Buxoro xalqining hasrati tarixi [Amir Sayyid Olimxon]



Download 69,04 Kb.
Sana23.06.2022
Hajmi69,04 Kb.
#696816
Bog'liq
Buxoro xalqining hasrati tarixi


Buxoro xalqining hasrati tarixi [Amir Sayyid Olimxon]


Buxoro xalqining hasrati tarixi [Amir Sayyid Olimxon]

Soʻzboshi
1966 yil aprelʼ oyining oxirlarida Toshkentda mashhur va mash'um zilzila yuz berdi. Bu voqeadan bir hafta oʻtar-oʻtmas men Suriya Arab jumhuriyatining bosh kenti hisoblangan Damashqqa ishga ketdim. Oradan bir yarim-ikki oy ham oʻtmagan edi, Damashqdagi uyimga bir qorachadan kelgan, oʻrta boʻyli, oʻziga yarashgan moʻylabi ham bor bir kishi tashrif buyurdi. Koʻrinishidan u xuddi suvratini koʻrganim Abdulla Qodiriyga oʻxshardi. Bu kishi oʻzbekchalab mening ismi sharifimni soʻradi. Biz koʻrishdik, men oʻzimni tanishtirdim, ichkari kirdik.
— Men Joʻra qori boʻlaman, ba’zan yozuvlarda Surgun degan ot ham qoʻshib aytiladi, taxallusim Boʻtakoʻz. Mamlakatdan uzoqda — surgunda yurgandayman, ba’zida shunday atash bilan oʻzimni ovutgan, oʻzimga tasalli bergan boʻlaman. Shu yili aprelʼ oyida Doʻstlik jamiyatining da’vati bilan mamlakatga borgandim. (Xorijdagi hamshaharlarimiz «Oʻzbekiston» nomi oʻrniga koʻpincha «mamlakat» yoki «vatan» soʻzini ishlatadilar). Esimni taniganimdan beri orzu qilganim — vatanni koʻrishga muyassar boʻlish edi, bir xafta ham oʻtmasdanoq oʻsha mudhish zilzila yuz bersa boʻladimi, yopiray, meni ajal quvib kelgan ekan, shu yerda oʻlar ekanman-da, degan xayolga ham bordim. Yoʻq, xudoga shukr, kechmish boʻldi (ya’ni oʻtib ketdi). Oʻsha yerda doʻstlaringiz bir narsani sizdan hikoya qilishdi, soʻng janobingiz ismi-shariflari zikr qilingan chogʻda suhbatga chorlash uchun sizga qoʻngʻirok qilishsa, allaqachon bu tomonlarga ravona boʻlgan ekansiz. Shu bilan men mamlakatdan chiqib Istanbulga keldim, u yerdan bu tomonlarga oʻtdim, keyin Urdunga (ya’ni Iordaniyaga) oʻtaman.
— Buni bir mutolaa qiling, sizga sovgʻa, — deb bir kitob berdi. Kitobga qarasam, Buxoro amiri — Olimxon qalamiga mansub, mehmonga minnatdorchilik bildirdim. Kitob forsiyda yozilgan, Gʻarbda chop etilgan edi.
Men kitobni mutolaa qilib, yurtga qaytganda oʻzbekchaga agʻdararman, degan xayolga keldim. Mana, oradan chamasi yigirma besh yilcha vaqt oʻtdi. Orziqib kutilgan damlar keldi. Bu chogʻlar oshkoralik deb nom oldi. Bor haqiqat asta-sekin qalqib yuzaga chiqa boshlayotir. Shunday mulohazalar andishasida nihoyat oʻsha kitobning forsiydan qilgan tarjimasini hurmatli oʻquvchilar e’tiboriga havola etayotirman. Muallif fikrini yaxshi ifodalay oldimmi — yoʻqmi, bu muhtaram kitobxonlar hukmiga havola. Mabodo ba’zi iboralarda fikr yaxshi ifodalanmagan boʻlsa, oʻtib ketgan kamchilik uchun kitobxondan oldindan uzr soʻrayman. Mabodo ular oʻz mulohazalarini menga yozib yo matbuot orqali bildirishsa, mulohaza otiga minib maqsad sari otlanishimiz turgan gap.
Risolani tarjima qilishda iloji boricha muallif ruhi, uslubi, hatto oʻsha davrda ishlatilgan ma’muriy boʻlinishlar nomi (chunonchi, tuman, beklik kabilar)ni saqlashga harakat qilindi. Oʻsha davrda Buxoro davlati yigirma sakkiz beklikka boʻlingan. Chunonchi, hozirgi Nurota, Qorakoʻl, Chorjoʻy, Shahrisabz, Kitob, Gʻuzor, Denov, Yakkabogʻ kabi joylarning har biri beklikdan iborat boʻlgan. Beklik bizning hozirgi iste’molimizda rayonga toʻgʻri keladi, shu bilan birga «tuman» gushunchasi ham bunga toʻgʻri kelganday boʻlayapti. Chuponchi, Gʻijduvon tumani, Vobkent tumani, La’laka tumani. Kitobda Nurota esa viloyat sifatida bitiladi.
Amir Olimxonning yozishicha, oʻsha davrda Buxoro davlatiga qarashli yerlar 225000 kvadrat kilometr boʻlgan, bu esa taxminan Italiya maydoni bilan teng deganidir. Uning yozishicha, Buxoro aholisi asosan oʻzbek, turkman, qirgʻiz, kozoq, tojik, yahudiy va arablardan iborat edi. Bundan koʻrinadiki, Buxoro davlati koʻpmillatli mamlakat boʻlgan, unda Oʻrta Osiyo xalqlarining barcha vakillari yashagan. Olimxon bu yerlarda yashovchi yahudiy va arablarni kitobiga bitishni ham unutmagan.
Amir Olimxon yozadi: «Buxoro xonlari butunlay mangʻitlarning oʻzbek toifasidan boʻlgan. Buxoro podshohlari moʻgʻil odatlariga koʻra toʻshakcha (u oq kigizdap tayyorlangan — A. I.) ustiga tabarrukona oʻtqazilib, sayyidlar, xoʻjalar va mullolar uni yerdan koʻtarardilar». Turkiy podshohlarni ok kigizga solib koʻtarish qadim-qadimdan qolgan an'ana boʻlgan.
Bu gapda keltirilgan «moʻgʻil» soʻzi aslida turkiy qabilalardan birining nomi, u «mongol» emas. «Moʻgʻil» bilan «mongol» tomomila boshka-boshka xalq. Shu jihatdan Hindistonda Bobur tuzgan imperiya ba’zan yanglish ishlatilib kelayotgan «Mongol» emas, balki «Moʻgʻil imperiyasi»dir. Bunga Sayyid Olimxon bitgan satrlar ham guvohlik beradi. Olimxon yozadi: «Buxoro Markaziy Osiyo mamlakatlarining eng qadimgilaridan biri boʻlib, bunda navbatma-navbat shahzodalar saltanat qurganlar... Soʻnggi somoniy podshohlarining vafotidan soʻng (1005) Buxoro ikki marta turk va saljuqlar sulolasining qoʻliga oʻtdi. Undan soʻng Chingizxon va Temur, keyin shayboniylar, ashtarxoniylar sulolasi, oʻzbek — mangʻitlar Buxoroda hukm surdilar, Mangʻit toifasi 1783 yildan to 1920 yilgacha Buxoroda saltanat surdilar».
Mana bu soʻzlar tariximizni tuzukroq tushunishga, yanada chukurroq bilishga yordam beradi.
Buxorodan xorijga chiqariladigan mahsulotlardan tashqari ot ham eksport qilingan. «Buxoro otlari, — deydi muallif, xususan, qorabayir navi 1914 yilgi urushda ahamiyat qozonib, yaxshiligini isbotlaydi. Buxoro amiri kanchadan-qancha ming bosh otni Rusiya davlatiga berdi».
Shu bilan birga amir esdaliklarida oʻsha davrda Rusiya bilan Buxoro oʻrtasida boʻlgan savdo miqyosi haqida yoziladi: «Bolʼsheviklar inqilobidan oldin Buxoro savdosi faqat Rusiyaning oʻzi bilan ikki yuz ellik million frankka yetar edi. Lekin baxtga qarshi yuklarni eltish vositalarining yoʻqligi savdo ishining rivojlanishiga katta toʻsqinlik qildi. Vaholanki, qanchadan-qancha temir yoʻl vositalari mamlakatning boshidan oxirigacha choʻzilgan edi».
Amir Olimxon oʻz davrida birmuncha madaniy qurilishlar qiladi, madrasa, masjid, koʻprik qurdiradi. «Buxoro minorasining past tomonida, — deydi muallif, — Oʻz nomimdan Dorul-ulum boʻlgan bir madrasa qurdirdim; turli ilmlardan dars beruvchi muallimlar tayin etdim. Mazkur madrasada istiqomat qiladigan talabalar sarf-xarajati, maosh va kiyim-kechagi ham oʻz tarafimdan belgilanib, unga bir nafar nozir ham tayin etdim; ularning yemak-ichmak, maosh va kiyim-kechaklarini muayyan bir vaqtda yetkazdirardim».
Amir qurdirgan bu oʻquv dargohi misoli hozirgi internat maktabi yo texnikumiga toʻgʻri keladigan bir bilimgoh desa ham boʻladi. Bu esa oʻsha davr saviyasidan turib qaralsa, albatta, juda katta voqea boʻlgan.
Qolgan gaplarni oʻquvchining oʻzi esdaliklardan oʻqib olishi mumkin.
Abdusodiq IRISOV.

Rahmdil va Mehribon Alloh ismi bilan


Allohga maqtovlar, olamlar Rabbi va uning elchisi Muhammadga va uning oilasiga va barcha doʻstlariga pokliklar va salomlar boʻlsin.
Ammo ba’d bilim egalarining vijdoni va xotir egalarining oldida yashirin qolmasinki, men tag-tugli Buxoroyi sharif xalqining fidoyisi Sayyid Amir Olimxon — Buxoro mulkining hukmroni edim.
Oʻz ahvolim va boshdan kechirganlarimni yoshlik chogʻimdan olib borilgan to Buxoro poytaxtida saltanat uchun bolʼsheviklar bilan olib borilgan janglarda boʻlib, oʻzimning Qobul dorussaltanasiga koʻchishim voqealarini tahrir ipiga tizib ushbuda bayon qildim, unga «Tarixi huzni milali Buxoro» («Buxoro xalqining hasrati tarixi») deb nom koʻydim, tokim oʻquvchilar va unga koʻzi tushgan zotlar bu faqirning bayon qilgan hollaridan va Buhoro saltanati poytaxti va unga taalluqli boʻlgan ma’lumotga ega boʻlsalar va bolʼsheviklar bilan boʻlgan muhoraba va Afgʻonistonga koʻchishim sabablarini mutolaa qilib, unga insof nazari bilan boqsalar.
Endi til nutqini bayon etuvchi toʻti boʻlmish — qalamni tilga kiritib, ahvol bayonini ushbu bitikda tarannum etadigan boʻlsam, shundayki, bu banda[1] dargohi oliy Sayyid Amir Abdulahadxon oʻgʻli Sayyid Olimxon dor ul-foxira boʻlmish Buxoroyi sharif hukmdoridurman. Men hazrati padari buzrukvorim saltanati qaror topgan davrda diyonat ilmi va oʻrganilishi lozim boʻlgan bilimlardan tahsil qilganimdan keyin saltanat va mamlakatni idora qilish konunlarini egallash maqsadida rus ulugʻlarining sahovatidan foydalandim. Shunda oʻn uch yoshligimda milodiy yilning ming sakkiz yuz toʻqson uchida buyuk shahanshoh boʻlmish padari buzrukvorim hazratlari amru farmonlari bilan bir necha moʻ'tabar namakxoʻr-yaqin doʻstlar hamrohligida Peterburgga borishga azm qildim.
Tartib-qoida yuzasidan u yer maktablarida yetti yil oʻqitilar edi. Binobarin, padari buzrukvorim istagiga koʻra ta’limotni tezlashtirish maqsadida oʻqish muddati uch yil deb karor qilindi. Bu uch yil orasida yozlari maktablar yopilgan kezlari Buxoroga, padarim xizmatiga kelib-ketib turardim. Shunday qilib, men uch yil davomida ta’lim olib, mamlakat tartib qoidalarini biladigan darajada bilim hosil qildim, oʻqishlarni tugatib, imtihon topshirdim.
Rus davlati ulugʻlari meni Buxoro davlati valiahdligiga mansub boʻlganligim uchun Buxoroga qaytarishdi. Shu bilan men milodiy yilning 1896 yilida Peterburgdan Buxoroyi sharifga, zoti shahona Padari buzrukvorim hazratlari dargohlariga qaytdim.
Shunday qilib, men qiblagohim qoʻllarini oʻpib, doim u kishi bilan birga boʻlishga musharraf boʻldim. Padari buzrukvorim meni ikki yil davomida oʻz xizmatlarida hamrikob qilib yonlarida olib yurdilar. Men qoʻl ostimda boʻlgan muqaddas vatanning ichki ahvollari haqida ba’zi bir ta’limotlarni u kishining muborak tillaridan eshitib turgandim; bulardan men koʻp foydalar koʻrdim. Soʻng zoti shahona padari buzrukvorim menga Buxoroyi sharifga qarashli boʻlgan oʻlkalardan biri Nasaf[2] viloyati hukmronligini marhamat qildilar.
Bu bilan menga baxtiyorlik baxsh etib, shahona toʻnlarni kiydirdilar, xisravona hukmronlik tojini boshimga qoʻydilar. Padari buzrukvorim ijozatlari bilan mazkur viloyatga azm ayladim. Shunda mazkur viloyatping barcha a’yon va xos kishilari mening istiqbolimga chiqib kutib oldilar.
Shunday qilib, men ular bilan hol-ahvol soʻrashib, ular iltifotidan boshim koʻkka yetdi, ularga mehru hurmatimni bildirib Nasaf viloyati qoʻrgʻonining ichiga kirib bordim, barcha kattakon boʻlgan odamlarni muborakbod etib, ularni xursand va mamnun ettirdim.
Bu ojiz bandaning Nasaf viloyatidagi hukmronligi muddati oʻn ikki yil davom etdi. Bu muddat ichida mening hukumatim hamisha faqirparvar va gʻaribnavozlikka intilardi, mazlumlarni zolimlardan asrab, haqni qaror topdirardi. Shunday qilib, mazkur viloyat aholisini oʻzimdan xursandu mamnun ettirardim.
Mazkur viloyatga yaqin joyda Qashqa degan shoʻx daryo oqardi. Undan kambagʻal beva-bechoralarning kechib oʻtishida rohati buzilib, doimo gʻam-tashvishda edilar. Aholining osoyishtaligini koʻzlab mazkur daryoga toshu temirdan[3] bir koʻprik qurdirdim, koʻprikni esa oʻz nomim bilan atadim. Shoyad faqiru fuqarolar suv kechish tashvishidan qutilib, tinchu osuda yashasalar, deb oʻyladim. Shu bilan yana boshqa bir qancha madrasa va ibodatxonalar qurib, bu borada anchagina yumushlarni yuzaga keltirdim.
Bundan soʻng, hukm yuritganimdan oʻn ikki yil oʻtgach, zoti shohona padari buzrukvorim meni dor-ul-fohira Buxoroyi sharifga qarashli joylardan biri boʻlgan Xoʻrok vodiysining Karmina[4] nomi bilan mashhur boʻlgan viloyat hukmronligiga koʻchirdi. Bu bilan zoti shahona meni oʻzlariga yaqin boʻlgan joyga olib keldilar. Nasaf viloyati hukmronligidan Karmina viloyati hukmroniga aylandim. Mana shu zikr etilgan viloyatda ikki yil davomida hukm yuritdim. Shu asnoda zoti shahona hazrat Sayyid Amir Abdulahadxon — mening Padari buzrukvorim taqdiri ilohiy amri bilan foniylik olamidan boqiylik dunyosiga rihlat etdilar[5]. Shunda iqtidor egasi boʻlmish padari buzrukvorim podishoh hazratlarining saltanati muddatiga yigirma olti yil boʻlgan edi.
Shu bilan men 1329 hijriy yili muharram oyining oʻninchi kuni, milodiyning 1911 yili menga meros boʻlib qolgan marhum va magʻfur padarim saltanati taxtiga oʻtirdim. Buxoroyi sharifning barcha aholisi bu ojiz bandaga xizmat qilmoqqa qasamyod etdilar.
Taxtga oʻtirganimdan soʻng bu banda dargohi oliyda mamlakatimning bir yillik xiroj toʻlashdan ozod qilish farmoyishini berdim. Shu tariqa ish tutishim bilan faqir-fuqarolarni koʻp xursand qildim, ularning boshlari koʻkka yetdi.
Oradan bir yil oʻtgach, eltutish va faqirparvarlik tartibini oʻrnatishga intildim, Buxoro davlatida tartib-intizom va obodlik ishlarini bajo keltira boshladim. Buyuk ishlarni barpo etishga sa’y-harakat etdim, madrasalar, ibodatxonalar bino qilishga kirishdim. Barcha ilmlarni oʻrgatish borasida anchagina harakat qildim.
Buxoroyi sharif arkining yaqinida, Baloyi havz deyilgan joyda oʻz nomimga bir ibodatga masjid bino qildirdim. Buxoro minorasining past tomonida bozorning ichki tomonida oʻz nomimdan Dor-ul-ulum — Bilim uyi boʻlgan bir madrasa qurdirdim; har xil ilmdan dars beruvchi muallimlar tayin etdirdim. Mazkur madrasada istiqomat qiladigan talabalar sarf-xarajatlari, maosh va kiyim-kechagi ham oʻz tarafimdan belgilanib, unga bir nafar nozir tayin etdim; ularning yemak-ichmak, maosh va kiyim-kechaklarini muayyan bir vaqtda yetkazdirardim. Bozor va yoʻl obodligiga koʻp harakat qildim, uch yil ichida Buxoro mamlakati ancha obod boʻldi, unga zeb-ziynat va tartib-intizom oʻrnatdim. Mening sa’yi-harakatimdan Buxoro aholisi va butun mamlakat mamnun boʻldi.
Banda oʻz xalqim uchun qoʻlimdan keladigan xizmatimni bajo keltirganimga shukr qilardim. Bu bandayi ojiz Turon mamlakatida oʻn yil davomida saltanat surdim. Oʻn yildan soʻng, Sovet davlatiga qarshi kurashdim, nihoyat Afgʻoniston davlatiga koʻchdim.

Birinchi fasl


Bolʼsheviklar bilan boʻlgan muhoraba hikoyasi
Bolʼsheviklarga qarshi qilgan yurishim va Buxorodan koʻchishga ixtiyor etishimga doir barcha sabablar hikoyasini mushohada yurituvchilarning xotiralari uchun bularni tahrir ipiga tizdim, toki boshimdan oʻtgan ahvolotimdan oʻzgalar ham xabardor boʻlsalar.
Vaqt kelib Buxoroyi sharif davlati buvam, rahmatlik Sayyid Amir Muzaffarxon davri salatanatidan to rahmatlik Sayyid Amir Abdulahadxon magʻfuru marhum padari buzrukvorim zamoniga va undan to bu bandayi ojiz saltanati muddatigacha mana shu Buxoroda oʻtdi. Bu orada va muazzam rus davlati saltanati barqarorligining oltmish uch yilligi davomida bu tomonlarda doʻstlik va oshnachalik yuz berib, ikki davlat orasida doʻstlik barqaror va bardavom boʻldi. Shu sababdan rus davlati xodimlari bilan Buxoro davlati xodimlari oʻrtasida kelishuv ham boʻlib oʻtgan edi. Qelishuvlarda askarlar va harbiy kurollar Buxoro tarafidan qisqartirilib, (Uni qoʻriqlash uchun ) harbiy asbob-uskunalar va askarlarni rus davlati oʻz zimmasiga olgan boʻldi. Buxoroda esa mamlakatni himoya qilish uchun oʻn ikki ming askar boʻlishiga qaror qilindi; mamlakatni himoya qilish borasida yana askar lozim boʻlsa, rus davlati Buxoro davlatini qoʻllashga tayyor turadigan boʻldi. Shu bilan imperator davlati zamoni mavjud boʻlgan qadar Buxoro davlati askarlar va harbiy qurollarga hech extiyoji boʻlmadi, tinch hayot hukm surdi, men boʻlsam mamlakat obodonchiligi bilan shugʻullanishga intilardim. Bundan soʻng rus davlati inqilobi yuz berdi. Bu banda mamlakatni tartib-intizom va xavfsizligiga sa’y-harakat qildim.
Binobarin rus jamoati ichidan bir qancha beasl boʻlmagʻur johil shaxslar paydo boʻlib, ular oʻzlarining hazrat janob oliylari-rus davlati ulugʻlari orasiga rahna soldilar. Ular qaror qabul qilishib, odamlarni majbur qilishdi. Bu beasl boʻlgan shaxslar bu qonun bilan odamlarni toʻplab, nihoyat rus imperatorlik davlatini oʻz saltanatidan agʻdarib, oʻz jamoasidan boʻlgan bir necha nafar odamlarni kattakon qilib koʻydilar va oʻz hukumatlarini muvaqqat shoʻro majlisi deb atab, Kerenskiy[6] degan odamni jumhuriyat raisi mansabiga koʻtardilar.
Bu muvaqqat davlatlari bir necha oy davom etdi. Mazkur Kerenskiy hukumati tarafidan ularning Preobrajenskiy[7] degan vakillaridan biri muxtor vazir qilinib, dorulfoxira Buxoroyi sharifga keladigan boʻldi. Nihoyat u kishi shaharga kirib kelib, bu bandayi ojiz bilan uchrashdi. Bu kishi kelib gapga quloq berib, ikki davlat oʻrtasida kelishuv boʻldi, shunda Buxoro davlati mustaqilligini bu ojiz bandaga berdi va kelishuvga imzo ham chekdi. Soʻng u qaytib ketdi.
Buxoro davlati mustaqillik olganidan soʻng doʻstlik va oshnolik iplarini paydo qilish maqsadida Buxoro davlati nomidan vazir Toʻraxoʻja va mullo Qutbiddinlarni Afgʻoniston davlatiga yubordim. Bu asnoda xoji Safarbiyni ham oʻz namoyondam sifatida ingliz komissionga, Mashhadga yubordim. Komission ham yuqorida eslatilgan javobni muvofiq koʻrdi. Soʻng men bolʼsheviklarga Buxoroni boʻshatib qoʻyishsin, degan fikrni bildirdim. Bolʼsheviklar mening iltimosimga qarshilik koʻrsatishdi, ular ingliz askari bilan ham jang qildilar.
Bu borada Mirza Salimbek parvonachi va Abdurrauf karvonboshini ingliz askarlariga yoʻl koʻrsatish uchun Chahorjoʻy[8] tomonga joʻnatdim. Lekin ularning Chahorjoʻyga kelishi paytida ingliz askarlari u yerdan joʻnab qolishgan ekan.
Bu orada Afgʻoniston davlati Britoniyo davlatiga qarshi urush boshlab qoʻydi, keyin muqaddas Buxoroyi sharif davlatiga afgʻon davlati tomonidan general Muhammad Valixon muxtor vazir sifatida tashrif buyurdilar. U kishi zoti shahona bilan uchrashmoqchi boʻlib, afgʻon amiri oliy hazratlaridan koʻpgina sovgʻa-salomlar keltirdilar va bu bandayi ojizga topshirdilar. Men muxtor vazir bilan uchrashdim. Bu suhbat asnosida bandayi ojizga uning shaxsiy savoli ham bor edi, men uning javobini aytdim. Mening maqsad-niyatim shu ediki, men bolʼsheviklarga qarshi urush qilsam, zero shu fursatda dushmanning nihoyatda zaif ekani koʻrinib turibdi. Shuning uchun vaqtni gʻanimat bilish kerak, soʻzsiz, bu-shunday, dedim. Muxtor vazir ancha aqlli va uzoqni koʻra oladigan shaxs hamda islom davlatining xayrixohlaridan boʻlganidan mening savolimga shunday javob berdi.
Afgʻoniston davlati bilan siz har ikkalovingiz birodarsizlar. Biringiz Britaniyo davlatiga qarshi bel bogʻlab urushga kirishganda, siz ham bu tarafdan bolʼsheviklar davlatiga shunday yoʻl tutsangiz, xudo koʻrsatmasin, sizning vositangiz sababli millat xizmatkori boʻlgan har ikki birodar islom olamidan ikki davlatni xarobalikka olib kelmasangiz, deb qoʻrqaman. Bu ishni orqaga suring, shunda birodaringiz ishi nima bilan tugashini koʻrishingiz mumkin. Bundan soʻng bir-biringiz bilan bamaslahat ish yuritsangiz, yaxshirok boʻladi.
Rost, vaziri a’zamning bu soʻzlari juda toʻgʻri gap edi. Men oʻzimga boʻlgan yaxshilikni shu bilan bildim va bu muloqotni ancha vaqt xotiramda saqlab, sabrni oʻzimga hunar qilib olgan boʻldim.
Muhammad Valixon Buxoro davlatidan rus davlati tarafiga joʻnab ketdi. a’lo hazrat afgʻon amiri doʻstlikni mustahkamlash yoʻlida Fazl Ahmadxonni menga yubordi. Oʻ ikki yuz nafar askar, bir guruh orkestr, yettita toʻp, yettita filni menga yubordi. Bu asnoda eltutish tadbirlarini koʻrib, Muvaqqat jumhuriyat davlati Kerenskiyga bu bandayi ojiz oʻz tarafimdan ishonchli bir kishini bir vafd-namoyonda tariqasida yubordim, yangidan kelishuv tuzib, unga imzo chekishni istadim.
Mazkur muvaqqat hukumat bu qisqa fursatda inqilobga yoʻliqib qoldi. Ular ikki kismga ajraldilar; biri menʼshevik, boshqasi bolʼsheviklar boʻlib, ikkala jamoa ham bir-biriga urush e’lon qildilar. Shu sababdan bular ikkalovi oʻrtasida bir-biriga qarama-qarshiliklar yuz berib, nihoyat bolʼsheviklar qaror topishdi, Shunda rus davlatida kattakon boʻlganlarning hammasi xar xil mamlakatlarga parokanda boʻldilar, u yerlarda panoh topgan boʻldilar. Bolʼsheviklardan boʻlgan bu jamoaning tartib-qonunlarini na koʻrib boʻlindi, na bilib boʻlindi. Chunki hamisha beqarorlik yuzaga keldi, bu jamoa hukumatni xarob etib, mamlakatni vayron qilishga yoʻl koʻydi, dinlarni, ibodatxonalarni yoʻq qilishdi, moʻ'tabar va davlatmand boʻlgan har bir guruh mol-mulkini bosib olib, talon-taroj qildilar, oʻzlarini qatl etishni oʻzlariga burch deb bilardilar. Ularning soʻzlariga ishonilmaydigan darajaga kelindi.
Bu vaqtda bu bandayi ojiz Buxoro oʻlkasini tartibga tushirishga kirishdim. Bu borada anchagina sa’y-harakat etib, durust ishlar qildim. Bu orada bolʼsheviklar jamoasi beasl konun-qoidalarni chiqarib, yolgʻon-yashiq ishlar bilan, buzuq yoʻl-yoʻriqlarni toʻgʻri yoʻl deb bildilar. Shu tariqa ish tutib, ularning bu tartiblari muqaddas Buxoro davlatiga ham tarqalib, bir muncha johil va ilmsiz kishilar beasl rusiya bolʼsheviklari yoʻl-yoʻrigʻini qabul qilishdi, oʻzlarning buzuq ishlarini joriy etishga intildilar. Taxminan 117 nafar samarqandlik, toshkentliklar birlashib ittifoq tuzishdi; bu jamoa ichidan chiqkan ikki nafar kattakonlari — Fayzulla Xoʻjaev[9] va Mirzo Muhiddin Mansurov buzgʻun bolʼsheviklarga oʻz maqsadlarini bayon qilib, ulardan yordam istashdi. Bolʼsheviklar ham bu jadid buzgʻunchilarga koʻmak berib, temir yoʻli orqali nomi Kolesov[10] degan kimsani Buxoroga chaqirib, 1336 hijriy jumodis-soniy oyining shanba kunida (1918 yil) urush e’lon qilib, Buxoro davlatiga qarshi yurish boshladilar. Allohning inoyati, paygʻambar shariatining madadi bilan harbiy qurollarning kamligiga qaramay, Buxoro islom ahliga zafar kulib boqdi, bu banda gʻalabaga erishdi. Bolʼsheviklar oʻz maqsadlariga erisholmay sulh tuzishga rozilik bildirishdi. Bu banda sulh tuzishni yaxshiroq deb bilib, ahvolni tuzatish maqsadida ahd tuzishga rozi boʻldim.
Bu urushdan soʻng Lenin va Trotskiy tomonidan bolʼsheviklarning raisi sifatida Eliava[11] va Braydo degan kishi muxtor vazir boʻlib Buxoroga keldi. U kishi bandayi ojiz bilan soʻzlashib, Buxoro mustaqilligini butunlay menga bermoqchi boʻldi, hamda harbiy qurol bilan yordam berishga va’da berdi, hatto yuz yil oldin Buxoro davlatiga qarashli boʻlgan yerlarni menga qaytarib bermoqchi xam boʻldi. Shu bilan birga ellik ming miltiq, besh yuz toʻp-pulemyot, ellik aeroplan, ellik million soʻm tillo toʻlashga va’da berdi.
Sovet davlati tomonidan Akselʼrod[12] degan kishi Buxoro davlatiga elchi qilib tayin etildi, Afgʻoniston davlatiga nisbatan doʻstlik istehkomlarini tuzib, Toshkentdan menga oʻn bitta oʻqssiz toʻp sovgʻa qilib yuborishdi. Bolʼsheviklarning muomalalarining qanday ekanligini shu oʻqsiz toʻpdan bilib oldim. Bu ojiz banda bolʼsheviklar va ularning elchilari muomalalarini kelishuvga muvofiq ish olib bormaganliklarini koʻrganimdan soʻng xayolimga bir fikr keldi. Shu sababdan men askar va harbiy qurollarni tayyorlash ishiga kirishdim. Ikki yil ichida Buxoro harbiy askarlar va qurol-asalahalar toʻplab, qoʻshinlarni urushga tayyor turish darajasigacha olib keldim.
Bolʼsheviklar jamoasi oʻz qonunlarini bajo keltira boshladilar, ammo har tarafdan menʼsheviklar bosh koʻtarib, ularga qarshi chiqa boshladilar. Natijada ular bolʼsheviklarni bequvvat qilib, iztirobga solib qoʻydilar. Ular har yerda Rusiyadagi temir yoʻllarni qoʻporishardi, hamma joyda ular bosh koʻtarib bolʼshevik davlatini ancha zaif qilib qoʻydilar. Shunda bu bandayi ojizning xotiriga shu narsa keldiki, bolʼshevik jamoasi andak kuch toʻplay olsa, albatta, u Buxoro davlatidan oʻz qasosini oladi. Bu vaqt oʻz askarlarimni harakatga keltirib, muhorabaga kirishmoqchi boʻlib turdim. Xorazm hukumati ham men bilan kelishuv olib bordi. Mening qoʻl ostimda birlashib, bolʼsheviklarga qarshi urushga istak bildirdilar. Bu asnoda bolʼsheviklar davlati kundan kunga rivojlanish tomon yuz oʻgira boshladi, bu muomalalar bilan vaqt oʻtaverdi, borgan sari ular kuchaya boshladi. Shu sababdan bu bandayi ojiz yaxshi niyatlar bilan kelishuvni yangilab, unga imzo chekish uchun oʻz tarafimdan bir necha kishilardan vafd tuzib, Lenin va Trotskiy qoshiga joʻnatdim. Bu jamoaning e’tiborsizligi va oqibatsizligini yaxshi bilardim. Bordiyu agar unga qaramay, bu xil beasl va beoqibat hukumat bilan kelishuv qilsam, xorijdagi buyuk davlatlar nazdida Buxoro davlatining badnom boʻlishiga sabab boʻlar edi. Bunday xayollarni oʻzimdan uzoqlashtirib, maqsad va muddaosiz, murosasozlik niyatida inqilob zamonini muborakbod etib besh kishini: general Mahdixon, Xoji Joʻrabek toʻqsoba, Gʻaybullo Xoʻja, Xoji Mirzo, Mirza Navruzbey va yana bir nafar boshqa kishini Lenin va Trotskiy qoshiga Moskvaga yubordim.
Shuni aytish yetarliki, Buxoro davlati andak vaqt ichida zarur harbiy choralarni koʻrib, birozgina tartib-inizom oʻrnatgach, islomda hammazhab[13] boʻlganligi jihatidan bir-biriga mehribonlik bilan qarash oqibatida ikki birodar (Afgʻoniston va Buxoro) bir tanu bir jon boʻlib qoldi. Afgʻoniston davlati bilan doʻstlik ahdi tuzildi. Shu jihatdan bolʼsheviklar jamoasi unga rashk bilan qarar edi. Bordiyu agar asta-sekin Buxoro ham zoʻrayib tartib-intizom darajasiga erishib qoladigan boʻlsa, bizning jumhuriyat davlatimiz parishonholga tushib qolishi va ranju kulfatga mubtalo boʻlishi turgan gap, deb oʻylashdi. Vaholanki, bizda yetishmovchiliklar bor. Ana shu kamchiliklarni bartaraf qilish uchun qattiq kirishib, oʻzimizni bu qiyinchiliklardan xolos qilishimiz kerak.
Bundan soʻng bolʼsheviklarning Buxoro davlatiga boʻlgan muomalasi kundan kunga va borgan sari qattiqlasha bordi. Ular Buxoro davlatiga gʻayriqonuniy talablar qoʻyib, ularni ijro etilishini talab qiladigan boʻlishdi, ular qanday boʻlmasin, bir amallab urush boshlashni oʻzlariga hunar qilib olishdi. Ular oʻrinsiz ravishda buxorolik fuqarolarni yoʻl-yoʻlakay tutib, ularni qamab qoʻyishardi, nihoyat, islom davlatining bu dushmanlari anchagina askar va qurol-yarogʻlar toʻplab, qoʻqqisdan Buxoroyi sharifga hujum qilishni istardilar. Bu bandayi ojiz oʻz dushmaniga qarama-qarshi turishga muhayyo boʻlib turdi. Har tomondan odam toʻplab, Buxoroning Kogon temir yoʻl stansiyasida qurollangan holda tayyor turdik.
Bolʼsheviklar bu orada koʻp hiyla-tadbir qoʻllashga, goʻyo doʻstlik liboslarini kiygandek boʻlib, aslida makru hiyla tadbirlarini ishlatish yoʻliga, makkorlik yoʻliga oʻtdilar. Goʻyo sulh tuzish uchun Baranov[14] degan tashqi ishlar vaziri boʻlmish bir kimsani favqulodda elchi qilib, Toshkentdan Buxoroga yubordilar. Muxtor vakil bu bandayi ojiz huzuriga kelib uchrashdi. Shu kishi uzr bayon etib, gaplashdi, gaplarimizni eshitib, biz bilan kelishdi. U kishi iltimos qilib aytdiki, rus davlati ellik besh yildan beri Buxoro davlati bilan doʻstlik va oshnachilikda boʻlib keldi, to shu paytgacha bizning davlatimiz Buxoro davlatidan barcha manfaatlarni koʻrib kelmoqda, shu bilan birga ikki davlat oʻrtasida bu orada hech qanday bir-biriga zarar koʻradigan ishlarni bajo keltirishmadi. Istardimki, bugundan keyin ham bu ikki davlat oʻrtasida doʻstlik va oshnachilik gullab yashnasa va bizga ham sizning davlatingizdan yordam va manfaaat tegsa. Sizlardan bizlarga xar qancha xizmat boʻlsa, bizning jumhuriyat davlatimiz uni oʻrniga qoʻysa. Lekin sizlardan bir iltimosimiz bor, oʻz askarlaringizni bizning temir yoʻl stansiyasidan olsangiz, chunki biz uni oʻzimizga istehkom qilmoqchimiz. Bizning askarlarimiz vahshiy va nodon odamlardir. Mabodo sizning askarlaringizni koʻrib qolsa, unga toʻqnashib qolib, sizdek zoti shahona oldida bizni uyaltirib koʻyishadi. Bu borada siz nimaiki istab, unga xohish bildirsangiz, oʻsha aytganingizni bajo keltiramiz.
Shu tariqa u bilan gaplashib, gaplarini eshitib, kelishuv tuzdik, unga imzo ham chekdik. Shu bilan u oʻz joyiga qaytib ketdi.
Bolʼsheviklar yoʻl toʻsib qoʻlga kiritgan bir kancha fuqarolarimizni boʻshatib, yoʻlovchilarni qoʻyib yuborishdi.
Shu bilan bu bandayi ojiz askarlarimni rel[15] tarafdan uch milcha[16] yoʻldan olib orqaga chekindik, u yerda bir istehkom ham qurdik, soʻngra bu manzilga qirq nafardan iborat askarlardan qorovul qoʻydirdim. Har ehtimol, bu narsa dushman siqib kelganda shoyad fuqarolarga madad boʻlishi mumkin edi. Ammo dushmanlarimiz bu nayrang bilan bizni gʻaflatda qoldirib, misoli bir yoʻltoʻsarlar kabi, urush e’lon qilmasdan hijriyning 1339 yili (1920) zulhijja oyining oʻn beshida yakshanba kechasi soat oʻn ikkida soqchilar va qoʻriqchilar ustiga hujum qilib kelib, oʻsha yerda temir yoʻl atrofiga qoʻyilgan barcha qorovulllarni, taxminan, yuz ellik nafar kishini bandi qildilar.
Shu tariqa ular Buxoro askarlari ustiga yopirilib kelib hujum uyushtirdilar, shu bilan urushni boshlab yubordilar. Natijada vaqt yarim kecha soat ikkida ancha askar va harbiy qurollar jamlab, toʻp otish va oʻq yogʻdirish bilan birga temir qalqonli aravalar — broneviklar, temir qoplangan motorlar — bronepoezdlar bilan urush boshlab yubordilar. Ular oʻn bitta tayyora bilan Buxoro shahri ustida havoda parvoz etib, bomba yogʻdirdilar. Bu bandayi ojiz oʻz askarimni majburan oldinga — frontga chiqarib, ixtiyorni taqdiri iloxiyga topshirib, toʻrt kechayu toʻrt kunduz urushdik. Bu urush asnosida dushman taxminan Buxoroning yarmini toʻp va pulemyotdan oʻqqa tutib, koʻp talafot yetkazdi. Musulmon bechoralar dushman dastidan mol-dunyosini, oʻz farzandlarini tashlaganlaricha, nima qilishlarini bilmay, har tomonga qocha boshladilar. Shunga qaramay, bu bandayi ojiz toʻrt kechayu kunduz dushmanga qarshi urushdim, qattiq jang qildim. Toʻp oʻqlarining koʻpligi, bomba yogʻdirishlar, talafot va xarobaliklar Buxoro shahrida ortib ketib, kambagʻal beva-bechoralarni qattiq tashvishga solib qoʻydi. Shunda oʻzimcha oʻyladim. Bu bandayi ojiz ushbu Buxoroyi sharif shaharidan koʻchishni ixtiyor etsam, shoyad shu sababdan xarobalikka boʻlgan sabablar yoʻlini toʻsib, faqiru fuqaro bechoralarni bu jabr-sitamlardan ozod qilsam va osoyishtalik baxsh etsam, degan andishada chahorshanba kuni tushdan keyin soat toʻrtlarda foytunga oʻtirib, misoli hazrat Paygʻambar alayhissalom sunnati boʻlmish hijrat kabi[17] koʻchishni ixtiyor etdim. Shohlik bogʻi sanalgan Sitorayi mohi xossadan[18] chiqib, Tumon Komot va Xirqonroʻd, ya’ni Gʻijduvon tarafga ravona boʻldim. Bu vaqtda menga afgʻon elchisi va brigad sarkardasi Abdushukrxon va Afgʻonistonning Toshkentdagi elchisining ov boshligʻi Muhammad Aslamxon, afgʻon harbiy qozisi (attashesi) va yigirma besh ming nafardan iborat Buxoro xizmatchi va askarlari, shuningdek, afgʻon askarlari va mansabdorlari menga hamroh boʻlishdi. Biz Gʻijduvon tumaniga yetib kelib, bir kechani oʻsha yerda oʻtkazdik.
Mening koʻchishimni eshitib faqiru xotin-xalaj, bola-chaqalari bilan yigʻlab, nola qilishib, mening izimdan tushib, panjshanba kuni kechqurun oʻsha zikr etilgan Gʻijduvonga, qoʻnoqjoyimga yetib kelishibdi. Ular taxminan oʻn ming nafardan ortiqroq edi. Hammasi yigʻlagancha kelishdi, xuddi qiyomat kunini koʻz oʻngimda keltirgandek boʻldim. Ular oʻzlarini yerga urib, qancha-qanchasi bu gʻam-anduh va judolikka chiday olmay taqdiri ilohiy bilan haqqa jon taslim qilib, xudoyi taolo rahmatiga erishdilar.
Bu bandayi ojiz shu ahvolda alam yetgan barcha bechoralarga nasihat etardim, koʻngil koʻtaradigan soʻzlarni aytib tasalli berardim. Har bir bechoralar haqqiga duo qilardim, oʻzim ham unday faqiru fuqarolar duosini olardim. Shu bilan nima qilishimni bilmay, mayus, nimagadir muntazar boʻlib qoldim. Shu bilan Buxoroning sharqiy tomonini istab qoldim, natijada sakkiz kun deganda Buxoroga qarashli Qoʻrgʻontepa degan joyga yetib keldim. Unda bir oʻn kuncha turdim. Gʻijduvon muyulishida nogahon bronepoezd vagoni paydo boʻldi va yoʻlni toʻsib qoʻydi. Shu paytda bir necha nafar mening atrofimdagi odamlarim, chunonchi, Usmon qushbegi, qozilar qozisi Burxoniddin, rais Abdurrauf karvonboshi, Yusufbey Muqimbiy qoʻlga tushib qoldilar. Dushman yoʻlini toʻsish niyatida mazkur viloyatda istehkom qurish taraddudini koʻrdik. Bu ish uchun askar va fuqarolarni toʻplab Boysun viloyatiga qarashli Bandar degan joydan Darband degan joygacha dushman oldini olish uchun istehkom qildik, oʻsha yerdan urush boshlashni uylab qoʻydik. Keyin Buxoroning sharqi boʻlgan Hisor viloyatiga kelib turdim. Hisor viloyatida bolʼsheviklarga qarshi olti oy davomida kurash va jang olib bordim.
Jang boshida harbiy vazir togʻam Muhammad Saidbek parvonachi va urush qoʻmondoni Abdulhafiz Parvonachi, Ibrohimbek biy askar boshliqlari edilar. Shu bilan olti oy davomida kurash va jang yuz berib, oxiyri bolʼsheviklar jamoasi oʻzlari paydo qilgan mazkur urushga majbur boʻlishib, Moskvadan anchagina askar va harbiy qurollar yigʻib keldilar. Shu bilan ular birdan islom lashkari ustiga hujum boshladilar. Islom askarlarida harbiy anjom va qurollar kam boʻlganligi jihatidan oʻn kun davomida urushib, jang qiladilar, soʻngra bu bandayi ojiz yordam va madad soʻrash harakatida xorijiy davlatlarga murojaat qildim. Soʻng Hisor viloyatidan Kulob viloyatiga oʻtdim. Bu viloyatda Mulla Muhammad Ibrohimbek devonbegi va Davlatmandbek devonbegi – bular Buxoro sharqidagi oʻzbeklardan edi, oʻzlari Buxoro davlatiga sadoqatli boʻlib, anchagina layoqatli xizmatlar, jonbozliklar koʻrsatib qoʻyishgan edi, hamda bu bandayi ojizning koʻnglidagini topgan ham edi, ularni lashkarboshilikka tayin etdim. Ular ikkalovini huzurimga chorlab, siporish berdim:
«Bu bandayi ojiz dorussaltana Qobulga borib, madad va koʻmak olish taraddudiga kirishay. Agar bu yerdan chiqishim sababli bizga biror koʻmak va yordam tegsa, uni bajo keltirib kelgunimcha, sizlar oʻz askarlaringizni dushmanga qarshi qoʻyib turinglar. Hozir dushman hujumi koʻproq boʻlib turibdi, agar unga bas kelib turmasangiz, faqiru fuqarolar tashvishi ortadi. To men qaytib kelgunimcha, faqiru fuqarolar osudahol kun koʻrib turishsa», dedim.
Men amr-farmon chiqarib, uni muayyan joylarga yubordim, Muhammad Ibrohimbek bilan Davlatmandbekka mening oʻsha ruxsatlarim bilan ish yuritishga, dushman yoʻlini istehkom qilib turishga buyurdim. Men oʻzim boʻlsam, Koʻlob viloyatining usti bilan Amudaryodan oʻtadigan joydan 1339 yilning (1921) jumadus-soniysining yigirma ikkisida, chahorshanba kuni daryodan kechib oʻtib, Afgʻoniston tuprogʻiga doxil boʻldim.
Afgʻonistonning chegarasida tartib-intizom saqlovchi ma’muri oʻz askarlarini tizib, bizni kutib olishga peshvoz chiqdi, bizga salom berib Abdunazarbegi degan joyga qarashli bir qishloqda tayyorlab qoʻyilgan qoʻnoq joyga tushdim. Men bu yerda istirohat qilib oʻsha oyning yigirma uchida panjshanba kuni oʻsha joyning rustoqi — markaziga yetdim. Yuqorida zikr etganim Muhammad a’lamxon taxminan uch yuz nafar askarini saf tortirib, mening istiqbolim sharafiga oʻn bir bor toʻp otib, qarshi oldi. Shu tariqa men rustoqning ichiga kirdim. Ikki kunni oʻsha yerda oʻtkazdim. Mening bu yerdaligim xabarini Qatafan hokimiga bildirtirdim, keyin mazkur oyning shanba kuni Qatafanga azm etdim. Hukumat noibining oʻgʻli oʻsha viloyatning bir necha nafar moʻ'tabar kishilari bilan birga menga peshvoz chiqdilar, oʻsha asnoda ular bu bandayi ojiz bilan uchrashib, menga hamrohlik qildilar. Shu bilan dor-ul-hukumatga ravona boʻldik. Mazkur hukumat raisining noibi - gubernatori Muhammad Akbarxon va bosh qoʻmondon Binbinxonlar askariy marosim bilan bir farsah[19] yoʻlga peshvoz chiqishdi, yigirma bir bor salom toʻpi otishib meni muzika bilan kutib olishdi. Shunday qilib, jumadus-soniyning yigirma toʻqqizida chahorshanba kuni Qatafan dor-ul-hukumatiga kirib bordik. U yerdagi Hayot-ul-obod degan shahona bogʻda dam oladigan boʻldik. Shu bilan oʻttiz besh kun oʻsha yerda orom oldim.
Bu orada afgʻon amiri olihazrat Omonullaxon tarafidan Muhammad Aslamxonni Mirshikor[20] sifatida bu bandayi ojiz xuzuriga yubordi, U kishi bir qancha vaqt men bilan birga boʻlib, koʻp mehmonnavozlik koʻrsatdi. Binobarin, amir hazratlari menga tasalli berish maqsadida oʻz tarafidan menga xat yoʻllab, meni u bilan uchrashishga va yuz bergan besaranjom ahvolni bartaraf qilishimga Dor-us-saltana boʻlmish Qobulga, oʻz nazdiga taklif qildi.
Bu bandayi ojiz Amudaryodan Afgʻoniston tarafiga kechib oʻtayotganimda, Buxoroning eng moʻ'tabar navkarlaridan tahminan uch yuz nafari menga hamroh edilar. Shu bilan birga har bir oʻsha eslatib oʻtilgan daryo guzargoxida taxminan bir lak[21] nafar odamlar oʻtib, huzurimda toʻplanishar edilar. Bu jamoadan taxminan besh yuz nafarini, shu jumladan eng koʻzga koʻringan Buxoro aholisdan oʻzimga yoʻldosh qilib olib, qolganlarini Afgʻonistonga qarashli turli-tuman yerlarga tayinladim. Oʻzim boʻlsam, oʻsha besh yuz kishi hamrohligida dorussaltana Kobul tomon yuzlandim.
Shu bilan bir necha kun yoʻl yurib, nihoyat, 1339 hijriy yili sakkizinchi ramazonda, chahorshanba kuni Dor-us-saltana boʻlmish Qobulga yetib keldim. Nihoyat, bu bandayi ojizning orom olishi uchun qarorgoh qilib tayyorlangan shohlik bogʻi boʻlmish — Murodbegi qal'asiga, bizga ajratilgan yerga oʻrnashdik.
Oliy hazrat afgʻon amiri tarafidan chamasi oʻn nafar vazir va amirlar mazkur boqqa kelishib, bizni kutib olishdi. Soʻngra afgʻon amiri bu bandayi ojizni qancha-qancha nafar moʻ'tabar kishilari kelib, biz bilan uchrashdilar va biz amir bilan bir-birimizni koʻrish sharafiga muyassar boʻlgan boʻldik. Shu tariqa men Afgʻoniston davlatida bir oy davomida mehmondorchilikda boʻldim. Bir oy oʻtgandan soʻng mening sarf-xarajatimga har oyga oʻn ikki ming qobul rupiyasidan oylik tayin qilishdi.
Bu bandayi ojiz oʻz ishimni sarishta qilishga intildim. Binobarin, Allohning irodasiga muvofiq taraddudlarim takdir nasibasiga erishmadi, menga madad va yordam yetishi nazardan uzoq edi. Shu sababdan taqdiri ilohiyga rozilik berib, Dor-us-saltana boʻlmish Qobulda turib qoldim.
Nihoyat, men u yerda turib kolishni ixtiyor etdim, zoti shahona oliy hazrat afgʻon amiri Qobulning janub qismidagi Fatu degan bogʻni menga in'om etib, mening sarf-xarajatimga beriladigai oʻn ikki ming rupiyani oʻn toʻrt mingu besh yuz rupiya qilib tayin etdilar.
Men vaqt-soati yetib Buxoro tuprogʻidan Afgʻonistonga oʻtgan kezlarimda bolʼsheviklar jamoasi kelib, Muhammad Ibrohimbek Devonbegiga qarshi tavsif etilgan urushga kirishib, shu tariqa bir necha kunlar oʻtdi. Nihoyat, qurol-yarogʻning ozligi, dushman hujumining koʻpligi jihatidan mazkur lashkarboshining askarlari xar tarafga yashirinib, koʻzdan gʻoyib boʻldilar. Dushman boʻlsa bu xolda taraddudlanib qoldi. Ular har tarafda bor boʻlgan fuqarolarni tutib olaverdilar. Ular ortiqcha zulmu istibdodini haddan oshirib yubordilar.
Mulla Ibrohimbek Devonbegi oʻsha tavsiflangan lashkarboshi boʻlganidan oʻz askarlarini toʻplab, ular hol-ahvolini koʻrib ohista-ohista ishga kirishib, qaysi qishloqqa dushman kirib joylashgan boʻlsa, ularni topib, ustiga hujum uyushtirildi, natijada anchagina harbiy qurol-yarogʻlarni toʻpladi. U fuqarolar va mazlumlarga xabar berib andak fursat ichida bir oʻn mnng nafar askar toʻpladi, shu bilan Koʻlob va Balchuvonga hujum qilib, bu ikki viloyatni dushman qoʻlidan xalos qildi va sarf-xarajatini topib, Qobul dorussaltanasiga bu bandayi ojizga oʻz ahvoli va kayfiyatlarini bitib, oʻzining bir necha askarlari, sardorlari hamrohligida menga yubordi. Mazkur shaxslar mening huzurimga yetib kelib, Mulla Ibrohimbek ahvoli va kayfiyati xabarini menga yetkazdi. Bu asnoda Ibrohimbek Devonbegining oʻzi Qarotegin va Dorvoz viloyatlari ustiga hujum qilib bosib bordi va bu ikki viloyatni ham egalladi. Oʻzining bu kayfiyatlaridan meni xabardor qilgani odam yubordi. Ibrohimbekning bu gʻayrat va mardligidan ancha mamnun boʻldim. Oʻz tarafimdan Ibrohimbekni aytganim yuqori mansabga koʻtardim. Muhoraba uchun ma’lum buyruqlar chiqarib, muhorabani davom etdirishga ijozat berdim.
Ibrohimbek boʻlsa oʻsha tavsif qilingan yetti yil davomida bolʼsheviklarga qarshi musulmon xalqi va bu bandayi ojizni deb urush qildi, jang asnosida qahramonliklar koʻrsatib, uning yakunlaridan hamisha meni xabardor etib turdi.
Shunday qilib mullo Ibrohimbek oʻsha tavsif etilgandek, mendan buyruq olgandan soʻng oʻz lashkarlarnnn qoʻlga kiritish uchun ularning barchasini jamlab, Hisor viloyatining ustki kismiga otlanib borib, dushman bilan anchagina yuzma-yuz boʻldi, u bilan jang qildi, harbiy qurol va xazinalarini oʻlja qilib oldi, hattoki Hisor viloyati arkini qurshab oldi. U doimo bu bandayi ojizga oʻz ahvolidan xabar berib turardi. U xuddi mujoxidlarcha[22] xizmat qilib, oʻz ishidan bizni ogohlantirib turardi. Shunda bu bandayi ojiz islom yoʻlidagi mujohidlar uchun yuqori mansablar, daraja va shonlarini koʻtarish uchun muhrim va imzom bilan buyruq yuborardim. Har gal hol soʻrash uchun oʻz tarafimdan Qobul dorussaltanasidan bir — ikki nafar odam yuborib xolidan xabar olardim. Shunday qilardimki, mening tarafimdan borganlar hol-ahvol soʻrashib, qaytib kelishardi; Ibrohimbek ham oʻz ishini hech mahal mening ijozatimsiz qilmasdi. Shu asnoda Ibrohimbek Hisor viloyatini oʻrab olgan boʻladi. Buxoroyi sharif tarafidan turk Anvar poshsho[23] yigirma yetti nafar turklar bilan Buxoroning sharq tarafidan Qoʻrgʻontepa viloyatida mujohid askarlariga yaqin keladi. Shunda mazkur askarlar Anvar poshshoning bu kelishi kayfiyatini mullo Ibrohimbekka xabar berishibdi. Shu bilan bu lashkarboshimiz[24] bu ma’nodagi gapni bu bandaga xabar qiladi. Ahvolga koʻra qanday siyosat yurgizishni u mening fikr-muloxazamga tashlaydi. U kayfiyatni, dono bir tadbir ishlatish yoʻlini va xususan musulmonlar xalifasi boʻlmish Sulton Rashodxon[25] haqida ham yozib yubordi. Men bu xabardan ogoh boʻlib, Ibrohimbekka farmon yoʻlladim. Unda Anvar poshshoni dushman bilan kurashda oʻta sohibi tadbirkor ekanini, unga siz olijanoblik koʻrsatishingiz lozim. Oʻz yoningizga chorlab soʻrang, agar islom millatiga xizmat qilishga istak bildirsa, bizning zoti oliyimizdan vakolatan ulugʻvor va olijanob xizmatlarini deb, daryodan oʻtkazib, bu tarafga ravona qilib yuboring (deb yozdim). Bu bandaning farmoni yuzasidan Mullo Muhammad Ibrohimbek mujohid askarlarni toʻplabdi, uni kutib olib, oliyjanoblik koʻrsatib, Anvar poshshoni oʻz huzuriga chorlabdi. Nixoyat, uning shaxsiy maqsadini soʻragach, Anvar poshsho islom xalqi uchun xizmat qilishni istagini bildirgan, shu tariqa biz aytgan Ibrohimbek oʻsha aytilgan Hisor viloyatida hujum uyushtirib, istagiga erishdi, mazkur viloyatdan anchagina xazina va harbiy qurol-yarogʻlarni qoʻlga kiritdi. Bu viloyatni oʻziga markaz qilib oladi. Dehnav[26] viloyatining yuqori qismi boʻlgan Boysun, Huzor[27], Sherobod, Qarshida xarakat qilib, oʻz kayfiyati va ahvoli xaqida bu bandayi ojizga ma’lumot berib turdi. Men boʻlsam oʻz tarafimdan Ibrohimbekni sifatlab bir qit'a rizonoma va bir Qurʼoni sharif hamda bir zardor rasmiy toʻn marhamat qilib yuborib, hurmatini bajo keltirdim, boshini koʻkka koʻtardim.
Buxoro shahri tevarak-atrofi va Buxoro tumanligi Ibrohimbekning kurashi xaqida xabardor boʻlganidan Buxoro shahri atrofidagi fuqarolar, Gʻijduvon, Pirmast, Vobkent, Xoʻja Orif, Xutfar, Vagʻonza, Qorakoʻl tumanliklari aholisi va fuqarolari, taxminan, oʻn besh ming nafar odam toʻplab, bu bandayi ojizga tabi'lik va fidokorlik bildirgan. Buni menga mulla Ibrohimbek bir xatga bitib, bu bandayi ojizga yubordi. Mullaa Ibrohimbek ularning arzi hollarini aytib, mendan sardorlik qilishimni iltimos qilgan. Men Abdulqahhor degan mening bir moʻ'tabar hamsuhbatimni buxorolik fidokor fuqarolarga yoʻlovchi sardor qilib tayinlashga qaror qildim.
Shunda men oʻz tarafimdan oʻsha jamoadan boʻlmish bir qancha odamlarni sarkor qilib tayin etdim, oʻz nomimdan farmon bitib yubordim. Zero mulla Abdulqaxxor mening ruxsatnomamni olib,
Buxoro sharqiga, oʻsha Mullo Ibrohimbek dargohiga yetishgan, u bilan uchrashib, u yerdan Buxoro tarafiga oʻtib, u yerdagi Buxoroning fidokor fuqarolari jamoasiga yetishib, mening nomimdan mazkur jamoadan hol-ahvol soʻrashgan, bundan soʻng ular tadoriklar qilishib, bolʼsheviklarga qarshi jang boshlaydilar. Millatga jonfidolik koʻrsatish bir maqsadga aylandi, Xudo xohlasa, Buxoroyi sharifning din yoʻlidagi jang va fidokorliklari, jonbozliklarini tahrir ipiga tizmoqchiman.
Endi Anvar poshshoga kelsak, u Buxoro sharqida Ibrohimbek yonida bir yil davomida dinga e’tiqod va sadoqatla xizmat qildi, bu asnoda Buxoro sharqidagi bir qancha viloyatlar qoʻlga kiritildi, Buxoroni dushman qoʻlidan xalos qilindi.
Ikkinchidan, Mulla Ibrohimbek Buxoronning sharqida yashaydigan fukarolar bilan kelishib, bu bandayi ojizni soʻrab oliy hazrat Afgʻoniston amiriga arzihol qilishdi. Oʻzlari tarafidan sakkiz nafar vakil tuzishib, Qobuldagi dorussaltanaga yuborishdi. Zikr qilingan vakillar Qobulga kirib kelishdi, ular afgʻon amiri xuzurida boʻlib, unga murojaat qilishdi.
Afgʻon amiri arzu holni eshitdi va uni ma’qul topdi. Shunda Anvar poshsho bu borada fikr bayon qilib qoldi: uningcha, hozir dushman istehkom yoʻlining asosiy qismi Buxoroning sharqidagi qoʻrgʻon deb bilish— bu toʻgʻri emas, zeroki bizning roʻparamizda turgan dushman yer yuzidagi buyuk davlatlar qabul qilgan xalqaro qonunlarni inkor qiladi. Biz hamisha urushga bogʻlanib qolganmiz. Xudo xohlasa, qulay fursat kelib, Boysun viloyatini egallab, oʻz tasarrufimizga kiritsak, chegara joylarimizdagi qal'alarimizni oʻzimizga istehkom qilgan boʻlardik. Shundan keyingina oʻz podshohimizni keltirishimiz mumkin. Shu isloh bilan Buxoro sharqining vakillari oʻz joylariga qaytmoqchi boʻldilar.
Olihazrat afgʻon amiri vakillarning har biriga anchagina shafqat mehribonlik koʻrsatib, xursand qilishib, ularga qaytishga ruxsat berdilar. Mazkur vakillar oʻz joylariga qaytib ketdilar. Bu kayfiyatdan soʻng, 1345 hijriy, zulhijjaning oʻninchisida Anvar poshshoning shahid boʻlgani ma’lum boʻlib qoldi. U Baljuvonning yuqori qismida boʻlgan jangga kirib, iydi qurbon kuni shaxid boʻlish darajasiga yetishdi. Uning jasadi Chakan mavzeida Hazrati Sulton degan nom bilan mashhur boʻlgan ziyoratgoh joyga dafn etildi. Shu kuni Davlatmandbek[28] ham shohid boʻlgan edi.
Sharqiy Buxoroda Davlatmandbek aygʻoqchilari dushman tomonga oʻtib, xabardor boʻlishsa, bolʼshevik jamoalari qancha vaqt tayyorgarlik olib borib, askar toʻplamoqchi boʻlgan, ikkinchidan, 1925 milodiy yili Buxoro sharqining lashkarboshisi Ibrohimbek ustiga qoʻqqisdan hujum boshlagan, shu bilan yigirma besh kun davomida ikki oʻrtada paydar-pay urushu qirgʻinlik yuz berdi, kechayu kunduz jang boʻlib, misoli qonli Sayxundan kechib oʻtildi[29].
Bu urush paytida Mulla Ibrohimbek oʻshal tavsifli gʻalaba qozondi, bir qancha toʻp va pulemyot va 1800 bengotar miltiq, uch yuz ming beshotar miltiq oʻqi, ikkita temir qoplangan motor — bronevik, ikki dona aeroplan osmondan urib tushirib qoʻlga olindi. Aeroplanning ichida bir qancha mauzer toʻpponchasi boʻlib, ular ham oʻlja qilingan. Bularning xammasini mufassam qilib bitib, bu bandayi ojizga ma’lum qilishdi. Bol'sheviklar oʻz istaklariga erisholmaydi. Ular biroz nafas rostlaydi.
Yuqorida zikr etilgan Ibrohimbek boʻlsa mamlakatni tartibga tushirish, oʻz askarlarini tuzish ishi bilan band boʻldi. Bir qancha vaqt oʻtgach, 1345 xijriy yilining boshlarida Mullo Ibrohimbek Sharqiy Buxoroning mujoxid askarlariga tartib berib, ularnq toʻplab, Boysun viloyatining yuqori qismiga borish azmida edi.
Bu asnoda bolʼsheviklar Darkadning yuqorisidagi Amudaryo boʻylarida oʻz askarlarini jamlab Afgʻoniston davlatiga qarshi qaratdi; chegara masalasida bir-biri bilan gaplashishdi, bir-birini eshitishdi. Bu ikki zikr etilganlar orasida ishlar andak taranglashdi. Ibrohimbek bu xabarni eshitib, Boysun yuqorisiga borish niyatidan qaytdi. U oʻzining bir necha nafar sarkardalari bilan yarim askarini Boysun tarafiga ravona etib, oʻzi oʻn besh ming askar xamroxligida afgʻon davlatiga yordam bermoq niyatida Afgʻoniston chegarasiga yaqin yerda, togʻ tagiga kelib turdi. Bu yerda u qirq kun davomida kutdi. Shundan soʻng Afgʻoniston bilan bolʼsheviklar oʻrtasida muomalalar bir yoqli boʻldi, oʻzaro kelishishdi. Ibrohimbek bu xabarni eshitib, oʻz joyiga qaytish niyatiga tushdi. Bolʼsheviklar uning bu ahvolidan xabar topishib, yigirma besh ming nafar bolʼshevik askari bir necha tomondan Ibrohimbek askarlari ustiga xujum qilishga tushdi. Shunda besh kechayu kunduz davomida jang boʻldi, ikki tarafdan koʻp odam oʻlimga duchor boʻldi. Dushman hujumi ortaverganidan mujoxidlar askarlari har tomonga tarqalib ketib, Ibrohimbekning uch yuz nafar navkari bolʼsheviklar orasida boʻlgan jangda oʻzi qolib, ahvoli tang boʻldi, nihoyat, Ibrohimbek oʻz oti jilovini Amudaryo suviga burdi, daryodan u Afgʻoniston tarafiga oʻtdi. Soʻng u bu bandayi ojizga oʻz ahvoli, kayfiyati, kurashi va oʻsha ma’lum daryoga burilgani, tashlangani xaqida meni xabardor qildi.
Afgʻoniston davlati Ibrohimbekka odam yuborib, uning xabarini eshitish uchun dorussaltana Qobulga chorladi, uch kun davomida unga mehmondorchilik koʻrsatdi. Amir uning uchun maosh, joy ajratdi, ammo Ibrohimbek maosh va turar joy olishni istamadi. Afgʻoniston davlatidan iltimos qildi. «Men Buxoro poshshohining fidoyi xizmatkorlaridan biriman. Istardimki, oʻz valine’matim qoshiga borsam va qolgan umrimni u kishi ostonasida oʻtkazsam».
Shu sababdan Ibrohimbekni men bilan uchrashdirish uchun qoshimga ravona etdiribdilar. U men bilan birga yashadi. Uning kunlik xarajati uchun Afgʻoniston davlati tarafidan xar oyiga besh yuz ellik qobiliy rupiyasi tayin etildi.

Mullo Abduqahhorning buxoro atrofida toʻrt yil mobaynida urushi


Mullo Abdulqahhor dorussaltana Qobuldan bu bandaning ruxsati bilan Buxoro va uning tumanlari atrofida fidokor mujohidlarga rahbarlik qilib, askarlar orasida tartib-intizom oʻrnatgach, u Gʻijduvon tumanini ozod qilish niyatida dushman ustiga bostirib bordi, shu bilan, Gʻijduvon tumanini dushman qoʻlidan qutqardi va uni oʻz tasarrufiga kirgazdi. Shu bilan u yerdan anchagina din va bu banda tarafdorlari fidoyi kishilar unga hamroh boʻldilar. Shu jumladan Buxoro atrofidan taxminan olti ming nafar, Vobkent tumanligi tarafidan ikki ming nafar, Vagʻanza tumanidan ikki ming nafar, Shofrikom[30] tumanidan ikki ming nafar, Pirmast tumanidan ikki ming nafar, Xutfar va Laqlaqa tumanidan ikki ming besh yuz nafar, Bahouddindan ikki ming nafar askar yigʻildi. Shunday qilib, barcha joydan yigʻilganlarni jamlasak, yigirma besh ming nafardan ortiqroq jamoa yigʻilibdi. Har bir firqa ichidan bir yoki ikkitadan oʻz-oʻzlariga sarkarda tayinladim. Natijada Gʻijduvon tumanidan dushmanga qarshi urush boshlanib, ikki oʻrtada qattiq jang boʻldi, bir oy ichida bolʼsheviklar qoʻlidan ikki ming beshotar miltiq, yuz ming beshotar oʻq, oʻnta pulemyot va uchta temir qoplangan bronevik oʻlja olindi. Shu bilan bir necha tumanlarni egallab, Nurota viloyatining yuqori qismiga borib, u yerda bir qancha nafar ulugʻ odamlar istiqboliga chiqishib, mujohid askarlarning ahvol va kayfiyatlarini anglashib, keyin askarlarni olib Nurota viloyatiga kirib borishdi. Shahar bolʼsheviklarini ushlab bandi qilib oldi. Bundan u yerdagi fuqarolar ancha xursandchiligini izhor qilishib, xutbani bu bandayi ojiz nomiga oʻqishgan.
Mullo Abdulkahhor bolʼsheviklardan anchagina harbiy asbob-uskunalardan oʻlja olib, Nurota viloyatini oʻziga markaz qilib oldi. U oʻz ishlarini saranjom qilganini koʻrib, u yerdan Buxoroning yuqori tomoniga yurish qildi; Saripul, Mehtar Qosim koʻprigi boshigacha borilgan asnoda Buxoro jadidlarining Abduldahamid afandi degan harbiy vaziri oltmish nafar buxorolik, turk, hindi odamlari hamrohligida oʻz oldilariga anchagina qurol-yarogʻ qoʻyib Mulla Abdulqahxorni kutib olishdi. Abdulhamid afandi shunda mullo Abdulqahhorga olti ming ingliz funti, ikkita pulemyot hadya qildi.
Abdulhamid afandi mullo Abdulqahhordan Buxoroning sharqiy tomoniga borib, Anvar poshsho va Ibrohimbek Devonbegi yoniga borish uchun ruxsat oldi. U yerga kelib, undan uzr soʻrab, uning xizmatiga boyanib qoldi. Buni Anvar poshsho xabar qildi.
Bolʼsheviklar jamoati mullo Abdulqahhorni Mehtar Kosimdagi koʻprikka yetishganda xabar topib, toʻplangan askarlari bilan urushga kirishib, jang boshladi, ikki kechayu kunduz jang qildi.
Mulla Abdulqahhor bolʼsheviklar ustidan zafar qozondi, yana Buxoro shahri tevaragini oʻrab oldi, natijada, shaxarning olti darvozasini egalladi. Shu bilan u bolʼsheviklarni siqib chiqarib, Buxoroni boʻshatdi. U temir yoʻl toʻxtami — Kogonga yurish qilib, shahar ichkarisiga kiradi, toʻrt soatdan koʻproq bu yerda turib, keyin shahar ichkarisidan chiqib Bahouddinga bordi, u yerda oʻn soat jang qilib, u yerni xam bolʼsheviklar qoʻlidan xalos qildi. Abdulqahhor Buxoro va Bahouddindan qoʻlga anchagina oʻlja kiritdi. U oʻz ahvoli kayfiyatlarini yozib menga bildirdi, shu bilan men ularning barcha ahvollaridan xabardor boʻldim. Abdulqahhorning bu xizmatlaridan esa koʻp mamnun boʻldim. Shu bilan unga bir askariy zarli toʻn va mauzer toʻpponcha xadya yubordim.
Bu kunlarda bolʼsheviklar bezovtalanib, sarosimaga tushishdi, askar toʻplashga urinib, Maskov va Toshkand tarafidan anchagina askar yigʻdi. Shu bilan har tarafdan birdaniga oʻoʻa zikr qilganim mullo Abdulqahhorga hujum qilishdi, Buxoro va Baxouddinni mujohidlar qoʻlidan olib, bolʼsheviklar ming nafarga yaqin mujohidlarni asir qilib qoʻlga kiritishdi. Hatto bolʼsheviklar mullo Abdulqahhorni qoʻlga olish yoʻlida anchagina urindilar; kechayu kunduz jangni davom etdirib, dushman xujumi kundan-kunga orta bordi. Bolʼsheviklar mujohid askarlar oʻrtasida koʻplab davlatlar sarf etdi, ularni inqilob qilishga undadi. Yigirma besh kun ichida mullo Abdulqahhorning ikki birodarini shahid etdilar. Faqiru fuqarolarni iztirob-tashvishga solishdi, koʻp xarobaliklarni yuzaga keltirishdi. Shu sababdan mullo Abdulqahhor oʻz fuqarolarining tinchligini koʻzlab, ot jilovini choʻlga, Qozogʻiston yerlari tomonga burdi. U yerlarda yashirindi, bu yoʻl bilan u fuqarolar ustiga tushadigan notinchlik tashvishlarini yengillashtirmoqchi boʻlgan edi.
Bolʼsheviklar tumanlar[31] ustiga askarlarni koʻpaytirdilar. Ular tagʻin hukumat - Olimxon askarlari tarafdorlari koʻtarilib, biror bir xarakat qilib qolishmasinlar, deyishdi.
Bu banda shahzodalik paytimdan tortib to Buxoroyi sharifda saltanat tutganimga qadar, shu bilan birga viloyatlarga taalluqli gaplarni yozdim. Bolʼsheviklarga qarshi, binobarin, inqilob zamonida xam kurashdim. Bundan soʻng koʻchishni ixtiyor qilib, Dorus-saltana Qobulga oʻtdim. Buxoro axolisi va unga taalluqli viloyatlar mening tarafdorim boʻlib, bolʼsheviklarga qarshi yetti yil davomida kurashdilar; yodgorlik tariqasida shu voqealarni koʻrib turganlar uchun bu boradagi tariximni tahrir ipiga tizdim, toki ular boshimdan oʻtganlardan xabardor boʻlsinlar.
Oʻqigandan duo ta’madorman,
Chunki men bandayi gunohkorman.
(Har kim xonad duo tama doram,
Zi onki man bandayi gunoxkoram)[32].

Ikkinchi fasl


Buxoro amiri Oliy hazrat Sayyid Amir Olimxon yuqorida bayon qilingan esdaliklari 1927 yili sentyabrida oʻzining mutlaq vakili boʻlmish general Hoji Yusuf biy Muqimbiy tavassuti bilan Millatlar Ittifoqiga taqdim qilingan edi.

Buxoroning tabiiy jugʻrofiyasi


Buxoro mamlakati Amudaryoniig sharqiy sohillaridan, ya’ni Rusiya Pomiridan to Xevaning keng dashtlarigacha choʻzilib boradi. Rusiya bilan Buxoro oʻrtasida boʻlgan urushdan oldin 1868 yili va bolʼsheviklar hukumati tasarrufida (1920) boʻlgan chogʻda Buxoro shimol tarafdan Qizilqum saxrosi bilan chegaradosh. Gʻarb tarafdan Sirdaryo bilan hamda Hoʻqand xonligi bilan, janubdan esa Afgʻoniston, Sharqdan turkman oʻlkasi ham Xeva dashti bilan chegaradosh.
Buxoro aholisi uch yarim million nafardan iborat. Uning maydoni 225 000 km² keladi, ya’ni taxminan Italiya maydoni bilan teng. Uning aholisinnng asosiy qismi oʻzbek, turkman, qirgʻiz, qozoq, tojik, yaxudiy va arablardan iborat. Buxoroning gʻarbiy qismi, xususan, Amudaryo sohillaridan tashqari joylari ekin ekishga va dehqonchilik qilishga qobil emas. Aksincha daryoga yaqin joylar ancha serhosil yerlardir. Qashqadaryo, Surxondaryo, Zarafshon, Kofirnahang va Gʻiyshlar tevaragida dehqonchilik qilishadi.
Qadimiy madaniy yodgorliklar mavjud shaharlar, chunonchi, Qarshi, Kitob (Kifti ob), Shahrisabz, Gʻuzor, Buxoro, Ziyouddin, Karmana, Chahorjoʻy, Karki, Boysun, Qoratogʻ, Koʻlob, Boljuvon, Sherobod, Hisor, Dushanba, Fayzobod va boshqalari hanuz mashhur va ma’lumdir.
Buxoroning sharqiy qismini ulugʻ togʻlar oʻrab turadiki, ular dunyoning eng baland togʻlaridir Xisor togʻlarini oʻrab olgan qanchadan qancha choʻqqilari borki, undaylar juda oz boʻlib, ularning balandligi besh ming besh yuz metrga yetadi. Bir-biriga zanjir boʻlib ulangan yerlari to olti ming bir yuz metrga yetadi. Jumladan, Darvoz togʻlari to Pomir dashtigacha choʻziladi. Buxoroda, ya’ni Markaziy Osiyo mamlakatlarining eng qadimgilaridan biri boʻlib, bunda navbatma-navbat shahzodalar saltanat qurganlar. Buxoro poytaxti[33] milodiy tarixdan necha asr avval bino boʻlgan. Uning xalqi turklar tasarrufidan avval oriyoniy irqidan edilar. Hijriyning yettinchi va sakkizinchi asrlaridan, ya’ni arablar xukmronligi davrida Buxoro shahzodalarida Buxoro xonlari saltanat surar edi, Bu shahar mashhur somoniylar sulolasining markaziga aylangan edi. Somoniylar sulolasinint asoschisi Ismoil Somoniy (892-908) vaqtida Buxoroni Samarqanddan afzal koʻrganidan, uning ahamiyati kundan-kunga orta bordi. Uninchi asr, ya’ni somoniylar saltanati davrida Buxoro ulugʻvor va buyuklikka erishdi. San'at, savdo-sotiq va turli-tuman fanlar rivojlandi. Somoniy podshohlarining soʻnggisi vafotidan keyin (1005) Buxoro ikki marta turk va saljuqlar sulolasiningg qoʻliga tushdi. Undan soʻng Chingiz va Temurlang, keyin shayboniylar va Ashtarxoniylar[34] sulolasi, oʻzbek mangʻitlar toifasi Buxoroda hukm surdilar. Mangʻit toifasi 1783 yildan to 1920 yilgacha Buxoroda saltanat qildilagr. Nihoyat bolʼsheviklar xukumatining jabr va siquvi bilan Amir Olimxon Buxorodan koʻchishga majbur boʻldi.

Buxoroning siyosiy va idoriy tashkilotlari


Garchi Buxoro mamlakati Rusiya davlati ximoyasida boʻlgan boʻlsa-da, lekin u oʻzining qadimgi mustaqilligini saqlab qolgan edi.
Buxoro amirlari hukm yuritishlarida shariat usul va odatlariga rioya qilar edilar.
Buxoroning islom ulamolari amirni paygʻambar xalifasi oʻrinbosari, usul va shariat himoyachisi deb bilardi.
Amirning tirikchiligi butunlay shariatga mos boʻlardi, uni buzishi mumkin emas edi.
Buxoro xonlari butunlay mangʻitlarning oʻzbek toifasidan boʻlgan.
Buxoro podshohlarining moʻgʻil[35] odatlariga koʻra, toʻshakcha[36] ustiga tabarrukona oʻtqazilib, sayyidlar, xoʻjalar va mullolar uni yerdan koʻtarardilar.
Buxoro mamlakati yigirma sakkiz beklikka boʻlingan edi. Shu qarorga muvofiq Nurota, Qorakoʻl, Qaboqli, Chaxorjoʻy, Karki, Burdolik, Kalif, Shahrisabz, Yakkabogʻ, Kitob, Gʻuzor, Qarotegin, Boysun, Hisor, Dexnav, Qoʻrgʻon (tepa), Boljuvon, Koʻlob, Qabodiyon, Darvoz, Ruvshon bekliklari va mirliklariga boʻlinib, bu vazifalar qadim-qadim ayyomlardan buyon irsiy, ya’ni meros boʻlib qolardi. Biroq Amir Sayyid Olimxon zamoniga kelib saylash usuliga oʻtildi.
Buxoronning siyosiy va idoriy ishlari esa Qushbegi deb atalgan bir kishi raisligi qoʻl ostida idora qilinardi.
Mamlakatning moliyaviy ishlari devonbegi qoʻl osti va nazorati ostida amalga oshirilar edi.
Diniy masalalar, qozilik ishlari, umumiy ta’limot masalalari bilan shugʻullanish qoziyul-quzzot — qozilar qozisining burchiga kirardi.
Askariy ishlar esa toʻpchiboshi raxbarligida oʻtar edi. Uning vazifa darajalari ushbular qaroridan kelib chiqadi: Qushbegi, devonbegi, parvonachi, inok, dodhobiy, toʻqsoba[37]. Uchinchi Iskandar (Iskandar solis) nishoni eng muhim nishonlardan biri edi. Buxoro amiri u bilan mansabdor kishilarni va harbiy ofitserlarni mukofotlardi. Quvvayi qazoiya-mamlakat taqdirini hal qilish masalasi — amirning oʻz qoʻlida edi. Bu Qur'on xukmlari va islom shariati qonunlari asosida yuritiladi.
1868 yilda Buxoro bilan Rusiya oʻrtasidagi tuzilgan qarorga binoan Rusiya fuqarolari Buxoro amirligiga soliq toʻlashdan ozod edi, lekin ular Buxoro bozorlarida oʻzlarining tijoriy mollarini sotganlarida sotilganning yuzdan ikki yarim foizinn Buxoro hukumatiga berishlari shart edi.
Buxoronning tabiiy boyliklari: tillo, kumush, qoʻrgʻoshin, mis, temirlar Buxoroda koʻp miqdorda topiladi. Xususan Sharqiy qismlarda ma’danlar borki, ular to shu mahalgacha ishlab chiqilmagan. Tabiiy boyliklar ichida neft, koʻmir, gugurt, nashatirlar bor. Savdo-sotiq ishida teri, yung, shoyi gilamlar — mamlakatning tashqariga chiqaradigan asosiy mollarini tashkil etadi.
Buxoro mevalari dunyoga mashhurdir. Buxoro otlari, xususan, qorabayir navi 1914 yilgi urushda ahamiyat qozonib, yaxshiligini isbotladi.
Buxoro amiri qanchadan-qancha ming bosh otni Rusiya davlatiga berdi. Har xil fasllarda togʻu chamanzorlar rang-barang boʻlganidan qoʻy, echki, ot va tuya suruvlari oʻz oʻtloqlarida miriqib oʻtlab yurishadi.
Buxoroning asosiy savdosi Rusiya, Eron, Afgʻoniston mamlakatlari bilan boʻladi.
Bolʼsheviklar inqilobilan oldin Buxoro savdosi faqat Rusiyaning oʻzi bilan ikki yuz ellik million frankka yetar edi. Lekin baxtga qarshi yuklarni eltish vositalarining boʻlmasligidan savdo ishining rivojlanishiga katta toʻsqinlik paydo boʻldi.
Vaholanki, qanchadan-qancha temir yoʻl vositalari mamlakatning boshidan oyogʻigacha choʻzilgan edi.
Bolʼsheviklarning Buxoroga xamlasi: 1917 yil fevralʼ inqilobidan soʻng bolʼsheviklar oʻzlarining yomon niyatda boʻlgan ilk qadamdarini targʻibot va tashviqot yoʻllari bilan boshlab yubordilar. Ichkaridagi majaroparast unsurlar bilan hangoma talab unsurlar bir-birlari bilan til biriktirib bolʼsheviklar bilan hamkorlik qilishdi. Ular xukumat uchun koʻp qiypnchiliklar tugʻdirdi.
1918 yilning oʻninchi martida bolʼsheviklar Buhoroga hamla qilib, Ziyouddinni egallab oldilar. Shundanki, Buxoro aholisi haqiqatni bukib yuboradigan tarzda boʻlayotgan bolʼsheviklarnpng bu oyoq olishlarini mushoxada qilishardi.
Afgʻoniston chegarasida boʻlgan barcha rus askarlarini oʻldirdilar, oz-ozdan, boʻlsayam inqilob olovi boshdan-oyoq mamlakat boʻylab alangalana boshladi, natijada bolʼsheviklarning qoʻmondoni Kolesov majbur boʻlib, 1918 yil yigirma beshinchi martda amir bilan sulh tuzishga qaror qildi.
Lekin baxtga qarshi bolʼsheviklar oʻzlarining pastkashlik ishlaridan qoʻl tortmadilar, 1920 yil beshinchi sentyabrda Vuxoroyi sharif bolʼshevik askarlari qoʻliga tushdi.
Ota-bobolari 1783 yildan boshlab saltanat surgan Amir Sayyid Olimxon Buxoroda hukm suraturib bir oz kishi bilan Afgʻonistonga qochib ketdi; qizil askarlar boʻlsa odamlarni behonumon qildi. Zulm qoʻlini uzun qilib, mamlakatni boshdan-oyoq gʻorat qilib taladilar, buning natijasida, nihoyat, ellik ming nafarga yaqin odamlar bexonumon boʻldilar. Shundayki, 1921 yili bolʼsheviklar yetkazgan zulm va bedodliklar avjiga minib, axolining barchasi bira toʻlasiga koʻtarildi, mamlakatda qattiq bir inqilob yuzaga keldi.
Ibrohimbek koʻp sheryurak askarlar toʻpladi, qizil askarlar bilan qonli janglar qildi va nihoyat, oxir-oqibatda bolʼsheviklar bilan yetti yil kurashgandan soʻng Buxoroda bir qur muvaqqat xukumat tashkil xam qila oldi.
Bugunga kelib, bolʼsheviklar shunday sa’y-harakat qilyaptilarki, xalqning milliy iftixorlarini odatlardan, hatto axloq, odob, din va mazxabdan, oila va jamiyatdan chiqarib tashlashga, ularni yoʻqqa chiqarishga urinyaptilar. Aholining yuqori tabaqasidan tortib to quyisigacha boʻlgan xamma toifasi Amir Sayyid Olimxonni sevardilar, uning yurtga qaytishini orzu qilardilar. Qizil xukumat avval boʻlgan barcha tashkilot-tuzumlarga barxam berdi. Mamlakatni bir qancha sovet jumhurmyatlariga, chunonchi, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Qoraqolpogʻiston kabilarga boʻlib yubordilar. Buxoroyi sharif shahri, ya’ni Markaziy Osiyoning Makkasi boʻlgan shaharni Sovet Oʻzbekistonning bir viloyati etib qoʻyishdi. Amir xonadoni esa 1922 yilda oʻz yurtidan uzoqlashtirildi, uning uch nafar oʻgʻillari Moskvaga yuborildi.
Birlashgan Millatlar ta’sisidan asli maqsad zaif millat va zulm koʻrganlar huquqini himoya qilish ekan, Buxoro Amiri kuvonch bilan orzu qiladiki, yuqorida zikr etilgan anjuman bu afsusnok vaziyatga oʻz lutf-tavajjuhini qaratib, mamlakatni va bu yerda yashayotgan fuqarolarning xotirjamligini ta’minlab, Osiyoning bu mintaqasida tinchlikni barqaror qiladi, deb ishonadi.

Uchinchi fasl


Buxoro amirlarining tirikchilik tarixi
Sayyid Amir Muzaffarxon oʻgʻli Sayyid Amir Abdulahadxon 1859 yili Buxoroda tugʻildi. U kishi yigitlikning dastlabki kezlarida mamlakatda islohot oʻtkazishga oʻta mayl paydo qilgan edi. 1883 yili uchinchi Aleksandrning taxtga oʻtirishi tantanasida ishtirok etish uchun Moskvaga boradi.
Yangiliklarga qadam qoʻyish, temir yoʻl, telegraf va boshqa narsalarni qurish xususida tajriba orttirish kabi ishlar u kishini xos kishilar va omma oʻrtasida shuxratini yana ham oshirib yuborgan edi. Shunday qilib, Rusiya bilan doʻstlik iplarini mustaxkamlash uchun hukumatdan bir narsani — Buxoroda Rusiyanpng bir siyosiy shoʻ'bosi ta’sis etilishini istab qolishdi. Nihoyat yigirma olti yil puriftixor saltanat surib, 1911 yilning fevral oyida ellik uch yoshida Amir Sayyid Muzaffarxon bu foniy dunyo bilan vidolashdi.
Amir Sayyid Olimxon: hijriy yilining 1298-si muxarram oyi oʻn beshida, milodiy yil aylanishiga koʻra, 1881 yilda Karminada tugʻildi. Soʻngra boshlangʻich tahsilni tamom qilgach, oʻn uch yoshligida harbiy fanlardan ta’lim olish maqsadida padari buzrukvori buyrugʻi bilan Moskvaga boradi. Oʻn yetti yoshga toʻlgan chogʻidan to otasi vafot etib, saltanat taxtiga oʻtirganga qadar Qarshi viloyatida hukm yuritdi.
Amir Sayyid Olimxon saltanatga oʻtirgan chogʻidan toʻqqiz yil fuqaroparvar, adolatparvar hukm yuritib, bolʼsheviklarning qonli hamla va xujumidan soʻng, axiyri 1921 yil aprelʼ oyida Afgʻonistonga koʻchishga majbur boʻldi.
General Hoji Yusuf Muqimboy esdaliklari: soʻzni tugatishdan oldin shularni aytishni lozim koʻramanki, oliyxazrat Buxoro amirining Jenevada boʻlgan shikoyatidan soʻng uning nomini xurmat-extirom va samimiyat bilan esladilar. Fransiya, Italiya, Germaniya, Angliya va Eron vakillari bu favqulodda kishiga nisbatan hurmat-ehtiromda boʻldilar. Bu safarim natijalarini Amir oliyxazratlari xuzuriga kelib izxor qildim.
Oliyxazrat Amir oʻz navbatida Millatlar Ittifoqi hay'atida inson qadri va huquqining qadriga yetishidan ikkinchi marta meni Ovrupoga ravona boʻlishga buyurdilar. U kishi ba’zi buyuk davlatlar boshliqlari nomiga men orqali maktub yoʻlladilar. Shu bilan men oʻz vazifamni me’yoriga yetkazib bajarish baxtiga muyassar boʻldim.
Shunday qilib men olam musulmonlariga quyidagilarni ma’lum qilmoqchiman: ular baxti ketgan bu xalq va uning podshohining bu boradagi kechmishlaridan ogox boʻlsalar.
Bu esdaliklarni oʻqigan oʻquvchilardan yana shu narsalarni orzu etaman: Shoyad ular bizning bu muqaddas burchimizni bajo keltirishimizga bizga koʻmak berishsa va Rusiya bolʼsheviklarpning bizga nisbatan qilaetgan barcha tuxmat va boʻxtonlarini xaqiqatdan xoli ekanligini bilib olishsa.
General Xoji Yusuf Muqimboy.

Tarjimondan


Oʻzbekiston SSJ Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik insititutining katta ilmiy xodimi, doʻstimiz va ishdoshimiz Shohniyoz Muso oʻgʻillari bir pecha yil Afgʻoniston diyorida boʻlib vatanga qaytganlar. U kishi munosabat topib oilasi va doʻstlari bilan birga 1973 yil iyulʼ oyida Amir Olimxonning qabrlarini ziyorat qilganlar. Hikoya qilishlaricha, amirning maqbarasi Qobul shahri tevaragidagi «Shahidoni islom» («Islom shahidlari») qabristonida boʻlib, qabr toshiga ushbu soʻzlar bitilgan ekan:
«Bu qabr sohibi alam-sitamga toʻla amir boʻlmish va saltanat surmish zoti oliyning bir kaft tuprogʻidan xotira boʻlib, bu kishi Buxoroyi sharifdagi mangʻitlar sulolasining yettinchi va oxirgi saodatpanoh podshohlaridan edilar. Ya’ni bu janob Allohning magʻfiratiga sazovor boʻlgan Amir Sayyid Olimxon ibn marhum Amir Sayyid Abdulahadxon ibn Amir Muzaffarxon ibn Amir Sayyid Nasrullaxon ibn Amir Haydarxon ibn Amir Shohmurod - bu kishi ma’sum Gʻoziy laqabi bilan ham mashhur — ibn Amir Doniyolxondurlar. Bul marhumning Buxoroyi sharifda amirlik saltanatining oʻninchi yilida rus kofirlari tomonidan Buxoroyi sharif bosqinchilik bilan istilo qilingach, fisabililloh muhojir sifatida qoʻshni yurt boʻlgan Afgʻonistonda panox topgan edilar. Oradan yigirma uch yil oʻtgach, 64 yil umr koʻrib, bu islom mamlakati yerida 1323 shamsiy yili savrning beshinchi shanbasi kuni va hijriy qamariyga muvofiq 1363 yili jumodil avval oyining beshinchisida (1944 yil 28 aprelʼ kuni) bu foniy dunyodan koʻz yumdilar.
Yigirma uch yildan beri ul zoti oliy mana shu tuproqda yotibdurlar».

Hayoti va faoliyati yillari


1881 — Buxoroda mangʻit oʻzbeklari sulolasidan boʻlmish Amir Olimxon Karminada tugʻildi.
1893 — 1896 yillar Amir Olimxon Peterburgda oʻqiydi.
1896 — Amir Olimxon Peterburgdan Buxoroga qaytadi.
1898 — Amir Olimxon Nasaf viloyatiga xukmron etib tayinlanadi.
1910 — Amir Olimxon Karmina voliysi.
1911 — Amir Olimxon Buxoro mamlakati taxtiga oʻtiradi.
1921 — yili Amir Olimxon Afgʻonistonga koʻchadi.
1944 — yili Amir Olimxon Qobilda vafot etadi.

↑ Kitobda muallif kamtarlik va odob yuzasidan oʻz nomini kam ishlatadi va barcha joyda «men» deyish oʻrniga «bu banda» deb yozadi. Biz ham sharq uslubidagi bu shaklni saqlab kolish maqsadida hamma yerda uning uslubidagidek qilib «banda» deb oldik. Sharhlar tarjimonniki.

↑ Nasaf — hozirgi Oʻzbekiston jumhuriyatidagi Qarshi shahrining qadimgi nomi. Tarixda bu shahardan koʻplab buyuk siymolar yetishgan.

↑ Matnda tosh va ohakdan deb yozilgan.

↑ Karmina — bu nom hozir ham shunday saqlangan, ba’zan Karmana sifatida ishlatiladi. Xoʻrok esa hozir ham shunday.

↑ Rixlat etish — narigi dunyoga koʻchish, ya’ni vafot etish ma’nosida.

↑ Kerenskiy Aleksandr Fedorovich (1881 —1970) — rus siyosiy va davlat arbobi, oqlovchi. 1917 yili vaqtli hukumat raisi.

↑ Preobrajenskiy — bu, Aleksandr Grigorʼevich (1850—1918)mi yo boshqa shaxsmi, aniqlanmadi.

↑ Chahorjoʻy — hozirgi Chorjoʻy.

↑ Fayzulla Xoʻjaev (1896—1938) — Partiya va davlat arbobi. Oʻrta Osiyoda sovet hokimiyati uchun kurashgan, 1920 yildan Buxoro revkomining a’zosi, xalq nozirlar kengashining raisi, 1922 yildan Markaziy Komitetning Oʻrta Osiyo byurosining a’zosi, 1925 yildan Oʻzbekiston SSR xalq komissarlar kengashining raisi, SSSR Markaziy ijroiya komitetining raislaridan biri.

↑ Kolesov Fedor Ivanovich (1885—1940) Oʻrta Osiyoda sovet hokimiyati uchun kurashgan bolʼsheviklardan, 1917—18 yillari Turkiston muxtor jumxuriyati xalq komissarlari kengashining raisi.

↑ Eliava Shalva Zurabovich (1883—1937) - sovet davlat arbobi. U Vologda, Oʻrta Osiyo va Kavkazda sovet xokimiyati oʻrnatish uchun kurashgan, 1927 yildan Zakavkaziya xalq komissarlar kengashining raisi vazifasida ishlagan va shu yili SSSR Markaziy ijroiya qoʻmitasi prezidiumining a’zosi boʻlgan.

↑ Akselʼrod Pavel Borisovich (1850—1928) - revolyutsion harakatlarda ishtirok etgan siyosiy arbob, 1917 yili Petrograd sovetining a’zosi, bu yerda yozilganlarga koʻra, u sovetlarning Buxorodagi elchisi ham boʻlgan. Oktyabrʼ inqilobidan soʻng chet elga ketib, Germaniyada vafot etgan.

↑ Hammazxab — Afgʻoniston va Oʻrta Osiyo xalqlari sunniylardan boʻlgan, deyilmoqchi.

↑ Baranov Pyotr Ivanovich (1892—1933) - sovet harbiy arbobi, Turkiston frontida hamda boshqa joylarda inqilobiy harbiy kengash a’zosi.

↑ Matnda «re», «yoy», «lom» yozilgan. Bu, Rel (rels) — temir yoʻl izi.

↑ Mil — 4000 tirsak, ikki km.

↑ Bu yerda amir Olimxon Buxoroni tark etishini xuddi paygʻambarning Makkani tark etishga majbur boʻlib, Madinaga koʻchganiga qiyos qilayapti. Paygʻambar ham shunday qiyin ahvolda Makkani tashlab chiqib ketgan edi.

↑ Amirning yozgi dam olish joyi.

↑ Farsah — bir farsax, uch mil, ya’ni oʻn ikki ming metr.

↑ Mirshikor — Mir, amirning kisqargani, ya’ni kishini ulugʻlab aytiladigan sifat, shikor — ov, ya’ni mirshikor — amiri shikor, ov amiri.

↑ Lak — yuz ming nafar.

↑ Matnda: mujohidon; mujohidlar - paygʻambar davrida islom dini uchun kurashgan fidoiylarga nisbatan ishlatilgan soʻz. Jixod - muqaddas urushga kirishish ma’nosida. Bu yerda ham vatan uchun muqaddas urushga kirishish nazarda tutib aytilyapti.

↑ Anvar Poshsho (1881 — 1922) — turk siyosiy va davlat arbobi, generallaridan biri, umrining soʻnggi yillarida Oʻrta Osiyoga, xususan, Buxoroga kelib, birmuncha faoliyat koʻrsatdi. U shu yerda boʻlgan janglarda halok boʻldi.

↑ ya’ni Ibrohimbek.

↑ Turk sultoni Muhammad beshinchi Rashodxon (hukmronligi 1909—1918 yillar orasi).

↑ Deh—qishloq, nav — yangi ma’nosida, Dehnav — yangi qishloq degani. Hozirgi Denov.

↑ Bu balki hozirgi Gʻuzordir.

↑ Buxoro davlatining harbiy vaziri.

↑ Sayxun — (Sirdaryo, bu bilan muallif qattiq jang boʻlganligini va qonlar daryoday oqqanini aytmoqchi boʻlsa kerak.

↑ Matnda Shofrikom bitilgan. Hatto kotib «M» harfi oʻrniga avval «N» yozgan ekan, uni oʻchirib «M» ga tuzatibdi.

↑ Tuman — Oʻlka, viloyat ma’nosida.

↑ Forsiyda bitilgan bu bayt keyingi asrlarda bitilgan koʻp qoʻlyozma kitoblarda uchraydi. Kitobni shunday bayt bilan tugatish bir odat boʻlgan boʻlsa kerak, amir xam oʻzidan oldin va oʻz davrida uchragan uslubda bu baytni keltiradi.

↑ Ya’ni muallif Buxoro shahrining oʻzini nazarda tutyapti. Chunki umuman Buxoro davlati deganda keng ma’noda mamlakat nazarda tutiladi.

↑ Matnda Astraxoniy kelgan.

↑ Bu moʻngʻul emas, balki moʻgʻil. Moʻgʻil aslida turkiy qabilalaridan sanaladi. Shu jixatdan Boburning Hindiston shimolida qurgan «buyuk moʻgʻillar imperiyasi» deb atalgan, bu notoʻgʻri ravishda ba’zan «buyuk mongollar» deb ham yozilyapti.



↑ Toʻshakcha odatda ok kigizdan tayyorlangan.

Download 69,04 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish