DAQIQIY VA FIRDAVSIY
Daqiqiy xaqida ilk ma’lumotlar Firdavsiy “Shoxnoma”sida uchraydi.”Shoxnoma” debochasida u e’zoza va extirom bilan tilga olinadi.”Shoxnoma”, “Og’ozi kitob” (“Kitob boshlanishi”) sarlavxasi ila ibtido topadi, keyin olamning, odamning, oftobning, oyning yaratilishi xamda payg’ambar va uning choriyorlariga madxi boblari keladi.”Shoxnoma”ning yaratilishi xaqidagi bobdan so’ng “Dostoni Daqiqiy shoir” (“Shoir Daqiqiy dostoni”) nomli bob boshlanadi.Bu bobda Firdavsiy salafi Daqiqiy borasida ma’lum miqdorda so’z yuritadi va shoirning xayot yo’li xususida ozroq tasavvur olishga imkon tug’iladi. Daqiqiyga bag’ishlangan bob o’n baytli bo’lib, boshlang’ich bayti ushbu xildadir:
Chu az daftar in dostonxo base,
Xame xond xonanda bar xar kase (44-C.37)
Mazmuni:
Tarix kitoblarin titkilab barin,
O’qidi xammasini birin-birin
Firdavsiy ishlatgan daftar-xujjat, tarix va doston-rivoyat, naql ma’nolarini beradi).
E’tibor berilsa, Daqiqiy o’z “Shoxnoma”sini yozishdan avval unga taaluqli jami tarix kitoblarini, afsona va rivoyatlar to’plamini, nasriy “Shoxnoma”ni batafsil taxsil va taxlil qiladi, xatto kimning qo’lida shoxlar tarixiga oid kitoblar bo’lsa xammasini o’qib-o’rganib chiqadi.Bu xil zaxmatlar, albatta, Firdavsiyning xam boshidan o’tgan edi, boisi Firdavsiy “Shoxnoma”ni bitish uchun oz emas, ko’p emas o’ttiz yillik umrini baxshida etdi.
Firdavsiy o’tmishdoshi Daqiqiyni “Shoxnoma” ustida ish boshlaganda xali yosh edi degan bir ishorani beradi.
Javone biyomad kushoda zabon,
Suxan guftani xubu ravshan ravon (44-C.37)
Mazmuni:
Yosh yigit paydo bo’ldi bir zamon,
So’z aytdi yaxshi, ravshanu ravon.
Daqiqiy “Gushtospnoma”sining 976-977 yillar oralig’i yozilganini xisobga olsak, u paytlar shoir 46-47 yoshlarda bo’lgan. Lekin Daqiqiy o’z “Shoxnoma”si ustida ishni ancha ilgari boshlagan, buni Firdavsiy so’zlari xam tasdiqlaydi qolaversa,”Shoxnoma”dek asarni nazmda bunyod etish uchun birgina shoirlik iste’dodini o’zo kifoya qilmasligi xoldir. Buning uchun tag’in ko’hna tarixni obdon yaxshi bilish taqozo etilar edi, shundan Daqiqiy xam ma’lum taraddud xis etadi va talay manbalarni ko’zdan kechiradi. Bu qariyb 20 yillik davrni o’z ichiga oladi, demak Daqiqiy “Shoxnoma” yozish uchun, uning ustiga ishlashni 26-27 yoshlarda boshlagan b’lib chiqadi. Daqiqiyning 962 yili Tusda qator dostonsaro(baxshi)lar jamligida tartib berilgan nasriy “Shoxnoma”ning yaratilishiga ishtiroki borligini taxmin qilish mumkin.
Firdavsiy aftidan, Daqiqiyning butun fe’li atvotigacha o’rgangan ko’rinadi, chunki Firdavsiy xatto Daqiqiyning yoshligida sho’x yigit ekanini, shuning uchun doimo pand yegani xaqida gapiradi:
Javonishro xo’yi bad yor bud,
Abo bad xamesha ba paykor bud. (44-C.37).
Mazmuni:
Yoshligida yomon odat unga yor edi,
Shu bois u o’qqa doim nishondor edi.
Ana shu sho’xlik unda ko’p aziyatlar keltiradi, dunyoda biron kun ro’shnolik ko’rmay o’tgani yetmagandek, shirin jonini xam barbod qiladi:
Bad on xo’yi ba joni shirin bidod,
Nabud az jahon dil-sh yak ro’z shod (44-C.37).
Mazmuni:
Dunyoda bir kun xam bo’lmay shodon,
Yomon fe’li sabab berdi shirin jon.
Firdavsiy aniq dalillarga tayangan chog’i, sababi Daqiqiy xaqida keyingi sarchashmalarda bu xil xabarlar uchramaydi va qisqasi Firdavsiydan keyingi axborotlar asosan maqtovu olqishdan nariga o’tmaydi.Firdavsiy “Shoxnoma” uchun ashyolar to’plar ekan, butun boshli Xuroson va Movarounnahr tuprog’ini kezib chiqadi.Daqiqiy umrining ma’lum davrini Buxoroda o’tkazdi.Firdavsiy xam o’z safari paytida Buxoroda bo’lgan ekan. Firdavsiy ana shu Buxoroda bo’lgan kezlari Daqiqiy xayoti va ijodiyoti bilan qiziqadi,, u xaqida ma’lumotlarini jamlaydi hamda tugallanmay qolgan “Gushtospnoma”ning matnini qo’lga kiritganini gumon qilish mumkin. Firdavsiy sho’x yigit deb ta’rif bergan Daqiqiy xususidagi dalillarni, asosan, o’sha davrda Buxoroda yashagan va Daqiqiyni yaxshi tanigan, bilgan shoiru fozillardan olgan bo’lishi ehtimol.
Yako-yak az o’ baxt bargashta shud,
Ba dasti yake banda-bar kushta shud (44-C.38)
Mazmuni:
Undan yuz o’girdi baxt birin-ketin,
Va topdi o’z qulin qo’lidan o’lim.
Bular bejiz aytilmagan, Daqiqiy ko’xna tarixni boshqalardan ko’ra yaxshi bilgan, bu sohada tengsizligi tan olingan va nasriy “Shoxnoma”ni nazmga solishdek baxt uning chekiga tushgan edi. Bu o’z navbatida Daqiqiyning shoirlik e’tirofi bo’lsa, ikkinchi bir tomondan shoir dushmanlarining xurujiga zamin xozirlagan edi. Agar Firdavsiy so’zlariga ishonsak, Daqiqiy sho’xligi, demak uning, ya’ni Daqiqiyning atrofdagi ayrim shoirlarni pisand ilmasligiga yo’yish bizga maqbulroqdek tuyuladi.Yoki Firdavsiy aytgan Daqiqiyning yoshlikdagi sho’x fe’li borligini Daqiqiy tomonidan o’z quliga qilingan tegajog’lik bilan izohlash mumkin. Daqiqiy o’z xonadonida o’tgan bir she’rxonlik bazmi kechasi sevimli quli (u yoshgina turk bolakayi bo’lgan) nazdida go’yo un(qul)ga xiyonat (boshqa qulbachchaga bejolik) qiladi, ana shu tufayli rashk o’tida yongan turk qulbachcha kayf kayf qilib uxlab qolgan shoirni pichoq(chavoq)lab o’ldiradi.
Oqibatda:
Birafati uvu in noma nogufta mond,
Chunon baxti bedori u xufta mond (44-C.38).
Mazmuni:
U ketdi, qoldi aytilmay bu noma,
So’ndi baxti, u bo’lib sho’r peshona.
Degan Firdavsiy ko’p xodisalarga sirli ishoralar izxor etadi va Daqiqiy o’limining sabablarini kitobxonga lo’nda qilib tushuntirishga intiladi. Daqiqiy o’z ajali bilan o’lmagan, uning o’ldirilgani naqd bo’lganidek, bu mash’um o’limda shoir g’animlarining xam ozmi-ko’pmi qo’li borligi bir oz anglashiladi.
Firdavsiy o’n baytdan tashkil topgan Daqiqiy to’g’risidagi fikr-o’ylarni shu bilan chegaralab qo’ymaydi, balki uni “Shoxnoma”ning “Gushtosp shoxligi” qismida yana davom ettirib, shoirni takror xotirlaydi va u xaqda o’z andishalarini bayon etadi. “Shoxnoma”ning “Podshohi Gustosp” (“Gushtosp podshoxligi”) bo’limi “Ba xop didani Firdavsiy Daqiqiyro” (“Firdavsiyning Daqiqiyni tushida ko’rishi”) fasli ila ibtido topadi va Firdavsiy tushida Daqiqiy bilan uchrashib suhbatlashadi. Daqiqiy “Shoxnoma”dek mas’ul ishga bel bog’lagan Firdavsiyga ofarinlar aytadi, uning bu boradagi kuyinchakligini olqishlaydi, barcha manbalarni topib katta tarixni jam qilganini ulug’laydi:
Bad-in noma archand bishtofty,
Kunun xar chi justy, xama yofty (45-C.80)
Mazmuni:
Bu nomani yozmoqqa qilib xarakat,
Jami izlaganing topding oqibat.
Daqiqiy o’z so’zida davom etib yana aytadiki:
Az in bora man pesh guftam suxun,
Agar boz yoby,bahili makun (45-C.80).
Mazmuni:
Bu borada men so’z aytdim avval,
Baxil bo’lma, qilmagin tavakkal.
Anglashiladiki, Daqiqiy o’zini birinchi “Shoxnoma” yozgan shoir sifatida namoyon etmoqda, zero, bu so’zlarni, aslida Daqiqiy tilidan Firdavsining aynan o’zi so’zlamoqda. Demak Firdavsiy uni-Daqiqiyni, shaxsan, tan olib e’tirof etmoqda, ushbu e’tirof mutlaq xaqiqiatdir.
Zi Gushtospu Arjosp bayte xazor,
Biguftam, saromad maro ro’zgor (45-C.81)
Aytdim ming bayt Gushtospu Arjosp xaqida,
Vafo qolmadi menga olam mulkida.
Daqiqiy yuqoridagi baytlar bilan o’zi bitgan ming baytli Gushtosp va Arjosp o’rtasidagi jangni ifodaydi (tugamay chala qol)gan dostonga shama qilmoqda. Xullas Firdavsiy o’z salafi Daqiqiyning o’tinch va o’kinchlarini e’tiborsiz qoldirmaydi, ya’ni Daqiqiy “Gushtospnoma”sining mavjud qismi(24 bob)ni “Shoxnoma” tarkibiga singdirib yuboradi va o’zidan 7 bob qo’shib, uni tamomlaydi. Aslida Firdavsiy qo’shgan boblar soni 9 (to’qqiz) bob bo’lib undan, ya’ni ikki bobdan biri Daqiqiyni tushida ko’rgan bobi bo’lsa, ikkinchisi: “Anjom shudani guftori Daqiqy va boz omadani Firdavsy va giftori xud va sitoyishi shox Maxmud va nakuxishi suhani Daqiqy” tarzida nomlanadi. Uning mazmuni quyidagicha “Daqiqiy so’zining tugashi va Firdavsiyning maydonga kirishi va shox Maxmud madxida so’z aytishi va Daqiqiy so’zlarini dvom ettirishi” Ushbu o’ttiz baytli bobda so’z Daqiqiy va sultoni Maxmud G’aznaviy xususida ketadi xamda Daqiqiy nechundir qattiq tanqid ostiga olinadi. Firdavsiyning Daqiqiy to’g’risidagi tanqidiy fikrlariga turlicha munosabat izxor etiladi, birlari Daqiqiy she’riyatiga xos tarixiy so’zlardan, ayrimlari Daqiqiyga mos noarabiy so’zlarni qo’llash usulidan, Firdavsiy zamoniga kelib arabiy kalimalarning ko’payishi bilan bog’liq xodisalardan izlaydilar.
Endi bevosita Firdavsiy tanqidining o’ziga kelsak, ya’ni Firdavsiy o’tmishdoshi Daqiqiyni nimalarda ayblaydi va bu bilan aynan Firdavsiy nima muddaoni anglatmoqchi:
Daqiqy rasonid injo suhun,
Zamona barovard umrash ba bun (5-C.163).
Mazmuni:
Shu yerga yetgach Daqiqiy so’zi,
Zamona dastidan uzildi o’zi.
Shundan so’ng:
Ba gety namodast az u yodgor,
Magar in suhanxoi nopaydor (45-C163).
Mazmuni:
Shu so’zlardan o’zga bir miqdor,
Jahonda qolmadi undan yodgor.
Degan Firdvsiy negadir Daqiqiy so’larini beta’sir, asossizligi xaqida da’vo qiladi va buning sabablari nimada ekaniga sharx bermaydi. Ammo shunga qaramay Firdavsiy tanqidni yanada jiddiyroq tus oldiradi va Daqiqiyni o’ta pastga uradi:
Nigoh kardam in nazmu sust omadam,
Base bayt notandurust omadam (45-C.163).
Mazmuni:
Qarasam bu nazm menga sust ko’rinadi,
Tamom baytlari nodurust ko’rindi.
Xatto Firdavsiy bir o’rinda Daqiqiyga qarata so’zning dodini berishini mendan o’rgan deyishgacha borib yetadi;
Zi Firdavsiy aknu suhan yod gir,
Suhanxoi pokizavu dilpazir (45-C.163).
Mazmuni:
Pokiza so’zlar dilga yoqishni,
Firdavsiydan o’rgan so’z aytishni.
52 bet
Do'stlaringiz bilan baham: |