Xoʼjalik yurituvchi subʼektlar moliyaviy hisobotlarining ishonchliligini tasdiqlashda auditorlik tashkiloti tomonidan qoʼllaniladigan amallar muhim ahamiyat kasb etadi. Аuditorlik dalillarining yetarliligi va mosligini taʼminlash, auditorlik xulosalarining sifatini oshirishda auditorlik amallaridan eng samaralisi sifatida tahliliy amallar keng qoʼllaniladi.
Tahliliy amallarni oʼtkazish auditorga ishonchli dalillarni qisqa muddatda ishonchli usullar orqali toʼplash imkonini beradi va boz ustiga, tekshiruvda qoʼllaniladigan boshqa usullarga qaraganda kamroq xarajat talab qiladi. Shuningdek, tahliliy amallardan foydalanish boshqaruv qarorlarini qabul qilish va professional auditorlik fikrini shakllantirish uchun axborot olish va qayta ishlash vaqtini qisqartirishga xizmat qiladi.
Аuditorlik tekshiruvi jarayonida tahliliy amallar deganda auditor tomonidan olingan maʼlumotlarni tahlil qilish va baholash, gʼayrioddiy va buxgalteriya hisobida notoʼgʼri aks ettirilgan xoʼjalik faoliyati faktlarini aniqlash, hamda bunday xatolar va chalkashliklarning sabablarini aniqlash maqsadida tekshirilayotgan xoʼjalik yurituvchi subьektning muhim moliyaviy va iqtisodiy koʼrsatkichlarini oʼrganish tushuniladi.
Аuditorlik tekshiruvlarida tahliliy amallarni qoʼllashning tartibga soluvchi asosiy meʼyoriy hujjatlari boʼlib 520-son “Tahliliy amallar” nomli xalqaro audit standarti va 13-son “Tahliliy amallar” nomli auditorlik faoliyatining milliy standarti hisoblanadi. Tahliliy amallarni qoʼllanilishi yuqorida nomlari keltirilgan auditorlik standartlari hamda boshqa auditga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda tahliliy amallar auditorlik faoliyati doirasida koʼrib chiqiladi va amaliyotga tadbiq etiladi.
Jumladan,“tahliliy amallar” nomli 520-son auditning xalqaro standartida “tahliliy amallar moliyaviy va nomoliyaviy axborot oʼrtasidagi oʼzaro aloqalarni oʼrganish yoʼli bilan moliyaviy maʼlumotlarni baholashdan iborat. Tahliliy amallar muhim ahamiyatga ega boʼlgan tendentsiyalar va koeffitsientlar tahlilini, shuningdek, agar ular boshqa oʼrinda maʼlumotlar bilan mos tushmasa yoki bashorat qilingan qiymatlardan farq qiladigan boʼlsa, oʼzaro aloqalar va chetlanishlarni oʼrganishni oʼz ichiga oladi” deb eʼtirof etilgan
Yuqoridagi taʼrifdan koʼrinadiki, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda “tahliliy amallar” tushunchasining taʼrifi tekshirilayotgan subʼektda amalga oshirilgan muomalalar oʼrtasidagi oʼzaro aloqalarni, xususan, moliyaviy hisobot shakllari hamda boshqa birlamchi va yigʼma hujjatlar maʼlumotlarining oʼzaro mosligini tahlil qilish mazmunini oʼzida mujassamlashtiradi.
Аuditorlik tekshiruvlarida tahliliy amallarni qoʼllashning nazariy hamda uslubiy asoslarini yaratish hamda uni takomillashtirish boʼyicha koʼplab xorijlik iqtisodchi olimlar ilmiy tadqiqotlar olib borganlar. Ilmiy adabiyotlarda iqtisodchi olimlar tomonidan “tahliliy amallar” tushunchasiga nisbatan turlicha yondashuvlar mavjud. Xorijlik olimlardan R.P. Bulыga va M.V.Melьniklarning taʼkidlashicha, “tahliliy amallar taqqoslash, tahlil va sintez usullariga, shuningdek, iqtisodiy tahlil maxsus usullariga asoslangan va tahlil qilinayotgan koʼrsatkichlar oʼrtasida sabab-oqibat aloqalari mavjudligini koʼzda tutadigan maxsus usullardan foydalanishga asoslangan auditorlik tekshiruvini tashkil qilish va oʼtkazish usulidir”.
Tahliliy amallar auditni rejalashtirish chogʼida, tekshiruv jarayonida va uni yakunlash bosqichida qoʼllaniladi. Аuditni rejalashtirish chogʼida tahliliy amallarni qoʼllash, masalan, balans strukturasini aniqlash, eng jiddiy moddalarni va moddalar nisbatidagi kabi, boshqa davrlar bilan solishtirish boʼyicha ham oʼzgarishlarni aniqlashga imkon beradi. Bu axborotlar risk zonasini aniqlash va boshqa auditorlik amallarini rejalashtirish chogʼida qoʼllaniladi. Xususan, auditor hisobotni dastlabki tahlil qilish maʼlumotlariga koʼra qaysi hisobot moddalarini puxta tekshiruvdan oʼtkazish zarurligini hal qiladi. Hisobotda uchraydigan xatolar zonasi mijoz-korxonaning joriy davrdagi dastlabki maʼlumotlari va oʼtgan yillardagi shunga oʼxshash maʼlumotlar yoki taqqoslash uchun ishlatilgan boshqa axborotlar oʼrtasida keskin farqlarni topish yoʼli bilan aniqlanishi mumkin. Keskin tafovutlarning ehtimoldan holi boʼlmagan sabablaridan biri hisob va hisobotda ataylab yoki bilmasdan yoʼl qoʼyilgan xatolar boʼlishi mumkin.
Аuditorlik tekshiruvlar chogʼida tahliliy amallar buxgalteriya hisobi maʼlumotlarini haqiqiy maʼlumotlar yoki auditor tomonidan hisoblab chiqilgan summalari bilan taqqoslash orqali ham qoʼllanilishi mumkin. Аuditning yakunlovchi bosqichida tahliliy amallarni qoʼllash hisob va hisobotdagi aniqlangan nomuvofiqliklarga qoʼshimcha dalillar olish, hamda ushbu nomuvofiqliklarning hisobot ishonchliligiga taʼsirini aniqlashga ham imkon beradi.
Yana bir xorijlik iqtisodchi А.А.Mulman esa “tahliliy amallarni moliyaviy va nomoliyaviy koʼrsatkichlar oʼrtasidagi ehtimoliy aloqadorliklarni baholash usuli” sifatida tadqiq etgan .
Oʼzbekistonlik iqtisodchi olim А.Z.Аvloqulovning fikriga koʼra esa, “tahliliy amallar buxgalteriya hisobida notoʼgʼri aks ettirilgan xoʼjalik muomalalarini, shuningdek, xatolarni aniqlash maqsadida tekshirilayotgan iqtisodiy subʼektning muhim moliyaviy va iqtisodiy koʼrsatkichlarini tadqiq qilish, auditor tomonidan toʼplangan maʼlumotlarni baholash va tahlil qilishni oʼz ichiga oluvchi auditorlik amallarining xilma-xilligidir”
Bizning fikrimizcha, tahliliy amallar mazmunini quyidagicha izohlash maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Аuditda tahliliy amallar bu – moliyaviy hisobot shakllari moddalari va birlamchi hujjatlar oʼrtasidagi nomuvofiqliklar hamda tekshirilayotgan subʼekt faoliyatini amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar meyoʼrlariga mosligini aniqlashda qoʼllaniladigan tahlil va oʼzaro solishtirish usullari majmuidir. Tahliliy amallar mazmuni uni chuqur tadqiq etish va amalda keng qoʼllash jarayonida yanada takomillashib, uning mohiyati aniqlashib boradi.
Аuditorlik tekshiruvlarida bajariladigan tahliliy amallarni tanlash ularni oʼtkazish maqsadidan kelib chiqqan holda auditor tomonidan mustaqil belgilanadi. Bugungi jahon auditorlik amaliyotida tahliliy amallarni bajarishda quyidagi asosiy tahlil usullaridan keng foydalanilmoqda: