganligi sabablari to‘g‘risida qanday ma’lumotlar borligini sud raisiga ma’lum qiladi.
Agarda sud kotibi tomonlar kelgan yoki kelmaganlik holati o‘rganilganda Ishda ishtirok etuvchi shaxslardan birortasi sud majlisiga kelmagan taqdirda, ularga sudning chaqiruv qog‘ozi yoki boshqa xabarnomalar topshirilganligi (yetkazib berilganligi) to‘g‘risidagi ma’lumot mavjud bo‘lmasa, sud raisinining tegishli hujjatiga asosan sud ish muhokamasini keyinga qoldiradi.
Shundan so‘ng, sudya sudning tarkibini tomonlarga tanishtiradi.Hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga sudya yoki uning kotibini rad qilish to‘g‘risida ariza berish, ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi. Va jarayonlar sud kotibi tomonidan sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi.
Shundan so‘ng, da’vogar va uning tarafida ishtirok etayotgan uchinchi shaxsning, javobgar va uning tarafida ishtirok etayotgan uchinchi shaxsning, shuningdek ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning tushuntirishlarini eshitadi. Tomonlardan biri Ishda mavjud bo‘lgan arbitraj kelishuvi yoki arbiraj tomonidan qabul qilingan qaror qalbaki ekanligi to‘g‘risida arz qilingan taqdirda, hujjatning qalbakiligi to‘g‘risida arz qilgan shaxs o‘z da’vosini isbotlashi shart.
Chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizani ko‘rish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi iqtisodiy protsessual kodeksning belgilangan qoidalarga ko‘ra ajrim chiqaradi.
Chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ajrimda:
1) chet davlat sudining yoki arbitrajining nomi va joylashgan yeri;
2) arizachi va qarzdorning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi);
3) arizachi tan olish va ijroga qaratishni iltimos qilayotgan chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarori to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
4) chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish yoxud uni tan olishni va ijroga qaratishni rad qilish to‘g‘risida ko‘rsatma bo‘lishi kerak.
Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ajrim ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda hamda muddatlarda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Chet davlat sudining va arbitrajining hal qiluv qarorini ijroga qaratish chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida ajrim chiqargan sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi, u xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan tartibda so‘rayotgan tarafga jo‘natiladi.
Sudni yuqoridagi arimi bo‘yicha, chet el sudlari va arbitrajlarning qarorlarini ijro etish “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi , 29.08.2001 yildagi 258-II-sonli O‘zbekiston Respublikasining Qonuni asosida amalga oshiriladi. Ushbu qonunning 5-moddasiga ko‘ra fuqarolik ishlari va iqtisodiy nizolar bo‘yicha sudlarning hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi yoki xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan hollarda chet el sudlari va arbitrajlarining qarorlari belgilangan qoidalarga binoan ijro etilishi lozim.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi , 29.08.2001 yildagi 258-II-sonli O‘zbekiston Respublikasining Qonunining 6-moddasida Chet el sudlari va arbitrajlari qarorlarini ijro etish masalasi yoritilgan. Unga ko‘ra, Chet el sudlari va arbitrajlarining qarorlarini ijro etish tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi sudi tomonidan chet el sudining yoki arbitrajining qarori asosida berilgan ijro varaqasi, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, qaror qonuniy kuchga kirgan vaqtdan e’tiboran uch yil ichida majburiy ijro etish uchun topshirilishi mumkin. Davlat ijrochisi ijro hujjatini olgan paytdan e’tiboran bir ish kuni ichida ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorda ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan o‘n besh kun muddat belgilaydi va qarzdorni mazkur muddat tugaganidan keyin ijro hujjatidagi talablar undan ijro yig‘imi, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga solingan jarimalar, shuningdek ijro xarajatlari undirilgan holda majburiy ijro etilishi to‘g‘risida xabardor qiladi. Davlat ijrochisi undiruvchining arizasiga binoan yoki o‘z tashabbusi bilan mulkiy undiruv bo‘yicha ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqarish bilan bir vaqtda qarzdorning mol-mulkini ro‘yxatga olib, ularni xatlashga haqli bo‘lib, bu haqda mazkur qarorda ko‘rsatib o‘tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |