2. Uyga vazifani so`rab baholash: a) og`zaki so`rov b) daftarni tekshirish
v) tarqatma materiallar orqali g) misollar yechish e) amaliy.
IX.Yangi mavzu bayoni:
Harbiy intizom — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar tayyorgarlik va jangovarlik qobiliyatining asoslaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Uning jihatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida,«Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi, «Mudofaa to‘g‘risida»gi Qonunlarda mujassamlashgan.
Harbiy intizom — bu barcha xizmatchilarning qonun, harbiy nizomlar tomonidan, komandirlar (boshliqlar) buyruqlari bilan belgilangan tartib-qoidalariga qat’iy va aniq rioya etilishi. Harbiy intizom har bir xizmatchining O‘zbekiston Respublikasini himoya qilishga bo‘lgan harbiy burch va shaxsiy
mas’uliyati, o‘z xalqiga mislsiz sadoqatini his qilishga asoslanadi.
Harbiy intizom har bir harbiy xizmatchidan:
— harbiy qasamyodga sodiq bo‘lishni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Qonunlariga qat’iy bo‘ysunishni;
— o‘z harbiy burchini mohirlik va jasorat bilan bajarishni, harbiy ishni sidqidildan o‘rganishni, harbiy va davlat mulkini asrashni;
— harbiy xizmat qiyinchiliklarini mardonavor yengishni, harbiy burchni bajarish uchun o‘z jonini ham ayamaslikni;
— sergak bo‘lishni, harbiy va davlat sirlarini qat’iy saqlashni;
— harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi harbiy nizomlarda ko‘rsatib berilgan o‘zaro munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashni, jangovar birodarlikni mustahkamlashni;
— komandir (boshliq)larga va bir-biriga hurmat ko‘rsatish, harbiycha salom-alik va xushfe’llik qoidalariga rioya qilishni;
— jamoat joylarida o‘zini munosib tutishni, nomunosib xatti-harakatlardan o‘zini va boshqalarni tiyib qolishni va fuqarolarning or-nomusini himoya qilishni talab etadi. Harbiy intizomni vujudga keltirish, uni yuqori darajaga ko‘tarish har bir harbiy xizmatchidan, avvalo, o‘zida insoniylik, to‘g‘riso‘zlik, halollik, shaxsiy mas’uliyat, Harbiy Qasamyodga sadoqat, harbiy burchga sharaf, deb qarash kabi xislatlarni vujudga keltirishni talab qiladi. Yuqorida sanab o‘tilgan xislatlarni shakllantirishda, avvalo, har bir harbiy xizmatchi mazkur xislatlarni o‘zida qaror toptira olishga intilishi kerak. Armiyada mustahkam intizom bo‘lmasa, uning tanazzulga uchrashi muqarrar. Intizom g‘alabaning asosi sanaladi.
Buyuk sarkarda ajdodlarimiz
– To‘maris, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z qo‘shinlaridagi yuksak intizom tufayli doimo g‘alabaga erishganlar.
Yuksak harbiy intizomga ushbu jihatlar orqali erishiladi:
— harbiy xizmatchilarda yuksak axloqiy-ruhiy va jangovar fazilatlarni tarbiyalash, komandir (boshliq)larga so‘zsiz bo‘ysunish;
— har bir harbiy xizmatchining o‘z majburiyatlari va harbiy nizomlar talablarini bajarishga shaxsiy mas’uliyati;
— harbiy qism (bo‘linma)da ichki tartibga bo‘ysunish, barcha harbiy xizmatchilar tomonidan kun tartibiga qat’iy rioya qilish;
— jangovar tayyorgarlikni puxta tashkil etish va u barcha shaxsiy tarkibniqamrab olishi;
— komandir (boshliq)larning o‘z qo‘l ostidagilarga talabchanligi va ularning ijrochiligini nazorat qilish, harbiy xizmatchilarning sha’nini hurmat qilish va bu haqda doimiy qayg‘urish, ishontirish, jamoatchilik ta’siri kabi omillarni to‘g‘ri uyg‘unlashtirish va o‘rnida qo‘llash;
— harbiy qism (bo‘linma)larda zarur moddiy-maishiy sharoitlarni yaratish;
— harbiy intizomni mustahkamlashda, xizmatga mas’uliyat hissini oshirish, tarbiya sifatini yuqori darajaga ko‘tarishda harbiy xizmatchilarni rag‘batlantirish alohida ahamiyatga ega.
Vaqtning taqsimlanishi va kundalik tartib.
Harbiy qismda vaqtning taqsimlanishi uning doimiy jangovar shayligi ta’minlanadigan va shaxsiy tarkib jangovar o‘quvini uyushgan holda o‘tkazish sharoitlari yaratiladigan, tartib, harbiy xizmatchilarning harbiy intizomi va tarbiyasi saqlanadigan, ularning madaniyati darajasi oshiriladigan, har tomonlama maishiy xizmat ko‘rsatiladigan, o‘z vaqtida hordiq va ovqat beriladigan darajada amalga oshiriladi.
Harbiy qism yoxud qo‘shilma komandiri kun tartibini Qurolli Kuchlar xili va qo‘shinlar turi, harbiy qism oldida turgan vazifalar, yil fasli,mahalliy va iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda belgilaydi.Kun tartibida tonggi jismoniy mashq, ertalabki va kechki yuvinish, ertalabki ko‘rik, o‘quv mashg‘ulotlari va ularga tayyorlanish, maxsus (ishchi) kiyimini almashtirish, ovqat yeyishdan oldin poyabzal tozalash va qo‘l yuvish, ovqat yeyish, qurol-aslaha va harbiy texnikaga qarov va xizmat ko‘rsatish, tarbiyaviy
va ommaviy sport mashg‘ulotlari, shaxsiy tarkibga axborot berish, radio tinglash va teledasturlarni tomosha qilish, xastalarni tibbiyot punktida qabul qilish, harbiy xizmatchilarning shaxsiy ehtiyojlari (kamida 1 soat), kechki sayr, yo‘qlama va 8 soatlik uyqu uchun vaqt ko‘zda tutilgan bo‘lishi lozim.
Ovqat tanovullari o‘rtasidagi oraliq 7 soatdan oshmasligi kerak. Tushlikdan so‘ng yarim soat (30 minut) mobaynida mashg‘ulotlar yoxud ishlar o‘tkazilmasligi lozim.Har hafta qurol-aslaha, harbiy texnika va boshqa moddiy vositalarga xizmat ko‘rsatish, parklar va o‘quv-moddiy inshootlarni jihozlash va obodonlashtirish, harbiy shaharchani tartibga keltirish va boshqa ishlarni bajarish maqsadida xo‘jalik kuni o‘tkaziladi. Ayni shu kuni, odatda, barcha xonalarni yalpi yig‘ishtirish, shuningdek, shaxsiy tarkibni hammomda cho‘miltirish o‘tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |