Keyingi kashfiyotlar.
Atlantika okeani orqali Hindistonga boriladigan dengiz yo`li 1498- yilda kashf etildi. Bu kashfiyotni portugaliyalik dengiz sayyohi Vasko da Gama amalga oshirdi. 1497-yilning 8-iyulida sayyoh 168 kishilik ekipajdan iborat to`rtta kemada Hindiston sayohatiga yo`l oldi. Xuddi Kolumbniki kabi Vasko da Gama ekspeditsiyasi ham dastlab, Lissabondan g`arbga yo`l olgan, ammo keyin Sharqqa burilgan. Atlantika okeanida yoysimon yo`nalishda suzib, 1497-yil 20-noyabrda Afrikaning eng janubiy nuqtasidan o`tdilar. Afrikani aylanib o`tish joyining topilgani ekspeditsiya a’zolarida Hindistonga borish yo`lini topishga bo`lgan umidni kuchaytirgan, albatta. Dengiz sayyohlari Afrikaning eng janubiy nuqtasi bo`lgan burunni «Yaxshi umid» nomi bilan atadilar.
Vasko da Gama 1497-yil dekabrda hozirgi Janubiy Afrika Respublikasining Sharqiy qirg`oqlarini kashf qildi. 1498-yilning yanvar oyida Zambezi daryosining quyilish joyidan o`tib, Sharqiy qirg`oqlar bo`ylab shimoli-sharqqa suzishda davom etdi va o`sha yilning mart oyida Mozambikka yetib bordi. Malindi shahrida arab yo`l ko`rsatuvchisini yo`llagan sayyoh uning yordamida 1498-yil 20-mayda Hindistonning janubi-g`arbiy qirg`oqlaridagi yirik savdo markazi hisoblangan Kalikut (hozirgi Kojikode) shahriga yetib keldi.
Kalikut rojasi tomonidan yaxshi ko`tib olingan Vasko da Gama, Hindistonda bir muddat turib, 1498-yil oktyabrda yana Portugaliya tomon yo`lga chiqdi. Ammo 1499-yilning sentyabridagina Lissabonga yetib oldi. Ekspeditsiya davomida turli xavf-xatarlar, fojiali holatlar sababli safarga chiqqan 168 dengizchidan faqat 55 kishigina eson-omon Portugaliyaga qaytishga muvaffaq bo`lgan. Ammo anchayin katta qurbonlar berib bo`lsa-da, Vasko da Gamaning Portugaliya qiroli topshirigiga ko`ra, Yevropadan Hindistongacha bo`lgan dengiz yo`lini kashf etishga erishganini ta’kidlash joiz.
Portugaliyada Vasko da Gamani katta tantana bilan ko`tib olishdi. Unga dvoryan martabasi va 1500-yilda «Hind okeani admirali» unvoni berilgan. Sayyoh 1500-1520-yillar davomida Hindistonga bir necha bor ekspeditsiya uyushtirgan va 1524 yilda Hindistondagi Portugaliya koloniyalarining beshinchi gubernatori va vitse-qiroli etib tayinlangan. Ammo sayyoh bu vazifada unchalik uzoq ishlamadi.
Umrining asosiy qismini Hindistonga boradigan dengiz yo`lini kashf etish va uni o`rganishga bag`ishlagan Vasko da Gama 1524-yilning 24-dekabrida Kalikutdan janubdagi Kochine shaharchasida vafot etdi.
1998-yilda Vasko da Gamaning Hindistonga qilgan birinchi sayohatining 500 yilligi Yevropada keng nishonlandi. Shu yili Lissabondagi Teju daryosining quyilish joyida qisqa mudsat - 10 oy ichida Yevropadagi eng uzun 17185 metrli ko`prik qurilib, sayyoh, nomi bilan ataldi. Shuningdek, Braziliyaning Rio de-Janeyro shahri futbol klubi va Hindistonning Goa shtatidagi shaharga ham Vasko da Gama nomi berilgan.
1519- yilda yana bir portugaliyalik dengizchi F. Magellan Amerika qit'asini aylanib o`tib, Hindistonga boradigan dengiz yo`lini ochdi. Dunyoni aylanib suzish 1522yilda nihoyasiga yetkazildi. Bu ekspeditsiya yerning dumaloqligini, uning katta qismi suv bilan qoplanganligini isbotladi. L. V. Torres boshchiligidagi ekspeditsiya esa 1605- yilda Avstraliyani kashf etdi.
Buyuk geografik kashfiyotlarning ahamiyati.
Buyuk geografik kashfiyotlar ilm-fan uchun katta ahamiyatga ega bo`ldi. Uning natijasida geografiya, tarix, etnografiya va okeanshunoslik fanlari yangi xulosalar, ma'lumotlar bilan boyidi. Bundan tashqari, bu kashfiyotlar tufayli yangi dengiz savdo yo`llari ochildi. Bu yo`llar o`rta Yer dengizidan Atlantika okeaniga ko`chdi. Bu esa, o`z navbatida, jahon savdosini vujudga keltirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |